Til birliklari va nutq birliklari


Download 39.98 Kb.
Sana11.10.2023
Hajmi39.98 Kb.
#1697527
Bog'liq
S11


Til birliklari va nutq birliklari.

Tilshunoslik boshqa fanlardan ajralib, o’zicha alohida mustaqil fan deb tanilgan davrlardayoq til bilan nutqni farqlashga e’tibor berilgan edi. Ammo fan taraqqiyoti tarixi davomida hamma tomonidan ham til bilan tutq bir-biridan farqlanavermadi. Shuning uchun, ko’pincha, nutqqa xos hodisalar til hodisasi sifatida talqin qilinib keldi.


Tilshunoslikda keyingi yillarda til bilan nutq hodisalarini farqlashga jiddiy e’tibor berila boshlandi. Shuning uchun biri ikkinchisining konkret, xususiy ko’rinishi bo’lgan til va nutqning nimaligini, ularning mohiyatini, strukturalari va funksiyasilarini aniqlab olish, ularga xos qonuniyatlarini to’g’ri tasavvur qilish jiddiy ahamiyatga ega.

Til ma’lum miqdordagi nutq tovushlarining turli kombinatsiyasi bilan kishilar bir-birlariga bildiradigan so’zlar, grammatik vositalar va ulardan foydalanish qoidalaridan tashkil topgan degan fikr XIX asrning birinchi yarmidayoq qiyosiy grammatikacilar tomonidan ilgari surildi. Hozir ham tilni shu xilda tasavvur qiladilar.


Ma’lumki, til o’ziga xos strukturaga ega bo’lgan sistemadir. Til bir-birining mavjudligini talab qiladigan, bir-biridan ajralmas holda bo’lgan ikki element (yoki birlik) dan tashkil topgan . Bular: a) leksika, ya’ni lug’at sostavi; b) grammatika. Ularning har biri nutq tovushlaridan iborat bo’lgan materiyaga ega.
Lug’at sostavi shu tilda mavjud bo’lgan barcha faol va nofaol so’zlar yig’indisidan iborat.
So’z jamoa a’zolari tomonidan bir xil nalaffuz qilinib, bir hilda idrok qilinadigan hamda biron predmet (hodisani) bildiradigan yo ular haqidagi tushunchalarni esga soladigan bitta tovush yoki bir necha tovush birikmasi sifatida shakllangan ishoradir.
Ayrim olingan so’zda uch narsani ajratib talil qilish kerak: 1) tovush tomonini, 2) atamalik xususiyatini, 3) tushuncha ifodalash xususiyatini.
Tilshinoslikda mana shu uch xil xususiyat asosida ayrim olingan so’zning uch xil funksiyasi haqida gapiriladi. Bular 1) perseptiv funksiya, 2) nominativ funksiya, 3)signifikativ (yoki semasiologik)funksiya.
So’zning har uch tomoni –tovush orqali idrok qilinish (ya’ni perseptiv) xususiyati, atama bo’lish (nominativ) xususiyati va tushuncha ifodalash (ya’ni signifikativ) xususiyati o’zaro bog’langan bo’lib, bu zanjirning o’rta halqasini nominativ funksiya uchun xizmat qiladigan “ichki forma” tashkil qiladi.
So’zning tovush tomoni. So’z, hammadan burun, tovushdan iborat bolgan signaldir. U nutq tovushlari sifatida sezgi organlaridan biri bo’lgan eshitish organiga (yozuvda esa yozuv belgilar orqali ko’rish organiga) ta’sir qiladi. So’zning mana shu xususiyati uni moddiy narsa qilib qo’yadi. Demak, so’zning moddiyligi nutqda real (ya’ni aytilgan ) tovush materiyasidan iboratligidir.
So’zning moddiy tomoni haqidagi bu xulosada, so’zsiz, nutqdagi so’z, ya’ni so’zning grammatik formasi (glossema) ko’zda tutiladi.Bu yerda til birligi bo’lgan psixo-fiziologik butunlik, ya’ni kishining xotirasida mavjud bo’lgan tovush obrazi emas, u obraz uchun asos bo’lgan real birlik haqida gap boradi. Buning sababi shuki, so’zning ongdagi psixo-fiziologik obrazi aslida real fonetik birliklar asosidagina yuzaga keladi.Demak, asosiy narsa xotiradagi obraz emas, nutqdagi signal (ishora) dir.Shuning uchun gap ayrim olingan so’z haqida borganida ham u real hodisa deb tasavvur qilinadi va shu jihatdan baholanadi. Shunday qilib, so’zning moddiy tomoni so’zning tashqi qiyofasini, soddalashtirib aytganda, tovush qobig’ini tahkil qiladi. Tovush qobig’i so’zning sezgi organlari orqali idrok qilinishiga aloqador bo’lib, u ma’lum narsa, hodisa bilan bog’langandagina ijtimoiy ahamiyatga egadir. Nutq tovushlari birinchi navbatda so’z va morfemalarning tashqi, fonetik obrazi sifatida kishining xotirasida saqlanadi. Masalan, kitob, -lar, -ga kabi elementlar allaqanday mavhum narsa holatiga emas, shu fonetik qiyofalari bilan eslanadi. Ikkinchi tomondan esa, so’z va morfemalarni shakllantirish uchun xizmat qiladigan tovushlar o’z o’xshashliklari va noo’xshashliklari asosida ayrim tiplarga birlashib, ana shu tovush tiplari obrazi xotirada turadi. Bu tovush tiplari fonemalardir.
Nutq tovushlari ayrim holda tasavvur qilinganida fonema sifatida xotirada saqlanadi. Har bir tilning o’z fonemalari sistemasi bor. Bulardan tashqari, tilning tovush tomoniga doir hodisalardan uchinchisi intonatsiyadir.
Intonatsiya nutq tovushlarini ifoda maqsadiga ko’ra talaffuz qilishdan tug’iladi. Biroq toushni qaysi xususiyatini (toni, kuchi,sur’ati va boshqalar) qay tarzda va qachon o’zgartirish lozimligi nutq tovushlaridan foydalanish qoidalari orqali belgilanadi. Bu qoidalar esa xotirada bo’ladi.
Shunday qilib, tilning tovush tomoni tubandagi uch narsa sifatida xotirada saqlab qolinadi va kerak paytda nutq jarayonida ulardan foydalaniladi:
a) so’z va morfemalarning fonetik qobig’i yoki sur’ati sifatida;
b) ayrim fonema, ya’ni bir-biriga juda yaqin bo’lgan real tovushlarning yagona tovush obrazi sifatida;
s) tovushlardan foydalanish qoidalari sifatida.
So’zning atama bo’lishi. So’zning borliqdagi biron narsani bildirishi nima? Bu- so’zning nimaningdir atamasi, nomi bo’lishidur. Nomlar bo’g’indan bo’g’inga o’tadi: bolalar narsalarning nomlarini kattalardan o’rganadilar, o’z hayotlarida yangilarini yaratadilar.
O’tmishda ko’pgina mashhur olimlar so’z deganda uning faqat tovush tomonini tushunganliklari uchun, so’z bilan u nom bo’lgan predmet orasida uzbiy boglanish bor deb o’ylaganlar.
Notanish (ya’ni yangi) predmetga duch kelinganida dastlab u tanish predmetlar bilan qiyoslanadi va shu asosda yangi predmetning biron muhim belgisi ( xususiyati) ajratiladi. Ana shu muhim belgi (xususiyat ) nom berish uchun asos bo’lib qoladi.
Nomdan anglashiladigan muhim belgi bilan umuman so’z ifodalaydigan tushuncha orasidagi munosabat masalasi alohida izohlanishi lozim.
V.fon Gumboldt va uning izdoshlari ta’limotidagi “ichki forma”, A.A.Potebnya ta’limotidagi ishora ham Feyerbax tomonidan aytilib, nom qo’yish chog’ida ajratiladigan belgi ham xuddi mana shu “ichki forma” yoki “ichki obraz” dir.
Predmetning u yoki bu belgisini nom qo’yish uchun dastlabki obraz sifatida tanlash o’sha predmetga qaysi xalqning qanday yondashishiga bog’liq bo’lgani uchun, “ichki forma” turli tillarda goh mushtarak, goh farqli bo’ladi. Ba’zan esa bir tilning o’zida ham shevalararo atama asosida yotgan belgi har xildir.
So’zning tushuncha ifodalashi. Tushuncha predmetlarni, hodisalarni muhim belgilari asosida boshqa barcha predmet yoki hodisalardan ajratadigan fikr formasidir. U predmet va uning xususiyatlari orasidagi ma’lum bog’lanishlarni ongda aks ettiradi.
Kishining fikrlashi tushunchalarning harakati orqali yuzaga keladi. Tushunchalarning harakati esa so’zlar orqali vujudga keladi. So’zlar orqali predmetlar bir-birlariga qiyos qilinadi va shu yo’l bilan ularning umumiy va xususiy belgilari ajratiladi.
Til birliklaridan eng muhimi bo’lgan soz nutq jarayonidagina moddiy, real narsa. Ammo nutqqacha va nutqdan so’ng u xotirada saqlanadigan psixik faktordir. Til birligi bo’lgan so’z bir tarzda va bir butun holidagina emas, shu bilan birga, o’zining tarkibiy qismlari, ya’ni morfemalari tarzida ham xotirada saqlanadi. Demak, kishining xotirasida so’z bir necha bosqichli, ya’ni ayrim qismlari shaklida hamda bir butunlik shaklida bo’ladi.
So’zning bunday murakkab va tarkibiy elementlar shaklida esda turishi morfemalarning (shu jumladan affikslarning ham) ayrim butunlik sifatida tasavvur qilinishini ko’rsatadi.
So’zlarning xotirada saqlanishi shu bilangina chegaralanmaydi. So’z o’z morfemalari bilan birgalikdagina emas, o’zi boshqa yirik butunlikning ichiga kirib qolishi ham mumkin. Masalan, ayrim so’zlar nutqda birikib, erkin birikma yoki gap hosil qilgan holda qo’llanaverib, bir qolipga kirib qoladi.
Bunday doimo bir xilda qo’llanadigan bo’lib qolgan birikma yoki gaplar turg’un iboralar yoki frazeologiyaga aylanadi.
Frazeologiya esa so’z va uning morfemalari kabi kishilarning xotirasida bir qolipda saqlanadi, avloddan- avlodga o’tadi va tayyor holda nutqda qo’llanadi.
Tilning lug’at sostavi va fonemalar sistemasi uning jismi, tanasi bo’lsa, grammatik va intonatsion qoidalar joni, hayot bag’ishlovchi tushunchalardir. Grammatika nutq uchun qolip, modeldir.
Grammatik qoidalar har qanday boshqa hodisalar singari bir qancha muhim xususiyatlarni o’zida mujassamlantiradi. Bu xususiyatlarga quyidagilar kiradi:
1. Tabiati jihatdan qaraganda grammatik qoidalar a) ob’ektiv ravishda mavjud bo’lgan qonuniyatlarni ifodalashi mumkin, b) ayrim kishilar (olimlar) tomonidan yaratilgan tavsiyalar, ya’ni sub’ektiv qoidalar majmuasi bo’lishi mumkin.
2. Grammatik qoidalar mazmunan mantiqiy umumiylik bilan xususiylik (juz’iylik) va izchillik prinsiplariga asoslanadi. Unda yirik hodisalarni ifodalovchi umumiy xarkterdagi qoidalar bo’lishi bilan birga, umumiylik ichiga kiradigan, xususiy (juz’iy) qoidalar ham bo’ladi. Aytaylik, so’zlarning grammatik turkumlarga – kategoriyalarga ajralishi umumiy qoida, ammo har bir turkumning o’ziga xos xususiyatlarini ifodalaydigan grammatik kategoriyalar xususiy qoidalar bo’ladi. Masalan, ot, sifat, son kabilar umumiy kategoriya, ammo son, egalik, kelishik kategoriyalari xususiy kategoriyalardir.
3. Nihoyat, qoidalar tarixiylik xususiyatiga ham ega. Tilda mavjud qoidalarning ba’zilari hozirgi holatni aks ettirsa, ba’zilari tilning o’tmishiga taalluqlidir. Shu jihatdan grammatik qoidalar zamonaviy va tarixiy-an’anaviy bo’lishi mumkin. Masalan, ingliz va fransuz adabiy tilining orfografiya qoidalari tarixiy-an’anaviy xarakterda.
Shunday qilib, tubandagilar til elementi va til hodisasiga kiradi.

1.Ayrim olingan so’larning jami, ya’ni umumiy lug’at sostavi


2. Morfemalar (ya’ni o’zak va ayrim affikslar)
3. So’zlarning turg’un birikmalari, murakkab terminlar, frazeologik iboralar.
4. Tilning fonemalar sistemasi.
5. Mavjud grammatik qoidalar.

Nutqda til birikmalarining (lug’at sostavi, grammatik qoidalar, fonetik imkoniyatlarning ) ma’lum qismidangina fikr ifodalash maqsadida foydalaniladi. Nutqning yaratilishi, ya’ni kishilarning gaplashishi til elementlaridan ma’lum qismining reallashishidan iborat.


G.Shteyntalning ta’rificha, nutq “ Tilning hozirgi pytda yuz berayotgan yoki hozirgi paytda yuz berayotibdi deb fikr qilinayotgan ko’rinishidir”. Demak, nutq aytilib turgan narsa bo’lishi ham, ilgari aytilgan yoki endi aytilmoqchi bo’lgan narsa bo’lishi ham mumkin.
Ko’rinadiki, material jihatdan nutq ikki xil bo’ladi: a) real tovush materiyasining o’zi bilan shakllangan nutq (yozuv ham shuning ifodasi); b)real tovushlarning ongdagi obrazi bilan shakllangan nutq.
Oldingisini tashqi nutq, keyingisini ichki nutq ham deydilar.
Tashqi nutq chog’ida real tovushlarning psixik obrazi ham ongda mavjud bo’ladi, albatta. Ular ayni bir momentda yuzaga kelgani uchun, psixik obraz real tovush kompleksi soyasida qolib ketadi. Tovush biron sabab bilan chiqmay qolganida ham nutq organlarida harakat bo’ladi, ba’zan, aksincha, tovushsiz nutq beixtiyor tovushli nutqqa aylanib ketadi.
Demak, tashqi va ichki nutqlar o’zaro zich bog’langan, biri ikkinchisiga o’tib turishi mumkin bo’lgan hodisadir.
Nutq birligi sifatida so’z o’zining biron grammatik formasida bo’ladi.
So’z, bir tomondan, til birligi sifatida, ikkinchi tomondan, nutq birligi sifatida ajratilgani uchun, bu ikki xil birlik ikki boshqa atama bilan ifodalanishi lozim. Rus tilshunosligida so’nggi vaqtlarda til elementi bo’lgan so’z leksema atamasi bilan, nutq elementi bolgan so’z slovo- forma, glossa, glossema atamalari bilan ajratilyapti.
Demak, tilshunoslikda hozirgacha qo’llanib kelgan so’z atamasi ham leksemani, ham so’z formasini ifodalaydi. Ilmiy tahlil uchun esa ularni ajratib qo’llash talab qilinadi.
Har bir konkret olingan glossema nutq jarayonida konkret negiz va ma’lum vazifa bajaruvchi affikslardan yasaladi.
Glossemalar birikib, so’z birikmalaini hosil qiladi. So’z birikmalari grammatik jihatdan erkin bo’lganda, ya’ni iboraga aylanmaganda, nutq hodisasi hisoblanadi. Chunki ular ham glossemalar kabi nutqdan tashqarida, xotirada saqlanmaydi-nutq chog’ida tuziladi va keyin tarqalib ketadi.
Glossemalar va so’zlarning erkin birikmalari yordamida gap tuziladi. Gaplar ham nutq birligidir. Aslini olganda, nutq gap mavjud bo’lgani uchungina mavjuddir. Gap nutqning eng kichik birligidir. Ammo bunda konkret gaplarni ko’zda tutish kerak. Ya’ni ma’lum so’zlar va qoidalar yordamida tuzilgan gaplargina nutq birligidir. Umuman, gap tuzish qolipi nutq birligiga kirmaydi.
Yuqoridagilardan ko’rinadiki, nutqning struktura elementlariga so’zning grammatik formalari, ularning negizlari, erkin so’z birikmalari, murakkab fe’llar va murakkab sonlar, konkret gaplar va konkret nutq tovushlari kiradi.
Til bilan nutqni qiyoslaganda ularni quyidagi o’ziga xos xususiyatlar bir-biridan ajratib turadi:
Til aloqa materiali-nutq esa aloqa formasidir.
Tilni xalq yaratadi-nutqni esa har bir shaxs yaratadi.
Tilning hayoti uzoq, xalq hayoti bilan bog’liq-nutqning hayoti qisqa, u aytilgan paytdagina mavjud.
Ayrim shaxsning ayni zamonda bir necha tili bo’lishi mumkin; chunki u vaqt va o’rin bilan bevosita bog’lanmagan-ayrim shaxsning nutqi ayni zamonda faqat bitta bo’ladi; chunki u ma’lum vaqtda va ma’lum o’rinda yuz beradi.
Tilning hajmi noaniq-nutqning hajmi aniq: u diolog, monolog, ayrim matn, kitob formalarida bo’lishi mumkin.
Til turg’un, statik hodisa –nutq harakatda bo’luvchi, dinamik hodisa.
Shunday qilib, tilshunos lingvistik hodisalarga baho berishda mana shu til va nutq munosabatini har doim hisobga olishi lozim, shundagina u hodisaga to’g’ri yondoshadi.

Til butun bir sistema sifatida tasavvur qilinar ekan, qanday qilib ifodalash uning formasini, nimani ifodalashi mazmunini tashkil qiladi. Bu fikr tilning ifoda modeli va uning struktura elementlariga taalluqlidir. Masalan, o’zbek tilida Bor joyingga yot! buyrug’i ikkita bir sostavli sodda gapdan tuzilgan bog’lovchisiz qo’shma gap orqali ifodalangan. Bu-o’zbek tilining sintaktik modeliga taalluqli bo’lib, qanday qilib ifodalanganlikni ko’rsatuvchi formadir.


Bar, ornina jat ! Bundagi so’zlarning grammatik xususiyatlari ham o’zbek tilidagidek. Ammo qozoq tilida joy so’zi o’rnida orin so’zi, y tovushi o’rnida j tovushi qo’llangan. Demak bu tillar garchi genetik jihatdan qarindosh bo’lsa ham, bir xil mazmun, bir-biridan birmuncha farq qiladigan formalar bilan ifodalangan. Til formasida tovush tomonining juda muhim narsa ekanini, u bo’lmasa formaning o’zi mavjud bo’lmasligini har vaqt nazarda tutishi kerak. Aslida, formaning faoliyati bo’lgan narsa materiyaning harakatidan iborat. So’z o’zining tovush materiyasi tufayligina nutqda ma’lum ahamiyat kasb etadi. Tovushgina so’zni eshituvchi uchun borliq tusiga kiritadi.
Shuni ham aytish kerakki, ba’zi tilshunoslar fonemani til formasiga kiritmaydi. Bunday olimlar fonema bilan real tovushni aniq ajratmaganlari uchun ham, fonetik obraz bilan materiyani birlashtirib yuboradilar va fonemaga baho berishda materiyaning xususiyatlaridan kelib chiqadilar.
Tilning formalik xususiyati ko’pincha so’zda deb hisoblanadi. Xususan, til bilan tafakkurning o’zaro dialektik birligi ham so’zda ko’rinadi, chunki so’z tushunchaning formasidir.Shuning uchun lug’atlarda beriladigan so’zlar tilning formasiga taalluqli bo’lsa, ularga beriladigan izoh, ular ifodalaydigan tushunchalarni belgilab berish tilning mazmuniga taalluqli narsa.
Garchi formani mazmundan ajratib bo’lmasa ham, biron mazmun borligini nazarda tutgan holda forma haqida alohida fikr yuritish mumkin bo’lganidek, biron tushunchani ifodalashini unutmagan holda so’z haqida ham gapirish mumkin. Shu jihatdan qaraganda so’z ayrim nutq tovushi yoki ularning ma’lum tartibda birikishidan hosil bo’lgan doimiy butunlik bo’lib, uni ishora yoki simvol deb ham ataydilar. Ishora haqidagi bu fikr formani tasavvur qilishga yordam beradi.
Ayrim ma’noli qismlarga bo’linadigan so’zlarning morfemalari ham nimaningdir ifodalovchisi sifatida til formalaridan biri bo’lib, morfemalar ham lingvistikada til ishoralaridan biri, deb nomlanadi.
Har bir tilning o’ziga xos so’z tuzilishi, modeli bo’lib, ular bu jihatdan ham bir- birlaridan ajraladi.
Morfologik model so’z yasash va forma yasash sohalarini o’z ichiga oladi.
Tillarning taraqqiyot tarixi shuni ko’rsatadiki, jamiyat rivojlana borgan sari mantiqiy mazmun uchun ahamiyati bo’lmagan xususiyatlar kamaya boradi. Masalan, ingliz, tojik va fors tillarida kelishik affikslarining, otlarda grammatik jins ko’rsatkichlarining yo’qolishi shundan dalolat beradi. Eroniy tillardan bo’lgan afg’on tilida birlik, juftlik, ko’plik sonlari saqlanib qolgani holda, u bilan qarindosh til bo’lgan tojik va fors tillarida juftlik son yo’qolib ketgan.
Demak, tillar taraqqiy etgan sari ularning grammatik modeli murakkablashmaydi, aksincha, ixchamlashadi.Mantiqiy ifoda mazmuniga aloqador bo’lmagan qoidalar qancha kam bo’lsa, til shunchalik mukammaldir.
Yuqoridagilardan ko’rinadiki, tildagi formaga quyidagilar kiradi: 1.Grammatik model. 2. Fonema. 3. So’z yoki so’zning ekvivalenti bo’lgan butunliklar. 4. Morfemalar.
Mazmunga shular kiradi: 1.Leksik tushuncha. 2. Grammatik tushuncha. 3.Tushunchaga kiradigan belgilar.
Bunday ajratish aslida shartli va ma’lum nuqtai nazardan, ular orasidagi o’zaro o’tish xususiyati mavjud bo’lib, u yuqorida aytib o’tildi.
Xullas, tushunchalarni va psixikadagi obrazlarni ifodalovchi butunliklar tilning formasini tashkil qilsa, tushuchalar va psixik obrazlar tilning mazmunini tashkil qiladi.
XIX asr oxirlariga kelib, til formasi haqidagi ta’limot grammatik forma haqidagi talimotdan iborat bo’lib qoldi. Grammatik forma esa nutqqa aloqador fakt.
Til elementlari bo’lgan so’zlar, grammatik qoidalar va grammatik vositalardan nutq yuzaga keladi. Bu degan so’z- so’zlarni ma’lum grammatik forma qiyofasiga kiritish, ularni biriktirish va gap tuzish demakdir.
Nutq ana shunday so’zning grammatik formalari, so’z birikmalari va gaplardan vujudga keladi. Mantiqiy izchillik nuqtai nazaridan olganda, nutq gaplardan-gap formalaridan, gap so’z birikmasi va gap bo’lagi formalaridan tuzilib, ularning hammasi so’zning grammatik formasiga asoslanadi.
Gaplarning ma’lum mazmun asosida ketma-ket, yonma-yon kelishi nutqiy kontekstni hosil qiladi. Agar gap nutqning eng kichik birligi bo’lsa, kontekst nutqning cheksiz katta birligidir. Nutqning bu miqdoriy xususiyati nutqning formalik xususiyatini ikki xil baholashni talab qiladi. Chunonchi, gap butun tarkibiy qismlari bilan birga tilning formasi, til esa o’sha formaning mazmunidir.
Gaplardan tuzilgan kontekst til vositasi bilan ifodalanadigan madaniyatning formasidir. Bu ma’noda endi nutqni milliy madaniyatning formasi deyish mumkin.
Tilshunoslik uchun nutqning eng kichik birligini, ya’ni gapni va uning elementlarini tahlil qilish muhim. Chunki kontekstning sifati gap formasining sifatidan, gapning sifati esa uning tarkibiga kiradigan so’zlarning grammatik formalaridan kelib chiqadi.
Grammatik forma, u qanday ko’lamda bo’lmasin, so’zlarning nutqda o’zaro birikishlari chog’ida turli fonetik va semantik o’zgarishlarga uchrashi bilan bog’langan hodisadir. Bunda grammatik ma’no bilan uni ifodalaydigan vositalarning leksik ma’no ifodalovchi qismiga munosabati asosiy rolni o’ynaydi.
Grammatik forma hammadan burun so’zlarning leksik ma’nolariga qo’shiladigan grammatik ma’noning mavjud bo’lishini nazarda tutadi. Grammatik ma’no ayrim so’z doirasida ham, gap doirasida ham yuzaga keladi.
Ayrim so’zdagI grammatik ma’no shu so’zning gapdagi boshqa so’zlar bilan munosabatining nimadan iborat ekanligidir. Ma’lumki, grammatik ma’nolar affikslar, yordamchi so’zlar, so’zlarni takrorlash, soz tartibi kabilar bilan ifodalanadi. Gapdagi so’zlardan ba’zilarining urg’usini sifat jihatidan o’zgartirish, o’rnini o’zgartirish orqali darak gapni so’roq gap yoki undov gapga aylantirish mumkin. Bunday intonatsion o’zgarish bilan bog’langan grammatik ma’no butun gap uchun xos. Shuning uchun bu yerdagi grammatik butunlik butun gap bo’lib, endi so’z formasi yoki so’z birikmasi haqida emas, gap formasi haqida gapirishga to’g’ri keladi.
Grammatik forma uch xil butunlikka nisbatan qo’llanishi mumkin. Shu jihatdan u uch turga bo’linadi: 1)so’zning grammatik formasi, 2)so’z birikmasi formasi, 3) gap formasi.
Bu formalar ham tildagi formalar kabi, bir tomondan, erkin va bog’liq bo’lishi, ikkinchi tomondan, sodda va murakkab bo’lishi mumkin.
Mustaqil sodda va qo’shma gaplar bir butun holda gapning bosh bo’laklari, undalma, kirish so’z va kirish gaplar nutqning erkin formalari bo’lsa, ergash gaplar, ikkinchi darajali bo’laklar, vositali kelishik formalaridagi so’zlar nutqning bog’liq formalaridir.
So’z birikmalari, gaplar, murakkab gap bo’laklari birdan ortiq sodda formalardan tuzilgan murakkab formalardir.
Nutqning formalari vazifasiga ko’ra barqaror va o’tkinchi bo’lishi mumkin.
Barqaror formalar nutqda eng so’nggi grammatik shakllanish bo’lib, undan o’zi kabi boshqa forma yasalmaydi. O’tkinchi forma esa boshqa formaning yasalishi uchun xizmat qiladi. Masalan, so’zning bir grammatik formasidan yangi grammatik forma yasashda avvalgisi o’tkinchi forma holatida bo’ladi. O’tkinchi forma shu gapda biron sintatkiik vazifa bajarmaydi, u yangi forma uchun negiz rolini o’ynaydi. Ayrim olingan so’z formasigina emas, so’z birikmalari, hatto, gaplar ham o’tkinchi forma vazifasida qo’llanishi mumkin.
Ma’lumki, mazmun taraqqiyot jarayonida formaga nisbatan yetakchi rol o’ynaydi. Ammo tilni o’rganish va tasvirlashda til va nutq formalari asosiy o’rinda turadi. Tilda, ayniqsa, grammatikada formaga e’tibor berish juda ham zarur. Til va uning kategoriyalarini o’rganish ma’noni tahlil qilishdan boshlanmasligi, balki ma’noni aniqlash bilan yakunlanishi kerak.
Download 39.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling