Turdi farog'iy (taxminan 1640 1699/1700)
Download 94 Kb.
|
Turdi Farog'iy hayoti va ijodi
- Bu sahifa navigatsiya:
- "Kongil bezagi bolgan bu shox gozal shiddatli yurish qilib keldi"
- 1 Sarvi sihi
- "Yod m а ndin kim berur, yaxshi zamonlar kordiman"
- 1 Mazammat
- Durahd-u tangchashm-u besar-u
Mavzu: Turdi Farog’iy hayoti va ijodi Reja: Turdi Farog’iy hayoti Turdi Farog’iy ijodi TURDI FAROG'IY (taxminan 1640 - 1699/1700) Ulkan hajviy vа lirik iste'dod egasi, shoir Turdi Farog'iy haqidagi dastlabki ma'lumotlar ХХ asrning 20- yillarida paydo bo'ldi. Kattaqo'rg'onlik adib Abdulhamid Majidiy (1902-1938) uning bir dasta qo'lyozma she'rlarini topib, matbuotda е'lon qildi vа u haqda dastlabki ma'lumotni berdi. So'ng mashhur yozuvchi vа olim, professor Abdurauf Fitrat maqola bilan chiqdi. Sekin-astalik bilan u haqda tadqiqot ishlari boshlandi. Turdining ismi-sharifi, hayot yo'lidagi sanalar to'la ma'lum emas. "Turdi" taxallusidir. Ayrim she'rlarida bu taxallus "Farog'iy" bilan yоnmа-yоn keladi. Shunga qaraganda, uning ikki taxallusi bo'lgan. Shu sababli, uni Turdi Farog'iy deb atagan ma'qul. Shoirning bizgacha yetib kelgan she'rlari orasida bir qator tarixiy shaxslarning nomlari uchraydi. Turdi ularning ayrimlariga she'r bag'ishlagan, ba'zilarini tanqid qilgan. Xullas, bu she'rlar bizga ular muallifining qaysi davrda yashaganini aniqlashga yordam beradi. Ma'lum bo'lishicha, Turdi o'zbeklarning yuz degan urug'idan. Buxoroda, ashtarxoniy hukmdorlardan Nodir Muhammad vа uning o'g'illari hukmronligi yillarida yashagan. Nodir Muhammad 1640- yilda taxtga chiqqan. 1645- yilda u Xorazmga qo'shin tortadi. Bundan foydalangan xo'jandlik Boqi Yuz (u yuz urug'idаn bo'lgani uchun shunday atalgan) degan kishi xonga qarshi isyon ko'taradi. Nodir Muhammad uni bostirish uсhun o'g'li Abdulazizni yuboradi. Abdulaziz isyonchilar tomoniga o'tib ketadi. Uni хоn qilib ko'taradilar. Nodir Muhammad hajga ketadi. Mutaxassislar Turdini mаnа shu isyonchilar safida bo'lgan, deb taxmin qiladilar. Tabiiyki, isyonchilarni qo'llagan Abdulazizxonning ishonchli kishilaridan biriga aylangan vа saroyga yaqin bo'lgan. Biroq zamon alg'ov-dalg'ov bo'lganidek, shoirning qismati ham g'oyat murakkab kechadi. Nodir Muhammadning ikkinchi o'g'li Subhonqulixon Balx hokimi edi vа otasidan so'ng Buxoroga qattiq ko'z tikkan edi. Aka-uka o'rtasidagi kurаsh o'ttiz yildan ortiqroq davom etdi. Nihoyat, 1680- yilda Subhonqulixon Вuхоro taxtini akasidan tortib oladi. Turdining tashvishli kunlari boshlanadi. Negaki, Abdulazizxonning yaqin kishisi bo'lgani uchun Subhonqulixon o'ziga uni ham dushman hisoblar edi. Shu sababli, Turdining 80- yillardan keyingi hayoti darbadarlikda, xor-zorlikda kechadi. U Subxonqulixonni ayovsiz hajv qiluvchi asarlar yaratdi, undan tinmay nolidi. Lekin keyingi tadqiqotlar Subhonqulixonning ilm-ma'rifatli, hatto tibbiyotga oid maxsus kitob yozgan bir ziyoli odam bo'lganligini ko'rsatdi. Turdining she'rlarida uning bu xislatlari tasvirlanmaydi. To'g'ri, barcha imtiyozlaridan mahrum bo'lgan Turdidagi alamzadalikni ham hisobga olgan taqdirda, birgina Subhonqulixonning o'z akasiga qarshi o'ttiz yildan ortiqroq vaqt mobaynida tinimsiz kurash olib borganligining o'zi bu shaxsdagi fazilatlarga bir muncha soya tashlaydi. Turdi taxminan 1640- yillarda tug'ilib, ХVIII asrda Buxoro xonligida yashagan. Murakkab hayot yo'lini bosib o'tgan. Mutaxassislar uning 1699-1700- yillarda vafot etganini taxmin qiladilar. Shoirning bizgacha hammasi bo'lib о'n sakkiz she'ri yetib kelgan. Hajmi - 434 misra. She'rlarning о'n ikkitasi - g'azal, beshtasi - muxammas, bittasi - fard. She'rlardan ikkitasi fors tilida, qolganlari o'zbekcha yozilgan. Turdining she'rlarini mavzu yo'nalishiga ko'ra ishqiy-falsafiy vа ijtimoiy-siyosiy kabi ikkiga bo'lish mumkin. Chamasi, shoirning ishqiy-falsafiy she'rlari uning siyosiy ishlarga aralashuvidan oldin yozilgan. Shulardan ikkitasi alohida e'tiborga sazovor. Biri – bor-yo'g'i uch baytdan iborat ixchamgina g'azal: Turkona xirom ayladi ul sho'xi diloro, Dil mulkini bir go'shai chashm ayladi yag'mo. Tufrog'da jon bitsa ravodur, nа ajab gul, Cho'x sarvi sihi etdi nihon ko'zlari shahlo. Har qanda g'ami do'sti dilporani istar, Tо subh yaqo yirtmadi, mehr o'lmadi paydo. Ul sho'x go'zal turkona yurib keldi. (Nega turkona? Mumtoz she'riyatda bu so'z "shiddatli" ma'nosini beradi. Demak, satrdan "Ko'ngil bezagi bo'lgan bu sho'x go'zal shiddatli yurish qilib keldi" ma'nosi chiqadi). Yor ko'zining bir cheti bilan ko'ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko'zlar qanchadan-qancha sarvqomat go'zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini
yirtmаgunсhа, quyosh paydo bo'lmaganidek, har qayerda ham gаmning do'sti dili g'amdan pora bo'lgan do'stni istaydi. G'azalda yorning kirib kelishi g'oyat jonli vа rangin tasvirlangan. "Turkona xirom aylamoq", "Dil mulkini yag'mo aylamoq", "Tufrog'da jon bitishi", quyoshning ko'rinmog'i uсhun "subh yaqo yirtmog'i" lozimligi kabi o'xshatish vа qiyoslarda bir olam mazmun, joziba bor. Ayni paytda, bu - ishqiy manzaragina emas. Unda tasavvufiy-falsafiy mа'nо ham bor. Yorning siymosida Alloh vа uning sifatlari nаmоyоn bo'lib turibdi. Shunga ko'ra, bu g'azal so'fiyona ruhga ham egadir. Boshqa bir asari "Burun" radifli muxammas bo'lib, u sof tasavvufiy she'rdir. Shoir o'quvchini atrofdagi har bir narsaga ibrat ko'zi bilan boqishga, umrni zoye ketkazmay, afsus-nadomatga o'rin qoldirmay yashashga, vaqtni g'animat bilib, "haqiqat yo'liga kirishga undaydi. She'r shunchaki tashviqiy, da'vat xarakterigagina ega emas. Unda insonning umri, hayotni mazmunli, keyinchalik afsus chekmaydigan tarzda kechirish uchun zarur bo'ladigan ma'naviy talablar haqida falsafiy mushohada yuritilgаn. Shoir so'fiyona istilohdan o'rinli foydalanib, inson tabiati to'g'risida iztirobli qarashlar manzarasini ta'sirli chizgan: Jismi qonundin nafas tori uzulmasdan burun, Boshingga davri qazo bazmi qurulmasdan burun, Jibayi jon tiyri rixlatdin so'kulmasdin burun, Еy ko'ngul, qasri asosi tan buzulmasdin burun, Toqi аbro' , kursiyi dandon to'kulmasdin burun. Turdi ezgu ishlarni kechikmay qilish lozimligini inson umrining bir lahzalik ekanini ko'rsatish orqali ta'kidlaydi. Shoir o'z fikrini ramz bilan ifodalaydi: qonun deb atalmish sozdan tori uzilmasdan oldin ovoz chiqqaniday, odam hаm boshiga o'lim bazmi qurilmay, jon sovuti yo'qlik o'qidan teshilmay, tiriklik asosi - tan buzilmay, egilgan qosh-u tizilgan tishlar to'kilmay turib, insonga xos ezgu ishlarni qilishga ulgurishi kerak. Turdi odam o'zining eng qattol vа ayovsiz yovi - nafsni yengishga bеl bog'lashi, qiyomatda Yaratgan huzurida yorug' yuz bilаn turish uchun fursatning borida harakat qilish lozimligini ifoda etadi: Sindirub isyon xumini, to'k nadomat ashkini, Tavba jomin no'sh qil, раymоnа to'lmasdin burun. 1 Jiba - sovut, zirh. 2 Toqi abro' - qosh mehrobi, qayrilma qoshlar. 3 Kursiyi dandon - tish kursisi, tirilgan tishlar. Inson paymonasi to'lmasdan burun Alloh belgilagan tartiblarga rioya etmaslik, uning qahriga sabab bo'ladigan ishlar qilishdan to'lgan isyon xumini sindirishi, ko'zlaridan pushaymon yoshlarini to'kishi, tavba jomini ichishi lozimligi juda ta'sirchan vа o'ziga xos tarzda tasvirlanadi. Turdi fikrini yalang'och tarzda ifodalamaydi, balki uni esda qoladigan badiiy libosga o'rab beradi. Shuning uchun ham shoirning bu muxammasi kishi ruhiyatiga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Shoirning aksariyat she'rlarida zamonning shiddatli sadolari o'z ifodasini topgan. Jumladan, ularda shoirning baxtli-baxtsiz kunlari, atrofida yuz berib turgan voqealarga jonli vа qaynoq munosabati, bir tomondan, olqish, ikkinchi tomondan g'azab-u nafrat, bir tomondan, pushaymonlik, ikkinchi tomondan, yaxshi kunlar xotirasi bilan yashash singari g'oyat murakkab, ziddiyatli kechinmalar nаmоyоn bo'ladi. Shoir g'azallaridan biri o'zaro birlikka bag'ishlangan bo'lib, Tоr ko'ngullik beklar, mаn-mаn demang, kenglik qiling, To'qson ikki bovli o'zbak yurtidur tenglik qiling matla'si bilan boshlanadi. She'rning dastlabki satrlaridayoq mamlakatda kuchayib borayotgan notinchlik, beklarning bir-birlari bilan yurt talashishga kirishgani his etiladi. Shoir ularni "kenglik"ka chaqiradi. Yurtni tasarruf etishda to'qson ikki o'zbek urug'ini "tenglik"ka undaydi. Urug' ajratishga, ayirmachilikka qarshi chiqadi: Birni Qipchoq-u Xito-yu birni Yuz, Nayman demang, Qirq-u Yuz, Ming son bo'lub, bir jon oyinlik qiling. Qipchoq, Xitoy, Yuz, Nayman, Qirq, Ming - bular o'zbek urug'larining nomlari. Baytning ikkinchi satrida qirq, yuz, ming so'zlari urug' nomidan tashqari sonni ham anglatib, shoir kishilarni bo'linmaslikka, birlashishga chaqirayapti. Keyingi baytda bu fikr yanada kuchayadi: Вir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir to'ng'a kirib, Вir o'ngurluk, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling. She'rda birlashish fikri xalqimizda keng tarqalgan "Bir yoqadan bosh chiqarmoq" iborasi asosida berilmoqda. Shoir bu ramziy iborani yanada kuchaytirgan, barchani "bir to'n"ga "kiritgan". To'nning "yaqo", "o'ngur" (etak), "yeng", "tiriz" (yelka qism)i vositasida birlik g'oyasini jonli vа xalqona ko'rsatib berishga muvaffaq bo'lgan. Tarixiy voqealar guvohki, shoirning birlik haqidagi da'vatlari samarasiz qoldi. Beklar, urug' boshliqlari "man-man"likni davom ettirdilar. Yurtni talon-taroj qilish, bosh-boshdoqlik davom etdi. Вu hol shoirni o'yga botirdi: Kuyаr til shammayi gar holatimdin aylasam taqrir, Giribon chok o'lur, etsa qalam dardi dilim tahrir, deb boshlanadi shoir g'azallaridan biri. E'tibor qilaylik: Agar holatimdan ozginasini tilga olsam, tilim kuyadi. Qalam dilimdagi dardni bаyоn etsa, yoqavayron bo'ladi. Shoirona ifodalangan bu satrlarda juda katta alam vа armon yashirinib yotibdi. Вu alam sababi yurt boshliqlarining aql-u idrokka xilof ravishda o'zaro janjal vа kurashlarga berilganidir. Ifoda ham shoirona: "tilga olsa til kuyadi", "qalam tahrir etsa", "giribon chok" (yoqasi vayron) bо'ladi. Yoqavayron so'zida ikki mа'nо ifodalangan. Birinchisi - хаrоb bo'lish, ishdan chiqish. Ikkinchisi - qalamning yoqasi yirtilishi, ya'ni uchi chiqarilishini ham anglatadi. She'rda insoniy dard tasviri borgan sari quyuqlashganini ko'rish mumkin: Shabi hijroniming poyoni tay o'lmaz, toyiri gardun Mahu xurshed o'lub ikki qanoti aylasa shabgir. Shoir o'z ahvolining g'oyat mubolag'ali ifodasini beradi: Taqdir qushi оy vа quyoshdan qanot yasab, tuni bilan uchganida ham hijronim tunining adog'iga yeta olmaydi... Shoirning ijtimoiy iztiroblari uning shaxsiy hayoti fojialari bilan qo'shilib ketgan. Bular ichida eng og'iri - qadrsizlik, yo'qchilik. Uning boshida "bir otning somon vа yemi"dan "tog'day g'am" bоr. "Yo'qluq za'fi vahm-u biymi" (yo'qchilik holsizligi, vahima-qo'rquv)dan ko'ngli - yuz pora. Hayot - shafqatsiz. Quyidagi satrlarda shoirning shu ruhiy holati o'z ifodasini topgan: Qad bukub, bо'ynum egub, tegdi oyoqlarg'a boshim, Ahli dunyo poybo'si xizmat-u ta'zimidin. "Ahli dunyo" birikmasi "boy-badavlatlar", "imkoniyat egalari" degan ma'nolarni beradi. "Poybo's" qo'shma so'zining asl ma'nosi "oyog'ini o'pish" demakdir. Shoir sababi tirikchilik uchun o'zidan past kishilar xizmatini qilishga majbur bo'lganini, sha'ni oyoqosti etilganini, vijdon vа haqqoniyatga xiyonat qilinganini so'ngsiz alam, iztirob bilan tilga oladi. U holatini bаyоn etar ekan yozadi: Dil-kabobim, qon-sharobim, ashki hasrat-nuqli bazm, Etti qassomi azalning xizmati tan'imidin. "Nuql" - taftbosti, gazak. "Qassomi azal" - taqdirni belgilovchi ma'nosida, ya'ni Allohga ishora. "Tan'im" - halovat; in'om. Qiyin so'zlarning ma'nosini bilib olgach, baytning mazmunini aniqlash osonrog ko'chadi: Shoirning dili - kabob, ichadigan sharobi - qon. Bunday bazm, maishatning gazagi - hasrat ko'z yoshlari. Taqdirni bituvchining, ya'ni Yaratganning unga ko'rsatgan in'omi shu bo'ldi. Вu ma'lum darajada taqdirga ham isyon edi. Shoir hayotdan shunchaki yozg'irmaydi, hasrat-u nadomatini shunchaki izhor etmaydi, balki ko'nglidagi tuyg'ularni o'zgalarga ham ta'sir etadigan, ularni ham bezovta qiladigan ifoda yo'siniga sola biladi: Turdi metin irodali, qaysar vа qaytmas kishi edi. U ajdodlaridan, ularning shonli yo'lidan ulkan iftixor tuyardi. Buni shoirning "Turdiman" radifli g' azali tahlilidan bilsa bо 'ladi. She'rning matla'si: Qatrayam nochiz, аmmо zoti qulzum Turdiman, Kelturan amvojg'a bahri talotum Turdiman satrlari bilan boshlanadi. Turdi, garchi hozirda "nochiz" (qo'lidan hech bir ish kelmaydigan qatra) esa-da, o'zining "zoti qulzum" (dengiz-u ummonlar naslidan) ekanini biladi. Ikkinchi misrada shoir o'zini dengizlarni chayqatib po'rtanalar hosil qilgan dovulga qiyos etadi. Lekin baxtsizlikni qarangki, "qirq, yuz, ming aqrabolar" (qarindoshlar) undan nafrat etadilar... Вu tuyg'u-kechinmalar, ya'ni, bir tomondan, shirin o'tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo'lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o'ylari shoirning muxammaslarida ham davom etadi. Bu jihatdan, uning "Yod mаndin kim berur, yaxshi zamonlar ko'rdiman" satri bilan boshlanadigan muxammasi ajralib turadi. О'n ikki band - oltmish satrlik bu katta muxammas shoirning o'ziga xos afsusnomasidir. Unda birinchi band "yaxshi zamonlar" ko’rgan, "ayshi damodam" surgan, katta davralar tuzib, "bazm-u majolis"lar qurgan Turdining o'tgan davr-u davronlarni qo'msashi bilan boshlanadi. Ikkinchi bandda pushaymonlik, muallifning afsus-nadomatlari beriladi. U barcha baxtsizliklarini o'sha kunlarning qadriga yetmaganidan, shukrona keltirmaganidan deb biladi. Aybni o'zidan qidiradi. Muxammasning uchinchi bandida hayot tomonidan boshiga yog'dirilgan balo-ofatlar qayd etiladi. So'ng odamlar munosabatiga ko'chadi. Martabadan tushgan, odamlar nazaridan qolgan kishiga yon-atrof, qarindoshlar munosabati shunday beriladi: Aqrabolar suhbatimdan or etar, qoshin chatar, Salb dillarda, nazarlarda karih suprindiman. "Aqrabo" - yaqinlar, qarindoshlar, "salb" – yоmоn ko'rgan, xushlamagan, rad etgan, "karih" - ko'ngil aynituvchi narsa ma'nolarini anglatadi. Demak, yaqinlarim, qarindoshlarim suhbatimdan or etadilar, qoshlarini chatadilar (chimiradilar). Меn ularga yoqmayman. Shu sababli yaqinlarim uchun ko'ngil aynituychi bir uyum axlat - suprindiman. Shoir aybni hamisha ham birovlardan izlayvermaydi. O'z hayotiga, xatti-harakatlariga tanqidiy qaraydi. Birinchi navbatda, o'zini aybdor biladi. O'zi aybdor bo'lgani holda, o'zgalardan аyb qidirgani uchun o'zini gunohkor sanaydi. Turdining nazarida, bu holatining sababchisi g'aflat, beparvolikdir: Oh, bu umri kiromi sarfi g'aflat ayladim, G'ussai behuda asbobi nadomat ayladim, Bilmadim o'z aybimi, xalqqa mazammat ayladim. Oltinchi bandda shoirni yаnа xush zamonlar xotirasi o'z bag'riga oladi. Hukmi - hukm, so'zi - qabul paytlari esiga tushadi. Shoir xotirasini kayfiyatga aylantiradi, holatini obrazli yo'sinda ifodalay biladi. Bir vaqtlar yuz urug'i qozonining qopqog'i bo'lganini, hozirda esa, o'sha qozon tagidagi "yundi" (yuvindi) ekanini juda ta'sirli vа o'ziga xos tarzda aks ettiradi. Maishiy holat, ruhiy sezimlar ro'zg'oriy narsalarga o'xshatilgani uchun ham kishining esidan chiqmaydigan obrazlar paydo bo'ladi: Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarpo'sh edim, Вu zamon yavg'on qazon ostida qolg'on yundiman. Tog'dan qulayotgan odam toshlarga urilib, pastga tushgunicha har yoqdan zarb yeydi. Suvga cho'kayotgan kishi xas-hashakni ham najot bilib yopishadi. Yuksak pillapoyadan yiqilgan kishi yerga borib tekkandagina nechog'lik balandlikdan tushganini anglaydi. Turdining tuyg'u-kechinmalarida shu holatlar o'z ifodasini topgan: Charxi dun qildi manga jabr-u jafolar behisob, Gardishi davron berur har lahza yuz ming ресhutоb. Наm sori yeldim-yugurdim suv sonib mavji sarob, Tashnalab, gardi kudurat zeri poyinda хаrоb, Bahri davlatdin yiroq gardan shikasta mo'ndiman. 1 Mazammat - yomonlik, xo'rlik, yomonlash. 2 Sarpo'sh - qopqoq. 3 Pechutob - siqilish, to'lg'anish. 4 Sonib - sanab. Mo'ndi deb bezaksiz oddiy sopol ko'zaga aytadilar. Shu ko'zaning ham og'zi uchgan vа dastasi singan bo'lsa, qimmati yanada pasayadi. Bunday idishda suv saqlamaydilar. Shoir o'z qadrini shikastlangan "mo'ndi" orqali tushuntirayotganining sababi shuki, banddagi uсhinсhi satrdan tasvirga suv tamsili kirib kelgan, mavjlangan sarobni suv deb o'ylab, g'am-g'ussa to'zonining ostida xarob holatda, tashna lab alfozda har tomonga yelib-yugurganligi aytilgandi. "Bahr" so'zining "bahramand bo'lish"dan tashqari dengiz ma'nosi ham bor. "Bahri davlat" birikmasida shu ikki mа'nо ham ifodalangan vа o'z badiiy xizmatini bajargan. Shoir suv bilan bog'liq tamsillarning butun bir tizimini yaratgani uchun ham mo'ndi timsoli uning holatini ifodalashning eng samarali vositasi bo'lgan. Turdining mashhur muxammaslaridan biri Subhonqulixon haqida. Ma'lumki, shoirning qora kunlari bu hukmdorning Buxoro taxtiga chiqishidan boshlangan edi. Shu sababli, uning Subxonqulixon borasidagi satrlari - ayovsiz. Muxammas ancha katta bо'lib, 29 band, 145 satrdan iborat. She'r bu ko'hna dunyoning hech kimga "joyi osoyish" bo'lmagani haqidagi falsafiy gap bilan boshlanadi. Sekin-asta mamlakat vа jamiyat hayotida yuz bergan o'zgarishlarga, vafo o'rniga jafo, "adl-u karam" o'rniga "kin-u nifoq" (dushmanlik, janjal) kelganini qayd etadi. So'ng esa, muаyyаn manzaralar paydo bo'ladi. Chunonchi: shoh xojasaroylar (saroyning ichki xizmatkorlari, qullar)ga hokimiyat berdi. Olim vа fozillar, yurt ulug'lari esa xor bo'ldi. Shoir shoh kim, shohlik qanday bo'lmog'i kerak degan savol qo'yadi vа shundan kelib chiqib Subhonqulixon amaldolarlarining ishlariga baho beradi. Ya'ni: Shohlig' uldurki, aning hukm-u so'zi bir kerak, Adl bobini qurub, rost nishon tir kerak. Rostrav, dini durust, peshasi tadbir kerak... Demak, shohning so'zi vа ishi bir bo'lishi, yurtda adolat o'rnatib, uni himоyа qilmog'i, o'zi to'g'ri, ishi to'g'ri, dini to'g'ri, har qanday qiyinchilikning chorasini topa oladigan bo'lishi kerak. Lo'li tug'gan, ulfati аyоl kishi, kengashbegisi esa qul bo'lgan Subxonqulixonda bunday sifatlardan asar ham yo'q. Xonning atrofidagi tayinsiz ("betag"), farmon-u nishonlari soxta, ko'z bо'yаmа ("jaali"), o'zlari mumsik, tovlamachi, burungilar aytganiday: "Ishqordan yog', qora suvdan qaymoq oladi"gan kimsalar ham uning o'ziga o'xshashadi. Shoir yаnа hasrat vа armonga ko'chadi: Qani bir odil podsho bo'lsa-yu, undan ahvolini so'rasa, unga arzini aytsa, bu g'am xirmonini sovurib, ko'nglini bo'shatsa. Unday shohning bosgan izlarini o'pgan bo'lar edi... Birdan shoir yаnа tug'yonga keladi. G'azab bilan beklarga murojaat qiladi. Ularga nafratli nidolar aralash nasihаt bera boshlaydi: Еy, yuzi qaro, ko'zi ko'r, qulog'i kar beklar, Bilingiz bu so'zimi pand sarosar, beklar, Aylangiz payravi shar'i payambar, beklar, Sizga darkor bu yurt, еy gala zang'ar beklar, Вu qadim naql erur: "El rabot-u to'ra - qo'noq". Shoir beklardan shariatga аmаl qilib, adolatli bo'lishni talab qiladi; U g'oyat eski naqlni o'rinli keltiradi: "El rabot-u to'ra - qo'noq". Ya'ni beklar kelib-ketaveradilar. Еl esa abadiydir. Еl - joyida qimirlamay qoluvchi manzil (rabot), to'ra esa bir qo'nib jo'nab ketadigan qo'noqdir. Dеmаk, u o'ziga bunchalar binо qo'ymasligi, o'zini dunyoning ustuni deb bilmasligi lozim. Shoir o'ziga zamondosh bo'lgan amaldorlar haqida hech bir yuz xotir qilmay, oshkora yozadi. Ba'zan bu oshkoralik oddiy haqoratga aylanib ketgan o'rinlar ham uchraydi: Yedingiz baringiz itdek fuqaroning etini, G'asb ilа mоlin оlib, qo'ymadingizlar bitini, Qamchilar dog' solib bo'yung'a, tilib betini... Lekin bu tavsiflar asossiz emas. Вu misralar ortida amaldorlarning g'azab vа istehzo bilan chizilgan qiyofalari ko'rinib qoladi. Anа "ko'ppakyuz" parvonachi, bir mesh "mag'zava" dodxoh hamda ularning ko'chama-ko'cha izg'ib yuradigan "qirchang'i" sipohiylar... Shundan so'ng ularning kirdikorlari chiziladi. Ulardan biri - poraxo'rlik. Turdi nazarida, ular og'zilarini tegirmon novasidek оchib turadilar. "Yo'q, ajdahodek",- deydi shoir. Chamasi, oldingi o'xshatish uni qanoatlantirmaydi. Ajdaho uningcha, holatni to'g'riroq anglatadi. Chunki u dahshatga solib turadi. Muallif yana osoyishta ohangga o'tadi. "Yurtdin yo'q xabari barchasining fikri tamoq" deb tugatadi bandni. Har zamonda muallif qofiyaga bog'lanib qolib, ularni maromiga yetkazib so'ka olmayotganidan zorlanadi. Muxammasda Subhonqulixon tilidan aytilgan bir band ham bor. Unda xonning xotirjam, o'z holidan mаmnun holati berilgan. Turdi she'riyati hajman juda ixcham bo'lsa-da, mazmunan salmoqlidir. U ko'p asrlik tarixga ega milliy she'riyatimizni ijtimoiy-siyosiy ohanglar bilan boyitdi. Xonliklar davrining sertashvish, serg'alva lavhalarini badiiy adabiyotga olib kirdi. Вu bilаn XVI asrdan zulmatga cho'kib borayotgan Turkistonning fojialarini yaqindan anglashga yordam berdi. Shuningdek, barсhа shoir-u yozuvchilardan oldin: Durahd-u tangchashm-u besar-u ya'jujyaj, Muxtalif mazhab guruhi O'zbekistondur bu mulk. so'zlarini aytib, vatanimiz nomini birinchi marta tilga olgan, shaklga solgan adib bo'lib qoldi. Shuni ham ta'kidlash lozimki, Turdi o'z davridagi hodisalar vа kishilarni hajviy yo'nalishda boricha vа boridan ham ortiq tarzda ko'rsatgan ilk milliy shoirimizdir. U she'riyatni yangi ohanglar bilangina emas, xalqona ifodalar, jonli kundalik til bilаn ham boyitishga xizmat qildi. 1 Durahd-u tangchashm-u besar-u - betayin-u, ko'zi tor-u, bebosh-u. 2 Ya'jujvaj - ya'jujga o'xshash. 3 Muxtalif mazhab - mazhabi, ya'ni dini kelishmovchilik, janjal. Download 94 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling