Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha xorijiy ilmiy-tadqiqotlar sharhi .
Tarkibida azot, fosfor, oltingugurt bo‘lgan polisulfid oligomerlar sintezi, ularning tarkibi, tuzilishini tadqiq qilish, elastik, mustahkam, qurilish konstruksiyalari qismlariga nisbatan adgeziyasi yuqori, issiqlik va sovuqlikka , ishchi muhitda chidamli, namlik, yorug‘lik, ozon ta’siriga barqaror, germetiklar olish hamda ularning qo‘llanilishi bo‘yicha ilmiy izlanishlar dunyoning yetakchi ilmiy markazlari va oliy ta’lim muassasalari, jumladan: Nanjing texnologiya instituti (Xitoy), prof. Asen Zlatarov nomidagi Burgas universiteti (Bolgariya), Charlz Sadron instituti (Italiya), Uorvik universiteti (Buyuk Britaniya), Gent universiteti (Belgiya), Morton xalqaro texnika markazi (AQSh), Aviatsion materiallar umumrossiya instituti (Rossiya), Qozon davlat texnologiyalar universitetining polimer va maxsus kauchuklar ilmiy-tadqiqot instituti (Rossiya), Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot institutida (O‘zbekiston) olib borilmoqda.
Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Polisulfid polimer kompozitsiyalar sintezi va modifikatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha W.Mazurek, A.G. Morits, E.M. Fettes, M. Takashi, J.W. Barber, Ch. Brun, M. Morioka, L.A. Averko-Antonovich, P.A. Kirpichnikov, R.A. Smislova, V.S. Minkin, R.A. Shlyaxter, F.B. Novosyolok, P.P. Suxanov, M.V. Berenbaum, Yu.N. Xakimullin, R.R. Valeev, T.Yu. Mirakova, I.E. Ismaev, A.G. Liakumovich, L.P. Labutin, G.M. Raxmatullina, R.Sh. Frenkel, D.S. Ioffe, M.A. Asqarov, A.T. Djalilov, S.N. Negmatov, S.Sh. Rashidova, T.M. Babaev, X.X.Turaev, F.N. Nurkulov, B.A. Normurodov va boshqalar ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Germetiklovchi materiallar texnologiyasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari qurilish va sanoat kompozitlarining samaradorligini oshirish uchun kauchuksimon polimerlarni modifikatsiyalashga qaratilgan. Polimer konstruksiyalarning xizmat qilish muddatini oshirish, ularning ekspluatatsion xossalarini yaxshilash qurilish va sanoat konstruksiyalari sifatini oshirish vazifasini hal etish bilan uzviy bog‘liq.
Shu bilan birga, individual va polifunksional ta’sirga ega organik modifikatorlardan foydalanish sohasidagi tadqiqotlar germetiklarning sifatini oshirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Germetiklarni modifikatsiyalash germetiklar samaradorligini oshirishning ancha oson va qulay usuli hisoblanadi hamda shu maqsadda muvaffaqiyatli foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |