Tilshunoslik fanidan ma’ruzalar matni
Chog‘ishtirish va tipologik metod
Download 1.42 Mb.
|
Ma\'ruza matni Tilshunoslik 4-kurs
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tipologik metod
4. Chog‘ishtirish va tipologik metod
Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu metodda lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli jihatlari tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik jihatlariga, taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet tillarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar uchun ham xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar, tillar uchun umumiy grammatikalar, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish texnikasi va nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar natijalaridir. Bu metod bir tilda oddiy tasvirlash metodidan foydalanilganda yuzaga chiqmagan xususiyatlarni ochib berishga yordam beradi. Bu esa tillarning tarkibini chuqurroq o‘rganish va bilishga imkoniyat yaratadi. Ikkinchi tomondan, chog‘ishtirish metodi lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratish kabi sof amaliy maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu metodni qo‘llash usullari quyidagilardir: so‘z va qo‘shimchalarni farqlash, qo‘shimchalarning birikishini tavsiflash; shevalar va tillar orasidagi tovush almashinuvi va mos kelishlikni aniqlash; adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ularga o‘rgatish metodikasini shakllantirish; bir tilda ifodalangan ma’no yoki vazifa boshqa tilda qanday usul va vosita bilan berilishini aniqlash; bir tilli (izohli) va ko‘p tilli tarjima lug‘atlari tuzish. Hozirgi kunda chet tillarni o‘rganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, mazkur metod usullarini qo‘llash vositasida amalga oshirilmoqda, shu bois bugungi kunda uning nazariy va amaliy ahamiyati yanada ortdi. Tipologik metod esa o‘zaro genetik bog‘liq va genetik bog‘liq bo‘lmagan til oilalariga tegishli tillarni qiyoslash asosida o‘rganadi. Shu xususiyati bilan ushbu metod faqat bir til oilasiga kiruvchi tillarni tadqiq qiluvchi qiyosiy-tarixiy metoddan farq qiladi. Ushbu metodning mohiyati shundan iboratki, bunda tillar genetik jihatdan qaysi oilaga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar tuzilishidagi o‘xshash va farqli jihatlariga ko‘ra qiyoslanadi, tillarning struktur-qurilish xususiyatlari aniqlanadi, muayyan xulosalar chiqariladi. Tillarni tipologik o‘rganishning quyidagi yondashuvlari mavjud: klassifikatsion-tasnifiy, xarakterologik, belgili va ichki sistem yondashuvlar. Download 1.42 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling