Til- milliy g’urur va iftixorimiz timsoli


Download 21.78 Kb.
Sana04.05.2020
Hajmi21.78 Kb.
#103251
Bog'liq
Til- milliy g'urur va iftixorimiz timsoli


Til- milliy g’urur va iftixorimiz timsoli

Ilmiy rahbar: F.f.d(Phd) H. Allambergenov

NukusDPI talabasi Y. Shamuratova

Har bir inson uchun tug‘ilib o‘sgan Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, ona tili ham shunchalik muqaddasdir. Go‘dak dunyoga kelar ekan, unga ona tilida ism qo‘yiladi, ona tilida alla aytiladi, o‘zi ham ona tilidagi so‘zlarni aytib tili chiqadi. Ona tili tushunchasi shuning uchun ham har birimizning qon- qonimizga singib ketgan muqaddas qadriyat hisoblanadi. U bizning jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimizda, elga nafi tegadigan yetuk kadr, komil inson bo‘lib shakllanishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Ona tili millatning ahilligi, bahamjihatligining namunasi, faxr-iftixori, ruhidir.

E’tibor berib qarasak, ONA so‘zi faqatgina Vatan va til so‘zlari bilan birga ishlatiladi: Ona Vatan, Ona til. Shundan ham anglash mumkinki, ona tilimiz ham biz uchun onamiz, vatanimiz kabi muqaddasdir. Zero, ular dunyoda yagona.

Til millatning bitmas-tuganmas xazinasi, bebaho mulkidir. Chunki, xalqning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, an’ana va urf-odatlari unda mujassamlashgan bo‘ladi. Birinchi Prezidentimiz rahmatlik Islom Abdug‘aniyevich Karimov ta’birlari bilan aytganda: “O‘zlikni anglash, milliy bog‘liqlik til orqali vujudga keladi”. Ushbu fikrlarni doimo yodimizda tutmog‘imiz lozim. Darhaqiqat, millatning rivojlanishi, taraqqiy etishida tilningo‘rni beqiyos.

Tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitishga arziydigan muhim sanalar ko‘p.Ana shunday kunlardan biri 1989-yil 21-oktabrdir. Ushbu kun o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilganligi bilan ahamiyatli. Biz buni mustaqillik sari qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi desak, aslo muboag‘a qilmagan bo‘lamiz. Negaki, o‘sha paytda hali istiqlolga erishilmagan edi. O‘zbekiston Respublikasinig “ Davlat tili haqida”gi Qonunining qabul qilinganligi bizning buyuk iftixorimiz, g‘ururimiz, ma’naviyatimiz ko‘zgusi hisoblangan ona tilimizning qadrini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi mavqeyini yanada yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Davlat tili maqomi juda katta , beqiyos ahamiyat kasb etadi. Hatto, bu maqomning mavjudligini davlat mustaqilligining asosi deyish ham mumkin, menimcha. Zero, Sobiq ittifoq davrida barcha huquqiy- me’yoriy hujjatlar, gazeta-jurnal, televideniye, davlat organlari, tashkilot va korxonalarda, sud jarayonlari umuman hayotning hamma-hamma jabhalarida rus tili hukmronlik qilgan. Tushunish-tushunmaslikdan qat’i nazar ta’lim tizimi mazkur tilda olib borilgan va bu qat’iy talab qilingan. Barcha milliy qadriyatlarimiz qatori ona tilimiz ham tahqirlangan. Ushbu masala davlat siyosati darajasida amalga oshirilgan. Jumladan, rus tarixchisi Skobelev aytganidek: “Millatni yo‘q qilish uchun quroldan foydalanish shart emas, uning tilini, ma’anaviyatini, adabiyotini yo‘q qilish kerak, shunda millatning o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi”, - degan fikrlari qanchalik haqiqatga yaqinligini tarix isbotlagan.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, uning mavqeyini oshirib, qo‘llanish doirasini kengaytiradi va rivojiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 1993-yil 2-sentabrda “ Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifosini tuzish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan keyin, dunyo kommunikatsiya tizimidan munosib o‘rin egallash, ayniqsa, internet tarmog‘iga ulanishga keng imkoniyatlar yaratildi. Natijada, dunyo miqyosida o‘zbek tiliga qiziquvchilar, uni o‘rganishga harakat qiluvchilar soni ortib boryapti. Bu esa, tilimizning xalqaro doirada foydalanilishiga keng yo‘l ochib berdi. Darhaqiqat, o‘zbek tili juda boyligi bilan dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Olimlarning tadqiqotlariga qaraganda, til boyligimiz 80 mingni tashkil qiladi. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, sinonim( ma’nodosh so‘z)lari ko‘p bo‘lgan til o‘rganishga eng qulay, eng boy til hisoblanadi. Hammamizga ma’lumki,o‘zbek tilida ham bir so‘zning o‘rnida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bir emas, bir nechta ma’nodoshlari mavjud. Har bir millatga o‘z ona tilida erkin muloqot qila olishi eng katta baxtdir. Chunki, dunyoda qanchadan- qancha millatlar, elatlar, shu bilan birga, shuncha ko‘p tillar mavjud. Lekin afsuski, ular ichida hammasi ham o‘zlari mansub bo‘lgan millat nomi bilan ataladigan tilde gaplashish huqudiga ega emaslar. Rasmiy ravishda o‘zga til davlat tili maqomida hukmron bo‘lgan mamlakatlar oz emas. Bundan tashqari, hozirgi kunda umuman foydalanilmaydigan “o‘lik til”lar ham talaygina ekanligi achinarli hol, albatta. Ming shukurki, bizning ona tilimiz davlat tili maqomidagi, dunyo tan olgan, juda katta so‘z boyligiga ega bo‘lgan tillardan biri. Uning mavqeyi barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlar, jumladan bosh qomusimiz Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan. Asosiy qonunimizning 4- moddasida: “ O‘zbekiston Respublikasi davlat tili- o‘zbek tilidir”, deyilgan.

Biz ona tilimizni sevamiz, u bilan faxrlanamiz. Bu faxr esa ayni paytda katta mas’uliyat yuklaydi. U ham bo‘lsa, tilning sofligini ta’minlashdir. Ammo ming afsuski, hozirda ko‘plab yoshlar tilida xorijiy iboralarining noo‘rin qo‘llash hollari kuzatiladi. Bunday munosabatning asosiy sababi, menimcha, atrofdagilar ular haqida chet tillarini bilar ekan deb o‘ylashlarini xohlaganligida deb o‘ylayman. Lekin bir gap bilan aytganda, quruq oliftagarchilikdan boshqa narsa emas. O‘zlarini o‘qimishli, yuksak madaniyat sohibi qilib ko‘rsatishga urinadilar-u, natijada, aksincha, hammaga yomon ko‘rinadilar.Bugungu kunda “bravo”, “ujas”, “koroche”, “prosto”, “zato”, “otdix qilamiz”, “zvonok qil” va boshqa shu kabi “parazit so‘zlar”ni qo‘llab gapirish, ayniqsa bir- birlarining ismlarini qisqartirib yoxud boshqacha talaffuz qilib chaqirishlari “urf”ga kirgan. Bu havas qilgudek holat emas, albatta. Shunday ekan, biz jamiyatning ziyoli qatlami, jumladan, tilshunos mutaxassis sifatida, eng avvalo, o‘zimiz sof o‘zbek adabiy tilida gapiishimiz kerak. Ana shundan keyingina boshqalardan xususan, o‘quvchilarimizdan buni talab qilishimiz mumkin.

To‘g‘ri, chet tillarni ham o‘rganish, ularga hurmat bilan qarashimiz lozim, lekin bu degani tilimizda chet til iboralarini qo‘shib gapirishimiz kerak degani emas. Misol tariqasida biz yashayotgan hududimizni keltirsak bo‘ladi. Sababi,bu yerda qardosh xalqlar- qozoq, turkman, o‘zbek,qoraqalpoq millati vakillari ko‘p vaqtlardan buyon ahillikda hayot kechiradilar. Hammalari bir-birlarining milliy urf-odatlari-yu, an’analari, ona tilini yuksak darajada hurmat qiladilar. Shu jumladan, biz tahsil olayotgan oliygohimizda turkiy tillar fakultetining tashkil qilinganligi va mazkur tillarda ta’lim olib borilayotgani ham fikrimizning yana bir dalili, desak bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shularni ham ta’kidlash kerakki, ona tili, uning mavqeyi, qo‘llanilish doirasi, shu bilan birga, yuzaga kelgan muammoli vaziyatlar, yutuq va kamchiliklar haqida har yili faqat oktabr oyidagina so‘z yuritib qo‘ymasdan, amaliy shug‘ullanish lozim. Bugungi kunda tobora avj olib borayotgan “ommaviy madaniyat” natijasida ko‘r- ko‘rona G‘arbona hayotga ergashishlarning oqibatida tilimiz sofliginining yo‘qolib borishi hech gap emas. Unga har xil yot unsurlarning kirib kelishi, o‘rnashib qolishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik lozim. Og‘zaki nutqdan tashqari, doimiy ravishda yozma savodxonlikka ham jiddiy e’tibor qaratish kerak.

Ko‘cha-ko‘yda, bozor va boshqa jamoat joylarida afishalar, reklamalardan tortib, jamiki yozuvlarning chet tilida (jumladan, rus tili) aks etganligiga guvoh bo‘lamiz. Biz yashayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida bir emas, ikkita davlat tili ( o‘zbek va qoraqalpoq tillari) amalda bo‘lishiga qaramasdan rus tilining keng qo‘llanilishi, menimcha, yaxshi emas. Ba’zi reklamalardagi so‘zlarning o‘z tilimizda muqobili mavjud bo‘lsa-da, baribir chet tilida chiqarib qo‘yilgan. Xo‘sh, buning sababi nimada? Yevropa hayotiga, madaniyatiga taqlidmi yoki til elementlaridan foydalana bilmaslikmi? Yoxud buning yana boshqa sabablari bormi? Shaxsan men ko‘chada yurganimda “Aптека”, “Продукты”, “Чайная”, “Мороженное” va shu kabi yozuvlarni ko‘rib g‘ashim keladi. Axir bu yozuvlarni ko‘ravergach, buni to’g’ri deb qabul qilishmaydimi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning nutqida ham yot iboralar o‘rnashib qolmaydimi? Shu kabi narsalar o‘z tilimizda berilsa ham hamma tushunadi-ku? To‘g‘ri, bu yerga keluvchi sayyohlarni o‘ylab, ularga qulaylik yaratish maqsad qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin o‘ylab ko‘ring, nega biz boshqalarni deb o‘z tilimizdan voz kechishimiz kerak? Aksincha, ular tilimizni tushunishga, o‘rganishga harakat qilganlari yaxshi emasmikan? Hatto, menimcha, buning natijasida ona tilimizni o‘rganuvchilar sonining ortishi, uning xalqaro mavqeyining yanada mustahkamlanishiga erishiladi. Shuning uchun har birimiz til sofligini saqlash uchun harakat qilishimiz, ayniqsa, yozma nutqimizda orfografik xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Masalan, Turkiya davlatida hech qachon boshqa til iboralarini o‘z tilida qo‘llamaydilar, hamma tushunchalarga hatto, neologizmlar ham turk tilidan muqobil tanlanadi. Zero, ona tilining sofligi milliy iftixor, milliy g’urur demakdir. Umuman olganda, har birimiz o‘zbek tilining bundan-da, ravnaq topishida, mavqeyining ortishida o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor. Tilni sevish, ardoqlash har birimizning vazifamiz hamda muqaddas burchimizdir!

Ajiniyoz nomidagi NukusDPi Turkiy tillar fakulteti o’zbek tili va adabiyoti yo’nalishi 3- “B” guruh talabasi Shamuratova Yulduz Qurolboy qizi 1997- yil 4- fevral



QR Amudaryo tumani “Bo’zyop” OFY “Qorajon” 20- uy 94 451 54 64
Download 21.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling