Tarmoq iqtisodiyoti fanidan joriy nazorat


Sanoat tarmoqlarining rivojlanishi tarixi


Download 49.66 Kb.
bet2/4
Sana10.04.2023
Hajmi49.66 Kb.
#1348023
1   2   3   4
Bog'liq
tarmoq iqtisodiyot 2

1. Sanoat tarmoqlarining rivojlanishi tarixi Sanoat - bu ijtimoiy-iqtisodiy kategoriyadir. Demak, sanoat obyektiv reallik (borliq)ning in’ikosi va yuksak umumlashmasidir. Uning alohida tarmoq, ya’ni ijtimoiy ishlab chiqarishning alohida sohasi bo‘lib yuzaga kelishi ishlab chiqarish kuchlari va ijtimoiy mehnat taqsimotining rivoji bilan tarixiy jihatdan bog‘liqdir. Sanoat ham obyektiv borliqning muhim hodisalari qatorida ma’lum davr (vaqt va fazo) da dunyoga kelgan, muayyan qonun va qoidalar asosida rivojlangan, ma’lum miqdor va sifatlarga, zarurat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda ziddiyatlar qurboni ham bo‘lgan. Sanoat ishlab chiqarishining tarixiy rivojlanishi va uning asosiy yakunlari to‘g‘risida so‘z yuritilganda shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi O‘zbekiston hududida «Uy sanoati»ning rivoji bundan 12-15 ming yil muqaddam mezolit davrida boshlangan. Bu davrda juda oddiy mehnat qurollari va buyumlari tayyorlangan. Yangi tosh asri (neolit, miloddan avvalgi 5-ming yilning boshi) davrida kemachilik, to‘qimachilik vujudga kelgan. Neolit davrining oxirida metalldan qurol yasash boshlangan. Arxeologik topilmalardan ma’lum bo‘lishicha, miloddan avvalgi 3- ming yilning oxiridayoq hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan aholi misdan qurol yasashni bilgan. Quldorlik tuzumi (m.a. 1-ming yillik o‘rtalari V asr) davrida mehnat qurollarining taraqqiy etishi, metallga ishlov berishning takomillashuvi hunarmandchilikning o‘sishiga, ayirboshlash va savdo-sotiqning kuchayishiga olib keldi. Feodalizm tuzumining boshlarida (VI-VIII asrlarda) Farg‘ona bilan So‘xdan oltin, mis, temir, Iloqda qo‘rg‘oshin, kumush, oltin, Shahrisabzda toshtuz qazib chiqarilgan. IX asrda Samarqand o‘zining sifatli qog‘ozi va lampa shishasi bilan mashhur bo‘lgan. Shosh viloyati ko‘nchilik mahsulotlari bilan dong taratgan. O‘sha davrda O‘rta Osiyodan Sharqiy Yevropa, Xitoy va boshqa yurtlarga Buyuk Ipak yo‘li orqali charm, mato, ipak, jun, kiyim–kechak eksport qilingan. X-XIII asrlarda yuz bergan feodal tarqoqlik, qabila va elatlar o‘rtasidagi nizolarning avjiga chiqishi tufayli hunarmandchilikda yirik o‘zgarshlar ro‘y bermagan. XIV asrning 2-yarmida Amir Temur Samarqandda hokimiyatni qo‘lga kiritib, markazlashgan davlatga asos soldi. Natijada davlatning iqtisodiy va ijtimoiy ravniqiga katta yo‘l ochilgan. XV asrning oxiriga kelib Movaraunnahrda yuzaga kelgan ziddiyatlar tufayli Temuriylar davlatining iqtisodiy negiziga putur yetadi va rivojlanish to‘xtab qoladi. XVI-XVIII asrlarda Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklarining vujudga kelishi iqtisodiyotning, shu jumladan, sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va XIX asrga kelib Turkistonda hunarmandchilikda yog‘och va metall o‘ymakorligi, idishlarga naqsh solish, matolarga gul bosish, qurollarni badiiy bezash rivojlanadi. Bu asrning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududida taraqqiyot tezlashib sanoat, ayniqsa ip-gazlama sanoati rivoj topdi. XX asr boshlarida birqancha paxta tozalash, yog‘-moy zavodlari qurilib ishga tushirildi. 1925-1926 yillarda elektrostansiyalar qurila boshlandi va birinchi bo‘lib Toshkent yaqinida qurilgan Bo‘zsuv gidroelektrostansiyasi 1926 yil 1 mayda ishga tushirildi. Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Termiz va Asaka shaharlarida issiqlik elektrostansiyalari qurilishi boshlanib, 1930 yilda ularning soni 30 ga yetdi. O‘sib borayotgan energetika bazasi bir qancha yangi sanoat korxonalari qurishga imkoniyat yaratdi. Ikkinchi jahon urushigacha bu yerda 500 dan ortiq sanoat korxonalari jumladan, «Tashselmash», Toshkent to‘qimachilik kombinati, Chirchiqelektrokimyo kombinati, Kattaqo‘rg‘on yog‘ zavodi, Bekobod va Quvasoy sement korxonalari qurildi. Neft va rangli nodir metallar qazib chiqarish, qurilish sanoati mahsulotlarini tayyorlash rivoj topdi. Urush boshlanishi bilan respublika iqtisodiyoti, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi harbiy maqsadlarga qaratildi. Bu yerga nemis fashistlari egallab olgan hududlardan 100 ga yaqin sanoat korxonalari ko‘chirib keltirildi va ular qisqa vaqt ichida to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. 1941- 1945 yillar davomida Respublikaning industrial taraqqiyoti GESlar qurish bilan energetika bazasini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi, aholi va front ehtiyojlarini qondiradigan zavod va fabrikalarni qurish yo‘lidan bordi. Bu davrda 280 ta yirik, o‘rta va kichik korxonalar qurilib ishga tushirildi. Natijada O‘zbekiston Armiyaning sanoat arsenallaridan, ya’ni aslahaxonalaridan biriga aylandi. Urushdan keyingi yillarda ham sanoat taraqqiyotiga e’tibor qaratilgani sababli uning bir qancha yangi tarmoqlari va korxonalar vujudga keldi. Traktorsozlik, liftsozlik, elektrotexnika sanoati, gaz ishlab chiqarsh, uy ro‘zg‘or buyumlari tayyorlash, yig‘ma temir beton va keramika sanoati vujudga keldi. Yengil sanoatning trikotaj, chinni ishlab chiqarish sohalari yuzaga keldi. Oziq-ovqat sanoatining tarkibiy qismlarida anchagina o‘zgarishlar ro‘y berdi. 90-yillarga kelib uning yirik va o‘rta korxonalari 300 dan ortib ketdi.

2. Tarkibiy siyosat, uning mohiyati va ahamiyati


Tarkibiy siyosat haqida mulohaza yuritishdan oldin, tarkib (tuzilma)ning o‘zi nima ekanligini bilib olishimiz zarur. Tarkib narsalar tarkibiy qismlarining o‘zaro bog‘liq ravishda joylashish, tuzilishini bildiradi. Tarkibiy siyosatning mohiyati sohalarning tuzilmaviy jihatlarini belgilab berish, yo‘lga solib turishdan iboratdir. Islohotlarning o‘tgan davri uchun mo‘ljallangan iqtisodiy siyosatning yo‘nalishi va xususiyatlari doirasida belgilangan milliy iqtisodiyot tarkibida progressiv o‘zgarishlarni amalga oshirish, tarmoqlararo va tarmoq ichki nisbatlarini takomillashtirish, fan-texnika taraqqiyotini belgilovchi tarmoqlarni ustuvor rivojlantirishni davom ettirish vazifasi muhim ahamiyatga molikdir. Davlat strategiyasiga muvofiq ijtimoiy ishlab chiqarish jumladan, sanoat tarkibini rejali tarzda takomillashtirish ko‘z ilg‘aydigan istiqbolda: - iqtisodiyot va uning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan sanoatni balanslashtirilgan tarzda va izchil rivojlantirish; - iqtisodiyotni, xususan, sanoatni asosan intensiv rivojlantirish yo‘liga o‘tkazish, uning samaradorligini oshirish, moddiy mehnat va moliyaviy resurslarni iste’mol qilishni ratsionallashtirishni, ularni har tomonlama tejash; - iqtisodiyotning, jumladan, sanoatning ijtimoiy yo‘nalishini yanada kuchaytirish, milliy iqtisodiyotning aholi faravonligini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xilma xil vazifalar tomon yanada chuqurroq burilishini ta’minlash lozim. Bir butun qismlarning muayyan o‘zaro aloqasi, bir biriga nisbatan joylashuvi bo‘lgan tarkibni proporsiyalar (mutanosibliklar) juda ham aniq tarzda ifodalaydi. Iqtisodiy jarayonlarning mohiyatini chuqur bilib olish va ularni rejalar, prognozlar va loyihalarda tatbiq etish, ijtimoiy va shaxsiy iste’molni, fan-texnika taraqqiyotining, milliy iqtisodiyotning tegishli ishlab chiqarishlari va tarmoqlari rivoji istiqbollarini sinchkovlik bilan hisobga olish, rejalarni zarur rezervlar bilan mustahkamlash rejalashtirish texnologiyasining eng muhim tarkibiy, tuzilmaviy qismlari bo‘lib, ularga qat’iy rioya qilish vazifalarining proporsionalligi, balanslashtirilganligi, realligi, qo‘yilgan maqsadlarga erishishdagi ishonchliligi, ta’sirchanligining shartidir. O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy strategiyasida iqtisodiyot tarkibini takomillashtirish, uning tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan muhim topshiriqlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarining marralari batafsil belgilab berilgan. Takror ishlab chiqarishning hozirgi sharoitlarida iqtisodiy o‘sish iqtisodiyot ko‘lamining o‘sishi bilangina emas, balki iste’molda ham, ishlab chiqarishda ham tarkibiy siljishlar, ularning tezligi va samaradorligi bilan aniqlanadi. Tarkibni aniqlovchi siyosatni shakllantirish iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni sifat jahatdan baholashni aniqlashning muhim xususiyati iqtisodiyotning o‘sish sur’ati ko‘rsatkichlarining salbiy tomonga o‘zgarishi yuz berishi muammosini hal etishi zarurligidir, chunki ayni bir sur’atning o‘zi bir necha tarmoqlarning turli o‘sish sur’atlarida ifodalanishi mumkin, bu bir xil bo‘lmagan iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Bu muammo oqibatda u yoki bu sohaga ustuvorlik (afzallik) berish tizimini yaratishni taqozo etadi. Masalan, fan-texnika taraqqiyotida to‘liq aks etadigan sohalar ajralib turadi: yoqilg‘i-energetika, elektronika, mashinasozlik, Kimyo. Shuning uchun bu tarmoqlar o‘sish sur’atlari bo‘yicha sanoat o‘sishidan yuqori turishi kerak. Mashinasozlikning tarmoq tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi zarur. Kimyoda biotexnologiyani qo‘llab, nozik organik sintez mahsulotlarini ishlab chiqarish jadal sur’atlarda rivojlanishi zarur. Tarkibiy o‘zgarishlarning yo‘nalishi, ularning jadalligi va ko‘lamini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni vaqtda iqtisodiy darajasi bir xil bo‘lgan yoki iqtisodiyotidagi tarkibiy yo‘nalishlari o‘zgarishi o‘xshash bo‘lgan mamlakatlar guruhi bo‘yicha tarmoqlararo komplekslar va ayrim tarmoqlar ishlab chiqarishi va iste’molining rivojlanishidagi umumiy qonuniyatlarni aniqlash – bu barcha analitik materiallar istiqbolni rejalashtirishning muhim zamini hisoblanadi. Shu bilan birga tarkibiy yo‘nalishlar o‘zaro muvofiqlashtirilishi kerak, chunki rivojlanish strategiyasiga muvofiq tarmoqlararo komplekslar va tarmoqlarni rivojlantirish uyg‘unlashtirilishi zarur. Yangi asrning dastlabki yillaridagi taraqqiyot strategiyasi, jamiyatni yangilash, barcha sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi faoliyat 6 ta ustuvor yo‘nalish vositasidan iborat. Birinchi ustuvor yo‘nalish – aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilish, ikkinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini yanada jadallashtirish, uchinchi ustuvor yo‘nalish – jamiyat ma’naviyatini yanada yuksaltirish, to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – kadrlar tayyorlash, beshinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash, oltinchi ustuvor yo‘nalish – jamiyatdagi barqarorlik, tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, sarhadlarimiz daxlsizligini, mamlakatimiz hududiy yaxlitligini ta’minlashdan iborat11 . Aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan hamda quyida-gilarni nazarda tutadigan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining12 3.2. bandida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish masalalari qayd etilgan. Xususan, ushbu hujjatda tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish masalalari quyidagilarni amalga oshirish evaziga erishilishi rejalashtirilgandir: milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko‘paytirish; ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish; yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazish orqali sanoatni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish; iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish; muhim jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag‘batlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o‘rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish; iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish; faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish; xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o‘rni va ulushini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o‘zgartirish; turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish; eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish; yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish. Ana shu ustuvor yo‘nalishlardan biri iqtisodiyotda, shu jumladan, sanoatda ham tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘lib, sanoat boshqaruvi tuzilmasini yaxshilashdan tortib korxonalarni yangilash va texnik jihatdan qayta jihozlashga, mamlakatning boy tabiiy va mineral xomashyo salohiyatidan to‘la, samarali foydalanishga, eksportga moslangan va import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaradigan quvvatlarni barpo etishga qaratilmog‘i darkor. Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonida, ayniqsa, investitsiya dasturini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada mamlakatda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon mamlakatga kiritilgan sarmoyalarning hajmi 8 mlrd. AQSh dollaridan oshib ketdi. Xorijiy sarmoyalarning aksariyat qismi (95-96%) iqtisodiyotning real ishlab chiqarish sohalariga, jumladan, 64 foizi sanoatga kiritilmoqda. Ana shu investitsiyalar asosida yangidan yangi korxonalarning barcha viloyatlarda qurilayotganligi nafaqat hududlarning sanoat tizimini, balki ularning qiyofasini ham tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Respublika iqtisodiyotida, shu jumladan, sanoatda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash natijasida davlatning qudratini yanada orttirish, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, yurtni obod etish va xalqning farovonligini yuqori darajaga ko‘tarish mumkin bo‘ladi.


Download 49.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling