Tinch o‘yinlar
Download 150.49 Kb.
|
didaktik
Tinch o‘yinlar«O‘zim tekshiraman». Bunday o‘yinlarni o‘tkazishda kichik hajmdagi diktant matni tanlanadi va u darsning kirish qismida uyushtiriladi. O‘qituvchi o‘quvchilarga kichik hajmdagi diktant yozdiradi. Barcha o‘quvchilar yozib bo‘lishgach, o‘qituvchi xattaxtaga diktantni yozib ko‘rsatadi. Mabodo diktant oldin xattaxtaga yozilib, usti yopib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘qituvchi pardani ochadi. O‘quvchilar esa unga qarab o‘zlari yozgan diktantni tekshiradilar. Bunday diktantlarni alifbe davrida ham qo‘llash mumkin bo‘lib, o‘qituvchi avvaliga faqat harflardan, so‘ngra (undosh harflar bilan tanishtirilgach) bo‘g‘inlardan iborat quyidagicha turli variantlarda diktant yozdirsa, o‘quvchilarning o‘quv-biluv malakalari shakllana boradi. variant: O,o, I,i, U,u, A,a. variant: -Lo, -no, -to, -mi, -un, -in. variant: Bola, lola, ona, zar, par. variant: Bugun havo issiq. «Hikoya». O‘qituvchi xattaxtaga bir nechta so‘z yozib qo‘yadi. O‘quvchilar mustaqil ravishda shu so‘zlar ishtirokida hikoya tuzadilar. Shu jarayonda ularning lug‘at boyligi oshishi bilan birga, gaplarni to‘g‘ri tuzish, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, ijodiy va mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanadi. O‘qituvchining vaqti-vaqti bilan rag‘batlantirishi o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttiradi. Bu o‘yindan darsdan tashqari mashg‘ulotlarda, to‘garaklarda ham bemalol foydalanish mumkin. Masalan: Nafisa, soat, yomg‘ir, kitob. «U kim? Bu nima?». Stol ustiga bir qancha predmetlar terib qo‘yiladi. O‘qituvchi shu predmetlardan birortasini ta'riflaydi. O‘quvchilar shu belgilar asosida gap nima haqida borayotganligini topadilar. Bu o‘yinning afzallik tomoni shundaki, uni dars davomida o‘quvchilar diqqatini jamlash, qo‘llariga dam berish maqsadida yoki yangi tovushlar bilan tanishtirish, yangi mavzuni bayon qilish jarayonida foydalanish mumkin. Bu o‘yin o‘quvchilarda ziyraklik, sinchkovlik sifatlarini va mustaqil fikrlash qobiliyatlarini shakllantirishga imkon beradi. Masalan: U shar shaklida. Uni mashhur sportchilarimiz ham stadionlarda o‘ynaydilar. U yosh bolalarning ham sevimli o‘yinchog‘i. (javob: koptok). «Topag‘on». O‘qituvchi biror belgi asosida savol beradi. O‘quvchilar shu belgini o‘zida aks ettirgan predmetlar nomlarini aytadilar. Eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan o‘quvchilar g‘olib sanaladi. Bu o‘yinni o‘tkazish o‘quvchilarga so‘z turkumlari haqidagi dastlabki ma'lumotlar berish jarayonini engillashtiradi. Bundan tashqari, hozirjavoblik, mustaqillik, ziyraklik, ijodkorlik kabi sifatlarni shakllantiradi. Savol: Nima oq rangda? Javob: qog‘oz, daftar, bulut, parda, qor, buvimning sochlari, .. «Noto‘g‘ri jumla». Bu o‘yin suratlar asosida o‘tkaziladi. O‘qituvchi suratni tasvirlab berish davomida suratga tegishli bo‘lmagan jumlalarni ham ishlatadi. O‘quvchilar ziyraklik bilan shu jumlani topishlari lozim. O‘quvchilardan bu o‘yin davomida ziyraklik, sinchkovlik, kuzatuvchanlik va diqqat talab qilinadi. Ular suratni sinchkovlik bilan kuzatish bilan bir qatorda o‘qituvchining hikoyasini ham diqqat bilan tinglab turadilar. Har bir noto‘g‘ri jumlani topish ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va darsga qiziqishini orttiradi. Bu o‘yindan faqat ona tili darslarida emas, darsdan tashqari mashg‘ulotlarda ham foydalanish mumkin. «Bo‘lishi mumkin emas». O‘yin davomida o‘qituvchi matnni o‘qiydi. O‘quvchilar bo‘lishi mumkin bo‘lmagan voqealar ifodalangan jumla yoki gapni topishlari lozim. Hazil-mutoyiba bilan o‘tadigan bu o‘yin ziyraklik, sinchkovlik va kuzatuvchanlikni talab qilishi bilan birga, hikoya tinglash ko‘nikmasini shakllantirishga ham yordam beradi. Bu o‘yin bir necha marta o‘tkazilgach, keyinchalik o‘quvchilarga mustaqil ravishda shunday hikoyachalar tuzishni ham topshirish mumkin. Namuna: Dushanba dam olish kuni bo‘lgani uchun Olim maktabga bormadi. U singlisi Vazira bilan hayvonot bog‘iga bordi. Ular hayvonot bog‘ida suvda suzib yurgan sherni, qafasda sayrayotgan baliqlarni va kattakon vahshiy bulbulni ko‘rdilar. «Harflarni top». Bu o‘yinni og‘zaki yoki rasmli testlarda tovushlarning o‘rnini topishda qo‘llaniladigan rangli to‘rtburchak qog‘ozchalar vositasida ham o‘tkazish mumkin. Bunda ikki xil rangdagi to‘rtburchak qog‘ozchalar olinadi. O‘qituvchi so‘zlarni o‘qiydi. O‘quvchilar esa mustaqil ravishda topish lozim bo‘lgan tovush o‘rnini bir xil rangdagi, qolgan tovushlar o‘rnini ikkinchi xil rangdagi qog‘ozchalar bilan ko‘rsatadilar. Masalan «ona» so‘zidagi «a» tovushining o‘rnini rangli qog‘ozchalar bilan shunday ko‘rsatadilar: yoki tovushlar sxemasini quyidagicha chizib ko‘rsatadilar:
O‘qituvchi bu o‘yindan savod o‘rgatishda samarali usul sifatida foydalanishi mumkin. O‘quvchilarning nutqini rivojlantirish maqsadida o‘yinni og‘zaki ham o‘tkazish mumkin. Masalan: «Maktab» so‘zidagi «a» tovushining o‘rnini topib aytish kerak bo‘lsin. «Maktab» so‘zida «a» tovushi birinchi bo‘g‘inda ikkinchi o‘rinda «m» tovushidan keyin turibdi, ikkinchi bo‘g‘inda esa «t» tovushidan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. «O‘qib ko‘r-chi». O‘qituvchi o‘quvchilarga yozma va bosma harflar bilan katta-katta qilib yozilgan so‘zlarni ko‘rsatadi. O‘quvchilar o‘qiydilar. Tez va to‘g‘ri o‘qigan o‘quvchilar rag‘batlantiriladi. Shu xildagi o‘yinlar vositasida o‘quvchilarning o‘qish texnikasi shakllantiriladi. Bu o‘yinni «Alifbe» davrida ham qo‘llash mumkin. Uni undosh tovushlar hali o‘rganilmagan davrda faqat tovushlar, keyinroq esa bo‘g‘inlar, so‘zlar, gaplar vositasida o‘tkazish mumkin. «Davom ettir». Bu o‘yinda o‘qituvchi hikoya boshlaydi. O‘quvchilar uni mustaqil davom ettiradilar. Bunda o‘quvchilarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash qobiliyati rivojlanib, bayon yoki insho kabi ijodiy ishlar yozish ko‘nikmasi rivojlanadi va so‘z boyligi ortadi. Bundan tashqari, ularda o‘ziga ishonch hissi shakllanib boradi. «Davom ettir» o‘yinidan ona tili, o‘qish darslarida yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin. Masalan: «Bugun men barvaqt maktabga kelayotganimda ... ». «Safar». O‘quvchilarga maktabdan yoki o‘z uylaridan ma'lum bir joygacha bo‘lgan yo‘lni tasvirlash topshiriladi. O‘quvchilar bir necha kun davomida «ob'ekt»ni kuzatadilar va uni og‘zaki tasvirlab beradilar. Sinchkovlik, ziyraklik, kuzatuvchanlik, atrof-muhitga diqqat- e'tibor talab etiladigan bu o‘yin vositasida Vatanga e'tiqod, tabiatga muhabbat hislarini tarbiyalash mumkin. Bundan tashqari, o‘quvchilarning nutqi rivojlanadi, lug‘at boyligi ortadi, mustaqil fikrlash malakalari shakllanadi. Shu bilan birgalikda o‘quvchilarning yo‘l harakati qoidalarini qay darajada bilishlarini ham aniqlash mumkin. «Safar» o‘yinidan mustahkamlash darslarida yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin. Masalan: Uydan sport majmuasigacha bo‘lgan yo‘l. Men darsdan keyin sport majmuasidagi kurash to‘garagiga qatnayman. U erga borish uchun uydan chiqib, chap qo‘l tarafga qarab yuraman. Katta yo‘ldan o‘tish uchun piyodalarga ajratilgan yo‘lak bo‘ylab borib, svetoforning yashil chirog‘i yonganda maxsus ajratilgan joydan o‘tib olaman. To‘g‘rida sport majmuasi ko‘rinib turadi. «Sirli so‘z». O‘qituvchi o‘quvchilarga sirli katakchalarda bir xil so‘z necha marta yozilganligini topishni aytadi. Eng ko‘p topgan o‘quvchi g‘olib sanaladi. «Sirli so‘z» o‘yini o‘quvchilarni boshqotirmalarni hal etishdagi dastlabki ma'lumotlar bilan tanishtiradi va ularning fikr doirasini kengaytirishga yordam beradi. Masalan: Quyidagi katakchalarda «Kiyik» so‘zi necha marta yozilgan?
«Zanjir». O‘qituvchi o‘yinni boshlab o‘quvchilarga bitta so‘z aytadi. O‘quvchilar bu so‘z qaysi harf bilan tugagan bo‘lsa, shu harf bilan boshlanuvchi so‘zni topib aytadilar. So‘z o‘yini shu tarzda davom etadi. Bu o‘yin 1-sinflarda so‘zlar, yuqori sinflarda esa maqollar, tez aytishlar, hikmatli so‘zlar yoki she'riy baytlar vositasida o‘tkazilishi mumkin. Bunday o‘yinlarning o‘tkazilishi o‘quvchilarning xotirasini mustahkamlaydi, hozirjavoblikka, mustaqil fikrlashga o‘rgatadi. Bu o‘yindan ona tili va o‘qish darslarida dam olish daqiqalarida yoki darsni boshlashdan avval o‘quvchilar diqqatini to‘plab olish maqsadida foydalanish mumkin. Masalan: Tabiat, taom, maymun, nok, kitob, botir, rayhon, ... . «O‘yin-topishmoq». Bu o‘yindan darsning ma'lum bir qismida kichik hajmda yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlarda katta hajmda foydalanish mumkin. U quyidagi tartibda o‘tkaziladi. O‘qituvchi biror bir narsani topishmoqlar yoki so‘zlar vositasida uch marta ta'riflaydi. Birinchi ta'rif murakkab, ikkinchi ta'rif engilroq, uchinchi ta'rif esa juda engil bo‘ladi. Birinchi ta'rifdanoq to‘g‘ri javobni topgan o‘quvchiga «3» ball, ikkinchi ta'rifda to‘g‘ri javobni topgan o‘quvchiga «2» ball, uchinchi ta'rifda to‘g‘ri javobni topgan o‘quvchiga esa «1» ball beriladi. Bu o‘yinni bir o‘quvchi bilan og‘zaki yoki ko‘pchilik o‘quvchilar bilan yozma ravishda o‘tkazish mumkin. Bunday o‘yinlar o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lib, ularning fikrlash darajasini aniqlash va rivojlantirishga yordam beradi. Masalan: ta'rif: Aytishlaricha, u shunaqa oq ko‘ngil ekanki, mabodo biror kishini chaqib qo‘ysa, xafa bo‘lganidan, o‘zi halok bo‘lar ekan. ta'rif: U hashorotning nomiga shirinlik nomi ham qatnashgan. ta'rif: Guldan-gulga qo‘nar u, Sharbat yig‘ib jo‘nar u. Yig‘ib o‘zi emaydi, Uyasiga to‘playdi. Hosili men-u senga, Kim nomin aytar menga? (Asalari) «Bu meniki». O‘qituvchi harf yozilgan kartochkalarni o‘quvchilarga tarqatadi. Har bir kartochkada har xil harf yozilgan bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘qituvchi so‘zlarni o‘qiy boshlaydi. O‘quvchilar qo‘llaridagi kartochkada yozilgan harf bilan boshlanadigan so‘zni eshitishlari bilanoq «Bu meniki» deb javob berishlari shart. O‘qituvchi so‘zlarni tezroq o‘qiydi, o‘quvchilar ziyraklik bilan tinglaydi. «Tez javob». O‘qituvchi yoki boshlovchi o‘quvchilar qatorini oralab yurib, o‘quvchilardan birini turg‘izadi va biror narsaning nomini aytadi. O‘quvchi shu narsa mansub bo‘lgan turga kiruvchi so‘z topib aytishi lozim. Javob to uchgacha sanaguncha aytilishi kerak. Javob berolmagan o‘quvchi o‘yindan chiqariladi. O‘yin bitta o‘quvchi qolguncha davom ettiriladi. Bunday o‘yin davomida o‘quvchilarda hozirjavoblik, mustaqil fikrlash qobiliyati rivojlanib, atrof-muhitni sinchkovlik bilan kuzatadi, atrofdagi sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga qiziqishi ortadi. Masalan: O‘qituvchi: «Hayvon». O‘quvchi: «It». O‘qituvchi: «Badiiy film». O‘quvchi: «Abdullajon». O‘qituvchi: «O‘quv quroli». O‘quvchi: «Daftar». O‘qituvchi: «Qizlar ismi». O‘quvchi: «Munavvar» ... . Download 150.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling