Tarixi muhammadiy


Download 1.39 Mb.
Pdf ko'rish
bet27/59
Sana29.11.2020
Hajmi1.39 Mb.
#155392
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   59
Bog'liq
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)


www.ziyouz.com kutubxonasi 
163
Ey qizim Oisha, sening har bir ishingdan bir barakot chiqqay, — dedilar. 
Ansor raislaridan Usayd ibn Huzayr kelib: 
— Abu Bakr Siddiq avlodida musulmonlar uchun ko‘p barakot bordur, — deb suyunchilik 
qildi. 
Shuning uchun onamiz hazrati Oisha aytdilar: 
«To‘qqiz ne’matdurkim, Alloh taolo uni menga bermishdur. Ulardin hech birini boshqa 
xotunlarga bermabdur. 
Biri shuldirkim, Jabroil alayhissalom mening rasmimni kaftida keltirib, Rasulullohga 
ko‘rsatib: «Bu rasm egasi sening jufting bo‘lg‘ay», dedi. 
Ikkinchisi meni Rasululloh qiz oldilar, boshqa xotunlari esa, hammasi er ko‘rmish, juvon 
edilar. 
Uchinchisi shulki, Rasululloh eng oxirgi umrida, mening quchog‘imda, boshlari ko‘ksimda 
turib jon berdilar.  
To‘rtinchisi esa, Rasulullohning qabrlari mening uyimda bo‘ldi, demak, mening uyim 
arshi a’zamdan ham ulug‘ darajaga yetdi. 
Beshinchisi, Rasululloh bilan bir to‘shakda yotgan vaqtimda ham vahiy kelur edi. Boshqa 
xotunlari bilan yotgan chog‘larida bu ish bo‘lmadi. 
Oltinchisi, otam Abu Bakr Siddiq Rasulullohning ajralmas do‘sti bo‘lib, vafotlari so‘ngida 
aning birinchi xalifasi bo‘ldi. 
Ettinchisi, pok yaratildim, pok nasldan tug‘ildim, eng pok, muqaddas zotga yor bo‘ldim. 
Sakkizinchisi, tiriklik chog‘imda Allohning rahmat va mag‘firati bilan menga bashorat 
berildi. 
To‘qqizinchisi, munofiqlar qilgan tuhmatdin pokligimni Alloh taolo vahiy yuborib, o‘zi 
isbot qildi. 
Mana shu o‘tgan voqealardin so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vassallam bu safardin 
qaytib, sog‘ va salomat Madinaga keldilar. 
XANDAQ G‘AZOTI 
Bu g‘azotning chiqishiga sabab shul erdikim, yuqorida bayoni o‘tgan Bani Nazr yahudlari 
Rasulullohga qilgan ahdlarini buzib, xiyonatlari bilinganligi uchun arab yeridan chiqib 
ketmakka Rasululloh tomonidan hukm bo‘lgan edi. Bular joylaridan chiqarilgach, 
alarning raislari arab qabilalariga tarqaldilar. To‘xtovsiz ravishda Rasulullohga qarshi 
fitna-fasod qilishga kirishdilar. Maqsadlari esa Rasulullohdin o‘ch olmoq, qaytadin o‘z 
joylariga qaytib bormoq edi. Yahud raislaridan bir nechalari Makkaga kelib, Quraysh 
raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra, alarni Rasululloh bilan urishtirmoqqa bek qiziqtirar 
edilar. Va: «Agar Muhammad bilan so‘qishur bo‘lsangiz, bizni eng oldingi safda 
ko‘rgaysiz», deb ahd berdilar. Bu ish ersa, Quraysh raisi Abu Sufyonga ma’qul bo‘ldi. 
Quraysh va’dalarini olib, so‘ngra G‘atafon qabilasiga keldilar. Bu esa arablar ichida 
atog‘lik qabilalardin sanalur edi. Abu Sufyon bilan qilgan urush 
muohadalarini(kelishishlarini) alarga bildirdilar. Bu ig‘vogar yahud raislari ichida 
Madinaning munofiq raislaridan Abu Omir fosiq ham bor edi. Shu bilan G‘atafon qabilasi 
ham Quraysh bilan birlikda urush qilmoqqa bay’at berdilar. Buni ko‘rib, tubandagi 
qabilalar ham shu ittifoqqa qo‘shilishdilar. Shu chog‘da Quraysh urug‘laridan atog‘liq ellik 
kishi Baytulloh yopinchig‘iga yopishib, ko‘kraklarini Baytulloh tomig‘a (devoriga) taqab 
turishib, qattiq qasam ichdilar: «Muhammadni tamom tugatmaguncha bu urushdan 
to‘xtamaymiz, barchamiz birlikda bo‘lib, maydonda o‘lib tugamaguncha dushmandin 
qochmaymiz», deyishib ahd qildilar. 
Shundoq qilib, butun Quraysh qo‘shiniga Abu Sufyon rais saylandi. Askar soni to‘rt 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
164
mingdan ortiq edi. Uch yuz otliq, ming tuyalik, qolganlari piyoda askarlar edi. O‘z 
e’tiqodlaricha, Baytullohdin so‘nggi eng qutlug‘ o‘rin atalgan Dorun Nadva uyida 
to‘planishib, so‘qish bayrog‘ini bog‘lashib, Usmon ibn Talhaga topshirdilar. Buning otasi 
Talha kofirlar tug‘chisi, Uhud urushida o‘ldirilgan edi. Shu bois alar: «Otang o‘chini 
olgaysan», deb bu urushda tug‘ni unga berdilar. 
G‘atafon qo‘shiniga Uyayna ibn Hisn askarboshi bo‘ldi. Bunga Rasululloh yeri quruqchilik, 
eli ocharchilik bo‘lganda, Madina atrofidagi o‘tloq joylardin chorvasi uchun yer bergan 
edilar. Ochlari to‘yinib, oriqlari semirib yetilganda, yaxshilikka yomonlik qilib, 
Rasulullohga qarshi urushga ming askar to‘pladi. Rasululloh u haqida: «Ahmaqul muto’», 
ya’ni, «Obro‘ylik ahmoq», degan edilar. Buning voqeasi yuqorida o‘tgandir. Bu so‘zning 
chinligi yana aniqlandi. 
Bani Murra qabilasidin to‘rt yuz kishilik askar chiqdi. Alarning boshlig‘i Horis ibn Avf edi. 
Ashja’ qabilasiga Abu Mas’ud boshchilik qildi. Bani Salm qabilasining askar boshlig‘i 
Sufyon ibn Abdu Shams bo‘lib, buning yetti yuz askari bor edi. 
Bani Asad qabilasi ham raislari Tulayha ibn Huvaylid qo‘l ostiga kirib, bu ittifoqqa 
qo‘shildilar. Butun yig‘ilgan askar soni o‘n ikki mingdan ortiqroq bo‘ldi. Butkul askar 
boshlig‘iga, o‘zaro ittifoqlashib, Abu Sufyonni belgiladilar. 
Ammo bu ishlardin Rasulullohning ham xabarlari bor edi. Tingchilar orqali bu ish 
aniqlangandin so‘ngra, barcha sahobalarni yig‘ib, o‘rtaga maslahat soldilar: Dushmanni 
to‘sib, alarga qarshi chiqqaylarmu yoki yo‘lga cheb (to‘siq) bog‘lab, Madina ichida kutib 
turgaylarmu? Rasulullohning odatlari bir voqea ustida agar Allohdin vahiy kelmasa, 
katta-kichiklarni yig‘ib, kengash bilan ish qilur edilar. Qur’onda ko‘rsatilgan qonun ham 
shundoq edi. Bu maslahat ustida Salmon Forsiy aytdi: 
— YO Rasulalloh, biz Fors yerida, agar dushman askari ko‘pchilik bo‘lib, ularni otliq 
askarlari hujumidan qo‘rqilsa, askarimiz aylanasiga, ot o‘tolmagudek o‘ra qazib, muning 
bilan dushman otliqlari hujumidan saqlanur edik. 
Aning bu so‘zi Rasulullohga ma’qul keldi. Shu bilan ishga yararlik barcha mo‘minlarga — 
deb buyruq berdilarkim, bu ishni dushman yetib kelmasdin ilgari, tezroq bajarsinlar. 
Arablar ichida mundog‘ ish ilgari-keyin hech ko‘rilmagan edi. 
Madina shahrining shimol tomoni ochiqlik bo‘lgani uchun, butunlay shu yoqni o‘ra bilan 
o‘rashga to‘g‘ri keldi. Boshqa taraflari esa mahalla uylari, qalin xurmolik bog‘lar bilan 
o‘ralganlikdan, ochiq joyi yo‘q edi. Bu tomondin hujum qilish dushmanga qulay emas 
edi. Shu xandaq qazish kunlarida sahobalar ko‘p qiyinchilik tortdilar. Chunki u kunlarda 
ocharchilik bo‘lganlikdan torchilik bilan kechinmakda edilar. Kurak, ketmon kabi qazish 
asbobini yig‘ib, bu ishda qo‘l kuchi bilan ishlatmak lozim edi. Rasululloh o‘zlari ham bu 
ishda sahobalar bilan birga ishladilar. Chunki dushman qorasi ko‘rinmay turib, bu 
xandaq qazilib bo‘lishi zarur edi. Shuning uchun Rasululloh xandaq qaziyotgan 
kishilarga: 
— Tezlik bilan bu xandaqlarni qazib oxiriga yetkazish lozimdur. Dunyo va oxiratlik ulug‘ 
ishlarni inson sabr-sabot bilan qo‘lga keltira olur. Alloh sabr qilguvchilarga, har ishda 
chidamlilik ko‘rsatuvchilarga yordam yetkazishi aniqdur. Urush kunlarida va har qandoq 
og‘ir ishlarda agar sabr qilur ersangiz, Alloh yordami bilan zafar topib, dushmanlaringizni 
yenggaysiz, — deb mo‘minlarga bashorat berdilar. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham bu ishga qatnashib, orqalab tuproq 
tashidilar. Butun tanlari chang-to‘zon bo‘lmish edi. Buni ko‘rib munofiqlar, yahudlar 
masxara qilib, quvonishur edilar. Mo‘minlarning boshiga tushgan bu og‘irchiliklar ustiga 
Bani Qurayza yahudlari shu fursatdan foydalanib, Rasululloh bilan qilgan ilgarigi 
ahdlarini buzdilar. Ul ahd bo‘yicha Madina ustiga kelgan har qanday dushmanga qarshi 
Rasulullohga yordam berishlari lozim edi. Bu yahudlarning xiyonatlari eshitilgach, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
165
musulmonlarga qattiq tashvish tushdi. Chunki Madina to‘rt tomondan dushman qo‘shini 
bilan o‘ralmish edi. Shahar ichida qoldirilmish xotun va bolalar uchun qattiq qo‘rqinch 
tug‘ildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu dahshatlik xabarni eshitib, Madinani 
dushmandin saqlash uchun Zayd ibn Horisa qo‘mondasida besh yuz kishilik bir bo‘luk 
askar yubordilar. Chunki «ahdini buzgan Bani Qurayza yahudlari Madina ustiga chopul 
(hujum) qilmoqchi emishlar», degan so‘z Rasulullohga eshitilmish edi. Bu xabarni 
aniqlash uchun hazrati Zubayrni alarga yubordilar. Bu kishi borib ko‘rinishlari bilanoq, 
yahudlar Rasululloh haqlarida adabdin tashqari so‘zlarni aytishgani turdi. Alar haqqida 
aytilgan xiyonat so‘zlarining rostligini o‘zlari ko‘rsatdi. Hazrati Zubayr darhol qaytib, 
Rasulullohga bu xabarni yetkurdi. Eshitgan zahoti «Allohu akbar», deb takbir aytdilar. 
So‘ngra bashorat berib, dedilarkim: 
— Ey mo‘minlar! Sizlar bu yaqinlarda ulug‘ suyunchilikka yetgaysiz. Allohning yordami 
tezda sizlarga yetishgay, dushman ustidan g‘alaba qozonib, bizlar zafar topgaymiz. 
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xandaq qazish ishlarini dushman askari 
yetib kelmasdan oldinroq tugatish zarur bo‘lganlikdan muning chorasiga qattiq kirishib, 
uch mingga yaqin kishi bul ish ustida biror oy turish qildilar. 
Bu ishda eng ortiq xizmat ko‘rsatgan sahobalardan hazrati Salmon Forsiy bo‘ldi, yolg‘iz 
o‘zi o‘n kishilik ishni bajarur edi. Bu kishi qizg‘inlik bilan o‘ra-zovur qazib turgan chog‘ida 
yer ostidin qattiq shuvoq kesak chiqib, ketmon u yerga o‘tmadi. Hazrati Salmon qo‘liga 
metin olib chopar bo‘lsa, metinni miz-miz qaytarur edi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam ishchilar ustida aylanib yurib, shu yerga kelib qoldilar, qarasalar, ish shunday 
ekan. Darhol Salmonni qo‘lidan metinni olib: «Bismilloh» deb shu yerni uch qayta 
chopdilar. Har chopganlarida chaqmoq chaqqandek yalt etib o‘t ko‘rinur edi. Birinchi 
chopganda: «Allohu akbar, Shom o‘lkasi fath bo‘ldi», ikkinchi chopganda «Allohu akbar, 
Yaman ketdi», uchinchida «Allohu akbar, Eron olindi, bu yerda podshoh saroyini ko‘rdim. 
Undagi hazinalar ochqichini qo‘limga oldim. «Sendin so‘ngra ummatlaring bu joylarni 
olgaylar», deb Jabroil alayhissalom menga xabar berdi», dedilar. 
Aytganlaridek, Payg‘ambarimizning zamonlaridayoq Yaman viloyati olingan edi. Qolgan 
ikkilari (Eron, Shom) Hazrati Umar halifalik davrida fath bo‘ldi. Necha yillar ilgari 
aytilgan bu xabarning haqligini butun ummatlari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdilar. 
Munofiqlar esa, Rasulullohning bu so‘zlarini anglashib: «Hay-hay, Muhammad Madinada 
turib Eron podshohining saroylarini ko‘rgan emish, bu gapi asossiz. Tubsiz so‘zlar bilan 
o‘ziga tobun bo‘lgan anqovlarni aldamoqchi bo‘lur. Yer usti podshohlarining hazinalariga 
ega bo‘lmish kishi, nega qo‘rqqanidan xandaq qazitur. O‘zi dushman kelib qolishidan 
qo‘rqib shoshilganidan hojat qilishga ham vaqti yo‘qdir», deyishib, mana shunday 
qiyinchilik chog‘da bu munofiqlar ham dillaridagi yashirin xiyonatlarini bildirib, 
musulmonlarga ta’na qilgani turdilar. 
Ish shundoq bo‘lib turgan chog‘da Allohdin vahiy kelib, ushbu oyat tushdi: 
«Qulillahumma malikal mulki tu’til mulka man tashau va tanziul mulka mimman tashau 
va tu’izzu man tashau va tuzillu man tashau, biyadikal xayru, innaka ala kulli shay’in 
qodir». 
Ya’ni «Aytgil, ey bor Xudoyo, hukumat va podshohlik egasi O‘zingdursan. Kimni 
xohlasang, podshohlikni shunga berursan, xohlagan kishidan podshohlikni olursan, 
xohlagan birovni aziz qilursan, xohlasang uni xor qilursan. Har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur. 
Uni kimga berursan, kimdan olursan, erk O‘zingdadur, har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur, 
Sening qudrating yetmagan hech ish yo‘qdur». 
Alloh taolo Payg‘ambarimizning mo’jizalik xabarlariga inkor qilgan munofiqlarning so‘zini 
mana shu oyat bilan rad qildi. Bu oyatning mazmunicha Xudo xohlagan ekan, 
Rasulullohning ummatlari o‘zlaridan keyin o‘shal zamonda eng kuchlik davlatlardin 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
166
hisoblangan Rum va Eronni fath qildilar. Eroniston butunlay Islom mamlakatiga aylandi. 
Osiyo, Afriqoning ko‘p joylarini musulmonlar oldilar. 
Umaviyyalardin Valid ibn Abdulmalik davrida Afriqo Barbaristonini ochgandan keyin, 
hijratning 92-yili erdi, Toriq ibn Ziyod qo‘li ostida Islom askari Sabta (Gibraltar bo‘g‘ozi) 
orqali o‘tib, Ispaniyani fath qildilar. Buni anglab bosh qo‘mondon Muso ibn Nasir 
Po‘rttegiz (Portugaliya) tomoniga kirdi, har ikkovi birlashib, Po‘rttegiz va Ispaniyani fath 
qilganlaridan so‘ngra janubiy Fransaga kirib uni ham oldilar. Agar bu ikki qo‘mondon 
hasad qilishib, o‘z oralari buzulmagan bo‘lsa edi, butun Ovruponing fath bo‘lishi aniq edi. 
Bularning ittifoqsizliklari uchun o‘zlari markazga chaqirildi, bu sabab bo‘lib, u tomonda 
bo‘layotgan Islom futuhoti ham to‘xtaldi. Shunday bo‘lsa ham Ispaniyada yaqin to‘rt yuz 
yil Islom hukumati davom etdi. 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, biror oy ichida xandaqni ham qazib 
tugatdilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina tog‘ining tagida 
dushmandan mudofaa qilurlik bir qulay o‘rin tanlab, muborak o‘rda (askarxona)larini shu 
joyda qurishga buyurdilar. 
Chunki urush yarog‘ining birisi — keraklik o‘rinni bilib ushlashdir. Islom askarining soni 
borlig‘i bo‘lib uch mingga yetar edi. Muhojirlarning tug‘ini asrandi o‘g‘illari Zayd ibn 
Horisaga topshirdilar. Ansor sahobalarga Sa’d ibn Uboda tug‘begi bo‘ldi. 
Shuning ustiga uzoqdan qorasi ko‘ringan dushman askari ham yetishib keldi. Askar 
atrofiga qazilgan chuqur xandaqni ko‘rishib hayron qolishdi. Chunki bundan ilgari arab 
ichida bunday ish hech ko‘rilmagan edi. Shuning uchun dushman askari boshlig‘i Abu 
Sufyon Rasulullohga qichqirib: 
— Ey Muhammad, sen o‘z chevringga (atrofingga) turlik cho‘g‘oy (kambag‘al) kishilarni 
to‘plamish erursan, yo‘q esa arab xalqining qilich-nayzasidan boshqa sig‘inarlik 
(tayanarlik) narsasi yo‘q edi, — dedi. 
So‘ngra har ikki yoqdin o‘q otishga kirishdilar. Shul kuni kechgacha to‘xtovsiz bu ish 
davom edi. Namoz o‘tashga fursat sig‘maganlikdan, musulmonlar shu kungi namozlarini 
qazo qildilar. O‘rtada xandaq to‘sqinlik qilgani uchun dushman askari hujum qilisha 
olmadilar. Otish bilan birinchi kun o‘tgandan so‘ngra, quyida nomlari yozilgan kuffor 
bahodirlari xandaqni tor joylaridan ot sakratib bu tomonga o‘tdilar. Ulardan: 
1. Amr ibn Abduvad. Bu kishi ersa butun Arabistonda dong‘i chiqqan katta bahodirlardan 
edi. O‘tgan Badr urushida qattiq yaralangan bo‘lsa ham qo‘lga tushmay, qochib qutulgan 
edi. U: «Agar bu yaramdan o‘lmay tuzalur bo‘lsam, Muhammadni o‘ldirmaguncha, soch-
soqolimga yog‘ surtmayman», deb arab odaticha ont ichgan edi. 
2. Hazrati Umarning ukasi Zarror ibn Xattob. 
3. Abu Jahl o‘g‘li Ikrima. 
4. Huyayra ibn Abu Vahob. 
5. Navfal ibn Abdulloh va boshqalar. 
Bular ichidan Amr ibn Vud maydon o‘rtasida turib: «Qani menga kim talabgor bo‘lsa 
chiqsin», deb uch qayta qichqirdi. 
Har qichqirganida hech kim o‘rnidan turmagach, Hazrati Ali chiqmoqqa talab qilsa ham, 
Rasululloh ruxsat bermadilar. Balki: 
— Ey Ali, o‘lturgil, bu maydonga turgan kishi Amr ibn Abduvad ekandir, — deb aning 
bahodirlig‘ini eslatdilar. 
U esa, qarshisida chiqqan hech kimni ko‘rmagach, ko‘ngli ko‘tarilib, nafsi semirdi. 
So‘ngra ta’naga til ochib: 
— Ey musulmonlar, sizlar aytur edingizlar, bizdin o‘ldirilganlar jannatga kirgaylar deb. 
Endi na bo‘ldi, sizdan jannatga kirgani kishi chiqmay qoldi,— deb yana qichqirdi. 
Bu so‘zni anglab Hazrati Ali yana o‘rnidan turdi. Payg‘ambarimiz «O‘ltur, ul Amr ibn 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
167
Abduvad emish», deganlarida: 
— YO Rasululloh, kim bo‘lsa ham unga chiqqayman, — deb ruxsat so‘radi. 
So‘ngra Hazrati Ali Amr ibn Abduvad oldiga kelib: 
— Ey Amr, senga uch ish ayturman, albatta ularning birovin qabul qilursan: 
Birinchisi, iymon keltirib Islom diniga kirgil. 
Anda Amr: 
— Bu so‘zing mendin yiroq tut! Ikkinchi so‘zingni ayt, — dedi. 
Unda Hazrati Ali: 
— Agar iymon keltirmas bo‘lsang, biz bilan urushishni qo‘yib, o‘z elingga qaytgil! Agar 
Muhammadning aytgan so‘zi chin ersa, sen o‘limdan salomat qolib, baxtli kishilardan 
bo‘lursan. Agar uning bu ishi yolg‘on bo‘lsa, yolg‘on orti vayrondir. U chog‘da sen 
degandek bo‘lib o‘z-o‘zidan yo‘qolur, — dedi. 
Anda Amr aytdi: 
— Sening bu so‘zing Quraysh xotunlariga kulgu bo‘lgudek ishdur. Buni qo‘ygil, uchinchi 
so‘zingni aytgil. 
Anda Hazrati Ali: 
— Yo‘q esa, endi ikkimiz maydon ichida kuch sinashamiz, — dedi. 
Buni anglagach, u qahqaha urib kuldi va: «Arab ichida bu ish bilan meni hech kim 
qo‘rqita olmaydi. Bu ish esa mening izlagan ishimdur. Muhammadni o‘ldirmoqqa ont 
ichib, ahd qilgan edim. Bugungi kunda u ahdimga vafo qilgali vaqt kelmishdir», deb 
darhol otidan tushdi. 
Har ikki bahodir maydon ichida piyoda bo‘ldilar. Amr ibn Abduvad chaqqonlik bilan 
qilichga qo‘l soldi, qorong‘u kechada yalt etgan yashindek qilichni qinidan sug‘urib, 
Hazrati Ali boshiga andoq urdikim, qalqon-dubulg‘alarini kesib qilich mizi bir ozroq 
boshiga botdi. So‘ngra navbat Hazrati Aliga yetib edi, bir qilich urushlari bilan dubulg‘a 
qalqonlarini yorib, boshini yarmiga yetdi. Ikkinchi urish bilan boshini uzib yerga tashladi. 
Buni ko‘rib butun musulmonlar shodlik ila takbir aytdilar. Ishongan bahodirlariga bu 
zarba yetgach, qolgan yo‘ldoshlari ham chidab turolmay qochdilar. Bulardan Navfal ibn 
Abdulloh ot sakratgandi, yiqilib bo‘yni uzildi, boshqalari bo‘lsa, aranggina jon 
qutqazdilar. 
Shundoq bo‘lib bu qilgan hujumlari o‘zlari uchun ziyonlik bo‘lib chiqdi. Atog‘lik 
bahodirlaridan ikki kishining o‘limi alarg‘a qattiq zarba berib, askarning ruhi tushdi. 
Mushriklar bu ishdin o‘z odatlaricha yomon fol ochdilar. 
Xandaqning bu tomonida, musulmonlar tarafida qolgan o‘liklariga qattiq qayg‘urishdilar. 
Alarni so‘rab, har biriga o‘n ming tangadan pul berishga va’da qilishdi. 
Anda Rasululloh: 
— Xudoga va uning payg‘ambariga qarshi chiqib, urushda o‘lganlarning tanlari 
murdordur. Biz nechuk alardin pul olg‘aymiz, tashlab beringlar, bu murdorlarni o‘zlari 
ko‘msunlar, — deb, qoldirg‘on o‘liklarini olmoqqa ruxsat berdilar. 
Shunday bo‘lgach, dushman askarlari xandaq uzra ikkinchi bor hujum qilishga jur’atlari 
qolmadi. Lekin ikki orada to‘xtovsiz o‘q otishlar bo‘lib turar edi. Shunday bo‘lib besh-o‘n 
kun o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bular ichidagi qo‘mondonlardan 
G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisnga kishi qo‘yib, aning bilan alohida 
kelishmoqchi bo‘ldilar. Butun G‘atafon askari agar dushmanlardan ajrab, urushmasdan 
o‘z yurtlariga qaytib ketsalar, ularga Madina xurmosining hosilidan uchdan birini 
bermakka Rasululloh qaror qildilar. Kechaning qorong‘usida Abu Sufyondan yashirincha 
qabila boshliqlaridin ikki kishi keldi. O‘rtada bir ahdnoma xat yozilmoqchi bo‘ldi. Bu ish 
ustiga ansor sahobalar raislari Sa’d ibn Muoz va Sa’d ibn Ubodani Rasululloh maslahat 
uchun chaqirdilar. Alar bu so‘zni anglagach, aytdilarkim: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
168
— YO Rasulalloh, agar bu ish sizga Xudo tarafidan buyurilg‘on bo‘lsa, bosh ustiga, unga 
qarshi aytgudek so‘zimiz yo‘qdur. Agar unday bo‘lmay, bizga kengashmoqchi bo‘lsangiz, 
qo‘l kuchimiz bilan topgan halol molimizni alarg‘a nechuk bergaymiz? Islom diniga 
kirmasimizdan ilgari bizdan xurmo yemoqchi bo‘lsalar, sotib olib yer edilar yoki alarni 
qo‘noq qilib berar edik. Endi Islom diniga kirgan holimizda, bundoq soliq qilib olishlari, 
alarning zo‘rligi, bizlarning xo‘rligimizdur, — deb bu ishga norozilik bildirdilar. 
Anda Rasululloh: 
— Allohdin bu haqda vahiy kelsa edi, hech kim bilan kengashib turmagay edim. Ul ishni 
qilsak, dushmanlar o‘z ichidan buzulg‘aylarmi, deb o‘ylagan edim. Haqiqatda esa, sizning 
so‘zingiz to‘g‘ridur. Agar siz bunday ulug‘ himmat qilar ekansiz, men ham sizlarga 
qo‘shildim, — dedilar. 
Shuning bilan o‘ljaga qiziqib turishgan qabila raislarining umidlari uzildi va o‘z joylariga 
qaytdilar. Endi ikki orada qattiq hujumlar kutilmoqda edi. Shu o‘rtada Allohning yordami 
yetib, o‘ylamagan joydin musulmonlar foydasiga bir ish kelib chiqdi. Bu voqea esa 
shundoq edi. 
Dushman qo‘shini ichida Ashja’ qabilasining raislaridan Nuaym ibn Mas’ud degan kishi 
tun yarmida yashirincha kelib musulmon bo‘ldi. So‘ngra aytdikim: «YO Rasulalloh, qaysi 
yo‘l bilan sizga yordam yetkaza olg‘ayman. Agar hiyla ishlatmoqqa ruxsat qilsangiz erdi, 
dushmanni o‘z ichidan buzmoqqa kirishur edim. Lekin yolg‘on aytmoq Islomda yo‘qdur 
deb angladik», dedi. Anda Rasululloh: «Al-harbu hadi’atun». Ya’ni «Urush ishlari hiyla 
bilan bo‘lur» dedilar. Bu to‘g‘rida har qanday hiyla ishlatmakka ruxsat qildilar. Shunda u 
yana: «Zarurat tushganda yolg‘on so‘zlasam qandoq bo‘lur, yo Rasulalloh?» deb so‘radi. 
Hojat tushganda yolg‘on aytmoqqa, izn berdilar. Shu bilan bu kishi Rasulullohning 
oldidan chiqib to‘g‘ri Bani Qurayza yahudiylarining qo‘shlariga keldi. Ilgaridan ular bilan 
do‘stligi bor edi. Bu kishini ko‘rib, yaxshi kutib oldilar, taom dasturxoni keltirdilar. Yeb-
ichib bo‘lgach, alarga aytdikim: 
— Ey Qurayza xalqi, ilgaridan beri sizlar bilan o‘rtamizda aloqamiz uzilgan emasdur. 
Mana shu kungi vaqtda ham Muhammadga qarshi bir ittifoqda turibmiz. Agar birimizga 
ziyon bo‘lur ersa, barchamizga bo‘lur. Bunday bo‘lgach, har ishning oxirini o‘ylab qilmoq 
kerakdur. Yo‘q esa, ulug‘ ziyonga uchragaymiz. Qardoshlaringiz Bani Qaynuqo’, Bani 
Nazir yahudlari ko‘rgan musibatlari sizlar uchun yetarlik ibratdur. Muhammad ularning 
mollarini butunlay olib, o‘zlarini arab tuprog‘idan haydab chiqazdi. Alarga u chog‘da hech 
kimdan yordam yetmadi. Quraysh, G‘atafon va boshqa qabilalarga kelsak, ularning ishi 
sizlardek emasdur. Chunki ular tog‘-tosh, yiroq yerlardan kelmish kishilardur, sizlar esa 
Muhammad bilan vatandosh erursizlar. Bola-chaqa, mol-dunyolaringiz shul joydadur. 
Muhammad bilan qilg‘on tinchlik ahdini alarg‘a ishonib buzib qo‘ydingiz. Bu urushning 
oxiri qandoq bo‘lishini hech kim bilolmaydi. Urush boshlanganidan beri chiqqan natija 
ko‘p yaxshi ko‘rinmaydi. Muhammad bo‘lsa, arablar bilmagan bir ish chiqarib, o‘zini 
saqlagudek holda bizga qarshi turmoqdadur. 
Endi Quraysh boshliq bu hamma qabilalar bu yaqin orada Muhammadni yengishga chora 
topar bo‘lsalar, uni qilg‘aylar. Yo‘q esa, bu o‘rinni uzoq qamal qilmoqdin zerikishib, o‘z 
yurtlariga tarqalib ketsalar, ana ul chog‘da sizning holingiz ne bo‘lur? Shunchalik ko‘p 
qo‘shinga tenglashib turg‘on Muhammadga yolg‘iz o‘zingiz qandoq qarshi turolgaysiz? 
Men mana shu hollarni o‘ylab, sizlarga achinganimdan bir tadbir topib keldim. U ham 
bo‘lsa shuldirki, Quraysh, G‘atafon — har ikki qabila ishonimlik kishilaridan yetmish 
kishini sizlarga garov bersinlar. Bu garovga olingan kishilar siz bilan urush tamom 
bo‘lguncha birgalikda dushmanga qarshi urishib tursinlar. Mana shundoq qilgan tadbirda 
alarg‘a ishonsak bo‘ladur. Yo‘q esa, bu ishning oxiri sizlar uchun bek xavflidir. Lekin bu 
so‘zimni boshqalar eshitib qolmasinlar, — dedi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling