«Substansiya» tushunchasi o‘z-o‘zini to‘liq belgilovchi borliqni ifodalashga xizmat qiladi. Substansiya kategoriyasida o‘zini asoslash uchun boshqa hech narsani talab qilmaydigan negiz, birinchi asos g‘oyasi mujassamlashgan. Niderland faylasufi Benedikt Spinoza (1632-1677) buni «causa sui» – «o‘z-o‘zining sababchisi» iborasida juda to‘g‘ri ifodalagan. Substansiya deganda u o‘z holicha mavjud bo‘lgan va o‘zi orqali zohir bo‘lgan, ya’ni o‘zining mavjudligi uchun boshqa narsaga muhtoj bo‘lmagan narsani tushungan. Bunda bir tomondan, substansiya materiya sifatida tushuniladi, boshqa tomondan – u o‘zining barcha shakllari sababi va «sub’ekti» sifatida amal qiladi. Bu B.Spinozani substansiyani bir vaqtning o‘zida ham tabiat, ham Xudo sifatida ta’riflagani va bu ikki tushunchani tenglashtirishganidan dalolatdir. B.Spinoza Xudoni tabiatga butunlay singdirib yuborgan, uni tabiiylashtirishga va ilohiy mazmundan ajratishga harakat qilgan. Uning panteizmi shundan iborat bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |