4. O'simliklarga bog'liq nomlar (fitonimlar). O'simliklarga bog'liq holda paydo bo'lgan joy nomlari mamlakatimizda ham, boshqa mamlakatlarda ham ko'p uchraydi. O'simliklar bilan bog'liq nomlar ba'zan aniq miqdorini bildiradi. O'rikzor, Bodomzor, Chilonzor, Terakzor, Qatortol nomlari o'sha joylarda shu tur o'simliklarning ko'p tarqalganligini bildirsa, Yakkatut, Qo'shchinor, Qo'shtut kabi nomlar bu tur o'simliklar kamligini bildiradi. Yong'oq, Ko'kterak, Toldiqo'rg'on, Bukovina, Beryozovka, Archaqishloq kabi nomlarda noaniqlik bor. Shu joyda yong'oq bittami yoki ko'pmi, aniq emas. O'simliklar bilan bog'liq paydo bo'lgan nomlarga Yevropadagi Shvarsvald (qora o'rmon), Afrikadagi Drakon tog'lari (drakon - daraxt nomi), Amerikadagi Florida (o'simlik, ko'klamzor), Osiyodagi Kokos orollari nomlarini misol qilib ko'rsatish mumkin. O'simliklar bilan bog'liq joy nomlari mikrotoponimlarda ayniqsa ko'p uchraydi. Toshkentdagi Olmazor, Sebzor, Qoraqamish, O'rikzor, Bodomzor, Olchazor, Olchali, Qoratol, Yettiterak, Bog'ko'cha, Chilonzor shular jumlasidandir.
5. Hayvonlarning nomi bilan bog'liq joy nomlari (zoonimlar). Dunyo xaritasida hayvonlarga bog'liq holda vujudga kelgan nomlar ko'p uchraydi. Hozirgi vaqtda mavjud bo'lgan bunday nomlarni tahlil qilish bilan qadimda ayrim hayvonlar tarqalgan joylarni ham aniqlash mumkin. Amudaryo bo'yida Termiz yaqinidagi Maymunto'qay, Toshkent viloyatidagi G'azalkent (g'izol - kiyik), Bog'iston (aslida bug'iston so'zidan), So'qoq (oq kiyik), Ilonlisoy, Kaptarxona, Kurkuldak (qush), Toshkent shahridagi Bo'rijar, Qurbaqaobod va boshqalar mazkur joylarda qadimda shunday hayvonlar ko'p bo'lganidan dalolatdir.
Dunyoning boshqa joylarida ham bunday nomlar ko'p uchraydi. Masalan: Tinch okeandagi Galapagos orollari (galapago - toshbaqa), bu orollarda yirik toshbaqalar hozir ham mavjud. Barens dengizidagi Medvejiy oroli, Shimoliy Amerikadagi Katta Ayiq, Kichik Ayiq ko'llari, Baykal ko'lidagi Tushkani (mahalliy aholi tilida tushkan deb ataydi), O'rta Osiyodagi Qoplonqir, Qoplonsirt nomlari hayvonlar bilan bog'liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |