2-MA’RUZA. NUTQ MADANIYATI VA NOTIQLIK SAN’ATI TARIXIDAN
Darsning o‘quv maqsadi: nutq madaniyati va notiqlikning kishilik jamiyatidagi o‘rni, qadimgi yunon (Afina) va Rim notiqligi, Sharq notiqligi, ularning o‘ziga xosligi haqida ma’lumot berish.
Tushunchalar va tayanch iboralar: nutq madaniyati va notiqlik san’ati, yunon notiqligi, Rim notiqligi, Sharq notiqligi.
REJA:
Nutq madaniyati va notiqlik san’ati, uning ilk manbalari.
Qadimiy davrlardagi notiqlik san’ati va notiqlik maktablari:
Yunon notiqligi;
Rim notiqligi;
Sharqda notiqlik
Asosiy o‘quv materialining qisqacha bayoni:
Nutq madaniyati va notiqlik san’ati, ular haqidagi ta’limotlar tarixi juda ham uzoq davrlarga borib taqaladi. U ta’limot sifatida qadimgi Rim va Afinada shakllangan bo‘lsa ham, urga qadar Misrda, Assuriyada, Vavilon va Hindiston mamlakatlarida paydo bo‘lganligi notiqlik san’ati tajribasidan ma’lum. Shunga ko‘ra notiqlik san’ati tarixi haqida so‘z yuritganda qadimgi Yunon notiqligi, Rim hukmronligi davridagi notiqlik, O‘rta Osiyo notiqligi tarixi haqida bir qator ma’lumotlarning mavjudligini aytish mumkin.
Juda ko‘plab ilmlar markazi hisoblangan Yunoniston notiqlik san’ati sohasida ham jahon madaniyati tarixida yorqin sahifalar yaratgan. Qadimgi yunon notiqlik san’ati o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan murakkab voqelikdir.
Notiqlik san’ati haqidagi ilk ma’lumotlarni Gomerning (eramizdan oldin XII asrlar o‘rtasida yashagan) “Iliada” va “Odisseya” dostonlaridan olish mumkin. Gomer dostonlari ma’lumotiga qaraganda, qadimgi Yunoniston tuprog‘ida eramizdan avvalgi shu davrlarda Nestor, Menelay, Odissey, Axill kabi mashhur notiqlar bo‘lgan. Bu to‘rt notiq shu san’atning 4 yo‘nalishiga mansub bo‘lib, ular maxsus notiqlik maktablarida tahsil olganlar.
Bu san’at harbiy mutaxassislik va boshqa zarur ijtimoiy mutaxassisliklar qatori maxsus maktablarga ega bo‘lgan. Shuning uchun e’tiborli oilalar farzandlarini yoshligidan shu san’at bilan qurollantirishga uringanlar.
XIII-XII asrlardagi notiqlik san’ati tarixiy taraqqiyotning madaniy cho‘qqisi bo‘lgan, ana shu ravnaq necha asrlar osha yangidan ko‘tarilgan, keyingi yuksaklikning pishib yetishiga ijobiy ta’sir etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |