. Falsafiy dunyoqarash nima degani
Agar falsafa so‘zining kelib chiqishi (etimologiyasi)ga e'tibor bersak, uning yunon tilidagi tarjimasi «donolikni sevaman» ma'nosini anglatadi. Diogen Laertskiy (eramiz II asri oxiri - III asr boshlari) so‘zlariga qaraganda, o‘zini birinchi marta faylasuf deb atagan kishi – yunon mutafakkiri va olimi Pifagordir. Faylasuflarning qanday ekanliklariga ta'rif berib, u shunday degan: «Hayot o‘yinga o‘xshaydi: ba'zilar unga musobaqalashgani kelsa, ayrimlar savdolashgani, eng baxtlilari esa tomosha qilgani keladilar; hayotda ham xuddi shunday, ba'zilar qullar kabi shuhrat va boylikka o‘ch bo‘lib dunyoga keladi, vaholanki faylasuflar - faqat haqiqat uchun keladi»
Har qanday dunyoqarash tarkibiga: bilim, baholash, e'tiqod va aqidalar kiradi. Dunyoqarash turli shaklda mavjud bo‘lishi mumkin: kundalik, mifologik, afsonaviy, diniy, badiiy, falsafiy va ilmiy tusdagi tasavvurlar. Dunyoqarash shaxsiy ong va ijtimoiy ong dalili tarzida bo‘lishi mumkin. Masalan, afsonaviy dunyoqarash to‘g‘risida gapirganda biz muayyan shaxsning olam to‘g‘risidagi tasavvurlari emas, balki qadimgi zamon jamoasi tasavvurlari haqida fikr yuritamiz. Yohud biz xristianlar, musulmonlar, buddaviylar va boshqa diniy guruhlar dunyoqarashi to‘g‘risida gapiramiz. Shu bois dunyoqarash shaxs, ijtimoiy guruh (diniy, milliy, yoshga oid, jinsiy, kasbiy va b.), davlat, davlatdan tashqari tuzilmalar dunyoqarashi sifatida ham bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |