Undov nazariyasi. Bu nazariya tilning paydo bo`lish masalasini boshqacha talqin etadi. Ushbu nazariya tarafdorlari tildagi barcha so`zlar kishilarning his -tuyg`ulari, qahr-g`azablari, hayajonlari ta’sirida ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz baqirishlari natijasida paydo bo`lgan, deb da’vo qiladilar. Bunday so`zlarga oh (ohlamoq), uff (uflamoq), voy (voyvoylamoq), dod (dodlamoq) kabilarni misol keltiradilar va tildagi boshqa so`zlar esa ana shu kabi so`zlarning kombinatsiyalaridan kelib chiqqan, deb hisoblaydilar. XVIII asrda yashagan fransuz olimi Jan Jak Russo ham shu nazariya tarafdorlaridan biri bo`lgan. Madomiki, tildagi barcha so`zlar haqiqatan ham shu nazariya tarafdorlari aytganidek yaratilgan bo`lsa, tildagi emotsiyalardan yiroq ming – minglab predmetlarning nomi qanday paydo bo`lgan? Tabiiyki, undov nazariyasi tarafdorlari bu kabi savollarga javob berishga ojiz. Undov nazariyasi tilning ijtimoiy xarakterini inobatga olmaydi, ya’ni biologik aspektning birgina jihatiga tayanib inson va kishilik jamiyatining paydo bo`lishini hisobga olmaydi. Bu g`ayriilmiy nazariyadir.
Mehnat qiyqiriqlari nazariyasi. Bu nazariya tarafdorlari tildagi barcha so`zlar ibtidoiy kishilarning birgalashib mehnat qilishlari jarayonida mehnat qilishga undaydigan ixtiyorsiz qiyqirishlar natijasida paydo bo`lgan, deb da’vo qiladilar. Uning asoschisi XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan fransuz faylasufi L.Nuaredir. Nemis olimi Karl Byuxer ham shu nazariyani qo`llab quvvatlagan. Mehnat qiyqiriqlari nazariyasi undov nazariyasiga o`xshab ketadi. Biroq bunda qiyqiriq va hayqiriqlar kishilarning mehnati jarayonida yuz beradi. Instinktiv qiyqiriqlar mehnat bilan bog`liq bo`lsa-da , u biologik faktordir. Mehnat qilishdagi hayqirishlar mehnat jarayonidagi harakatni bir maromga solish uchun vosita bo`lgan, xolos. (Bu hozirda ham xuddi shunday.) Ammo hayqiriqlar, qiyqiriqlar mantiqan hech qachon kishilarning aloqa vositasi bo`la olgan emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |