Tarixi muhammadiy
KA’B IBN ASHRAFNING O‘LDIRILISHI
Download 1.39 Mb. Pdf ko'rish
|
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- G‘ATAFON G‘AZOTI
- UHUD G‘AZOTI
KA’B IBN ASHRAFNING O‘LDIRILISHI Hijratdin ikki yil o‘tib, uchinchi yil kirdi. Yahud raislaridan Ka’b ibn Ashrafni Payg‘ambarimiz o‘ldirishga buyurdilar. Buning voqeasi musulmonlar Badr g‘azotida o‘zlaridan uch barobar ortiq dushmanlarini yengdilar. Raislaridan yetmish kishi o‘ldirilib, shu barobarida qilich sarqitlarini asir olib, Madinaga keltirdilar. Buni ko‘rgan ichki-tashqi dushmanlarning ichlariga o‘t ketdi. Ayniqsa, Madina atrofidagi yahudlar va bularga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 110 tilakdosh bo‘lgan Madina munofiqlari bu ishga qattiq qayg‘urishdi. Ka’b ibn Ashraf Bani Nazir yahudlarining bosh raisi edi, har qachon Badr g‘azotida o‘ldirilgan Quraysh raislarining so‘zlari chiqsa: «Endi bizga yer ustida yurganimizdan, ostida yotganimiz yaxshiroq», der edi. Kundin kunga buning hasad o‘ti alanga urib, dushmanligi haddidan oshdi. Bozorda o‘ldirilgan Quraysh cho‘nglari haqida aytgan she’rlarini o‘qib yig‘lab, boshqalarni ham yig‘latur edi. Bunga ham qanoat qilmasdan Makkaga borib, Quraysh xalqining yig‘ilishlarida o‘ltirib, Badrda o‘ldirilganlarga yozgan she’rlarini o‘qib yig‘ladi. Butun xalq ham yig‘lashib, Payg‘ambarimizga qarshi qo‘zg‘aldilar. Quraysh ichida fitna o‘qini yoqib, u joydin qaytib Madinaga keldi. Yana tinch turmasdan, Madina xotun-qizlarini qo‘shib, nomus qilgudek she’r aytishga kirishdi. Payg‘ambarimiz qanchalik sabr qildilar ersa, uning adabsizligi borgan sari oshgali turdi. Uning kuni bitib, paymonasi to‘lgan bo‘lsa kerak, bir kuni Rasululloh: — Ka’b ibn Ashrafga tatiydigan kishi bormu? Uning ozoridan Xudo payg‘ambarini kim qutqaza oladi? — dedilar. Anda Muhammad ibn Maslama: — YO Rasululloh, men qutqazurman, lekin dushmanni qo‘lga tushurguncha yolg‘on so‘zlashga, xiyla qilishga ruxsat qilursiz, — dedi. Shuni bilan to‘rt kishi yo‘lga tushdilar. Bir kun yo‘l yurishib, manzilga yetishdi. Muhammad ibn Maslama yo‘ldoshlarini qoldirib, yolg‘iz o‘zi u bilan ko‘rishgali bordi. Ko‘rishgandin so‘ngra: «Bu kishi kelgandin beri bizlarga ko‘p qiyinchiliklar tug‘ildi. Shu kunlarda soliq solib, bizlardin mol olmoqchi bo‘lib turadi. Hozircha qo‘limizda naqd molimiz yo‘qligi uchun, sendin qarz so‘rab keldik», dedi. Bu so‘zni onglagach, suyunganidan guldek ochilib ketib: «Hali shoshmanglar, ko‘rgulik kunlar oldinglardadur. Bundin so‘ngra u sizlarni ko‘p zeriktirgay, mendin qarzga mol olur bo‘lsangiz, men so‘ragan narsani garovga qo‘ygaysiz», dedi. Muhammad ibn Maslama: «Garov qo‘ygali nima keltirgaymiz», — deb andin so‘radi. Anda u: «Xotun-bolalaringizni garov qilib bersangiz bo‘lur» dedi. Bu so‘zdin ko‘ngli qattiq og‘rigan bo‘lsa ham, yana sabr qilmoqdin o‘zga chorasi yo‘q edi. So‘ngra Muhammad ibn Maslama: «Arablar ichida sening yaxshilik bilan atog‘ing chiqmishdur, xotun- bolalarimizni garovga qo‘ymoq eng og‘ir ishdur. Biz uchun bu ish imkoniyatdan tashqari, or-nomus keltirgay. Agar bizga yaxshilik qilish ko‘nglingda bo‘lsa, ruxsat qil, yaroq- jabduqlarimizdan keltirib, senga garov topshiraylik», dedi. Shu so‘zga kelishib, boshqalar bilmasun uchun kechalab kelmakka va’dalashdilar. So‘ngra Muhammad ibn Maslama tun qorong‘usida tubandagi to‘rt kishi (Bularning barilari ansor sahobalaridan edilar.): Abu Noila, Ka’bning emakdoshi edi, bu hiylada ko‘proq shu kishining so‘ziga ishondi. Abbod ibn Bishr, Horis ibn Avs, Abu Abs ibn Jabr hammalari birga eshik oldiga kelib, Ka’bni chaqirishdi. U yangi olgan xotuni bilan to‘shakda yotgan edi. Chaqirish tovushini eshitishi bilan darrov turib, chiqmoqchi bo‘ldi. Xotuni: «O‘rtada dushmanlik o‘tgan kishilar oldiga kechada yugurib chiqish yaxshi emasdur, sen nechuk chiqursan?» dedi. Anda u aytdi: «Meni chaqirguvchi emakdoshim — Abu Noiladur, er yigit o‘ldirmakka chaqirsa ham, oldiga chiqqay», deb qilich osib qarshilariga kelishi bilanoq, to‘sh-to‘shdin (taraf-tarafdin) qilich solib, parcha-parcha qildilar. Shuning bilan buning sharridan musulmonlarni Xudo qutqazdi. G‘ATAFON G‘AZOTI Bu voqea shundog‘ edikim, G‘atafon qabilasining arablari Du’sur otliq bir kishini o‘zlariga rais saylashib, Madinani bosib olmoqchi bo‘ldilar. Bu xabar Rasulullohga yetdi. U bosmachilar qo‘zg‘olib, ish ulg‘aymasdin oldini olmoq lozim bo‘ldi. Shuning uchun to‘rt Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 111 yuz ellik kishi bilan alar ustiga tezlikda yurish qildilar. Buni anglashib, dushmanlarga qattiq qo‘rqinch tushdi. O‘ltirgan joylaridan turishib, tog‘ boshlariga qochishdilar. Ammo Payg‘ambarimiz shu yurganlaricha Zu Amr degan suv ustiga kelib, shu joyda qo‘shin qurdilar. Shu kuni qattiq yog‘in bo‘lib, barilarining kiyimi ho‘l bo‘lgan edi. Shu orada havo ochilib, kun qizishga boshladi. Rasululloh boshliq hamma askarlar xo‘l kiyimlarini yechishib, quritmoqchi bo‘ldilar. Ularni yog‘ochlar (daraxtlar) ustiga osishib, ostida salqinlab yotishdilar. Butun askar tarqalib, Rasululloh ham bir daraxt soyasida yolg‘iz yotgan edilar. Ustilarida qorovul bo‘lg‘udek odam yo‘q edi. Chunki Allohdin vahiy kelib: «Vallohu ya’simuka minannas»: Ya’ni, «Alloh seni kishilarning ziyonidan saqlaydi», degan oyat nozil bo‘lgan edi. Shu oyat tushgandin keyin payg‘ambarimiz: «Bundin so‘ngra meni ko‘rimoqqa hojat yo‘qdur. Alloh o‘zi saqlamoqqa va’da berdi. Endi bundin keyingi kunlarda g‘animlar tomonidan hech qanday ziyon-zahmat ish menga yetmaydi», dedilar. Bu so‘zni onglashgandin so‘ngra, sahobalar Payg‘ambarimizdan ko‘ngillari tinchib, daraxtlar ostiga tarqashib ketgan edilar. Tog‘ boshidan qarab turgan mushriklar raisi Du’sur buni ko‘rib, ko‘ngliga shayton kirdi. Rasulullohning yolg‘iz qolganliklaridan foydalanib, qasd olmoqchi bo‘ldi. Saqlaguvchi Allohdin xabari yo‘q, yashirin yo‘llar bilan yurib, Rasululloh ustilariga keldi, qilich urmoq qasdi bilan qo‘l ko‘targan edi, shu chog‘da Rasululloh uyqudin uyg‘onib qoldilar. Qarasalar, bir kishi qo‘lida qilichini yalanglab: «Ey Muhammad, endi seni mening qo‘limdan kim qutqara olgay?» dedi. Anda Payg‘ambarimiz: «Alloh qutqargay» dedilar. Shu bilan oyoq-qo‘li qo‘rqinchlik qaltirab, qilich qo‘lidan tushdi. Darhol Rasululloh qilichni qo‘llariga olib: «Endi seni kim qutqara olur?» dedilar. Ul ham «O‘zingdan o‘zga qutqaruvchi yo‘qdur», deb kechirim o‘tindi. Rasululloh ham uni afv qildilar. Bunday olijanoblikni ko‘rgach, darhol iymon keltirdi. Orqada qolgan qavmlarini dinga dalolat qilgach, alar ham dinga kirdilar. Bir zum ilgari qanday qattiq dushmanlikda turgan qora yurak kishilar Rasulullohning go‘zal qiliqlarini ko‘rib, ko‘ngillari iymon nuri bilan yoridi. Alarning dushmanliklari bir damda do‘stlikka aylandi. «Yo muqallibal qulub, sabbit quluvbana ala dinik». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, dilimizni Islom dini uzra turg‘izib, haq yo‘ldin ko‘nglimizni toydirmagil» demakdir. Odam bolasi o‘z ixtiyori bilan haq yo‘ldin toymaguncha, Alloh taolo uni haq yo‘ldin chiqarmas. Ul Zot, jannat yo‘lini va ham do‘zax yo‘lini bandalariga ko‘rsatdi, bu yo‘llarni alarga tanitsin, deb payg‘ambarlar yubordi, alar kelib Alloh amrini bandalariga yetkazdilar. Qaysi yo‘lga kirish, qaysi yo‘lga kirmaslik kerak, buning ixtiyorini bandalarining o‘zlariga qo‘ydi. Endi banda o‘z ixtiyori bilan jannatga kira oladi va o‘z ixtiyori bilan do‘zaxga tushadi. Do‘zaxga tushganlar hech kimdan ko‘rishga haqlari yo‘qdur. Endi, agar banda yaxshilikka yotsa Allohga shukr qilsin. Agar yomonlik topsa, buni o‘zidan ko‘rsin. Islom dinining e’tiqodi shuldur, So‘zdin so‘z tug‘ilur, o‘quvchilarga foydasi bo‘lgay, deb bu haqiqatni yozdim. UHUD G‘AZOTI Uhud tog‘i Madinaga yaqin, sakkiz chaqirimlik yerdadur. Bu urush shu tog‘ning oldida bo‘lganlikdan, «Uhud g‘azoti» deb aytiladi. Urush boshlanishi shundoq erdikim, bundan bir yarim yil ilgari bo‘lib o‘tgan Badr urushida quraysh mushriklari qattiq yengildilar. Alardin bir munchalari shu urushda o‘ldirildi. Va bir qanchalari asir olinib, bosh bahosi yo‘llab qutuldilar. Quraysh xalqining tirikchilik turmushlari savdo-sotiq ishlariga bog‘lanmish edi. Qish kunlarida Yaman viloyatiga, yoz kunlarida Shom mamlakati (Suriya)ga savdo karvonlari bilan qatnashur edilar. Yo‘llari Madina ustidan o‘tganlikdin, Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 112 to‘sqinlikka uchrab, tijoratlariga xalal yetdi. O‘tgan urushda ko‘rgan musibatlari ustiga iqtisodiy tomondin ham og‘irliqqa uchradilar. Buni ko‘rishgan Quraysh raislarining qoldiqlari yog‘ilishib Abu Sufyon oldiga keldilar. Alarning musibatlariga sabab bo‘lgan, Shomdan keltirilgan karvon mollari shundog‘icha tegilmasdin, Dorun-Nadva degan saroyda saqlanmoqda edi. Ul kelgan raislar Abu Sufyonga: — Muhammad bo‘lsa, bizning ulug‘larimizni o‘ldirib, yaxshilarimizni yo‘q qildi, uning ustiga savdo-sotiq yo‘llarimizni ham bog‘ladi. Bizning endigi tilagimiz shuldurki, bu moldin chiqqan foydani egalari olmasinlar, bu molni sarf qilib, Muhammadga qarshi urush ochgaymiz. O‘lganlarimizning o‘chini andin olgaymiz, Quraysh xalqi bu urush chiqimi uchun shu mol foydasini chiqarsunlar, — deyishdilar. Bu so‘zni anglashgandin so‘ngra mol egalari barchasi bir og‘izdan rozilik bildirdilar. Hisoblab qarasalar, bu karvon molining foydasi ellik ming tilloga yetdi. Haqqa qarshilik qilib ochgan urushlariga bu mol ila yordam qilmoqchi bo‘ldilar. Barilari bir ittifoq ila shu so‘zga to‘xtalib, urush hozirligi uchun askar yig‘ishga kirishdilar. Yolg‘iz Quraysh qabilasidan urushga yaramlik uch ming kishi yig‘ildi. Alarning qondoshlari Bani Mustaliq, Bani Xun qabilalari qo‘shildilar. Quraysh shoirlaridan Abu Izza, Musofiy deganlari qabiladan qabilaga o‘tishib, Islomga qarshi she’rlar o‘qishib, xalqni qo‘zg‘adilar. Ularning tashviqlari bilan Tihoma, Kinona arablaridan kelguvchi fidoiylar ham oz emas edi. Quraysh raislaridan Jubayr ibn Mut’imning Vahshiy nomlik bir qora quli bor edi. Nayza otmoq mashqini yaxshi olgan edi. Besh-o‘n qadam yerdin nayza otur bo‘lsa, ko‘zlagan joyini urib, hech xato qilmas edi. Xo‘jasi Jubayr uni chaqirib: «Agar ushbu urushda Muhammadning amakisi Hamzani o‘ldirur bo‘lsang, sen ozodsan», dedi. Chunki o‘tgan Badr urushida uning amakisi Tuaymani hazrati Hamza o‘ldirgan edi. Shuning bilan Quraysh qo‘shini qurollanib, Madinaga qarab yurish qildilar. Qochmaslikka to‘sqin bo‘lsin, deb askar boshliqlari xotunlarni birga oldilar. Childirma cholg‘uvchilar bilan askarni urushga qizdirmoq uchun qo‘shiqchi xotun-qizlardin bir qanchalari ularga qo‘shildi. Quraysh shoirlaridan Abu Sufyon xotuni Hind Aqaba qizi boshliq bir necha obro‘ylik xotunlar erlari bilan bu urushga birga chiqdilar. Arab odaticha, xotunlarini urushga birga keltirmak «o‘lish bor, qochish yo‘q», demakdin iborat edi. Urushga kirish oldida bahodirlar ichgali bir necha tulum chag‘ir ham olgan edilar. Erta-kech qo‘shin ko‘chganda, yo‘l yurayotganlarida qo‘shiqchi xotunlar Badr urushida o‘ldirilganlarni yo‘qlashib, yig‘lashur edilar. Buning ta’siridan askarlar ham yig‘i-zori qilishur edi. Mana shunday qilib, butun askarni borlik kuchlari bilan urushga solish chorasini ko‘rdilar. Shu bilan Quraysh qo‘shini yurib-o‘tirib, Madina yaqinida «Zulxulayfa» degan joyga kelib tushdi. Endi so‘zni Payg‘ambarimizdan eshiting. Quraysh qo‘shini chiqmasdin ilgariyoq bu ishdan xabar topdilar. Shundoqki, amakilari hazrati Abbos, G‘ifor qabilasidan bir kishini yollab, Madinaga yubordi. Bu kishi kelib Rasululloh bilan yashirincha ko‘rishgan so‘ngida voqea yozilgan xatni topshirib qaytdi. So‘ngra Rasululloh tezlik bilan ikki kishini tingchi qilib — yo‘l kuzatmoqqa chiqardilar. Bu chiqqan soqchilar dushman askari yaqinlashib kelgan xabarini bildirdi. So‘ngra Rasululloh ansor va muhojir sahobalarni yig‘ib kengashdilar. Bu to‘g‘rida alardin fikr oldilar. Keyin o‘z fikrlarini bayon qilib, aytdilarkim: — Biz shahardin chiqmaylik, urush o‘rinlarini shahar ichida qurib, yo‘llarga chep (to‘siq) bog‘laylik. O‘zimiz shahardin chiqmay, chep ichida alarni kutib turaylik. Agar g‘animlar shahar tashqarisida bizni qamab turguvdek bo‘lsalar, qiyinchilik bilan turolgaylar. Agar ular ustimizga chopul qilsalar, Madina yo‘llari biz uchun ochiq, alarga yopiqdur. Yo‘l boshlarini to‘sib, urushgaymiz. Xotun-bolalar tom ustidan yordam yetkazgaylar. Rasulullohdin bu so‘zni onglashgandin so‘ngra butun sahobalarning ulug‘ yoshdagilari bu fikrga qo‘shildilar. Lekin Payg‘ambarimizning amakilari amir Hamza boshchilik ko‘pchilik Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 113 yosh yigitlar, yana Badr g‘azotiga qatnasha olmay, o‘kinib qolgan kishilar aytdilarkim: — YO Rasululloh, bizlar shunday kun kelgaymu, deb kutmoqda edik. Bu kunni bizga Xudo yetkazdi. Bizni dushman qarshisiga chiqarur bo‘lsangiz, tilagimiz shuldur. Agar shahardin tashqari chiqmas ersak, bizdin qo‘rqib chiqmadilar, deb dushmanlarimizning ko‘ngli ko‘tarilgay. Buning ustiga hazrati Hamza aytdi: — YO Rasululloh, sizga Qur’on yuborgan Alloh haqqi, dushmanlar bilan shahar tashqarisida qilich chopishmaguncha, butkul taom yemagayman. Yana ansor sahobalardan Nu’mon ibn Molik: — YO Rasululloh, bizni jannatdin mahrum qilmagaysiz, Xudo haqqi, men Allohdin talab qilaman, ushbu kunda shahid bo‘lib, jannatga kirgayman, — dedi. Shuning bilan ko‘pchilik askarlar, bahodir yosh yigitlar ushbu tomonda bo‘lib, shahardin tashqari chiqmoqni talab qildilar. Alarning ko‘ngillariga qarab, Rasululloh ham qabul qildilar. Hijratning uchinchi yili, shavvol oyidan o‘n kun o‘tgandin keyin, juma kunida bu voqea boshlandi. Rasululloh bilan juma namozini o‘tadilar. O‘qigan xutbalarida urush to‘g‘risida va’z so‘zladilar: — Ey mo‘minlar, dushman qarshisida kim sabr qilsa, u zafar topgay, urush maydonida kim chidamlik ko‘rsatsa, ul g‘alaba qozongay. Dushmanni yengmoq uchun eng birinchi shart chinlik-chidamlik bilan dushmanga qarshi turmoqdur. Agar bulardin ayrilmas ekansiz, Alloh yordami siz bilan bo‘lur, — dedilar. So‘ngra Rasululloh qurollanish uchun uylariga kirdilar. Qo‘shqavat sovut kiyib, qilich osindilar. Boshlariga dubulg‘a kiyib, orqalariga qalqon tashladilar. Buni ko‘rib yoshi ulug‘ sahobalar shahardin tashqari chiqmoqqa qiziqishib turgan yosh sahobalarni malomat qilgani turdi: «Rasulullohni o‘z erki ixtiyorisiz shahardin tashqariga chiqib, dushmanni qarshilamoqqa siz majbur qildingiz, hali ham bo‘lsa, Rasulullohni qaytargaysiz. O‘z erkicha ish yurgazgay. Nima narsani bizga buyurur ersalar, bizlar shuni qilgaymiz» dedilar. Shu orada Rasululloh uylaridan chiqdilar. YOsh sahobalar: — YO Rasululloh, bizlar ixtiyorimizni tashladik, qaysi ishni buyursangiz, shuni qilishga tayyormiz, — dedilar. Anda Rasululloh: — Payg‘ambar bo‘lgan kishiga g‘azot niyati bilan taqqan qurol-yarog‘ni, ul ishni qilmay turib yechib qo‘ymoqlik loyiq bo‘lmagay. Endigi so‘z shuki, biz bilan dushmanimiz orasida, Alloh nima hukm qilgan bo‘lsa, ani ko‘rgaymiz, — dedilar. Shuning bilan so‘z kesilib, ish boshlandi. Rasululloh ra’ylarini to‘sgan kishilar o‘kindilar. Tug‘-bayroqlar bog‘landi. Muhojirlar tug‘ini Mus’ab ibn Umayrga topshirdilar. Ansorlardan Hazrajlar tug‘ini Hubob ibn Munzirga, Avslarning tug‘ini Usayd ibn Xuzayrga berdilar. Arablar odatlaricha, tug‘ ko‘targan kishi shu bayroqqa qarashlik qabilaga boshliq bo‘lib tanilur edi. Shundoq qilib, Payg‘ambarimiz mingga yaqin askar bilan Madinadan chiqdilar. Shu chog‘da yana bir tomondan kelayotgan qalin askar qorasi ko‘rindi. Alarni ko‘rib Rasululloh: «Bular kimdur?» deb so‘radilar. Ular esa, Abdulloh ibn Ubayning tarafdorlari, yordam uchun chiqqan yahudiylar edi. Mushriklar uchun kofirlardan yordam so‘ramaymiz, deb Payg‘ambarimiz alarni qabul qilmadilar. Chunki alarning chin ko‘ngillari bilan yordam berishlariga ishona olmas edilar. Ko‘p joyda ulardin xiyonatlar ko‘rib, ishonishlari yo‘qolgan edi. So‘ngra askarni ko‘rik qilib, ko‘zdin o‘tkazdilar. Askar ichida yoshlari o‘n beshdan o‘zmagan birmuncha bolalar bor bo‘lib, ularni qaytardilar. Ular ichida Rofe’ ibn Xudayj, Samura ibn Jundub nomlik ikki bola bor edi. Rofe’ning onasi kelib: «YO Rasululloh, o‘g‘lim Rofe’ o‘q otishga usta, uning merganligi bordur. Dushmanga qarshi ish ko‘rsata bilur» degandin keyin unga ijozat qildilar. Buni onglab, Samura ibn Jundub otasi qoshiga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 114 yig‘lab keldi. — «Rasululloh Rofe’ga ruxsat berdilar, meni esa askarlikdan qaytardilar, yo‘q ersa ikkimiz kurashganda, mendan ul yiqilur edi», — dedi. Rasululloh buni onglab, bu ikkisini kurashga soldilar. O‘zi degandek, Samura ani kurashda yiqdi. So‘ngra bunga ham ijozat berdilar. Madina bolalaridin shu ikki o‘g‘il askarlikka olinib, qolganlari qaytarildi. Shundoq qilib, Rasululloh kechani shu joyda o‘tkazdilar. Tong sahari bilan qo‘shin dushmanga qarab qo‘zg‘aldi. Uhud tog‘i bilan Madina oralig‘ida Shovt degan joydagi xurmolik boqqa kelganlarida bomdod namozining vaqti bo‘ldi. Mana shu joyga kelganda, munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubay buzuqchilik qilib, o‘ziga qarashlik uch yuz kishi bilan Islom askarlaridan ayrilib, Madinaga qaytdi. Bu munofiqning maqsadi askar ichiga buzg‘unlik solish edi. Bu ishga bahona qilib aytgan so‘zi shul erdikim: — «Muhammad o‘zi chaqirib bizdan kengash so‘radi, so‘ngra yoshi ulug‘, tajribalik kishilarning so‘zlarini qoldirib, yosh-yalang, soqolsiz yigitlarning aytganini qildi. Endi ishning og‘irligini ko‘raturib, kuchlik dushman qarshisiga chiqib, o‘zimizni o‘limga nechuk tutqaymiz?» — der edi. O‘z urug‘-aymog‘idan bir necha sahobalar unga yalinib-yolvorib, yo‘ldan to‘sgan bo‘lsalar ham, alarning so‘zlarini qabul qilmadi. Uch mingdan ortiq dushman askariga qarshi chiqqan Islom askarining borlig‘i bir ming chamasida edi. Bularning uch yuzi munofiqlar bo‘lib, askar safidan chiqib ketdilar. Buni ko‘rib, qolgan askarlar ham buzila yozgan edi, lekin ularni Alloh saqladi. Dushman qarshisiga kelgan chog‘larida bu ishning bo‘lishi musulmonlarga qattiq ta’sir qildi. Munofiqlarga qandoq chora qo‘llanish haqida musulmonlar ikkiga bo‘lindilar. Bir bo‘laklari ularga avval urush ochmoq, so‘ngra dushmanlar bilan chopishmoq fikrida bo‘lsalar ham, Payg‘ambarimiz boshliq ikkinchi tomonlar ularni hozircha o‘z hollariga qoldirib turmoqni maslahat ko‘rdilar. Mana shu munofiqlar haqida shu oyat tushdi: «Vallohu arkasuhum bima kasabu»: ma’nosi: «Bu munofiqlar qilgan yomon ishlarining sababidan alarni Alloh teskari qilib, iymondin kufrga qaytardi», demakdur. Bu oyat engandin so‘ngra u munofiqlar o‘z hollaricha qoldirildi. So‘ngra Islom askari dushmanga qarshi yurib, Uhud tog‘iga yetdilar. Dushman o‘ramasidan saqlanish uchun, Rasulullohning amirlari bilan Uhud tog‘iga orqalarini berib, dushmanga qarshi saf bog‘ladilar. Ammo Quraysh kofirlari bo‘lsa, bu tog‘ qarshisidagi keng soyga kelib qo‘ndilar. So‘ngra har ikki tomon o‘z askarining yasog‘iga kirishdi. Dushman askarining o‘ng tomonida Xolid ibn Valid turdi. Jovong‘ar (so‘l qo‘lida) Ikrima ibn Abu Jahl turdi. Abu Sufyon ham tug‘ bayrog‘i bilan so‘lda turgan edi. Piyoda askarlarga Safvon ibn Umayya boshliq bo‘lib belgilandi. Askar qochmasin deb, qo‘shiqchi xotunlarni tashviq qilish uchun saf ortiga qo‘ydilar. Rasululloh bularga qarshi askar yasog‘in tuzib, Xolid ibn Validga qarshi Zubayr ibn Avvomni qo‘ydilar. Islom askari ichida o‘q otar merganlardan ellik kishi bor edi. Alarga Abdulloh ibn Jubayrni boshchi saylab, askar ortini saqlamoq vazifasini unga topshirdilar. Bu ellik mergan askar orqasidagi tog‘ning etagi, belining ustiga joylashgan edilar. Bu ishlarning barchasi Rasulullohning ko‘rsatganlaricha bajarildi. Rasululloh merganlarga aytdilarkim: «Agar biz dushmanni yengar bo‘lsak, yoki ular bizni yengsalar, har holda bu tutmish o‘rningizni qo‘ldan bermagaysiz». Chunki bu o‘rin bo‘sh qolgan chog‘da, bir firqa dushman askari shu tomondin kelib chopul etmak imkoniyati tug‘ulur edi. Ul chog‘da askarning orqasi o‘ralib, chambar ichida qolish mumkin bo‘lganlikdan, Rasululloh bu yerni bo‘sh qoldirmaslikka qattiq topshiriq berdilar. Agar otliq dushmanlar shul yoqdin chopul qilur bo‘lsalar, alarga qarshi o‘q yog‘dirishga buyurdilar va: «Ot ustida kelayotgan hujumchi askarlar qarshilarida otilgan o‘qlarga chidab turolmas», dedilar. So‘ngra askar ustiga kelib, alarning saflarini tuzib, to‘g‘irladilar. Chunki mo‘minlarning namozda to‘g‘ri saf bog‘lamoqlari, askarlar urushda saflarini to‘g‘ri tuzmaklari — Rasululloh sunnatlaridur. Bundin keyin Payg‘ambarimiz Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 115 askarlarga qarab aytdilarkim: — Ey mo‘minlar, birodarim Jabroil ko‘nglimga shul so‘zlarni soldi. Shundoqkim, hech kimsa eng so‘ngi rizqini yeb tugatmaguncha dunyodan ketmas, rizqi tugamagan bandaning o‘lishi mumkin emas, uning rizqini ozaytirish yoki ko‘paytirish hech kimning qo‘lidan kelmas. Bandaga rizq kelishi har qancha kechikib qolsa ham, yana unga o‘lchangan rizqi yetmay qolmas. Endi shundoq bo‘lsa, ey mo‘minlar, rizqinglarni halol kasb bilan talab qilinglar, buning kechikkanligiga shoshilib, o‘zinglarni harom-xarish narsalarga urmanglar. Halollik bilan kasb qilsanglar, Halol rizq yetkazishlikka Alloh kafildur. Bosh tanga, tan boshga qandoq bo‘lsa, mo‘minlar ham bir-birlariga shundoqdur. Birlariga yetgan ziyon birlariga yetgandek bo‘lur. Qaysi qo‘shinda birlik, chidamlik bo‘lsa, boshqalarni albatta g‘alaba qilur, — dedilar. So‘ngra Rasululloh qo‘llariga bir qilich oldilar, ul qilichda arabcha shul she’r yozilmish edi: «Fil jubuni orun va fil iqdomi makrimatun Val mar’u bil jubuni lo yanju minal qadari». Ma’nosi: «Qo‘rqoqlik nomus keltirur, botirlik davlatga yetkarur. Qo‘rqib qochmoq bilan hech kishi taqdirdin qutila olmas» demakdur. Yana askarlarga qarab: «Bu qilichni kim olgay, buning haqqini kim ado qilgay?» dedilar. Anda askarlardan bir to‘p kishi: «Biz olgaymiz, yo Rasulalloh», deb qilichga qo‘l uzatdilar. Bular ichida Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, shu to‘rtovlari ham bor edilar. Alarga qilichni berishdan to‘xtalib, boshqa bir kishini kutgandek bo‘lib to‘xtab turdilar. Buni ko‘rib ansorlardin Abu Dujona degan bir sahoba yugurib keldi va: «Buni haqqi na bo‘lg‘ay, yo Rasulalloh?» deb so‘radi. Anda Rasululloh aytdilar: «Egilib ketguncha dushman yuziga chopar bo‘lsang, bu qilich haqqi shuldur». Buni onglab Abu Dujona: «Shu shartni men bajo keltirurman», deb qilichni oldi. Hech kimga bermagan qilichni Rasululloh bu kishiga berdilar. Chunki ul kishi ansor sahobalar ichida atog‘lik bahodirlardin edi. Qilichni olgandin keyin, ikki tarafga sollanib (maqtanib), urush maydoniga qarab yurish qildi. Uning bu yurishini ko‘rib Rasululloh: «Alloh taolo bundoq yurishni bu o‘rindan boshqa joyda bo‘lsa, yaxshi ko‘rmagay. Ammo urush maydonida, dushman qarshisida shu yangliq yurishni Tangri do‘st tutgay» dedilar. So‘ngra urush muboraza bilan boshlandi. Shundoqki, kofirlardin tuya mingan bir kishi maydonga tushib, o‘ziga bahodir talab qildi. Rasulullohning ruxsatlari bilan sahobalardin Zubayr ibn Avvom bunga qarshi chiqdi. Har ikkovlari tuya ustidan bir-birlariga hamla qildilar. Quchoqlashib, bo‘g‘ishib, maydon o‘rtasida bu ikki bahodir ko‘p olishdi. Har ikki yoqdagi qo‘shinning ko‘zlari bularga tikilgan edi. Bular olishib turgan yerlari tog‘ tagidagi qiya joy edi. Musulmon bahodiri ust tarafida, kofir bahodiri osti tarafida turdi. Bu ikkovlon shu chog‘da bir-birlarini tuyadan ag‘darishib, yerga tushdilar. Kofir bahodiri ostga tushgan edi. Hazrati Zubayr ustiga tushishi bilan xanjar sug‘urib, uni bo‘g‘izlab tashladi. Buni ko‘rib Rasululloh suyunganlaridan barcha barobar takbir aytdilar. Bundan keyin, yana kofirlar tomonidan Talha degan bahodir maydonga chiqdi. Bul ersa alarning bosh tug‘chisi edi. O‘rtada turib — «Er kishi bo‘lsa, qani chiqsin», — deb bir necha marotaba qichqirdi. Musulmonlar tomonidan ildamlik ila chiqquvchi kishi bo‘lmadi. Chunki bundoq o‘rinda bahodir saylab chiqarmoq haqqiga askar boshlig‘i egalik qilur. Dushman bahodiriga teng kelguvdek kishi topib chiqarmoq lozim edi. Shuning uchun bahodir chiqarish kengashi bir oz kechiktirilgan edi. Buni bahona qilib, kofirlar bahodiri ta’naga til ochib: — «Ey Muhammad, mo‘minlardan kimarsa o‘ldirilsa, jannatga kirgay, kofirlardan o‘ldirilganlar do‘zax sari borgay, der emishsan. Agar bu so‘zing chin ersa, sening yo‘ldoshlaring jannatga kirishdan nechuk kochgaylar, meni o‘ldirib do‘zaxga yuborishdan nega tortingaylar?», — dedi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling