311-modda. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidalarni aniqlashtirish
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan xizmat tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidalar ichki mehnat tartibi qoidalarida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan xizmat tekshiruvini o‘tkazish tartibi haqidagi ichki hujjatlarda tarmoqning xususiyati, ishlab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari, xodimlar bajarayotgan mehnat vazifalarining tavsifi inobatga olingan holda aniqlashtirilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ichki hujjatlar xodimning holatini ushbu Kodeksga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak.
Maxsus intizomiy javobgarlikka tortiladigan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari qonunda, shuningdek intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarda belgilanadi.
3-§. Intizomiy jazolar
312-modda. Intizomiy jazo choralari
Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari).
Ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda, intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
313-modda. Intizomiy jazo choralarini qo‘llash tartibi
Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qo‘llaniladi (ushbu Kodeks 127-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |