Tashqarida o‘rnatiladigan ajratgichlar


Download 1.93 Mb.
bet1/7
Sana18.06.2023
Hajmi1.93 Mb.
#1565147
  1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Tashqarida o‘rnatiladigan ajratgichlar


Tashqarida o‘rnatiladigan ajratgichlar

Ushbu Qoidalar elektr energiyasi iste’molchilari (keyingi o‘rinlarda — iste’molchilar) elektr qurilmalarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni ta’minlash, shuningdek, ularni ishga yaroqli holatda saqlab turish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, iste’molchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish, sozlash va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi muhandis-texnik xodimlar (keyingi o‘rinlarda — MTX) uchun mo‘ljallangan.


Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
elektr uzatish havo tarmog‘i (keyingi o‘rinlarda — HT) — simlari yer ustida tayanchlar, izolyatorlar yordamida ushlab turiladigan elektr uzatish tarmog‘i;
binoga biriktirilgan podstansiya — binoning bir qismini egallagan elektr podstansiyasi; elektr stansiyasining (podstansiyasining) ikkilamchi zanjirlari — elektr stansiyasining
(podstansiyasining) boshqaruv, avtomatika, signalizatsiya, himoya va o‘lchov qurilmalarini birlashtiruvchi kabellar va simlar majmui;
dublyorlik qilish (dublyorlik) — dublyorni tayyorlashga javobgar shaxs kuzatuvi ostida ish joyida elektr qurilmani boshqarish va boshqa funksiyalarni bajarish;
yo‘riq berish — xodimlarga xavfsiz mehnatni tashkil etishga va elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishga qaratilgan asosiy talablar mazmunini yetkazish, yo‘riq olayotganlar ish joylarida yuz bergan yoki yuz berishi mumkin bo‘lgan xatolarni tahlil qilish, xavfsiz ishlab chiqarish bilimlarini va tajribalarini chuqurlashtirish, Energetika korxonalari uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari (keyingi o‘rinlarda — YoXQ) bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash hamda kengaytirish;
elektr uzatish kabel tarmog‘i (keyingi o‘rinlarda — KT) — bir yoki bir necha kabellardan tashkil topgan, bevosita yerga, kabel kanallariga, quvurlarga va kabel konstruksiyalariga yotqizilgan elektr uzatish tarmog‘i;
kapital ta’mirlash — qurilma, uskuna yoki buyumning yaroqliligi va resursini to‘liq yoki to‘liqqa yaqin tiklash uchun uning ixtiyoriy, shu jumladan asosiy qismlarini almashtirib
yoki tiklab ta’mirlash;
komplekt taqsimlovchi qurilma — ichida o‘rnatilgan uskunalar, boshqaruv, nazorat, himoya, avtomatika va signalizatsiya qurilmalari bor shkaflardan yoki bloklardan tashkil topgan, yig‘ilgan yoki yig‘ish uchun tayyor holda yetkazib beriladigan elektr taqsimlovchi qurilma;
komplekt transformator podstansiyasi — yig‘ilgan yoki yig‘ish uchun tayyor holda yetkazib beriladigan, ichiga transformator va taqsimlovchi qurilmaning boshqa uskunalari o‘rnatilgan blok, shkaflardan tashkil topgan podstansiya;

elektr uzatish tarmog‘i — elektr stansiyasi yoki podstansiyasining tashqarisiga chiquvchi va elektr energiyasini uzatish uchun mo‘ljallangan elektr uzatish tarmog‘i;
neytral — elektr uskunalari cho‘lg‘amlarining (elementlarining) “yulduz” sxemasi bo‘yicha ulangan umumiy nuqtasi;
rejali ta’mirlash — tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiriladigan ta’mirlash;
elektr energiyasi iste’molchisi — energetika qurilmalari, uskunalari elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tashkilotning tarmog‘iga bevosita ulangan, u bilan elektr tarmoqlarining mansublik chegarasiga hamda elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ega va ushbu shartnoma asosida elektr energiyasidan foydalanish huquqi
va shartlari belgilangan korxona, tashkilot, idora (keyingi o‘rinlarda — korxona);
elektr energiyasini qabul qilgich (elektr qabul qilgich) — undan foydalanish uchun elektr energiyasini energiyaning boshqa turiga o‘zgartiradigan elektr qurilma;
elektr stansiyasining (podstansiyasining) prinsipial elektr sxemasi — elektr stansiyasining (podstansiyasining) elektr qismining ishlash prinsipi haqida dastlabki ma’lumot va tasavvur beruvchi, uskunaning tarkibi va uning bog‘lanishlarini aks ettiruvchi sxema;
ta’mir — qurilmalarning, uskunalarning, jihozlarning, buyumlarning ishlash resurslarini yoki ularning tarkibiy qismlari sozligini hamda ishga yaroqliligini tiklash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yoki tadbirlar majmui;
joriy ta’mir — qurilmalarning, uskunalarning, jihozlarning, buyumlarning ishga yaroqliligini ta’minlash yoki tiklash uchun bajariladigan va ularning alohida qismlarini almashtirish yoki tiklashdan tashkil topgan ta’mir;
texnik xizmat ko‘rsatish — qurilmalardan, uskunalardan, jihozlardan, o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanishda, ularni saqlash va transportirovka qilishda ishga yaroqliligini hamda sozligini saqlab turish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yoki tadbirlar majmui;
tok o‘tkazgich — elektr stansiyasi, podstansiyasi yoki sex doirasida elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun mo‘ljallangan, izolyatorlar va ushlab turuvchi konstuksiyalarga ega bo‘lgan shinalar yoki simlar shaklida bajarilgan qurilma;
transformator podstansiyasi — transformator yordamida bir kuchlanishdagi elektr energiyasini boshqa kuchlanishdagi elektr energiyasiga o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan elektr podstansiyasi;
elektr stansiyasining (podstansiyasining) boshqaruv paneli — elektr stansiyasini (podstansiyasini) boshqarish, nazorat va himoya qurilmalaridan iborat pultlar va panellarning bir xonada joylashgan to‘plami;
elektr podstansiyasi — elektr energiyasini qabul qilish, taqsimlash va uning parametrlarini o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan hamda transformatorlardan yoki boshqa elektr qurilmalaridan, shu jumladan o‘zgartirgichlar, boshqarish qurilmalari va yordamchi uskunalardan tashkil topgan elektr qurilma;
elektr tarmog‘i — elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun mo‘ljallangan, podstansiyalar, taqsimlovchi qurilmalar va ularni birlashtiruvchi elektr uzatish tarmoqlari majmui;
neytrali yerga ulangan elektr tarmog‘i — neytrallarning barchasi yoki bir qismi bevosita yoki nol ketma — ketligining qarshiligiga nisbatan kichik qarshilikli qurilma orqali yerga ulash qurilmasi bilan ulangan uskunasi mavjud bo‘lgan elektr tarmog‘i;
neytrali izolatsiyalangan elektr tarmog‘i — neytrali yerga ulanmagan yoki katta qarshilikli o‘lchov, himoya, signalizatsiya qurilmalari orqali ulangan uskunasi mavjud bo‘lgan elektr tarmog‘i;
elektr taqsimlovchi punkt — podstansiyaning tarkibiga kirmaydigan elektr taqsimlovchi qurilma;
elektr taqsimlovchi qurilma — bir kuchlanishda elektr energiyasini qabul qilish va taqsimlash uchun mo‘ljallangan hamda kommutatsiya apparatlari mavjud bo‘lgan elektr qurilmasi;
elektr uskunasi — mo‘ljallanishiga ko‘ra umumiy belgilari bilan birlashgan (masalan, vazifasi bo‘yicha — texnologik; qo‘llash sharoitlari bo‘yicha — tropiklarda qo‘llaniladigan, obyektga tegishliligi bo‘yicha — sexga, stanokka tegishli) elektr qurilmalar majmui;
elektr stansiyasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan, elektr energiyasini hosil qiluvchi uskunalar va yordamchi uskunalardan tashkil topgan, qurilish qismi mavjud yoki usiz (ko‘chma elektr stansiyasida) energetik qurilma;
elektr qurilma — elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki o‘zgartirish, uzatish, taqsimlash yoki iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan o‘zaro bog‘langan uskunalar va inshootlar majmui;
ekspluatatsiya qilish — buyumning ishlatiladigan, sifati saqlanib turadigan yoki tiklanadigan hayotiy sikli bosqichi;
stajerlik — ish joyida amaliy mashg‘ulot o‘tish.
2-bob. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishdagi asosiy talablar 1-§. Qoidalarni qo‘llash sohasi va tartibi
“Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari” (keyingi
o‘rinlarda — TEQQ) idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha istemolchilar uchun majburiydir.
Iste’molchilarning yangidan montaj, rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan elektr qurilmalari amaldagi Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalariga (keyingi o‘rinlarda — EQTQ) muvofiq bajarilgan bo‘lishi, shuningdek, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
Sertifikatlanmagan elektr uskunalaridan foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish man etiladi.
Ushbu Qoidalar iste’molchilarning ishlab turgan, kuchlanishi 220 kV gacha bo‘lgan elektr qurilmalariga tatbiq etiladi. Qoidalarda “kuchlanishi 220 kV gacha bo‘lgan elektr qurilmalari” yoki “kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalari” deyilganda
kuchlanishi tegishlicha 220 kV va 1000 V bo‘lgan elektr qurilmalarini ham tushunish lozim.
Ishlab turgan elektr qurilmalari — bu to‘liq yoki qisman kuchlanish ostida bo‘lgan yoki istalgan vaqtda kommutatsion apparatura ulanishi bilan yoki elektromagnit induksiya hisobiga kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan qurilmalar yoki ularning uchastkalari tushuniladi.
Elektr xavfsizligi shartlari bo‘yicha elektr qurilmalari kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalariga va kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalariga bo‘linadi.
Ushbu Qoidalarda ko‘zda tutilmagan, alohida ishlab chiqarish shartlariga yoki maxsus elektr qurilmalariga ega bo‘lgan iste’molchilarning elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish, sohada ishlab chiqilgan va tasdiqlangan qoidalar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
Soha qoidalari, ushbu Qoidalar va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari (keyingi o‘rinlarda — XTQ) talablariga qarshi bo‘lmasligi va ularni zaiflashtirmasligi shart.
Iste’molchilarning kuchlanishi 220 kV dan yuqori bo‘lgan elektr stansiyalari, blok stansiyalari elektr qurilmalariga va boshqa elektr qurilmalariga O‘zbekiston Respublikasi elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga (keyingi o‘rinlarda — O‘zbekiston Respublikasi elektr stansiyalari va tarmoqlarini TEQQ) muvofiq ekspluatatsiya qilinadi.
§. Xodimlarning vazifalari, qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik va nazorat
Qoidalarning maqsadi iste’molchilar elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni ta’minlash hamda ularni ishga yaroqli holatda saqlab turishdan iborat.
Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatish, ularda tezkor almashlab ulashlarni o‘tkazish, ta’mirlash, montaj yoki sozlash ishlarini va sinashlarni tashkil etish va bajarish maxsus tayyorlangan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Korxonaning mulkchilik shaklidan qat’i nazar, elektrotexnik xodimlari energetika xizmati tarkibida bo‘lishlari shart.
Korxonada energetika xizmati bo‘lmagan taqdirda, iste’molchilarning elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatishni shartnoma bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilot yoki boshqa korxonaning (shu jumladan, tadbirkorlar subyektlarining) elektrotexnik xodimlari amalga oshirishi mumkin.
Elektrotexnik xodim o‘z korxonasining texnologik xususiyatlarini aniq tasavvur qilishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomiga qat’iy rioya qilishi va barcha choralar bilan ularni mustahkamlashi kerak hamda mazkur Qoidalar, XTQ, yo‘riqnomalar va boshqa normativ hujjatlar talablarini bilishi va ularga rioya etishi shart.
Mazkur Qoidalar, XTQ va YoXQ ni buzishda aybdor shaxslar o‘z harakatlari yoki harakatsizligining xususiyatiga va ulardan kelib chiqadigan oqibatlarga qarab, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Ushbu Qoidalarning bajarilishini ta’minlash uchun har bir korxonada korxona rahbari yoki egasining buyrug‘i bilan energetika xizmatining MTX orasidan korxona elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari umumiy holatiga javob beruvchi shaxs (keyingi o‘rinlarda — elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs) tayinlanishi shart.
Elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs tayinlanishi haqidagi buyruq, qoidalar va yo‘riqnomalar bo‘yicha u bilimlar sinovidan o‘tganidan va unga elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishlicha:
1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida — V guruh, 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida — IV guruh berilganidan so‘ng chiqariladi.
Korxonada bosh energetik lavozimi bo‘lsa, unga ushbu korxona elektr xo‘jaligiga javobgar shaxsning majburiyatlari yuklanadi. Elektr xo‘jaligiga javobgar shaxsning majburiyatlarini o‘rindoshlik asosida bajarishga ruxsat beriladi.
Korxonalarda ular tomonidan o‘z faoliyatida kuchlanishi 400 V va 400 V gacha bo‘lgan, aholiga sotish uchun chakana savdo tarmog‘iga chiqariladigan hamda tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan yoritish qurilmalari, elektr asboblari va elektr mashinalaridan foydalanilganda, elektr xo‘jaligiga javobgar shaxsni tayinlash yoki ishga yollash imkoniyati bo‘lmaganda, elektr xo‘jaligiga javobgarlik korxona rahbariga yoki egasiga yuklatilishi mumkin.
Bu holda korxona rahbari yoki egasi bilimlar sinovidan o‘tmaydi va unga elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli guruh berilmaydi. Bunda rahbar yoki egasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — O‘zenergoinspeksiya) hududiy bo‘linmalarida elektr xavfsizligi va elektr uskunalarga xavfsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqdan o‘tishi kerak. Ushbu holat “O‘zenergoinspeksiya”ning 400 V gacha kuchlanishli elektr uskunalari mavjud bo‘lgan individual iste’molchilarni ro‘yxatga olish jurnalida va egasining ariza-majburiyatida rasmiylashtirilishi shart.
400 V gacha kuchlanishli yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan xonalarda va qurilmalarda (avtoyoqilg‘i va gazyoqilg‘i quyish stansiyalari va boshqalar) elektr uskunalarni ekspluatatsiya qiluvchi korxonalarda, elektr xo‘jaligiga javobgar shaxslar elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli guruhga ega bo‘lishi hamda bilimlar sinovini ro‘yxatga
olish jurnalida rasmiylashtirilishi shart.
Elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs uzoq muddat (dam olishda, kasal bo‘lsa, xizmat safarida) bo‘lmasa, uning majburiyatlarini bajarish korxona bo‘yicha buyruq bilan uning o‘rinbosariga (agar bu shtat jadvalida ko‘zda tutilgan bo‘lsa) yoki mazkur Qoidalarning 34- bandi “a” kichik bandiga muvofiq malaka komissiyasida bilim sinovidan o‘tgan energetika xizmatining MTX orasidan boshqa shaxsga yuklanadi.
Ushbu Qoidalarning talablariga mos elektrotexnik xodimlar bo‘lmagan taqdirda, iste’molchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish man etiladi.
Korxonada ushbu Qoidalarning talablariga mos elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs va elektrotexnik xodimlarning mavjudligi uchun korxonaning rahbari (egasi) javobgar bo‘ladi. Korxona rahbari, shuningdek, mazkur Qoidalar, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari (keyingi o‘rinlarda — EEFQ), iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bajarilishi uchun zarur bo‘lgan barcha tadbirlarning moddiy ta’minlanishi uchun javobgar bo‘ladi.
Korxona elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs quyidagilarni ta’minlashi shart: elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr energiyasini tejash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini hamda elektr qurilmalarning xavfsiz ishlashini;
elektr va elektrotexnologik uskunalar va tarmoqlarni, himoya vositalari va yong‘inga qarshi anjomlarning ishga yaroqli holatda saqlanishini, ularning ushbu Qoidalar, iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ, EEFQ va boshqa normativ- huquqiy hujjatlar talablariga mos ravishda ekspluatatsiya qilinishini;
energetika uskunalarida profilaktik va ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi tashkil etilishini;
elektrotexnik xodimlar o‘qitilishini, XTQ va TEQQ, lavozim va ishlab chiqarish yo‘riqnomalari bo‘yicha bilimlar sinovidan o‘tishlarini;
foydalanilayotgan energiyaning hisobga olinishi yuritilishini;
atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi texnologiyalar va ish usullari ishlatilishining oldi olinishini;
reaktiv quvvat kompensatsiyasi, mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun energiya sarfi me’yorini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini;
elektr uskunalari ishlashida buzilishlar, baxtsiz hodisalar hisobga olinishini va tahlil qilinishini hamda ularning yuzaga kelishi sabablarini bartaraf etish choralari qabul qilinishini;
iste’mol shartnomasiga muvofiq rejimga rioya etilishini, energetika tizimi yuklamasi maksimal soatlarida dispetcherlik xizmati talablari bo‘yicha iste’mol quvvatining kamaytirilishini;
elektrotexnik xodimlar uchun lavozim va ishlab chiqarish yo‘riqnomalari ishlab chiqilishini.
Elektr xo‘jaligiga javobgar shaxsning taklifiga ko‘ra, korxona rahbari tarkibiy bo‘linmalarining elektr xo‘jaliklariga javobgar shaxslarni tayinlashi mumkin.
Agar bunday shaxslar tayinlanmagan bo‘lsa, tarkibiy bo‘linmalar elektr xo‘jaligi uchun javobgarlikni, ularning hududiy joylashuvidan qat’i nazar, bosh korxona elektr xo‘jaligi uchun javobgar shaxs olib boradi.
Tarkibiy bo‘linmalar elektr xo‘jaligi uchun javobgarlar va korxona elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va majburiyatlarning taqsimlanishi ularning lavozim yo‘riqnomalarida aks ettirilishi shart.
Agar korxona rahbari elektr ta’minoti shartnomasini bevosita energiya bilan ta’minlovchi tashkilot bilan tuzmagan bo‘lsa, ijaraga berilgan elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish uchun javobgarlikning taqsimlanishi ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasidagi ijara shartnomasida aks ettirilishi shart.
Korxona elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs:
ishlab chiqaruvchi zavodlarga — butlanmagan, sifatsiz yoki buyurtma xususiyatiga, davlat standartlariga va texnik shartlarga mos bo‘lmagan uskunalar keltirilganda;
montaj qiluvchi tashkilotlarga — elektr montaj ishlari texnologiyasi buzilganda, sifatsiz montaj qilinganda, loyiha hujjatlaridan chetga chiqilganda va montaj jarayonida uskunalar shikastlanganda;
elektr ta’minoti tashkilotiga — elektr energiyasining sifatsiz parametrlarida va korxona elektr ta’minoti buzilishlarida o‘z vaqtida da’vo (reklamatsiya) berishi shart.
Ushbu Qoidalarning buzilishlarini payqagan, shuningdek, elektr qurilmalari yoki himoya vositalarining ishga yaroqsizligini sezgan har bir xodim, zudlik bilan bevosita o‘zining rahbariga, u bo‘lmaganda esa — yuqori turuvchi rahbarga bu haqda xabar berishi shart.
Elektr qurilmadagi nosozlik atrofdagi kishilarga yoki qurilmaning o‘ziga aniq xavf tug‘dirgan hollarda, uni payqagan xodimning o‘zi bartaraf qila olsa, buni zudlik bilan amalga oshirishi, shundan keyin bevosita boshliqni xabardor qilishi kerak. Nosozlikni bartaraf qilish xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Elektr qurilmasining ishidagi har bir buzilish ishlab chiqaruvchi zavodning yo‘riqnomalariga ko‘ra tekshirilishi va hisobga olinishi shart.
Tekshirish materiallari asosida elektr qurilmalarining ishida shunga o‘xshash buzilishlarning oldini olish bo‘yicha avariyaga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.
Elektr qurilmalari ishidagi buzilishlar uchun quyidagilar shaxsan javobgardir:
bevosita elektr qurilmaga xizmat ko‘rsatuvchi tezkor xodimlar − ularning aybi bilan yuz bergan buzilishlar uchun, shuningdek, ular tomonidan xizmat ko‘rsatish uchastkasida elektr qurilmaning ishidagi buzilishlar noto‘g‘ri bartaraf etilganligi uchun;
uskunani ta’mirlayotgan ta’mirlovchi va tezkor ta’mirlovchi xodimlar — ta’mirlash sifati pastligi tufayli kelib chiqqan ishdagi buzilishlar uchun;
korxonaning, tarkibiy bo‘linmalarning bosh muhandislari va energetiklari, elektr sexi boshliqlari va energetika xizmatining boshqa MTX — ularning aybi bilan elektr qurilmalarni ishlashida yuz bergan buzilishlar uchun, texnologik xizmatlar rahbarlari va mutaxassislari, elektrotexnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilishdagi buzilishlar uchun, shuningdek, o‘z vaqtida va qoniqarli texnik xizmat ko‘rsatish hamda avariyaga qarshi chora-tadbirlarning bajarilishi ta’minlamagani uchun.
Har bir baxtsiz hodisa, shuningdek, XTQ buzilishining boshqa holatlari o‘rnatilgan tartibda sinchiklab tekshirilishi, ularning paydo bo‘lish sabablari, javobgar shaxslar aniqlanishi va bunday holatlarning oldini olish uchun choralar ko‘rilishi shart.
Elektr tokidan shikastlanishdan yuzaga kelgan baxtsiz hodisalar uchun bevosita qoidalarni buzgan xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar va baxtsiz hodisalar yuzaga kelishi holatini istisno etuvchi tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishini ta’minlamagan ma’muriy-texnik xodimlar mas’uldir.
Mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi uchun davlat energetika nazorati “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Korxonalarda mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishini tekshirish va nazoratni, “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy bo‘linmalaridan tashqari, korxonaning xavfsizlik texnikasi bo‘limlari va yuqori turuvchi tashkilotlar amalga oshiradilar.
Download 1.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling