Rezina tayoqcha bilan kamertonning bir shoxchasiga urilsa, ma`lum bir tovush eshitiladi. Kamertonning tebranishiga ishonch hosil qilish uchun ipga birorta yengil sharchani osib, uni kamertonning ikkinchi shoxchasiga tegizib qo‘yamiz. Kamertondan ovoz chiqqanda sharcha ham tebranib turganligini ko‘rish mumkin. Kamertondan chiqadigan ovozni kuchaytirish uchun u yog`ochdan yasalgan qutiga o‘rnatiladi. Bu qutini rezonator deyiladi.
Shu maqsadda rubob, tor, dutor, tanbur kabi asboblarda tebranuvchi sim ostiga yupqa parda qo‘yiladi. Odamning ham tovush chiqaruvchi og`zi kamertonga o‘xshaydi. Til tebranuvchi jism bo‘lsa og`iz bo‘shlig`i va tomog`i rezonator vazifasini bajaradi.
Tovush qabul qilgichlarga birinchi navbatda inson qulog`ini kiritamiz. Quloq ichida maxsus parda bo‘lib, unga tovush tushganda tebranadi va undan signallar miyaga uzatiladi. Odamlarning quloqlarining sezgirligi turlicha bo‘ladi. O‘quvchi yoshlar bilan qariyalarning qulog`i birday eshitmaydi. Xuddi shunday, hayvonlarning ham tovushni eshitish chastota diapazoni boshqacha. Kapalaklar, kuchuk va mushuklar, ko‘rshapalaklar ultrtovushlarni ham qabul qila oladi. Delfin 200 kHz gacha bo‘lgan ultratovushlarni qabul qiladi. Tovushni qabul qilish uchun maxsus mikrofonlar yaratilgan. «Mikrofon» so‘zi yunoncha ikki so‘zdan: mikros - kichik va phone - tovush so‘zlaridan olingan. Mikrofonda tovush tebranishlari elektr tebranishlariga aylantiriladi, so‘ngra maxsus kuchaytirgichlarda kuchaytiriladi. Chastotasi 7-9 Hz bo‘lgan infratovush insonlarga yomon ta`sir ko‘rsatadi. U bosh aylanishni, qayt qilishni vujudga keltiradi. Ko‘proq muddat ta`sir etsa, o‘limga olib kelishi ham mumkin. Shunday voqea kuzatilgan. Mamlakat poytaxtlarining biridagi teatrda tragediya ko‘rsatilgan. Tomosha paytida «Organ» deb ataluvchi musiqa asbobi chalinishi kerak edi. Sahnadagi fojianing tomoshabinlarga ta`sirini kuchaytirish maqsadida teatrning musiqaviy mexanigi organ trubalarini biroz o‘zgartiradi. Tomosha boshlanib, musiqachi organ klavishlarini bosa boshlaganda zaldagi odamlarda qandaydir qo‘rquv hissi uyg`ona boshlagan. Natijada odamlar dastlab birin-ketin, keyin yoppasiga teatrdan qochib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |