Toshkent moliya instituti n. X. Jumayev, J. X. Ataniyazov, E. D. Alimardonov xalqaro valyuta munosabatlari
Parij valyuta tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari
Download 0.62 Mb.
|
Toshkent moliya instituti n. X. Jumayev, J. X. Ataniyazov, E. D.-fayllar.org
2. Parij valyuta tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
Birinchi jahon valyuta tizimi XIX asrda oltin monometallizmi asosida, oltin tanga andozasi shaklida shakllangan. Parij valyuta tizimida oltin yagona jahon puli sifatida qabul qilingan. Mazkur valyuta tizimi, rasmiy ravishda 1867 yilda Parij konferentsiyasida tan olindi va amal qila boshladi. Oltin andozasi talabiga asosan banklar milliy valyuta birligiga oltin asosini berib, milliy valyutani oltinga sotish va sotib olish majburiyatini olganlar. Oltin tanga andozasiga tegishli xususiyatlar quyidagilardan iborat edi: tovarlar narxining oltinda hisoblanishi, oltin tangalarning erkin muomalada bo‘lishi va davlat zarbxonlari tomonidan cheklanmagan tarzda tangalarni zarb etilishi, nominalga ko‘ra kredit pullarining oltin tangalarga erkin almashinuvi, oltinni olib kirish va olib chiqishda cheklovlar o‘rnatilmaganligi, ichki bozorlarda qog‘oz pullar oltin tangalar bilan bir qatorda muomalada bo‘lishi. Oltin andozasi amalda bo‘lgan davrlarda oltin paritetidan foydalanilgan. Oltin pariteti – rasmiy oltin tarkibiga ko‘ra turli mamlakatlar pul birliklarining o‘zaro nisbatini ifodalaydi. Oltin pariteti valyuta kurslarini aniqlashda asos bo‘lib xizmat qilgan va 1976 yilda XVF tomonidan bekor etilgan. Ya’ni, AQShda 1 troya untsiya oltin (31, 1 g.) = 20, 672 USD ($) Buyuk Britaniyada 1 troya untsiya oltin= 4,248 GBP (£) Oltinning valyutalardagi qiymati valyuta kursini aniqlashga xizmat qilardi: $ 20, 672 / £ 4,248 = 4, 866 , ya’ni £ 1 = $ 4, 866 Parij valyuta tizimi quyidagi tamoyillarga asoslangan edi: tizim asosini oltin tanga andozasi tashkil etishi; milliy pul birliklarining oltin tarkibi o‘rnatildi (Buyuk Britaniya – 1816 yildan, AQSh – 1837 yildan, Germaniya- 1875 yildan, Frantsiya – 1878 yildan); oltinga umumiy to‘lov vositasi sifatida jahon puli funktsiyasi berildi; markaziy banklar tomonidan emissiya qilingan muomaladagi banknotalar oltinga erkin almashtirilgan. Almashinuv oltin paritetlari asosida amalga oshirilgan. valyutalar kursi moneta partitetidan “oltin nuqtalari” chegarasida og‘ishi mumkin edi (±1% amalda qa’tiy belgilangan valyuta kurslari bo‘lgan); oltindan tashqari xalqaro aylanmada angliya funt sterlingi tan olingan; milliy oltin zahiralari va ichki pul taklifi o‘rtasidagi o‘zaro nisbat ushlab turilgan; to‘lov balanslari taqchilligi oltin bilan qoplangan. Mazkur davrda valyuta kurslarining barqarorligini mamlakatlar o‘rtasida oltinning erkin harakati ta’minlagan. Oltin andozasining joriy etilishi har bir ishtirokchi davlatdan o‘z valyutasini oltinga qa’tiy belgilangan kurs bo‘yicha konvertatsiya qilishni talab etardi. Oltin tarkibini hisoblash yordamida aniqlangan valyuta ayirboshlash kursi har bir valyuta uchun oltin paritetini belgilaydi. Parij valyuta tizimi amal qilgan sharoitda oltin ichki bozorlarda tanga ko‘rinishida muomalada bo‘lgan, bundan tashqari tijorat banklarining zahiralari shaklida ham xizmat qilgan. Oltin andozasi mamlakatlarda to‘lov balansini, pul muomalasini, xalqaro zahiralarni, tashqi iqtisodiy aloqalarni hamda ishlab chiqarishni bir maromda tartibga solishda muhim rol o‘ynagan. Parij valyuta tizimida tashkil etilgan oltin tanga andozasi birinchi jahon urushiga qadar, to‘lov balansi va valyuta kursini tartibga solishning bozor mexanizmi amalda qo‘llangan davrda birmuncha samarali faoliyat ko‘rsatgan. To‘lov balansida taqchillik mavjud bo‘lgan mamlakatlar deflyatsion siyosat o‘tkazishga majbur bo‘lganlar, bunda pul massasini oltinni chegaradan tashqariga chiqarish orqali qisqartirishga erishganlar. Oltin andozasining afzalliklari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: valyuta kurslari keskin tebranishining mavjud emasligi; past inflyatsiya darajasi. Parij valyuta tizimi doirasida tashkil etilgan oltin andozasi bir qator kamchiliklarga ega bo‘lgan. Oltin andozasi jahon iqtisodiyotida muomaladagi pul massasi bilan oltin qazib olish va ishlab chiqarish o‘rtasida bog‘liqlikni yuzaga keltirdi. Ushbu sharoitda yangi oltin konlarini ochish va uni qazib olishni ko‘paytirish transmilliy inflyatsiyaga olib kelgan. Aksincha, agar oltin ishlab chiqarish hajmi ishlab chiqarishning real hajmi o‘sishidan orqada qolsa narxlar darajasining yalpi pasayishi kuzatilgan. Shuningdek, oltin andozasi amal qilgan davrda milliy iqtisodiyotning ichki muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan. Oltinga konvertirlanganlikni ushlab turgan holda pul emissiyasi orqali xarajatlarni moliyalashtirishga harakat qilgan hohlagan mamlakatda oltin zahirasining xorijga chiqib ketishi holati ro‘y bergan. Bu holat, barcha Yevropa mamlakatlarini birinchi jahon urushida davrida oltin andozasidan voz kechishga majbur etdi. Chunki, urush xarajatlarini moliyalashtirishni faqat qog‘oz pullar emissiyasi hisobiga amalga oshirish mumkin edi. Urush harajatlarini qoplashda soliqlar, zayomlar bilan birga oltin ham jahon puli sifatida sarflandi. Ko‘pgina mamlakatlar tomonidan valyuta cheklovlari o‘rnatildi. Valyuta kurslari majburiy tarzda o‘rnatilgan bo‘lib, shu boisdan noreal edi. Urush boshlanishi bilan markaziy banklar oltinni almashtirishni to‘xtatdi va xarajatlarni qoplash uchun emissiyani oshirdilar. 1920 yilga kelib AQSh dollariga nisbatan funta sterling 1/3 qismga, frantsuz franki va italiya lirasi —2/3, nemis markasi esa - 96%ga qadrsizlandi. Oltin andozasi bozor iqtisodiyoti sharoitlariga va rivojlanib borayotgan xo‘jalik aloqalari ko‘lamiga javob bermaganligi tufayli asta-sekinlik bilan barham topgan. Oltin tanga andozasi pul va valyuta tizimi sifatida amal qilishni to‘xtatgan va jahon valyuta tizimini boshqa shaklda shakllantirishga ehtiyoj sezilgan. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling