Toshkent davlat yuridik universiteti soliq huquqi


Download 0.77 Mb.
bet13/17
Sana09.06.2020
Hajmi0.77 Mb.
#116491
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
Bog'liq
Солиқ ҳуқуқи дарслик2 Ф Исаева new


Soliq stavkasi – har yili keyingi moliya yil uchun tasdiqlanadigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida belgilanadi. 2016-yil uchun Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasi stavkalari yuqorida belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan 0,5 foiz miqdorida belgilangan.

Soliq davri – kalendar yilidir.

Hisobot davri – yil choragidir.

Majburiy ajratmalarni hisoblab chiqarish, ularning hisob-kitobini taqdim etish va ularni to‘lash tartibi. Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga majburiy ajratmalar soliq solinadigan bazadan va tasdiqlangan stavkadan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.

Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga majburiy ajratmalarning hisob-kitobi soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi.

Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni to‘lash: Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lovchi bo‘lgan mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan – hisob-kitobni taqdim etish muddatidan kechiktirmay; mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq to‘lovchilar tomonidan – har oyda, keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatdan kechiktirmay amalga oshiriladi.
7.4. Davlat boji (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining

326 342-moddalari)



Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lovdir.

O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji konsullik yig‘imi tariqasida undiriladi.

Davlat bojining stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlat bojini to‘lovchilardir – yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilishi va (yoki) hujjatlar berilishi xususida vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir.

Undirish obyektlari: Davlat boji quyidagilardan undiriladi:

1) sudlarga beriladigan da’vo arizalaridan, organlarning va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlardan, alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan, sudlarning qarorlari ustidan beriladigan apellatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va arizalaridan, nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi shikoyatlar va arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi arizalardan, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizalardan, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun;

2) da’vo arizalaridan, tashkilotlarni va fuqarolarni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizalardan, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablarni bildirgan uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish to‘g‘risidagi arizalardan, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalardan, xo‘jalik sudining qarorlari, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan berilgan, da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi, sud jarimalarini solish to‘g‘risidagi apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan, hakamlik sudining qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizalardan, xo‘jalik sudining hakamlik sudi qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi va ijro varaqasini berishni rad etish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ajrimlari ustidan berilgan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan;

3) notariuslar va O‘zbekiston Respublikasining konsullari tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun;

4) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik uchun, shuningdek fuqarolarga fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi to‘g‘risida takroriy guvohnoma berganlik uchun hamda fuqarolik holati dalolatnomalari yozuviga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar, tuzatishlar kiritilishi va uning qayta tiklanishi munosabati bilan guvohnoma berganlik uchun;

5) chet eldan O‘zbekiston Respublikasiga kelish huquqini beruvchi hujjatlarni, O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish to‘g‘risida hujjatlarni berganlik uchun; yashash guvohnomasini berganlik yoki uning muddatini uzaytirganlik uchun; respublika hududiga kelish va respublika hududidan chet elga chiqish huquqini beradigan chet el pasportiga yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatga viza berganlik uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risida beriladigan arizalardan;

6) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi pasportini yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatlarni, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqish huquqi uchun hujjatlar berganlik uchun;

7) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet davlatlar fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turar joyga qayd etganlik va ro‘yxatdan chiqarganlik uchun;

8) yuridik shaxslarni va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun;

9) faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun;

10) ov qilish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida ruxsatnoma berganlik uchun.

Soliq qonunchiligida Umumiy yurisdiksiya sudlarida, xo‘jalik sudlarida, notarial harakatlar amalga oshirilganda, fuqarolik holati dalolatnomalarini, chet elga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berishda, konsullik yig‘imlari davlat bojini to‘lashdan qayd etishda va boshqa harakatlarni amalga oshirganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadigan holatlar belgilangan. Jumladan, Umumiy yurisdiksiya sudlarida davlat bojini to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi: da’vogarlar – ish haqini undirib olish to‘g‘risidagi da’volar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan; da’vogarlar – mualliflik huquqlari va turdosh huquqlardan, shuningdek ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomiga, seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqdan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan; da’vogarlar – alimentlar undirish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan; da’vogarlar – mehnatda mayib bo‘lganligi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchisi vafot etganligi tufayli etkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan; da’vogarlar – noqonuniy hukm etish, jinoiy javobgarlikka tortish, ma’muriy jazo berish tufayli jismoniy shaxsga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq nizolar yuzasidan; da’vogarlar – jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan va boshqalar;

Xo‘jalik sudlarida davlat bojini to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi:qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar - tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha; tadbirkorlik subyektlari – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda; arizachi va javobgar – qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar bo‘yicha va boshqalar.

Notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi: shaxslar – davlat pensiyalari va nafaqalarini olish uchun zarur bo‘lgan, shuningdek vasiylik qilish va farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari to‘g‘riligini ularga tasdiqlab berganlik uchun; shaxslar – mol-mulkini davlat foydasiga, shuningdek yuridik shaxslar foydasiga hadya qilish to‘g‘risidagi vasiyatnomalari va shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun; davlat soliq xizmati organlari va moliya organlari – ularga davlatning merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarni (guvohnomalarning dublikatini) berganlik, shuningdek ushbu guvohnomalarni (guvohnomalarning dublikatini) olish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar uchun va boshqalar.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda davlat boji to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi: xalq ta’limi organlari, balog‘atga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar – yetim bolalarni va ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni bolalar muassasalariga va o‘quv yurtlariga yuborish uchun tug‘ilganlik to‘g‘risida takroriy guvohnomalar berganlik uchun; jismoniy shaxslar – tug‘ilish, o‘lim qayd etilganligi uchun, ularga farzandlikka olingan, otalik belgilangan, jinsi o‘zgartirilgan hollarida, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan xatolar munosabati bilan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjatlar yozuvlari o‘zgartirilgan, to‘ldirilgan va tuzatilgan taqdirda guvohnomalar berganlik uchun.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat bojini to‘lashdan quyidagi hollarda ozod qilinadi: diplomatik pasport berganlik uchun; quyidagi hollarda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma berganlik uchun: yaqin qarindoshlari vafot etgan yoki ular dafn etilgan joylarni ziyorat qilgan taqdirda; fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarga (bitimlarga) binoan ular chet el sudlariga fuqarolik va jinoyat ishlari yuzasidan taraflar, guvohlar va ekspertlar sifatida chaqirilganda; o‘n olti yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi guvohnomasini berganlik uchun; to‘liq davlat ta’minotida bo‘lganlar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berganlik uchun va boshqalar.

Konsullik yig‘imlari quyidagi hollarda undirilmaydi: O‘zbekiston Respublikasining konsullik yig‘imlarini undirishdan voz kechish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomasi mavjud bo‘lsa; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini repatriatsiya qilish ishlari bo‘yicha; chet el diplomatik pasportlariga o‘zarolik asosida viza qo‘yganlik uchun; mehnat staji, fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti to‘g‘risidagi, alimentlar undirish to‘g‘risidagi ishlarga doir hujjatlarni so‘rab olganlik va legallashtirganlik uchun va boshqalar.

Fuqarolarni turar joyga qayd etganlik va ro‘yxatdan chiqarganlik yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobga olganlik uchun davlat boji to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi: qariyalar va nogironlarning internat-uylarida yashovchi qariyalar va nogironlar; maktab-internatlar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan va yotoqxonalarda yashovchi o‘quvchilari.

Davlat boji, davlat boji undiriladigan harakatlar amalga oshirilguniga qadar naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi. To‘lovchining davlat bojini naqd pulsiz shaklda to‘laganligi fakti bankning to‘lov ijro etilganligi to‘g‘risidagi belgisi bo‘lgan to‘lov topshiriqnomasi bilan tasdiqlanadi.

To‘lovchining davlat bojini naqd pul shaklida to‘laganligi fakti bank tomonidan to‘lovchiga beriladigan belgilangan shakldagi kvitansiya yoki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilagan shaklda to‘lovni amalga oshirgan mansabdor shaxs yoxud davlat organi va tashkilotning kassasi tomonidan to‘lovchiga beriladigan kvitansiya bilan tasdiqlanadi.

Davlat boji to‘lov hujjatlari asosida budjet tasarrufiga o‘tkaziladi, davlat bojining xizmatlari uchun davlat boji undirilayotgan davlat organi tasarrufida qoldirilayotgan qismi bundan mustasno. Bojning bir qismi davlat organi tasarrufida qoldirilgan taqdirda davlat boji quyidagi tartibda to‘lanadi: harakatlari uchun davlat boji undirilayotgan davlat organi tasarrufida qoldiriladigan summaga taalluqli alohida to‘lov hujjatlari orqali;budjet daromadlarining tasnifiga muvofiq budjetga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan summaga taalluqli alohida to‘lov hujjati orqali.

Davlat bojining davlat organi tasarrufida qoldiriladigan miqdori qonun hujjatlarida belgilanadi.

Mulkiy nizo bo‘yicha sudga da’vo arizasi berilganda, shuningdek mol-mulkning oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda, merosga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirishda, agar da’vo qiymati, shartnoma summasi yoki meros miqdori chet el valyutasida belgilansa, davlat boji qonun hujjatlarida belgilangan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda chet el valyutasida undirilishi mumkin.

Amaldagi Soliq kodeksida sudlarda davlat bojini undirishning, notarial harakatlar bajarganlik uchun davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari; konsullik yig‘imini to‘lash tartibi; davlat bojini boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan undirishning o‘ziga xos xususiyatlari; davlat boji to‘lovlari va tushumlarini hisobga olish va qaytarish tartiblari belgilangan.


7.5. Bojxona to‘lovlari (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 343 344-moddalari)
Bojxona organlari bojxona ishini amalga oshirishda bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona to‘lovlarini undiradi.

Bojxona to‘lovlarini to‘lovchilar, bu to‘lovlarni hisoblab chiqarish, to‘lash, qaytarish va undirish tartibi, shuningdek bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, agar soliq qonunchiligida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishda aksiz solig‘i hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, shuningdek mazkur soliqlar bo‘yicha imtiyozlar Soliq kodeksida belgilanadi.

Bojxona to‘lovi O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tovarlar olib o‘tilayotganda eksport-import operatsiyalarininng bajarilishi munosabati bilan undiriladigan to‘lovdir.

Tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda hamda bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda bojxona to‘lovlarining quyidagi turlari to‘lanadi:

- boj;


- qo‘shilgan qiymat solig‘i;

- aksiz solig‘i;

- bojxona yig‘imlari.

Boj – O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tovarlar olib o‘tilayotganda bojxona organlari tomonidan undiriladigan to‘lovdir.

Bojlarning stavkasi butun O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida yagona bo‘lib, tovarlarni bojxona hududidan olib o‘tuvchi shaxslar, bitimlarning turlari va boshqa omillarga qarab o‘zgarishi mumkin emas. Bojxona chegarasidan olib o‘tiladigan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi prinsiplari va qoidalariga muvofiq holda bir tizimga solingan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan boj stavkalarining to‘plami boj tarifi, deb ataladi. Tovar nomenklaturasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasida import boji, eksport boji, mavsumiy va alohida (maxsus, antidemping, kompensatsiya) boj qo‘llaniladi.

Bojxona bojlarining va soliqlarning stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojlarning alohida turi vaqtincha qo‘llanilishi mumkin.

Masalan, maxsus bojlar, basharti o‘xshash va bevosita raqobat qiluvchi tovarlar bojxona hududiga O‘zbekiston Respublikasidagi tovar ishlab chiqaruvchilarga ziyon yetkazadigan yoki ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan miqdorda va shartlarda olib kirilayotgan bo‘lsa, himoya chorasi sifatida qo‘llaniladi. Dempinga qarshi bojlar quyidagi hollarda qo‘llaniladi: tovarlar bojxona hududiga ularning olib chiqilgan davlatda ayni vaqtda amalda bo‘lgan real qiymatdan past narxda olib kirilsa, agar bunday olib kirish O‘zbekiston Respublikasining shunga o‘xshash tovar ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon yetkazsa yoki yetkazish xavfini tug‘dirsa yoxud O‘zbekiston Respublikasida shunday tovarlar ishlab chiqarishni tashkil qilish yoki kengaytirishga to‘sqinlik qilsa.



O‘zbekiston Respublikasida boj stavkalarining quyidagi turlari qo‘llaniladi: boj undiriladigan bojxona qiymatiga nisbatan foizlarda hisoblanadigan advalor stavkalar; boj undiriladigan tovarlar birligi uchun belgilangan miqdorda hisoblanadigan xos stavkalar (1 kg. Tovar uchun yoki 1 litr uchun); bojning advalor hamda xos turlarini o‘z ichiga oladigan aralash stavkalar.

Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarga qonun hujjatlariga muvofiq boj, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i solinadi.

Tovarlar qaytarib olib chiqilgan taqdirda ilgari to‘langan boj, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i summalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qaytarilishi lozim.

Bojxona yig‘imlarining ro‘yxati va ularning stavkalari qonun hujjatlarida belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan bojxona organlari tomonidan quyidagi harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilganligi uchun bojxona yig‘imlari undiriladi:

bojxona rasmiylashtiruvi;

bojxona rasmiylashtiruvi uchun belgilangan joylardan tashqaridagi va (yoki) bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari vaqtdagi bojxona rasmiylashtiruvi;

tovarlarni bojxona organi egaligidagi bojxona omborida saqlash;

transport vositasini bojxona hamrohligida kuzatib borish;

dastlabki qarorni qabul qilish;

tovarlarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga, tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnomalar berish;

bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisni o‘qitish;

bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisning malaka attestatini berish, ushbu attestatni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish (uning amal qilish muddatini uzaytirish) va uning amal qilishini tiklash;

intellektual mulk obyektlarini bojxona reyestriga kiritish;

yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan naqd chet el valyutasining bojxona rasmiylashtiruvi.

Bojxona yig‘imlarining stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Bojxona to‘lovlarini to‘lovchi (bundan buyon matnda to‘lovchi deb yuritiladi) quyidagilardan iborat:

deklarant;

bojxona brokeri, agar deklarant bilan tuzilgan shartnomada bu nazarda tutilgan bo‘lsa;

bojxona omborining, erkin omborning, boj olinmaydigan savdo do‘konining egasi, tashuvchi,

ular tomonidan bojxona rejimlarining qo‘llanilish talablari va shartlariga amal qilinmaganda;

xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining pochta aloqasi operatorlari va provayderlari, basharti bojxona nazorati ostida bo‘lgan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari yo‘qolsa yoki bojxona nazoratisiz berilsa.

Har qanday manfaatdor shaxs to‘lovchi uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashga haqli.

O‘zbekiston Respublikasida bojxona to‘lovlari uchta usulda, ya’ni naqd pullar bilan; boj markalari bilan; naqd pulsiz shaklda to‘lanadi. Qonunchilikda belgilangan hollarda bojxona to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan kursi bo‘yicha chet el valyutasida undirilishi mumkin.

Bojxona to‘lovlari Davlat budjetiga o‘tkaziladi, boj undiriladigan davlat organining ixtiyorida ham belgilangan miqdorda qoldiriladi.

Bojxona kodeksiga, boshqa qonunlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga binoan yuridik va jismoniy shaxslarga tarif imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini, aksiz solig‘ini va bojxona yig‘imlarini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar, tarif preferensiyalari berilishi mumkin.

Jumladan, Bojxona kodeksining 297-moddasiga asosan tashqi savdo siyosati amalga oshirilayotganda ilgari to‘langan bojxona bojini qaytarish, bojxona boji stavkasini pasaytirish va bojxona bojini to‘lashdan ozod etish tarzida tarif imtiyozlari berilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari quyidagilarga nisbatan beriladi: xalqaro yo‘nalishda yuklar, bagaj va yo‘lovchilar tashishni amalga oshiradigan transport vositalariga, shuningdek ularning yo‘lda qatnov vaqtida, oraliq to‘xtash punktlarida bir maromda ishlashi uchun zarur bo‘lgan yoki transport vositalarida yuz bergan avariyalarga (nosozliklarga) barham berish uchun bojxona hududidan tashqarida olingan moddiy-texnika ta’minoti predmetlariga va anjomlariga, yoqilg‘iga, oziq-ovqatga va boshqa mol-mulkka; davlat mulkiga aylantirilishi lozim bo‘lgan tovarlarga; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda insonparvarlik yordami sifatida olib kiriladigan tovarlarga; xayriya yordami, shu jumladan texnik ko‘mak ko‘rsatish maqsadida davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan olib kiriladigan tovarlarga va boshqalar.

Bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imlarini to‘lashdan quyidagilar ozod etiladi: bojxona chegarasi orqali beg‘araz, insonparvarlik yordami yoki xayriya maqsadlari, shu jumladan texnik ko‘mak uchun olib o‘tilayotgan tovarlar; notijorat maqsadlar uchun jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan bojsiz olib kirish normasi doirasida olib o‘tiladigan tovarlar; vaqtincha saqlash va davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimlariga joylashtiriladigan tovarlar; bojxona imtiyozlaridan foydalanuvchi chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar rasmiy foydalanishi uchun bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar, shuningdek bojxona hududidan olib chiqiladigan hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan tovarlar va boshqalar.

Tarif preferensiyalari bojxona bojlarini to‘lashdan ozod etish, bojxona bojlari stavkalarini kamaytirish yoki muayyan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarni bojxona hududiga preferensial olib kirish yoki ushbu hududdan preferensial olib chiqishda kvotalar belgilash tarzida beriladi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq quyidagi tovarlarga nisbatan bojxona bojlari qo‘llanilmaydi: O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarda ishlab chiqarilgan va ushbu davlatlardan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga; O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va uning bojxona hududidan O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarga olib chiqilgan tovarlarga. O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida xalqaro shartnoma tuzgan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan, agar tovar erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma ishtirokchilari bo‘lgan davlatlardan birining rezidenti tomonidan eksport qilinayotgan bo‘lsa va ushbu shartnoma ishtirokchisi bo‘lgan davlatning rezidenti tomonidan shartnoma ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatning bojxona hududidan olib kirilgan bo‘lsa, bojxona bojlari qo‘llanilmaydi. Bunda rezident deganda shu davlat hududida tashkil etilgan tashkilot yoxud shu davlat hududida doimiy yashaydigan jismoniy shaxs tushuniladi. Boshqa hollarda boj tarifiga muvofiq bojxona boji stavkasi qo‘llaniladi.

Boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdoridagi bojxona bojlari O‘zbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimini qo‘llayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan, tovarni jo‘natuvchi va eksport qiluvchi mamlakatdan qat’i nazar, qo‘llaniladi. Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshiriladi. Rivojlanayotgan davlatlarda, shuningdek kam rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan va bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining preferensiyalar milliy tizimi belgilanishi mumkin. Tarif preferensiyalari ushbu Kodeksning 50-bobi qoidalariga rioya etgan holda beriladi.


7.6. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 345 347-moddalari)
Soliq kodeksining 23-moddasiga ko‘ra ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tarkibiga kiradi va u mahalliy budjet daromadlaridan biri hisoblanadi.

Soliq to‘lovchilar – yig‘im joriy qilingan tovarlar savdosini va xizmatlar ko‘rsatishni belgilangan tartibda amalga oshirayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Soliq solish obyekti – tovarlar va xizmatlarning qonun hujjatlarida belgilanadigan ro‘yxati.

Yig‘imni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi. Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im, yig‘im stavkalarining qonun hujjatlarida belgilangan oylik miqdori doirasida hisoblab chiqariladi.

Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imning aniq stavkasi mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlari tomonidan belgilanadi va qonun hujjatlarida belgilangan eng yuqori stavkalardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im har oyda, hisobot oyining keyingi oyining 25-kunidan kechiktirmasdan to‘lanadi.

Tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im bo‘yicha hisob-kitob faoliyat amalga oshirilayotgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga: yil davomida tegishli ruxsat guvohnomasini (mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining qarorini) olgan soliq to‘lovchilar tomonidan – ruxsat guvohnomasi (mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining qarori) berilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmasdan; faoliyat yuritayotgan soliq to‘lovchilar tomonidan – har yili hisobot yilining 15-yanvarigacha taqdim etiladi.

Eng kam ish haqining miqdori o‘zgargan taqdirda soliq to‘lovchilar aniqlashtirilgan hisob-kitobni navbatdagi to‘lov muddatidan kechiktirmay taqdim etishi shart.

Ushbu yig‘im ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdoni amalga oshirish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqini olish uchun to‘lanadi. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi ruxsat guvohnomasi bilan tasdiqlanadi. Ruxsat guvohnomasi joylardagi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi. Ayrim tovar turlarining va xizmatlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.

Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi yuridik shaxs yoki yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga o‘z arizalarida ko‘rsatilgan muddatlarga, lekin ushbu muddat qonunchilikda nazarda tutilgan muddatdan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi. Jumladan, yuridik shaxslarga ko‘pi bilan 3 yil, jismoniy shaxslarga 2 yil.

Soliq stavkasi – har yili keyingi moliya yili uchun tasdiqlanadigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida belgilanadi.

Mahalliy yig‘imlarning chegaralangan

stavkalari

(2016-yil uchun)



Yig‘imlarning turlari

Chegaralangan stavkalar

Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im




Alkogolli mahsulotlar, shu jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarning realizatsiya qilinishi

1 oylik savdo uchun eng kam ish haqining 5 baravari

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar

1 oylik savdo uchun eng kam ish haqining 3,5 baravari

Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash bo‘yicha pulli xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im

har bir oy uchun eng kam ish haqining 8 baravari

Yig‘im mablag‘larni keyinchalik budjet hamda shahar va tuman hokimliklarining budjetdan tashqari (maxsus) hisobvaraqlari o‘rtasida taqsimlash bilan yagona hisobvaraqqa, Toshkent shahrida esa O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish departamentining hisobraqamiga kelib tushadi.

Toshkent shahrida yig‘im miqdori eng kam ish haqining 5 baravari, viloyat markazlarida – eng kam ish haqining 3 baravari, boshqa aholi punktlarida – eng kam ish haqining 2 baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.

Mahalliy yig‘imning o‘z vaqtida to‘lanishi, qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik yig‘imni to‘lovchilar zimmasiga yuklanadi.

Davlat soliq xizmati organlari esa o‘zlariga berilgan vakolat doirasida qonun hujjatlariga muvofiq yig‘imni to‘lovchilarning budjet oldidagi majburiyatlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Nazorat uchun savollar
1. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksida yettita budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga shulardan faqat uchtasi kiritilgan. Bu jamg‘armalarning o‘xshash va farqli jihatlarini tahlil qiling.

2. Mahalliy yig‘imlarning mahalliy budjetni shakllantirishdagi rolini izohlang.

3. “Baraka” MCHJ xodimi B.Ismoilov 50 yoshga to‘ldi va o‘z yubileyini nishonlashni rejalashtirdi. U firma direktoriga tug‘ilgan kunini ishda nishonlash uchun 300 000 so‘m ajratishni so‘rab murojaat qildi. Firma direktori Ismoilovga tug‘ilgan kuni munosabati bilan 300 000 so‘m pul mablag‘i ajratish to‘g‘risida farmoyish berdi. Ismoilovga tug‘ilgan kuni munosabati bilan 300 000 so‘m pul mablag‘i berish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirildi.

Pul mablag‘ini berishdan oldin bosh buxgalter Ismoilovni ushbu pul mablag‘laridan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq yagona ijtimoiy to‘lov hamda sug‘urta badali ushlab qolinayotganligi to‘g‘risida ogohlantirdi. B.Ismoilov bunga o‘z e’tirozini bildirib, ushbu mablag‘ bayram tantanasini nishonlashga sarflanishini hamda u soliqqa tortilmasligini ta’kidlaydi.



Vaziyatga huquqiy jihatdan baho bering.

4. “Imkon” MCHJ xodimi B.Salimov kasal bo‘lib qoldi va u shifoxonaga yotishga majbur bo‘ldi. Biroq davolanish unga qimmatga tushdi va u davolanishning asosiy qismini to‘lash haqida firmaga murojaat qildi. B.Salimovning arizasi asosida “Imkon” MCHJ davolanish muassasasining hisob raqamiga 700 000 so‘m miqdorida pul mablag‘ini o‘tkazib berdi. Hisobchi yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badalini ushlab qolmadi va daromad solig‘ini ushlab qoldi.



Vaziyatga huquqiy jihatdan baho bering.

8-bob. Soliq solishning soddalashtirilgan tizimi va

soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga soliq solishning

o‘ziga xos xususiyatlari
Ushbu bobda soliq solishning soddalashtirilgan tizimining o‘ziga xos xususiyatlari; yagona soliq to‘lovini; yagona yer solig‘i; tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’i belgilangan soliq; soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi soliq to‘lovchilarga, oddiy shirkat shartnomasi sherigida (ishtirokchisida) birgalikdagi faoliyatga, dehqon xo‘jaliklari, bozorlarga soliq solishga, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga; advokatlar hay’atlari, advokatlik firmalari, advokatlik byurolari va advokatlarga) soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan.
8.1. Soliq solishning soddalashtirilgan tizimining

o‘ziga xos xususiyatlari
Iqtisodiy islohotlarni yanada erkinlashtirish va chuqurlashtirish jarayonida kichik biznesni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xususiy tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish, mulkdorlar sinfini shakllantirish, bozorlarni tovarlar bilan to‘ldirish, raqobat muhitini yaratish, ishsizlikka barham berish mamlakat oldida turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Soliqqa tortish tizimida olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri kichik biznes subyektlarini soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-apreldagi 159-son “Kichik korxonalar uchun ixchamlashgan soliqqa tortish tizimiga o‘tishni qo‘llash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mikrofirma va kichik korxonalar soliqqa tortishning umumbelgilangan tartibidan soddalashtirilgan, ya’ni ixchamlashtirilgan soliq rejimiga o‘tkazildi. Bunda kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lash yoki umumbelgilangan tartibda soliq majburiyatlarini bajarish ixtiyoriy ekanligi qat’i belgilandi. Kichik korxonalar uchun yagona soliqning o‘rnatilishi soliq hisob-kitobini tuzishni osonlashtirdi hamda ular bir nechta soliq turi o‘rniga faqatgina bitta yagona soliq bo‘yicha soliq idoralariga soliq hisob-kitobini topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Natijada korxona hisobchilarining ishi birmuncha osonlashdi.

Mikrofirmalar va kichik korxonalarni jadal rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish hamda ularning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati va ulushini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-iyundagi PF–3620-sonli “Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 2005-yilning 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston soliq tizimida kichik biznes subyektlarining ba’zi toifalari uchun yagona soliq to‘lovi joriy qilindi.

U birxillashtirilgan bo‘lib, quyidagi majburiy to‘lovlarni to‘lash o‘rniga joriy qilingan:


  • yagona soliq;

  • budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi;

  • Respublika yo‘l jamg‘armasi;

  • Maktab ta’limini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar.

Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar uning summasini soliq solinadigan baza va tasdiqlangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisob-kitob qiladilar. Bunda soliq organlariga davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bo‘yicha hisob-kitoblar alohida taqdim etilmaydi, shuningdek pensiya, yo‘l va maktab ta’limini rivojlantirish jamg‘armalariga majburiy ajratmalar summalari umuman to‘lanmaydi.

Yagona soliq to‘lovi faqat kichik biznes subyektlari – mikrofirmalar va kichik korxonalarga tatbiq etiladi.

Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar ro‘yxati 2007-yil 1-yanvardan boshlab kengaydi. Jumladan, ular tarkibiga soliq solishning boshqa tizimini tanlash huquqisiz savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari (ulgurji savdo korxonalari uyushmasi tizimiga kiruvchi respublika ixtisoslashtirilgan ulgurji baza – kontoralari va ularning hududiy bazalari bundan mustasno. Ular uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 8-iyundagi “Ixtisoslashtirilgan ulgurji baza – kontoralarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–374-son qarori bilan nazarda tutilgan soliq solish tartibi saqlab qolinadi); mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga tegishli bo‘lgan tayyorlov va ta’minot – sotish tashkilotlari, brokerlik firmalari, komissiya shartnomasi (topshirig‘i) bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar va tashkilotlar; soliq solishning boshqa tizimini tanlash huquqisiz lotoreyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslar kiritildi.

2007-yil 1-yanvardan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari hisoblangan alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lash huquqisiz, soliqlar va majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazildi. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiruvchi mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq to‘lovi taтbiq etilmaydi. Bundan tashqari Soliq kodeksining 350-moddasiga ko‘ra yagona yer solig‘ini to‘lovchilarga, qat’i belgilangan soliqni to‘lash nazarda tutilgan mikrofirma va kichik korxonalarga hamda mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchisi bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalarga ham yagona soliq to‘lovi tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga asosan kichik biznes subyektlari tarkibiga quyidagilar kiritilgan:


  • yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar;

  • xodimlarining o‘rtacha yillik soni:

  • ishlab chiqarish tarmoqlarida 20 kishidan;

  • xizmat ko‘rsatish sohasi va boshqa ishlab chiqarishga bevosita aloqasi bo‘lmagan tarmoqlarda 10 kishidan;

  • ulugurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5 kishidan oshmagan mikrofirmalar;

  • quyidagi tarmoqlarning o‘rtacha yillik xodimlari soni:

  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yengil, oziq-ovqat sanoatidagi va qurilish materiallari sanoatidagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan ikki yuz kishi;

  • metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik, mebel sanoatidagi, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yuz kishi;

  • mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalari 50 kishidan;

  • fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohasi (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa ishlab chiqarishga aloqador bo‘lmagan sohalar 25 kishidan oshmagan kichik korxonalar.

Kichik biznes subyektlariga amaldagi soliq qonunchiligiga ko‘ra tatbiq etiladigan soliq imtiyozlari va preferensiyalar faqat yuqoridagi sanab o‘tilgan subyektlarga taalluqli bo‘ladi.

U yoki bu korxonaning yuqorida aytilgan subyektlar toifalarining birortasiga kiritilish mezoni bo‘lib xodimlarning yillik o‘rtacha soni, shu jumladan unitar (sho‘ba) korxonalarda, filiallarda va vakolatxonalarda ishlaydiganlar soni hisoblanadi.35

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun qo‘llaniladi va yagona soliq to‘lovini, yagona yer solig‘ini hamda tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’i belgilangan soliqni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning maxsus qoidalari qo‘llanilishini, shuningdek mazkur soliqlar bo‘yicha soliq hisoboti taqdim etilishini nazarda tutadi.

Qat’i belgilangan soliqni to‘lash belgilangan faoliyat turlarini amalga oshiruvchi yagona soliq to‘lovi to‘lovchilar va yagona yer solig‘ini to‘lovchilar ushbu faoliyat turlari bo‘yicha alohida-alohida hisob yuritishlari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qat’i belgilangan soliq to‘lashlari shart.

Soliq davri mobaynida, soliq solish tartibi o‘zgargan taqdirda soliq to‘lovchi bu haqda soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan shaklda yozma ravishda xabardor etadi. Bunda o‘tgan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘sha davrda amal qilgan soliq solish tartibidan kelib chiqqan holda to‘lash bo‘yicha majburiyatlar soliq to‘lovchilarda saqlanib qoladi.

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan soliq to‘lovchilar uchun, to‘lov manbaida soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni ushlab qolish majburiyatlari hamda budjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga quyidagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatlari saqlanib qoladi:



    • to‘lov manbaida undiriladigan foyda solig‘i (SK 165-m);

    • O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan bajariladigan (ko‘rsatiladigan) ishlar (xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i (SK 207-m);

    • aksiz to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarishda solinadigan aksiz solig‘i;

    • yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;

    • qonun hujjatlarida belgilangan ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

    • bojxona to‘lovlari;

    • yagona ijtimoiy to‘lov;

    • davlat bojlari;

    • tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im;

    • davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar (yagona soliq to‘lovini va yagona yer solig‘ini to‘lovchilar bundan mustasno);

    • avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im.


Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling