Migren kelib chiqish mexanizmi
Migren kasalligi qadimdan maʼlum boʻlsada, ogʻriq kelib chiqish sababi hali hanuz toʻliq oʻrganilmagan. Migrenda ogʻriq bosh miya ichki bosimi oshishi, arterial qon bosimi oshishi, bosh miya oʻsmalari va bosh miya jarohatlari bilan bogʻliq boʻlmaydi. Ayrim nazariyalarda migren insult kasalligi oʻtkazilgandan keyin rivojlanadi deyiladi.
Hozirgi zamonaviy tibbiyot sohasida migren rivojlanishini tushuntirib beruvchi bir qator nazariyalar mavjud, ularning barchasi bosh miya qon tomirlari bilan bogʻliq muammolarni ilgari surishadi. Aynan shu sababli ham migrenda kuzatiladigan ogʻriq xarakteri pulsatsiyali (loʻqillovchi) boʻladi.
Ogʻriq bosh miya qon tomirlari spazmi natijasida kelib chiqadi, yaʼni bosh miyaning maʼlum bir qismida qon aylanishi buziladi, aynan shu sababli migrenda kuzatiladigan ogʻriq aniq bir lokalizatsiyaga egadir.
Yana bir boshqa nazariyada qon tomirlar turli xil qisqarishi ogʻriq bilan namoyon boʻlishini qayd etadi.
Migrenga olib keluvchi sabablar va moyillikni oshiruvchi omillar
Uzoq muddat davomida migren kasalligi bilan aziyat chekadigan bemorlarni kuzatish va maʼlumotlar yigʻish natijasida bosh ogʻrishiga olib keluvchi bir qator omillar oʻrganib chiqilgan.
Ular quyidagilar:
Nevrologik omillar. Migren kasalligi rivojlanishida stress, charchash, zoʻriqish va qattiq hayajonlanish kabi holatlarning roli katta.
Ozuqaviy omillar. Migrenga sabab boʻluvchi ozuqaviy omillardan eng xavflilari – yongʻoq, shokolad, pishloq va baliqdir. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar isteʼmol qilish kuchli bosh ogʻrigʻiga olib keladi.
Gormonal preparatlar. Migren koʻpincha gormonal kontraseptiv vositalarni qabul qilganda kelib chiqadi.
Normal uyqu tartibining buzilishi. Doimiy uyquga toʻymaslik ham bosh ogʻriqlariga sabab boʻladi.
Tashqi faktorlar. Migren xuruj qilishi ob-havoning oʻzgarishi, atmosfera bosimining oʻzgarishi va boshqa mintaqalarga borish natijasida ham kelib chiqishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |