Tarixi muhammadiy
Download 1.39 Mb. Pdf ko'rish
|
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- XANDAQ G‘AZOTI
www.ziyouz.com kutubxonasi 163 — Ey qizim Oisha, sening har bir ishingdan bir barakot chiqqay, — dedilar. Ansor raislaridan Usayd ibn Huzayr kelib: — Abu Bakr Siddiq avlodida musulmonlar uchun ko‘p barakot bordur, — deb suyunchilik qildi. Shuning uchun onamiz hazrati Oisha aytdilar: «To‘qqiz ne’matdurkim, Alloh taolo uni menga bermishdur. Ulardin hech birini boshqa xotunlarga bermabdur. Biri shuldirkim, Jabroil alayhissalom mening rasmimni kaftida keltirib, Rasulullohga ko‘rsatib: «Bu rasm egasi sening jufting bo‘lg‘ay», dedi. Ikkinchisi meni Rasululloh qiz oldilar, boshqa xotunlari esa, hammasi er ko‘rmish, juvon edilar. Uchinchisi shulki, Rasululloh eng oxirgi umrida, mening quchog‘imda, boshlari ko‘ksimda turib jon berdilar. To‘rtinchisi esa, Rasulullohning qabrlari mening uyimda bo‘ldi, demak, mening uyim arshi a’zamdan ham ulug‘ darajaga yetdi. Beshinchisi, Rasululloh bilan bir to‘shakda yotgan vaqtimda ham vahiy kelur edi. Boshqa xotunlari bilan yotgan chog‘larida bu ish bo‘lmadi. Oltinchisi, otam Abu Bakr Siddiq Rasulullohning ajralmas do‘sti bo‘lib, vafotlari so‘ngida aning birinchi xalifasi bo‘ldi. Ettinchisi, pok yaratildim, pok nasldan tug‘ildim, eng pok, muqaddas zotga yor bo‘ldim. Sakkizinchisi, tiriklik chog‘imda Allohning rahmat va mag‘firati bilan menga bashorat berildi. To‘qqizinchisi, munofiqlar qilgan tuhmatdin pokligimni Alloh taolo vahiy yuborib, o‘zi isbot qildi. Mana shu o‘tgan voqealardin so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vassallam bu safardin qaytib, sog‘ va salomat Madinaga keldilar. XANDAQ G‘AZOTI Bu g‘azotning chiqishiga sabab shul erdikim, yuqorida bayoni o‘tgan Bani Nazr yahudlari Rasulullohga qilgan ahdlarini buzib, xiyonatlari bilinganligi uchun arab yeridan chiqib ketmakka Rasululloh tomonidan hukm bo‘lgan edi. Bular joylaridan chiqarilgach, alarning raislari arab qabilalariga tarqaldilar. To‘xtovsiz ravishda Rasulullohga qarshi fitna-fasod qilishga kirishdilar. Maqsadlari esa Rasulullohdin o‘ch olmoq, qaytadin o‘z joylariga qaytib bormoq edi. Yahud raislaridan bir nechalari Makkaga kelib, Quraysh raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra, alarni Rasululloh bilan urishtirmoqqa bek qiziqtirar edilar. Va: «Agar Muhammad bilan so‘qishur bo‘lsangiz, bizni eng oldingi safda ko‘rgaysiz», deb ahd berdilar. Bu ish ersa, Quraysh raisi Abu Sufyonga ma’qul bo‘ldi. Quraysh va’dalarini olib, so‘ngra G‘atafon qabilasiga keldilar. Bu esa arablar ichida atog‘lik qabilalardin sanalur edi. Abu Sufyon bilan qilgan urush muohadalarini(kelishishlarini) alarga bildirdilar. Bu ig‘vogar yahud raislari ichida Madinaning munofiq raislaridan Abu Omir fosiq ham bor edi. Shu bilan G‘atafon qabilasi ham Quraysh bilan birlikda urush qilmoqqa bay’at berdilar. Buni ko‘rib, tubandagi qabilalar ham shu ittifoqqa qo‘shilishdilar. Shu chog‘da Quraysh urug‘laridan atog‘liq ellik kishi Baytulloh yopinchig‘iga yopishib, ko‘kraklarini Baytulloh tomig‘a (devoriga) taqab turishib, qattiq qasam ichdilar: «Muhammadni tamom tugatmaguncha bu urushdan to‘xtamaymiz, barchamiz birlikda bo‘lib, maydonda o‘lib tugamaguncha dushmandin qochmaymiz», deyishib ahd qildilar. Shundoq qilib, butun Quraysh qo‘shiniga Abu Sufyon rais saylandi. Askar soni to‘rt Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 164 mingdan ortiq edi. Uch yuz otliq, ming tuyalik, qolganlari piyoda askarlar edi. O‘z e’tiqodlaricha, Baytullohdin so‘nggi eng qutlug‘ o‘rin atalgan Dorun Nadva uyida to‘planishib, so‘qish bayrog‘ini bog‘lashib, Usmon ibn Talhaga topshirdilar. Buning otasi Talha kofirlar tug‘chisi, Uhud urushida o‘ldirilgan edi. Shu bois alar: «Otang o‘chini olgaysan», deb bu urushda tug‘ni unga berdilar. G‘atafon qo‘shiniga Uyayna ibn Hisn askarboshi bo‘ldi. Bunga Rasululloh yeri quruqchilik, eli ocharchilik bo‘lganda, Madina atrofidagi o‘tloq joylardin chorvasi uchun yer bergan edilar. Ochlari to‘yinib, oriqlari semirib yetilganda, yaxshilikka yomonlik qilib, Rasulullohga qarshi urushga ming askar to‘pladi. Rasululloh u haqida: «Ahmaqul muto’», ya’ni, «Obro‘ylik ahmoq», degan edilar. Buning voqeasi yuqorida o‘tgandir. Bu so‘zning chinligi yana aniqlandi. Bani Murra qabilasidin to‘rt yuz kishilik askar chiqdi. Alarning boshlig‘i Horis ibn Avf edi. Ashja’ qabilasiga Abu Mas’ud boshchilik qildi. Bani Salm qabilasining askar boshlig‘i Sufyon ibn Abdu Shams bo‘lib, buning yetti yuz askari bor edi. Bani Asad qabilasi ham raislari Tulayha ibn Huvaylid qo‘l ostiga kirib, bu ittifoqqa qo‘shildilar. Butun yig‘ilgan askar soni o‘n ikki mingdan ortiqroq bo‘ldi. Butkul askar boshlig‘iga, o‘zaro ittifoqlashib, Abu Sufyonni belgiladilar. Ammo bu ishlardin Rasulullohning ham xabarlari bor edi. Tingchilar orqali bu ish aniqlangandin so‘ngra, barcha sahobalarni yig‘ib, o‘rtaga maslahat soldilar: Dushmanni to‘sib, alarga qarshi chiqqaylarmu yoki yo‘lga cheb (to‘siq) bog‘lab, Madina ichida kutib turgaylarmu? Rasulullohning odatlari bir voqea ustida agar Allohdin vahiy kelmasa, katta-kichiklarni yig‘ib, kengash bilan ish qilur edilar. Qur’onda ko‘rsatilgan qonun ham shundoq edi. Bu maslahat ustida Salmon Forsiy aytdi: — YO Rasulalloh, biz Fors yerida, agar dushman askari ko‘pchilik bo‘lib, ularni otliq askarlari hujumidan qo‘rqilsa, askarimiz aylanasiga, ot o‘tolmagudek o‘ra qazib, muning bilan dushman otliqlari hujumidan saqlanur edik. Aning bu so‘zi Rasulullohga ma’qul keldi. Shu bilan ishga yararlik barcha mo‘minlarga — deb buyruq berdilarkim, bu ishni dushman yetib kelmasdin ilgari, tezroq bajarsinlar. Arablar ichida mundog‘ ish ilgari-keyin hech ko‘rilmagan edi. Madina shahrining shimol tomoni ochiqlik bo‘lgani uchun, butunlay shu yoqni o‘ra bilan o‘rashga to‘g‘ri keldi. Boshqa taraflari esa mahalla uylari, qalin xurmolik bog‘lar bilan o‘ralganlikdan, ochiq joyi yo‘q edi. Bu tomondin hujum qilish dushmanga qulay emas edi. Shu xandaq qazish kunlarida sahobalar ko‘p qiyinchilik tortdilar. Chunki u kunlarda ocharchilik bo‘lganlikdan torchilik bilan kechinmakda edilar. Kurak, ketmon kabi qazish asbobini yig‘ib, bu ishda qo‘l kuchi bilan ishlatmak lozim edi. Rasululloh o‘zlari ham bu ishda sahobalar bilan birga ishladilar. Chunki dushman qorasi ko‘rinmay turib, bu xandaq qazilib bo‘lishi zarur edi. Shuning uchun Rasululloh xandaq qaziyotgan kishilarga: — Tezlik bilan bu xandaqlarni qazib oxiriga yetkazish lozimdur. Dunyo va oxiratlik ulug‘ ishlarni inson sabr-sabot bilan qo‘lga keltira olur. Alloh sabr qilguvchilarga, har ishda chidamlilik ko‘rsatuvchilarga yordam yetkazishi aniqdur. Urush kunlarida va har qandoq og‘ir ishlarda agar sabr qilur ersangiz, Alloh yordami bilan zafar topib, dushmanlaringizni yenggaysiz, — deb mo‘minlarga bashorat berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham bu ishga qatnashib, orqalab tuproq tashidilar. Butun tanlari chang-to‘zon bo‘lmish edi. Buni ko‘rib munofiqlar, yahudlar masxara qilib, quvonishur edilar. Mo‘minlarning boshiga tushgan bu og‘irchiliklar ustiga Bani Qurayza yahudlari shu fursatdan foydalanib, Rasululloh bilan qilgan ilgarigi ahdlarini buzdilar. Ul ahd bo‘yicha Madina ustiga kelgan har qanday dushmanga qarshi Rasulullohga yordam berishlari lozim edi. Bu yahudlarning xiyonatlari eshitilgach, Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 165 musulmonlarga qattiq tashvish tushdi. Chunki Madina to‘rt tomondan dushman qo‘shini bilan o‘ralmish edi. Shahar ichida qoldirilmish xotun va bolalar uchun qattiq qo‘rqinch tug‘ildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu dahshatlik xabarni eshitib, Madinani dushmandin saqlash uchun Zayd ibn Horisa qo‘mondasida besh yuz kishilik bir bo‘luk askar yubordilar. Chunki «ahdini buzgan Bani Qurayza yahudlari Madina ustiga chopul (hujum) qilmoqchi emishlar», degan so‘z Rasulullohga eshitilmish edi. Bu xabarni aniqlash uchun hazrati Zubayrni alarga yubordilar. Bu kishi borib ko‘rinishlari bilanoq, yahudlar Rasululloh haqlarida adabdin tashqari so‘zlarni aytishgani turdi. Alar haqqida aytilgan xiyonat so‘zlarining rostligini o‘zlari ko‘rsatdi. Hazrati Zubayr darhol qaytib, Rasulullohga bu xabarni yetkurdi. Eshitgan zahoti «Allohu akbar», deb takbir aytdilar. So‘ngra bashorat berib, dedilarkim: — Ey mo‘minlar! Sizlar bu yaqinlarda ulug‘ suyunchilikka yetgaysiz. Allohning yordami tezda sizlarga yetishgay, dushman ustidan g‘alaba qozonib, bizlar zafar topgaymiz. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xandaq qazish ishlarini dushman askari yetib kelmasdan oldinroq tugatish zarur bo‘lganlikdan muning chorasiga qattiq kirishib, uch mingga yaqin kishi bul ish ustida biror oy turish qildilar. Bu ishda eng ortiq xizmat ko‘rsatgan sahobalardan hazrati Salmon Forsiy bo‘ldi, yolg‘iz o‘zi o‘n kishilik ishni bajarur edi. Bu kishi qizg‘inlik bilan o‘ra-zovur qazib turgan chog‘ida yer ostidin qattiq shuvoq kesak chiqib, ketmon u yerga o‘tmadi. Hazrati Salmon qo‘liga metin olib chopar bo‘lsa, metinni miz-miz qaytarur edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishchilar ustida aylanib yurib, shu yerga kelib qoldilar, qarasalar, ish shunday ekan. Darhol Salmonni qo‘lidan metinni olib: «Bismilloh» deb shu yerni uch qayta chopdilar. Har chopganlarida chaqmoq chaqqandek yalt etib o‘t ko‘rinur edi. Birinchi chopganda: «Allohu akbar, Shom o‘lkasi fath bo‘ldi», ikkinchi chopganda «Allohu akbar, Yaman ketdi», uchinchida «Allohu akbar, Eron olindi, bu yerda podshoh saroyini ko‘rdim. Undagi hazinalar ochqichini qo‘limga oldim. «Sendin so‘ngra ummatlaring bu joylarni olgaylar», deb Jabroil alayhissalom menga xabar berdi», dedilar. Aytganlaridek, Payg‘ambarimizning zamonlaridayoq Yaman viloyati olingan edi. Qolgan ikkilari (Eron, Shom) Hazrati Umar halifalik davrida fath bo‘ldi. Necha yillar ilgari aytilgan bu xabarning haqligini butun ummatlari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdilar. Munofiqlar esa, Rasulullohning bu so‘zlarini anglashib: «Hay-hay, Muhammad Madinada turib Eron podshohining saroylarini ko‘rgan emish, bu gapi asossiz. Tubsiz so‘zlar bilan o‘ziga tobun bo‘lgan anqovlarni aldamoqchi bo‘lur. Yer usti podshohlarining hazinalariga ega bo‘lmish kishi, nega qo‘rqqanidan xandaq qazitur. O‘zi dushman kelib qolishidan qo‘rqib shoshilganidan hojat qilishga ham vaqti yo‘qdir», deyishib, mana shunday qiyinchilik chog‘da bu munofiqlar ham dillaridagi yashirin xiyonatlarini bildirib, musulmonlarga ta’na qilgani turdilar. Ish shundoq bo‘lib turgan chog‘da Allohdin vahiy kelib, ushbu oyat tushdi: «Qulillahumma malikal mulki tu’til mulka man tashau va tanziul mulka mimman tashau va tu’izzu man tashau va tuzillu man tashau, biyadikal xayru, innaka ala kulli shay’in qodir». Ya’ni «Aytgil, ey bor Xudoyo, hukumat va podshohlik egasi O‘zingdursan. Kimni xohlasang, podshohlikni shunga berursan, xohlagan kishidan podshohlikni olursan, xohlagan birovni aziz qilursan, xohlasang uni xor qilursan. Har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur. Uni kimga berursan, kimdan olursan, erk O‘zingdadur, har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur, Sening qudrating yetmagan hech ish yo‘qdur». Alloh taolo Payg‘ambarimizning mo’jizalik xabarlariga inkor qilgan munofiqlarning so‘zini mana shu oyat bilan rad qildi. Bu oyatning mazmunicha Xudo xohlagan ekan, Rasulullohning ummatlari o‘zlaridan keyin o‘shal zamonda eng kuchlik davlatlardin Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 166 hisoblangan Rum va Eronni fath qildilar. Eroniston butunlay Islom mamlakatiga aylandi. Osiyo, Afriqoning ko‘p joylarini musulmonlar oldilar. Umaviyyalardin Valid ibn Abdulmalik davrida Afriqo Barbaristonini ochgandan keyin, hijratning 92-yili erdi, Toriq ibn Ziyod qo‘li ostida Islom askari Sabta (Gibraltar bo‘g‘ozi) orqali o‘tib, Ispaniyani fath qildilar. Buni anglab bosh qo‘mondon Muso ibn Nasir Po‘rttegiz (Portugaliya) tomoniga kirdi, har ikkovi birlashib, Po‘rttegiz va Ispaniyani fath qilganlaridan so‘ngra janubiy Fransaga kirib uni ham oldilar. Agar bu ikki qo‘mondon hasad qilishib, o‘z oralari buzulmagan bo‘lsa edi, butun Ovruponing fath bo‘lishi aniq edi. Bularning ittifoqsizliklari uchun o‘zlari markazga chaqirildi, bu sabab bo‘lib, u tomonda bo‘layotgan Islom futuhoti ham to‘xtaldi. Shunday bo‘lsa ham Ispaniyada yaqin to‘rt yuz yil Islom hukumati davom etdi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, biror oy ichida xandaqni ham qazib tugatdilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina tog‘ining tagida dushmandan mudofaa qilurlik bir qulay o‘rin tanlab, muborak o‘rda (askarxona)larini shu joyda qurishga buyurdilar. Chunki urush yarog‘ining birisi — keraklik o‘rinni bilib ushlashdir. Islom askarining soni borlig‘i bo‘lib uch mingga yetar edi. Muhojirlarning tug‘ini asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisaga topshirdilar. Ansor sahobalarga Sa’d ibn Uboda tug‘begi bo‘ldi. Shuning ustiga uzoqdan qorasi ko‘ringan dushman askari ham yetishib keldi. Askar atrofiga qazilgan chuqur xandaqni ko‘rishib hayron qolishdi. Chunki bundan ilgari arab ichida bunday ish hech ko‘rilmagan edi. Shuning uchun dushman askari boshlig‘i Abu Sufyon Rasulullohga qichqirib: — Ey Muhammad, sen o‘z chevringga (atrofingga) turlik cho‘g‘oy (kambag‘al) kishilarni to‘plamish erursan, yo‘q esa arab xalqining qilich-nayzasidan boshqa sig‘inarlik (tayanarlik) narsasi yo‘q edi, — dedi. So‘ngra har ikki yoqdin o‘q otishga kirishdilar. Shul kuni kechgacha to‘xtovsiz bu ish davom edi. Namoz o‘tashga fursat sig‘maganlikdan, musulmonlar shu kungi namozlarini qazo qildilar. O‘rtada xandaq to‘sqinlik qilgani uchun dushman askari hujum qilisha olmadilar. Otish bilan birinchi kun o‘tgandan so‘ngra, quyida nomlari yozilgan kuffor bahodirlari xandaqni tor joylaridan ot sakratib bu tomonga o‘tdilar. Ulardan: 1. Amr ibn Abduvad. Bu kishi ersa butun Arabistonda dong‘i chiqqan katta bahodirlardan edi. O‘tgan Badr urushida qattiq yaralangan bo‘lsa ham qo‘lga tushmay, qochib qutulgan edi. U: «Agar bu yaramdan o‘lmay tuzalur bo‘lsam, Muhammadni o‘ldirmaguncha, soch- soqolimga yog‘ surtmayman», deb arab odaticha ont ichgan edi. 2. Hazrati Umarning ukasi Zarror ibn Xattob. 3. Abu Jahl o‘g‘li Ikrima. 4. Huyayra ibn Abu Vahob. 5. Navfal ibn Abdulloh va boshqalar. Bular ichidan Amr ibn Vud maydon o‘rtasida turib: «Qani menga kim talabgor bo‘lsa chiqsin», deb uch qayta qichqirdi. Har qichqirganida hech kim o‘rnidan turmagach, Hazrati Ali chiqmoqqa talab qilsa ham, Rasululloh ruxsat bermadilar. Balki: — Ey Ali, o‘lturgil, bu maydonga turgan kishi Amr ibn Abduvad ekandir, — deb aning bahodirlig‘ini eslatdilar. U esa, qarshisida chiqqan hech kimni ko‘rmagach, ko‘ngli ko‘tarilib, nafsi semirdi. So‘ngra ta’naga til ochib: — Ey musulmonlar, sizlar aytur edingizlar, bizdin o‘ldirilganlar jannatga kirgaylar deb. Endi na bo‘ldi, sizdan jannatga kirgani kishi chiqmay qoldi,— deb yana qichqirdi. Bu so‘zni anglab Hazrati Ali yana o‘rnidan turdi. Payg‘ambarimiz «O‘ltur, ul Amr ibn Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 167 Abduvad emish», deganlarida: — YO Rasululloh, kim bo‘lsa ham unga chiqqayman, — deb ruxsat so‘radi. So‘ngra Hazrati Ali Amr ibn Abduvad oldiga kelib: — Ey Amr, senga uch ish ayturman, albatta ularning birovin qabul qilursan: Birinchisi, iymon keltirib Islom diniga kirgil. Anda Amr: — Bu so‘zing mendin yiroq tut! Ikkinchi so‘zingni ayt, — dedi. Unda Hazrati Ali: — Agar iymon keltirmas bo‘lsang, biz bilan urushishni qo‘yib, o‘z elingga qaytgil! Agar Muhammadning aytgan so‘zi chin ersa, sen o‘limdan salomat qolib, baxtli kishilardan bo‘lursan. Agar uning bu ishi yolg‘on bo‘lsa, yolg‘on orti vayrondir. U chog‘da sen degandek bo‘lib o‘z-o‘zidan yo‘qolur, — dedi. Anda Amr aytdi: — Sening bu so‘zing Quraysh xotunlariga kulgu bo‘lgudek ishdur. Buni qo‘ygil, uchinchi so‘zingni aytgil. Anda Hazrati Ali: — Yo‘q esa, endi ikkimiz maydon ichida kuch sinashamiz, — dedi. Buni anglagach, u qahqaha urib kuldi va: «Arab ichida bu ish bilan meni hech kim qo‘rqita olmaydi. Bu ish esa mening izlagan ishimdur. Muhammadni o‘ldirmoqqa ont ichib, ahd qilgan edim. Bugungi kunda u ahdimga vafo qilgali vaqt kelmishdir», deb darhol otidan tushdi. Har ikki bahodir maydon ichida piyoda bo‘ldilar. Amr ibn Abduvad chaqqonlik bilan qilichga qo‘l soldi, qorong‘u kechada yalt etgan yashindek qilichni qinidan sug‘urib, Hazrati Ali boshiga andoq urdikim, qalqon-dubulg‘alarini kesib qilich mizi bir ozroq boshiga botdi. So‘ngra navbat Hazrati Aliga yetib edi, bir qilich urushlari bilan dubulg‘a qalqonlarini yorib, boshini yarmiga yetdi. Ikkinchi urish bilan boshini uzib yerga tashladi. Buni ko‘rib butun musulmonlar shodlik ila takbir aytdilar. Ishongan bahodirlariga bu zarba yetgach, qolgan yo‘ldoshlari ham chidab turolmay qochdilar. Bulardan Navfal ibn Abdulloh ot sakratgandi, yiqilib bo‘yni uzildi, boshqalari bo‘lsa, aranggina jon qutqazdilar. Shundoq bo‘lib bu qilgan hujumlari o‘zlari uchun ziyonlik bo‘lib chiqdi. Atog‘lik bahodirlaridan ikki kishining o‘limi alarg‘a qattiq zarba berib, askarning ruhi tushdi. Mushriklar bu ishdin o‘z odatlaricha yomon fol ochdilar. Xandaqning bu tomonida, musulmonlar tarafida qolgan o‘liklariga qattiq qayg‘urishdilar. Alarni so‘rab, har biriga o‘n ming tangadan pul berishga va’da qilishdi. Anda Rasululloh: — Xudoga va uning payg‘ambariga qarshi chiqib, urushda o‘lganlarning tanlari murdordur. Biz nechuk alardin pul olg‘aymiz, tashlab beringlar, bu murdorlarni o‘zlari ko‘msunlar, — deb, qoldirg‘on o‘liklarini olmoqqa ruxsat berdilar. Shunday bo‘lgach, dushman askarlari xandaq uzra ikkinchi bor hujum qilishga jur’atlari qolmadi. Lekin ikki orada to‘xtovsiz o‘q otishlar bo‘lib turar edi. Shunday bo‘lib besh-o‘n kun o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bular ichidagi qo‘mondonlardan G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisnga kishi qo‘yib, aning bilan alohida kelishmoqchi bo‘ldilar. Butun G‘atafon askari agar dushmanlardan ajrab, urushmasdan o‘z yurtlariga qaytib ketsalar, ularga Madina xurmosining hosilidan uchdan birini bermakka Rasululloh qaror qildilar. Kechaning qorong‘usida Abu Sufyondan yashirincha qabila boshliqlaridin ikki kishi keldi. O‘rtada bir ahdnoma xat yozilmoqchi bo‘ldi. Bu ish ustiga ansor sahobalar raislari Sa’d ibn Muoz va Sa’d ibn Ubodani Rasululloh maslahat uchun chaqirdilar. Alar bu so‘zni anglagach, aytdilarkim: Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 168 — YO Rasulalloh, agar bu ish sizga Xudo tarafidan buyurilg‘on bo‘lsa, bosh ustiga, unga qarshi aytgudek so‘zimiz yo‘qdur. Agar unday bo‘lmay, bizga kengashmoqchi bo‘lsangiz, qo‘l kuchimiz bilan topgan halol molimizni alarg‘a nechuk bergaymiz? Islom diniga kirmasimizdan ilgari bizdan xurmo yemoqchi bo‘lsalar, sotib olib yer edilar yoki alarni qo‘noq qilib berar edik. Endi Islom diniga kirgan holimizda, bundoq soliq qilib olishlari, alarning zo‘rligi, bizlarning xo‘rligimizdur, — deb bu ishga norozilik bildirdilar. Anda Rasululloh: — Allohdin bu haqda vahiy kelsa edi, hech kim bilan kengashib turmagay edim. Ul ishni qilsak, dushmanlar o‘z ichidan buzulg‘aylarmi, deb o‘ylagan edim. Haqiqatda esa, sizning so‘zingiz to‘g‘ridur. Agar siz bunday ulug‘ himmat qilar ekansiz, men ham sizlarga qo‘shildim, — dedilar. Shuning bilan o‘ljaga qiziqib turishgan qabila raislarining umidlari uzildi va o‘z joylariga qaytdilar. Endi ikki orada qattiq hujumlar kutilmoqda edi. Shu o‘rtada Allohning yordami yetib, o‘ylamagan joydin musulmonlar foydasiga bir ish kelib chiqdi. Bu voqea esa shundoq edi. Dushman qo‘shini ichida Ashja’ qabilasining raislaridan Nuaym ibn Mas’ud degan kishi tun yarmida yashirincha kelib musulmon bo‘ldi. So‘ngra aytdikim: «YO Rasulalloh, qaysi yo‘l bilan sizga yordam yetkaza olg‘ayman. Agar hiyla ishlatmoqqa ruxsat qilsangiz erdi, dushmanni o‘z ichidan buzmoqqa kirishur edim. Lekin yolg‘on aytmoq Islomda yo‘qdur deb angladik», dedi. Anda Rasululloh: «Al-harbu hadi’atun». Ya’ni «Urush ishlari hiyla bilan bo‘lur» dedilar. Bu to‘g‘rida har qanday hiyla ishlatmakka ruxsat qildilar. Shunda u yana: «Zarurat tushganda yolg‘on so‘zlasam qandoq bo‘lur, yo Rasulalloh?» deb so‘radi. Hojat tushganda yolg‘on aytmoqqa, izn berdilar. Shu bilan bu kishi Rasulullohning oldidan chiqib to‘g‘ri Bani Qurayza yahudiylarining qo‘shlariga keldi. Ilgaridan ular bilan do‘stligi bor edi. Bu kishini ko‘rib, yaxshi kutib oldilar, taom dasturxoni keltirdilar. Yeb- ichib bo‘lgach, alarga aytdikim: — Ey Qurayza xalqi, ilgaridan beri sizlar bilan o‘rtamizda aloqamiz uzilgan emasdur. Mana shu kungi vaqtda ham Muhammadga qarshi bir ittifoqda turibmiz. Agar birimizga ziyon bo‘lur ersa, barchamizga bo‘lur. Bunday bo‘lgach, har ishning oxirini o‘ylab qilmoq kerakdur. Yo‘q esa, ulug‘ ziyonga uchragaymiz. Qardoshlaringiz Bani Qaynuqo’, Bani Nazir yahudlari ko‘rgan musibatlari sizlar uchun yetarlik ibratdur. Muhammad ularning mollarini butunlay olib, o‘zlarini arab tuprog‘idan haydab chiqazdi. Alarga u chog‘da hech kimdan yordam yetmadi. Quraysh, G‘atafon va boshqa qabilalarga kelsak, ularning ishi sizlardek emasdur. Chunki ular tog‘-tosh, yiroq yerlardan kelmish kishilardur, sizlar esa Muhammad bilan vatandosh erursizlar. Bola-chaqa, mol-dunyolaringiz shul joydadur. Muhammad bilan qilg‘on tinchlik ahdini alarg‘a ishonib buzib qo‘ydingiz. Bu urushning oxiri qandoq bo‘lishini hech kim bilolmaydi. Urush boshlanganidan beri chiqqan natija ko‘p yaxshi ko‘rinmaydi. Muhammad bo‘lsa, arablar bilmagan bir ish chiqarib, o‘zini saqlagudek holda bizga qarshi turmoqdadur. Endi Quraysh boshliq bu hamma qabilalar bu yaqin orada Muhammadni yengishga chora topar bo‘lsalar, uni qilg‘aylar. Yo‘q esa, bu o‘rinni uzoq qamal qilmoqdin zerikishib, o‘z yurtlariga tarqalib ketsalar, ana ul chog‘da sizning holingiz ne bo‘lur? Shunchalik ko‘p qo‘shinga tenglashib turg‘on Muhammadga yolg‘iz o‘zingiz qandoq qarshi turolgaysiz? Men mana shu hollarni o‘ylab, sizlarga achinganimdan bir tadbir topib keldim. U ham bo‘lsa shuldirki, Quraysh, G‘atafon — har ikki qabila ishonimlik kishilaridan yetmish kishini sizlarga garov bersinlar. Bu garovga olingan kishilar siz bilan urush tamom bo‘lguncha birgalikda dushmanga qarshi urishib tursinlar. Mana shundoq qilgan tadbirda alarg‘a ishonsak bo‘ladur. Yo‘q esa, bu ishning oxiri sizlar uchun bek xavflidir. Lekin bu so‘zimni boshqalar eshitib qolmasinlar, — dedi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling