I - BO'LIM. TOPONIMIKA
Toponimik atamalar va tushunchalar
Har bir fanni, shu jumladan toponimikani ham puxta o'rganish uchun uning atama va tushunchalarini bilish zarur. Toponimikaning o'ziga xos atama va tushunchalari mavjud. Bularning eng muhimlari quyidagilar:
Abbreviatsiya - geografik nomlarning qisqartirilgan shakli: XXR, AQSH, MAR, BAM, Donbass, Kuzbass, RF va boshqalar.
Antonim nomlar - bir - biriga teskari ma'noli geografik nomlar: Oqdaryo - Qoradaryo, Kungay Olatog'i - Terskay Olatog'i, Yuqori Chirchiq - Quyi Chirchiq, Oqtog' - Qoratog' va boshqalar.
Antroponim nomlar - kishilarning ismi, familiyasi, taxallusi, laqamidan olingan nomlar: Navoiy shahri, Beruniy tumani, Iskandarko'l, Vashington shahri, Suxe - Bator, Pushkino shahri, Amir Temur ko'chasi.
Arealli nomlar - bir xil qo'shimcha yoki topoterminlar ishtirokida yasalgan geografik nomlar joylashgan hududdagi toponimlar: kent, tepa, qo'rg'on va boshqa terminlar ishtirokida yasalgan nomlar tarqalgan hudud. Masalan: Toshkent viloyatida kent termini yordamida yasalgan nomlar ko'p: Alimkent, G'azalkent, Toshkent, Parkent, Zarkent va boshqalar.
Birlamchi va ikkilamchi nomlar - Birlamchi nomlar asl nomlar. Ikkilamchi nomlar nom ko'chishidan hosil bo'ladi. Masalan: Chirchiq daryosi, Chirchiq shahri. Nom daryo nomidan shaharga ko'chgan.
Detoponimizatsiya - geografik nomlarning terminlarga, oddiy turdosh otlarga aylanishi: Geyzer bulog'i nomidan geyzer termini, Vulkan oroli nomidan vulqon termini, Karst rayoni nomidan karst termini hosil bo'lgan va h.k.
Dromonim - yo'llar bilan bog'liq nomlar: Yangiyo'l, Buyuk Ipak yo'li, Toshkent - Termiz yo'li.
Ekzonim - yozilishi va talaffuzi odat (traditsion) bo'lib qolgan geografik nomlar.
Etnonim nomlar - xalqlar, qabilalar, urug'lar nomidan kelib chiqqan geografik nomlar: Malik, Bo'ka, Turkqishloq, Sergeli, O'zbekiston.
Do'stlaringiz bilan baham: |