Toggle navigation Ozod Sharafiddinov
Download 84.5 Kb.
|
Mustaqillik sharafiddonov
Mustaqillik Turna
PreviousNext O`zЎзбРус Toggle navigation Ozod Sharafiddinov Ozod Sharafiddinov hayotda ham, ijodda ham o’zining haqqoniy so’zi, iroda va matonati bilan yurtdoshlarimizga, avvalambor yoshlarimizga ibrat bo’layotgan, tom ma’nodagi ma’rifat- parvar insondir. Agar adabiyotimiz tarixi o’zanidan turib, yaqin yuz yillikka nazar tashlasak, juda ko’p qalamkashlarning nomlariga ko’zimiz tushadi. Ulardan hech birining xizmatlarini sira ham kamsitmagan holda aytish mumkinki, keyingi ellik yil ichida faoliyat ko’rsatgan adabiyotshunoslar, publitsistlar silsilasida Ozod Sharafiddinovning nomi alohida bir cho’qqi yanglig’ ko’zga tashlanib turibdi. Kishi ismiga tortadi degan ta’bir - dono hikmat. Ozod Sharafiddinov O’zbekiston va o’zbek adabiyotining XX asr tarixida chinakamiga o’z shaxsi, o’z dunyoqarashi, o’z e’tiqodi, o’z iste’dodi, o’z imkoniyatlari ozodligini bir butun takrorlanmas hodisa deb bilgan, bu yuksak qadriyatlar taqozo etadigan mashaqqatlar yukiga yelkasini og’rinmay tutgan, bir zum el nazaridan chetda emasligini his etib yashagan allomalardan. Hazrat Mahmud Qoshg’ariy qomusini turkiy tilda tuzib ketgan, Yusuf Xos Xojib va Navoiy ruhiy qudrati bilan buyuk ma’naviy obidalar yaratilganidan keyin asrlar o’tib Mavlono Abdulla Qodiriy qalamidan dilbar nasr dunyoga kelgani hammaga ayon. Ana shu silsilada davr taqozosi bilan uzilish sodir bo’lganida Ozod Sharafiddinov degan munaqqid dunyoga kelishi tabiiy edi. Gap shundaki, Odil Yoqubov nasri va Abdulla Oripov nazmi yangi bir avlod dunyoga kelganini isbotlashi uchun ularni nazorat - tahliliy jihatdan qo’llab-quvvatlash kerak edi. Ana shu zalvorli yukni zimmasiga olgan adabiy tanqidchimiz o’zbek adabiyoti silsilasida uzilish bo’lmasiligi uchun kurashdi, mas’uliyatini tengdoshlari bilan baham ko’rdi, rang-barang asarlarni qo’llab-quvvatladi, javobini ololmagan savollariga jahon adabiyoti va falsafasi ummonidan talqin izladi, nimalarnidir topgandek bo’ldi. Qarabsizki, nafaqat 60-yillar avlodlari qolaversa, yangi avlodlar ham Ozod Sharafiddinov nuqtai nazari bilan hisoblashadigan bo’ldi. Buning boisi alloma yaratgan maqolalar va asarlar nainki adabiy, shuning barobarida falsafiy tanqid edi. Ozod Sharafiddinov adabiyotning bosh vazifasi Olam, Inson va uning qalbini tasvirlash degan azaliy qadriyat, ya’nikim bag’ri butunlikda ekanligiga sodiq qoldi. Ozod Sharafiddinov ijod qilgan kattakon davrda o’zbek adabiyotida jahon adabiyoti talablariga javob bera oladigan bir talay asarlar yaratildi. Shuhrat, Said Ahmad, Shukrullo, ularning izidan kelgan Pirimqul Qodirov va Odil Yoqubov, so’z san’atimizga yangi qon bo’lib qo’shilgan O’tkir Hoshimov va Shukur Xolmirzaev, she’riyatimiz ufqlarini kengaytirgan Erkin Vohidov va Abdulla Oripov singari o’nlab, yuzlab ijodkorlar biri-biriga o’xshamagan, betakror asarlar yaratdilar. Shunda Ozod Sharafiddinovning "Iste’dod - Xalq mulki" degan iborasi mag’rur jarangladi. Uning yutuqlaridan quvongan munaqqid har bir yaxshi namunasini kitobxon ahliga yaqinlashtirdi, ijodkor nazarda tutmagan jihatlarini kashf etdi, xalq farzandlarini adabiyotni tushunishga o’rgatdi. Ozod Sharafiddinov iste’dodini, kelajakda katta ijodkor olim bo’lishini Abdulla Qahhordek ulug’, xalqimiz sevgan adibimiz ko’ra bilgan va mehr qo’yib, bag’riga olgan edi. Abdulla Qahhor suhbatlarining birida Ozod Sharafiddinovni tilga olib: "Shunday yozmoq kerakki, nosfurush sening kitobing sahifasiga nos o’rab sotgan bo’lsa, uyida uni ochib, matniga ko’zi tushgan odam: "Ie, bu Ozodning gaplari-ku", deya sahifani ehtiyot qilib, olib qo’ysin". Bu haq gapni tan olgan va qadrlay bilgan Ozod Sharafiddinov "... bundek mukammal yozmoq uchun, bu darajada barkamol san’at namunasini yaratmoq uchun ijodkor Abdulla Qahhordek mehnatkash bo’lmog’i lozim. Bu esa hammaga ham nasib qilavermaydi. Faqat o’z Vatanini jon dilidan yaxshi ko’rgan, o’z xalqini har tomonlama barkamol ko’rishni istagan, ko’ksida istiqlol yolqini barq urib turgan san’atkorgina bu baxtga musharraf bo’ladi", deb qayd etgan edi. Ustozni bunday ulug’lash va ularga ta’zim qila bilish uchun Ozod Sharafiddinovdek adabiyotshunos bo’lib yetilmoq kerak. Ozod Sharafiddinov odil inson, zahmatkash olim, mehribon padar sifatida bu yorug’ dunyoda muhtasham iz qoldirdi. O’zidan o’lmas ijodiy meros qoldirdi. Bu ijod nainki bir insonning, balki butun bir millatning faxru g’ururi bo’la oladigan ijoddir, o’zbek xalqining, millatimizning o’tmishi, buguni va kelajagiga dahldor ijoddir. "Zamon", "Qalb", "Poeziya", "Yalovbardorlar", "Iste’dod ji- lolari", "Birinchi mo’’jiza", "Adabiyot - hayot darsligi", "Cho’lponni anglash", "Ijodni anglash baxti", "Davondagi o’ylar" kabi adabiy- tanqidiy risolalari chop etildi. Umuman olganda, Ozod Sharafiddinov yaratgan adabiy merosni sarhisob qiladigan bo’lsak, alohida chop etilgan asarlarining o’zi - 28 taga, vaqtli matbuotdagi maqola va suhbatlari 385 taga yetadi. To’plamlardagi maqolalar, kirish so’zlar, so’zboshi va so’ngso’zlar 50 dan ziyod, tarjima asarlari esa 150 taga yaqin. Olimning rahbarligida 29 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Ozod Sharafiddinov fikrat ibrati, jasorat ibrati, ta’b ibrati, zakovat ibrati singari bir qancha ibratlarni o’zida mujassamlashtirgan allomalarimizdan edi. Suyanadigan Ma’rifat bo’lganidan keyin shunday bo’lishi tabiiydir. Ustozdan minglab shogirdlar qoldi. Bu shogirdlar nafaqat O’zbekistonda balki bizga ma’lum bo’lgan barcha mintaqalarda domla o’rgat- gan ilm bayrog’ini baland ko’tarib, chirog’larini yoqib kelayotir. JASORATLI SO’Z SOHIBI Zamonaviy badiiy tafakkurimiz rivojida o’chmas iz qoldirgan, hamisha barhayot siymo sifatida tan olingan Ozod Sharafiddinov nomi doimo yuksak ehtirom bilan tilga olinadi. Prezident Islom Karimov aytganidek, keyingi yetti-o’n yil davomida teran fikrlaydigan, ahli donish kishilar ko’zga yaqqol tashlanib qoldi. Shunday kishilardan biri professor, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, Mustaqil O’zbekistonning faxriy nishonlaridan - "Buyuk xizmatlari uchun", "Mehnat shuhrati", "O’zbekiston Qahramoni"ning sohibi Ozod Sharafiddinovdir. Minbarlarda, shogirdlar va do’stlar davrasida adabiy baxslar va munozaralarda o’ziga xos fazilatlarga - to’g’ri so’zligi, murosasizligi, bilimdonligi, hayotdagi va adabiyotdagi har bir hodisa, har bir ijodkor, turli zamonlarga mansub san’atkorlar va asarlar xususida o’z fikri, o’z talqini va tanqidiy qarashlari bor inson sifatida takrorlanmas shaxs Ozod Sharafiddinovdir. Ozod Sharafiddinov 1929 yil Qo’qon shahrida tavallud topdi. Toshkentda o’rta maktabni oltin medal bilan tugatdi va Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida, so’ngra Moskvadagi jahon adabiyoti instituti aspiranturasida tahsil oldi. Akademik Matyoqub Qo’shjonov eslaydi: "Ming to’qqiz yuz ellik beshinchi yilning aprel oyi. Maksim Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti. Moskvaning yetakchi adabiyotshunos olimlari institut zaliga yig’ilgan. Minbarda yoshi endigina 26 ga to’lgan, o’rta bo’yli, xipcha gavdali, qoraparang, qirg’iy burun yigit. U "Ikkinchi jahon urushi yillarida o’zbek dostonchiligi" mavzuida nomzodlik dissertatsiyasining mazmuni xususida ma’ruza qilayapti... U yigit endilikda taniqli adabiyotshunos, munaqqid bo’lgan professor Ozod Sharafiddinov edi". Moskvadagi tahsil O.Sharafiddinovga juda ko’p narsani o’rgatdi. Birinchidan, u adabiy hayotni his qildi, adabiy uchrashuvlarda muntazam qatnashdi, gazeta-jurnal tahririyatlarida bo’ldi, ko’plab yozuvchilar bilan tanishdi. "Bizning tanglayimizni G’afur G’ulom she’ri bilan ko’tarishgan, - deb yozadi Ozod Sharafiddinov "Daryodil shoir" badiasida. - Menga tengqur avlodning ruhiy olamini, ma’naviy dunyosini G’afur G’ulomsiz tasavvur etish mushkul. G’afur G’ulom bo’lmaganida bu olam anchagina g’arib, kemtik bo’lardi". Mana shu qisqa, lo’nda fikrda Ozod Sharafiddinovninggina emas, unga mansub avlodning, qolaversa, G’afur G’ulomday ijodkorlar avlodining mohiyati anglashiladi. U adabiy tanqid dargohiga qadam qo’ygan kezlarda o’zbek adabiyoti deb atalgan bir butun voqelik to’rtala kattakon sho’’bada har biri o’zicha yashayotgan edi. Bular, birinchidan, xuddi folklor singari zarur bo’lgandagina murojaat etiladigan mumtoz adabiyot. Ikkinchidan, qatag’on etilgan XX asr so’z san’atkorlarining hali xalq yodidan chiqmagan yoki nashriyotlar tortmalarida qolib ketgan asarlari. Uchinchidan, har kuni gazeta va jurnallarda chop etilayotgan, katag’on bo’ronidan egilgan, mafkura jaziramasida qovjiragan o’ta siyosatlashgan sovet kishisini o’zbek tanasi va timsolida tasvirlovchi asarlar va nihoyat, to’rtinchidan adabiyotga endigina kirib kelayotgan navqiron ijodkorlarning asari. Folkor va mumtoz adabiyot sof adabiyotshunoslik mavzusi bo’lgani bois munaqqidimiz oxirida sanalgan uchtasiga murojaat etishga intilgan. Ammo... Butun baxt-soadatini o’zligidan yiroq ketganicha jamoaviylikda, zo’ravonlarcha singdirilgan mafkura ta’siridagi sovet kishilariga xos ajobtovur mahdudlik va qaysarlikda deb bilmagani, har bir xatti-harakati alaloqibat Vatan va o’zlikka borib taqalgani bois Abdulla Qodiriy yoki Cho’lpon yaratgan badiiy olamga murojaat etish imkoniyatlari cheklangan edi. Bu badiiy olamga murojaat etish imkoniyati tug’ilishini roppa-rosa qirq yil kutgan Ozod Sharafiddinov zamondoshlari bilan, ularning yangidan-yangi asarlari bilan hamnafas yashadi, ajoyiblarini quvvatladi, hotamtoyona qo’llab-quvvatladi, arzimaslarini ayamadi, shafqatsiz chipakka chiqardi. Vaqt muqarrar qilishi mumkin bo’lgan ishga esh bo’ldi. Tanqidchining bilimdonligi, yaxshi asardan zavqlanishi jahon xalqlarining adabiy kartasini qiynalmay "o’qiy olishi" masalaning bir tomoni. U bilganlarini adabiy jarayonga tatbiq qila olishi, o’z yo’nalishini izchillik bilan davom ettirishi, muhimi, nuqtai nazari hayotda qo’llanilayotganiga ishonch hosil qilish kerak. Boshqa- cha aytganda, tanqidchi iste’dodining yuzaga chiqishi, amalda qo’llana boshlanishi muhimdir. "Tanqidchining kuchi, tanqidchining qadri uning adabiy jarayonga ta’siri bilan belgilanadi, - deb yozadi O. Sharafiddinov "Tanqidchilik kasbi haqida" maqolasida. - Adabiy jarayonga ta’sir ko’rsatish uchun tanqidchi g’oyat chuqur, g’oyat salmoqli, dalilli fikrlar, muammolar, mulohazalarni o’rtaga tashlashi kerak. Fikr esa g’oyibdan hosil bo’lmaydi. Fikr bilimning hosilasi". Ozod Sharafiddinov tanqidchilik muammolariga ham ko’p to’xtalib o’tganlar. Tanqid - bu adabiyotdagi go’zallikni kashf etish, adabiyotning badiiyligini aniqlash, insonga ta’sir qiladigan estetik omillarini belgilovchi san’at. U o’zbek adabiy tanqidchiligiga munosabat bildirib, uning rivojlanishi uchun to’siq bo’layotgan bir qator illatlar xususida so’z yuritganlar. Masalan, eng katta kamchilik - vulgar sotsiologizm usuliga keragidan ortiq mahliyo bo’lish. "Sotsiologik tahlil oson - uni amalga oshirish uchun unchalik jon kuydirmasdan - asarning mavzusini, mazmunining asosiy nuqtalarini aytasanda, o’shanga yaqin hayot voqealariga solishtirasan, so’ng o’zingning bir-ikkita "dono" xulosalaringni aytasan, muallifga qaerni tuzatish, qaerni kuchaytirish, qaerni olib tashlash to’g’risida "qimmatli maslahatlar" berasan, tamom-vassalom. Lekin bunaqa "tanqid"dan na kitobxonga, na ijodkorga foyda bor". Shu bilan birga, "tanqidning bu shakliga murojaat qilishga majbur etadigan sabab - bilimningg sayozligi, saviyaning pastligi", deya kuyinib yozadi adabiyotshunos. Ozod Sharafiddinov o’z ijodida tanqidchilarni ogohlantirib, tahlilda bir yoqlamalik, bir xillikdan, sxematizmdan qochishga undardi. Masalan, "... ayrim o’rinlarda muhabbat zo’rayib ketib (Cho’lponcha), ob’ektivlikka putur yetkazib qo’yayotganga ham o’xshaydi. Biz ba’zan... Cho’lponni ideallashtirishga, o’zi yashagan zamindan olib, zamonaviylashtirishga harakat qilyapmiz... avvalari Cho’lpon faqat qoralanib kelgan bo’lsa, endilikda uni salkam farishta sifatida ko’rsatishga intilmokdalar". Vaholanki, buyuk Cho’lpon haqida ham faqat bir tomonlama fikr yuritish katta xatolikka yo’l qo’yish bo’ladi. Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, "haqiqiy iste’dod egasi hech qachon jo’ngina formulaga tushadigan yuzaki odam bo’lmaydi". Olim qaysi ijodkor asarini tahlil qilmasin (xoh yosh yozuvchi bo’lsin, xoh tajribali)- bu ijodkorning asarlarini go’yo o’z laboratoriyasi ob’ektiga aylantirar, o’zi ham har biridan saboq, ma’naviy ozuqa olishga harakat qilar edilar. Tanqidchilikning vazifasini ijodkorga faqat aql o’rgatishda, faqat ko’kka ko’tarib yoki yerga urishda emas, asarlardan badiiylikni axtarishda deb bilar edilar. Ana shunday jarayonlar ichida Ozod Sharafiddinov tafakkurining diapazoni xam kengayib, tushunchasi rivojlanib borgan. Zero, umri davomida son-sanoqsiz asarlarga munosabat bildirgan bo’lsalar, ularning hech qaysisi tasodifiy asarlar bo’lmagan. Qaysi ijodkor xususida to’xtalmasinlar - Cho’lpon, Abdulla Qahhor, G’afur G’ulom, Zulfiya, Said Ahmad har bir yozgan maqolalarida ularning nafasi sezilib turar edi. Har bir adabiy turning yetakchi janri bo’lganiday, adabiy-badiiy tanqidning ham mashhur qadimiy janri bor. Bu - adabiy-tanqidiy portret bo’lib, uyushtiruvchi, qoliplovchi xususiyatga ega. Mukammal adabiy portret tarkibida taqriz, sharh, badia, bahs singari shakllarni farqlash qiyinmas. Tanqidchi adabiy jarayonga ta’sir etish - taqrizlar, sharhlar, maqola yozish, bahsga kirishish, suhbatlar qurish bilan birga yirik janrdagi asarning poydevorini qurib, materiallarini yig’ib boradi. Ozod Sharafiddinov umri davomida yuzlab maqolalar, taqrizlar, sharhlar yozdi. O’zbek adabiyotining o’sishida iste’dodli shoir yozuvchilarning kashf qilinishida, ijodkorlar mahoratining o’sib borishida, to’laqonli xarakterining vujudga kelishida, tanqidiy asarlaring hissasi ulkan. Olim o’z maqola, taqrizlarini umumlashtirish - yirik ilmiy nazariy tadqiqotlar va mukammal adabiy portretlar yaratish yo’lini tanladi, hamda yetuk ijodkorlar portretini yaratishda uning maqola-portretlari o’ziga xos o’rin egallaydi. Munaqqid yaratgan portertlar o’zining takrorlanmas jozibador, shirali tili bilan ajralib turadi. Uning "Yalovbardorlar" (1974) kitobi o’n besh ulkan yozuvchining yorqin qiyofasini gavdalantiradi. Muallif "Yalovbardorlar"dagi adabiy portretlarni "biografik ocherklar" deb aytadi. Ammo ularda biror adibning ijodi to’g’risida so’z ochilar ekan, uning bosib o’tgan yo’li uchun har jihatdan xarakterli asarlari tanlab olinadi, shu asosda san’atkorning ijodiy yo’li, taqdiri o’ziga xos yozuvchilik dunyosi, qaytarilmas uslubi, qisqasi, betakror qiyofasi, adabiyot taraqqiyotida tutgan o’rni ko’rsatib berildi. Bular esa adabiy portret janrining asosiy xususiyatlari va talablariga mos keladi. Ozod Sharafiddinovning "Iste’dod jilolari" kitobi ham adabiy portretlardan yoki ularning chizgilaridan iborat. Bu to’plamga XX asr o’zbek adabiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan, eng iste’dodli yozuvchilar haqidagi maqolalar kiritilgan. Har bir kitobxon Sadriddin Ayniy, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov kabi yozuvchilarning ijodlari haqida boy va yorqin taassurot oladi. Olimning ushbu kitobi o’zbek adabiyotshunosligining 70-yillaridagi yutug’i hisobla- nadi. U adabiy jarayon ravnaqiga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Ozod Sharafiddinovning so’nggi yillarda e’lon qilingan ko’plab asarlari ham uning o’zbek tanqidchiligida mohir portretnavis darajasiga ko’tarilganligidan va ilgarigi maqolalarida ko’zga tashlangan nuqsonlarning aksariyatidan qutula borganligidan dalolat beradi. Jumladan, muallif so’nggi vaqtlarda Abdulla Qahhor, Cho’lpon, Mustafo Cho’qay va Otajon Hoshim kabi adiblarning mazmundor portretlarini yaratdiki, ular muallifning badiiy asarlarini haqqoniy baholash, ijodiy jarayonni to’g’ri yoritish va adabiyot namunalarini teran hamda yangicha talqin qilish san’ati nihoyatda yuksalganligini ko’rsatadi. Ayniqsa, so’nggi yillarda e’lon qilingan "Cho’lpon" kitobi munaqqidning adabiyotshunoslikka qo’shgan ulkan hissasi hisoblanadi. Bu kitob shoir Cho’lponning tanqidchilikda yaratilgan birinchi adabiy porterti bo’lib, muallifning mazkur san’atkor ijodini xalqqa qaytarish yo’lida chekkan cheksiz zahmatlari va buyuk xizmatining samarasi sifatida dunyoga kelgan. Kitobda muallif o’z oldiga eng avvalo, Cho’lpon ijodini xalqqa qaytarish, qutlug’ nomini va adabiyotdagi o’rnini tiklash maqsadini ko’yadi. Bu ning uchun u asosiy e’tiborini ikki muhim masalaga qaratadi. Birinchidan, tanqidchi 30-yillarda Cho’lpon butkul nohaq ayblanganligini, uning ijodida millatchilikdan asar ham yo’qdigini isbotlaydi. U Cho’lponning millatchi va "xalq dushmani" sifatida qoralanishi mutlaqo asossizligini hech bir shubha qoldirmaydigan darajada ochib berish uchun irqchilik, millatchilik bilan millatparvarlik orasidagi farqlar haqida o’rinli hamda qiziqarli mushohada yuritadi. Munaqqid mushohadalaridan anglashilishicha, Cho’lpon asarlarida millatchilikdek dahshatli illatdan nom-nishon ham uchramaydi, balki uning ijodi samimiy millatparvarlik, ya’ni o’z xalqi tarixidan, buyukligidan faxrlanish ruhi bilan sug’orilgandir. Ikkinchidan, tanqidchi Cho’lpon ijodining xalqqa qaytarilishi zarurligini uning haqiqiy ulug’ san’atkor va buyuk iste’dod sohibi bo’lganligi bilan isbotlaydi. Buning uchun u o’z kitobida Cho’lponning hayot va ijod yo’lini ko’p tomonlama qamrab olishga, adibning yorqin siymosini gavdalantirishga harakat qiladi. Natijada, Cho’lponning tarjimai holi va asarlarining g’oyaviy-badiiy xususiyatlariga oid ko’plab yangi qarashlar, kuzatishlar, talqinlar va umumlashmalar ilgari suriladi. Tanqidchi aniqlashicha, uzoq vaqtlar mobaynida hatto Cho’lponning tug’ilgan yili ham xalqqa aniq ma’lum bo’lmay qolgan ekan. Son-sanoqsiz arxiv materiallarini o’rganish, Cho’lponning o’z qo’li bilan yozilgan hujjatlarini topish orqali O.Sharafiddinov shoirning 1897 yilda tug’ilganligini ishonarli tarzda isbotlab beradi. Shu tariqa kitobda Cho’lponning deyarli butun hayoti yo’li manzaralari turli xildagi dalillar, hujjatlar va xotiralar asosida jonlantiriladi. Faqat tanqidchining xizmati Cho’lpon biografiyasini tiklash bilangina cheklanmaydi. "Cho’lpon" kitobining eng qimmatli tomoni shundaki, unda adibning butun ijod yo’li izchil tarzda qamrab olingan bo’lib, yozuvchi nasri, lirikasi, dramaturgiyasi hamda adabiy-tanqidiy qarashlari to’g’risida ilk bor yaxlit haqqoniy ma’lumot berilgan. Adibning ijodiy yo’lini yoritar ekan, munaqqid Cho’lponning zaifgina nasriy mashqlaridan buyuk shoir darajasiga ko’tarilishidagi tadrijiy rivojini ko’z o’ngimizda yaqqol gavdalantiradi. Buning uchun u Cho’lponning ko’plab asarlarini, xususan, she’rlarini, "Kecha va kunduz" romani hamda "Yorqinoy" dramasini hozirgi zamon tanqidchiligining eng samarador metodlari asosida tahlildan o’tkazadi. Yangicha talqin esa o’z-o’zidan Cho’lponning XX asr boshlaridagi eng ulug’ o’zbek shoiri ekanligi to’g’risidagi xulosani asoslashga imkon tug’diradi. Shu bilan birga muallif Cho’lponning 30-yillarda zamonasozlik ruhi bilan yo’g’rilgan asarlar yozishga majbur bo’lganligidan ham ko’z yummaydi. Demak, bu dalil muallifning ilgarigi ko’p portretlariga qaraganda mazkur kitobida tanqidiy nigohi ancha o’tkirlashayotganligidan guvohlik beradi. Sanab o’tilgan fazilatlariga ko’ra Ozod Sharafiddinovning "Abdulla Qahhor" va "Cho’lpon" kitoblari uning portretnavislik sohasida erishgan eng jiddiy yutuqlari darajasiga ko’tariladi. Anglashiladiki tanqidchilikda ellik yildan ortiq vaqt mobaynida qalam tebratib, Ozod Sharafiddinov bu sohaning adabiy portretdek qiyin janrida eng ulkan muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritdi. U yaratgan portretlarning ko’pchiligi o’zbek tanqidchiligi va adabiyotshunosligining bebaho mulki bo’lib qolishi shubhasizdir. Mumtoz adabiyotshunoslikda she’rshunoslik, aniqrog’i, she’riyat tanqidchiligi ilmi naqd deyilgan. She’rshunoslar haqiqiy she’rlar orasidagi soxtalik, beo’xshovlik, ayblarni lo’nda-lo’nda ko’rsatib berganlar. Atoulloh Husayniy, Voiz Koshifiy, Ahmad Xudaydod Taroziy singari olimlar she’rni talqin qilish, baholashda boy maktab yaratganlar. Badiiy san’atlar, ilmi qofiya singari sohalar she’rshunoslik-tanqidchilikda o’z o’rnini egallayapti. Hozir she’riyat tanqidchisi zargarona ish yuritishi - har bir so’z, ohang, ruh, rang haqida to’xtalishi: o’quvchisini betakror olamga olib kirishi, muhimi, go’zallikka oshno qilishi zarur. Sho’ro davrida nasr, dramaturgiya tanqidchiligi o’z yo’lida davom etaverdi. Keng ommaga bu soha tanqidchiligi uncha tanish emas edi. Ammo xalq, uning did-farosatli qismi she’riyatni nozik his qilar, shuning uchun ham she’riyat haqida yozilgan jo’n, yuzaki maqolalarni qabul qilmas edi. She’rshunos poeziya maydonidagi "o’toqchi" - ayblarni ko’rsatuvchigina emas, u nazmning ta’sir kuchini, ijtimoiy mohiyatini, lirik qahramon qalbidagi nozik o’zgarishlarni, she’riyatdagi uslubiy rang-baranglik, usuliy serqirralikni yoritish bilan shug’ullanardi. Ozod Sharafiddinov she’riyatni nozik, chuqur his qiladigan, bu soha tanqidchiligini yuksak pog’anaga ko’targanlardan biri. Munaqqid nasr, dramaturgiya, tanqidshunoslik haqida jiddiy maqolalar yozgan. Lekin she’riyat Ozod Sharafiddinovni tanqidchiliqda mashhur qilgan soxa. Olimning "Zamon, qalb, poeziya" nomli kitobi she’riyatda yangicha nuqtai nazarni ifodalagani, nazmiy asarlarni baholashning Ozod Sharafiddinovga xos mezonlari aks etgani bilan ahamiyatlidir. Ozod Sharafiddinov she’riyatga o’ziga xos mezonlar bilan yondashadi. Bu mezonlarning birinchisi va olim asarlarining asl mohiyatini aks ettiradigan - haqiqatparastlik. Ana shu mezon uni adabiyotdagi, xususan, she’riyatdagi o’rtamiyonalikni fosh etishga undadi. Buni professor Begali Qosimov quyidagicha baholagan edi: "Tabiat unga (Ozod Sharafiddinovga) adabiyotni nozik his qilish va munosib baholash salohiyatini hamda uni ro’y-rost aytish jasoratini berdi. Uning ijodda o’rtamiyonalikka, "ko’lmak davralar"ga toqati yo’q edi... Lekin hamisha ijodi va faoliyati "qilichning dami"da kechdi. Chunki u o’rtamiyona yashay olmasdi, o’rtamiyona seva olmasdi. Ayrimlardek ko’nglidagini yashira olmasdi. Dilidagi tilida edi". Olimning ilk asarlaridanoq she’riyatimizning yuksak cho’qqilarga ko’tarilishiga xalaqit berayotgan kamchiliklarga e’tibor qaratishi sababini ham ana shu haqiqatparastlik mezoni bilan izohlash mumkin. Uning "...ba’zan zaif she’rlarning ostida atoqli, xizmat ko’rsatgan, hatto yirik shoirning imzosi turishi" taassuf bilan ta’kidlashi boisi ham shunda. Nomdor mualliflar tomonidan yozilgan, o’sha zamon mafkurasiga har jihatdan mos, lekin, badiiyat talablariga javob bera olmaydigan bitiklar haqida "She’rmi shu asar? Poeziya bormi unda?", degan haqli savollarni fahmida mezoni bor olimgina o’rtaga tashlashi mumkin edi o’sha zamonda. Har qanday she’r poeziya bo’lavermaydi, - deb yozadi olim. - Agar poeziyaning mohiyati vazn va turoqlardan, qofiya va alliteratsiyalardangina iborat bo’lganda, ma’lum bir ma’noni ma’lum bir ohang- da ifodalashdan nariga o’tmaganda, dunyoda shoirlikdan osonroq ish bo’lmas edi. Agar shunday bo’lsa, o’rtacha savodi bor, esi butun har qanday odamni bir hafta o’qitib, binoyidek shoir qilish mumkin bo’lardi. Unga hatto chiroyli o’xshatishlar, aniq sifatlashlar, original metoforalar topish yo’lini ham o’rgatib qo’ysa bo’lardi. Hol-uki, bunday emas. Poeziya gazetaning informatsiya janridan farq qiladi. Shoirlik - inson faoliyatining eng qiyin, murakkab tomonlardan biridir. Shoir degan odam o’tkir fikr yuritish qobiliya- tiga, shoirlik talantiga ega bo’lishi lozim. Talant bo’lmasa, har qancha uringan bilan chinakam poeziya namunalarini yaratib bo’lmaydi". Oradan qariyb yarim asr muddat o’tgan bo’lsa ham, ustoz she’rshunosning bu fikrlari axamiyatini zarracha ham yo’qotgan emas. Ozod Sharafiddinov haqiqatparast sifatida nainki ijod ahliga, hatto o’ziga nisbatan ham shafqatsiz ekani hayratlanarlidir. Aks holda "E’tiqodimni nega o’zgartirdim?" maqolasida olim o’z shaxsiyatiga, hayotiy a’moliga boburona nigoh tashlay bilarmidi?! Yoxud "Muvashshah" sarlavhali essesida: "... men adabiyotshunos sifatida Abdullajonning ijodidan uch-to’rtta maqola e’lon qilganmanu, lekin uning ijodini har tomonlama tadqiq etuvchi, XX asr she’riyatida, qolaversa, jahon she’riyatida Abdulla Oripov fenomenini to’la bo’lmasada, bir qadar mukammalroq ochib beradigan durustroq bir maqola ham yozgan emasman. Har gal bu ishga kirishmoqchi bo’lganimda, bu she’riyat qarshisida qalamimning benihoya ojizligini his qilardim", tarzidagi e’tiroflarni yoza olarmidi?! She’rshunoslikdagi Ozod Sharafiddinovga xos ikkinchi mezon - yuskak professional bilimga asoslangan talabchanlikdir. Olimning fikricha, she’r chinakam yuksak poeziya darajasiga ko’tarilishi uchun individual uslub va stillarning rang-barangligi, boyligiga erishmoq zarur. Falsafiy mulohazalarni ham, chuqur o’ylarni ham, dramatizm bilan sug’orilgan kechinmalarni ham ifodalashga, yirik masshtabli, qabariq obrazlar yaratishga imkon beradigan uslublar kerakligini ta’kidlaydi. Olim she’rshunosligiga xos uchinchi mezon - izlanuvchanlik. U she’riyatda izlanish ruhi hukmron bo’lishi zarur, deb hisoblaydi: "San’at, poeziya hamisha san’atkorning voqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi". Muttasil izlanish, har bir she’rda biron yangilik kashf qilishga intilish ruhi Mirtemir ijodida kuchli ekanini ta’kidlagan olim yosh iste’dodlarni undan o’rganishga chaqiradi. Milliy she’riyatimizdagi buning aksi bo’lgan, izlanish va kashfiyot ruhidan mahrum, bayonchilikka asoslangan asarlarni keskin tanqid qiladi. She’riyat hayotiy voqeilikni shunchaki qayd qiluvchi emas, undagi hech kim payqamagan, hali o’zgalar sezishga ulgurmagan poetik go’zalliklarni inkishof etish yo’lidan borishi zarurligini uqtiradi. Ozod Sharafiddinov she’rshunosligiga xos to’rtinchi mezon - yosh iste’dodlarni qo’llab-quvvatlash, ularning ijodiy kamolotiga kdnot bag’ishlashdir. "Zamon, qalb, poeziya" kitobidayoq olim she’riyatimiz rivojida yoshlarning hissasi katta bo’layotganidan, poeziyaning ertasiga ishonch va umid bilan qarash mumkinligidan behad quvongan edi. Ustoz she’rshunosning Abdulla Oripov, Erkin Vohidov singari XX asr o’zbek she’riyatining zabardast vakillari, adabiyotimiz qahramonlarini ilk she’rlaridanoq qo’llab quvvatlagani, ularning ijodiy kamolotiga qanot bag’ishlagani buning dalilidir. Ozod Sharafiddinovning she’riyat haqidagi tadqiqotlari she’rshunos qanday bo’lishi kerakligi, poeziyani baholashda qay bir mezonlarga tayanish zarurligi haqida teran xulosalar chiqarish imkonini beradi. Aytish mumkinki, xuddi ana shu fazilatlari bois olimning boshqa asarlari qatori she’riyat tahliliga oid ilmiy ishlari ham mudom milliy adabiyotimiz ravnaqiga, she’rshunoslarning yangi navqiron va salohiyatli avlodlarini tarbiyalab yetishtirish ishiga munosib xizmat qilaveradi. Ozod Sharafiddinovning butun ongli hayoti, ilmiy va pedagogik faoliyati Toshkent Davlat universiteti bilan chambarchas bog’liq. Olim butun umri davomida shu oliy o’quv dargohida samarali faoliyat ko’rsatdi, eng tabarruk professorlardan biriga aylandi, minglab talabalarga bilim berdi, adabiyot va ilm sirlarini o’rgat di. Hozirgi kunda mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti, madaniyatiga salmoqli hissa qo’shayotgan ko’plab fan doktorlari va nomzodlari, shoir va adiblar, jurnalist va o’qituvchilar Ozod Sharafiddinovning shogirdlaridir. Uning ma’ruzalarini tinglaganlar umri bo’yi "Bizni Ozod Sharafiddinov o’qitgan", deb g’ururlanib yurishadi. Shogirdning ustozga ixlosiyu mehr-oqibati, ustozga sadoqati hamma davrlarda ham ibratga sazovor qadriyat hisoblangan. Bu ulug’ fazilat namunasini Ozod Sharafiddinovning Abdulla Qahhorga bo’lgan sadoqatida yorqin ko’ramiz. Uning yozishicha: "Abdulla Qahhor juda iste’dodli, donishmand va aqlli odam edi. U o’z davrining mohiyatini ham, adabiyotning san’at sifatidagi tabiatini ancha-muncha chuqurroq tushungan. Shuni hisobga olib, uning shaxsiga baho beradigan bo’lsak, uni o’sha kezlardayoq istiqlol yo’lida faol kurashgan o’tyuraklardan biri, deb aytish kerak bo’ladi. U avji turg’unlik yillarida, hali ham ommaviy qatag’onlar birozgina tusini o’zgartirib, aslida mohiyatini saqgab turgan bir sharoitda, haqiqatni erkin aytishga, mustaqil fikrlashga har xil temir qoziqlardan nariga ketishga chorlashdan qo’rqmagan edi". Abdulla Qahhorga, ayniqsa, 60-yillarda, ta’na toshlari otilgan vaqtda Ozod Sharafiddinov hamma vaqt uning yonida hamdard, hamfikr bo’lib turgani, farzandlaridan ortiq mehr-oqibat ko’rsatganligi ko’pchilik ziyolilarga ma’lum. Ozod Sharafiddinovning adabiyotshunoslik sohasida o’ziga xos dovyuraklik, jasorat bilan adabiyotga beg’araz qilgan xizmatlari ko’p qirralari bilan Abdulla Qahhorning fidoyiligiga o’xshab ham ketadi. Olim yozganidek: "Kezi kelganda bir narsani aytib o’tay, odamlar meni Abdulla Qahhorning shogirdi deyishadi. Ochig’ini aytganda, men bu unvondan hamisha faxrlanib kelganman. Lekin shu bilan birga, hozirga qadar o’zimni Abdulla Qahhorning shogirdiman deyishga istihola qilaman. Tilim bormaydi. Biz har qancha u odamga yaqin bo’lmaylik, lekin Abdulla Qahhor iste’dodi jihatidan ham, aql-zakovati bobida ham, odamgarchilik masalasida ham bizdan bir necha barobar yuqori turar edi. Har qancha yaqin bo’lmaylik, oramizda hamisha ko’rinmas bir masofa saqlanib qolardiki, uni bosib o’tishga haddimiz sig’mas edi. Shuning uchun hatto hozir ham men o’zim ni baralla u kishining shogirdiman deb aytsam, oramizdagi o’sha masofa qisqarib qoladiganday, men u kishini buyukliklariga sherik bo’layotganday bo’laveradi. Nazarimda: "Abdula Qahhor shogirdi" degan maqom shu qadar yuksakki, bunga sazavor bo’lmoq uchun menga o’xshagan odamlar umr davomida harakat qilishlari kerak bo’ladi". Olimning noshirlik faoliyatini ham aytib o’tish joiz. Bugungi kunda o’zbek adabiyoti, ma’naviyatimizning o’ziga xos ko’zgusiga aylangan "Jahon adabiyoti" jurnali 1998 yilda o’zbek adabiyotini jahonga, jahon adabiyotini o’zbek xalqiga tanitadigan mo’’tabar va mustahkam ko’prik bo’lishi kerak edi. Yurtboshimiz "Ozod Sharafiddinov mana shu jurnalni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi, o’ylaymanki, unga muharrirlik qilish domlaning qo’lidan keladi", deb, bu muhim vazifani ishonib Ozod Sharafiddinovga topshirgandilar. Olim bu yumushni havas qiladigan darajada, shu qadar vijdonan shu qadar katta saviya bilan bajardilarki, endi, bugungi kunda biz o’zbek xalqining madaniyati, ma’naviy-ma’rifiy darajasini ko’z-ko’z qiladigan bo’lsak, "Jahon adabiyoti" jurnalini varaqlab ko’rib, "o’zbek" ziyolisining saviyasi, didi nimalarga qodir ekanligini ko’rishni xohlasangiz, ana shu jurnalga qarang", deyish mumkin. Ozod Sharafiddinov bu jurnalni oyoqqa turg’azdi, shogirdlarini bu yerga jalb etib, dunyo adabiyotidagi eng ulkan va eng ibratli asarlarni tarjima qildirdi. "Jahon adabiyotining durdona va betakror asarlarini xalqimiz o’z ona tilida o’qish kerak?" der edilar. Buni L.N.Tolstoyning maqolalari, Oskar Uayld, V.Voynovich, I.Bunich, P.Koeloning asarlari tarjimasi misolida yaqqol ko’rishimiz mumkin. Mashhur yozuvchi Paulo Koeloning asarlari 117 ta davlatda chop etilib, millionlab insonlar o’qishga muyassar bo’lib turgan bir paytda nega o’zbek kitobxonlari bundan bebahra qolishi kerak deb, bu asarni o’zlari tarjima qilishga kirishganlar. P.Koeloning "Alximik", "Beshinchi tog’" asarlari o’zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etildi. Ozod Sharafiddinov inson hamisha mehrga muhtoj, bir tutam pokiza nurga intiq bo’lib yashashni chuqur anglab yetdi. Umrining oxirgi yillarida og’ir xastalikka chalindi. Ammo olim og’ir betob kunlarida ham kasalxonada kuniga o’n-o’n ikki soatlab ijod qilardi. Soatlab ish stoliga o’tirib, chet el adiblarining asarlarini tarjima qilar, maqola va risolalar yozar edilar. Yillar o’tib, ko’zlari xiralashgach, lupa bilan o’qib, oq qog’ozga o’zlari yozadigan bo’ldilar. Keyinchalik lupa ham yordam bermadi, shunga qaramay, ijodni davom ettirdilar. Kasallik xuruj qilgan, asoratlari avjiga chiqqan 2004 yilning o’zida tinimsiz mehnat evaziga ikkita katta asari, bir qancha maqola va risolalari chop etildi. Avval bir, keyin ikkinchi muchasidan ayrilganida uni yurtimiz rahbari Islom Karimovning o’zi ko’llab-kuvvatladi. Olim-adib o’n yil orasida ikki yuksak orden, "O’zbekiston Qahramoni" unvoni bilan taqdirlandi. Qahramonlik unvoni ko’pincha biror bir jangovar vazifani ado etgani uchun, mehnatda esa barchani qoyil qoldi-adigan muayyan natijani qo’lga kiritgani uchun beriladi. Ozod Sharafiddinov bu unvon bilan olim, ustoz, halol inson sifatida yonib-yashnab o’tgan butun umri uchun taqdirlandi. Olim o’zlarining 70 yillik yubileylarida so’zga chiqib, "Allohdan yana menga 10 yil umr berishni iltijo qilaman", degan edilar. Bu bilan ular o’z oldilariga ulkan maqsadlar qo’yganlar va shu maqsad sari intilayotganlarini ta’kidlagan edilar. Domla 10 yil shunchaki yashashni emas, balki XXI asr yangi o’zbek adabiyoti va milliy adabiy tafakkurining rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shishni maqsad qilgan edilar. Ozod Sharafiddinovdagi iroda, mardlik, matonat va shijoat bugungi kun yoshlari uchun o’rnak bo’lmog’i kerak. Faoliyati Ozod Sharafiddinov hayoti va ijodining muhim sanalari 1929 yil 1 mart - Qo’qon shahri yaqinidagi Oxunqaynar qishlog’ida tug’ilgan. 1946 yil - Toshkent shahridagi 14-maktabni oltin medal bilan tugatgan. 1946-1951 yillar - O’rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O’zMU) filologiya fakultetida tahsil olgan. 1951-1954 yillar - Moskvadagi jahon adabiyoti institutining aspiranturasida o’qigan. 1955 yil 29 aprel - «Urushdan keyingi o’zbek poemachiligi» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1954-1994 yillar - o’zbek filologiyasi fakulteti dotsenti, professori. 1994-1997 yillar - «Tafakkur» jurnali muharrir o’rinbosari. 1997 yil iyul oyidan «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri. 2005 yil 4 oktyabrda vafot etgan. Unvon va mukofotlari: «Urush yillaridagi fidoyi mehnati uchun» medali (1946) «Turdovoe otlichie» medali (1959) «Nemis-fashistlari ustidan qozonilgan g’alabaning 10,20,30,40,50 yilligi» medallari «Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti» (1970) «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi» unvoni (1990) «Mehnat shuhrati» ordeni (1997) «O’zMUning Oltin medali» (1998) «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni (1999) «O’zbekiston Qahramoni» unvoni (2002) «Samarqand Davlat universiteti faxriy professori» (2003) «Antik dunyoni o’rganish jamoatchilik akademiyasining akademi- gi» (2003). O'zbekiston Respublikasi Hukumat portali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali Ochiq ma'lumotlar portali Mustaqillik Mustaqil O`zbekiston Solnomasi Топ рейтинг www.uz Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing Download 84.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling