Turizm vizalari qancha arzonlashdi?
Download 48.5 Kb.
|
Turizm vizalari-WPS Office
Turizm vizalari qancha arzonlashdi? — O‘tgan yili mamlakatimizga 2,5 million sayyoh keldi, turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 557 million dollarni tashkil etdi, — dedi Aziz Abduhakimov. — Turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi 128 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, bugungi kunda ularning soni 561 taga yetdi. Buxoro va Samarqand shaharlarida «Qadimiy Buxoro» va «Samarqand siti» turizm zonalarini tashkil qilish, umumiy hisobda 450 ga yaqin loyihani amalga oshirish, jumladan, 50 ta madaniy meros ob’yektini restavratsiya va konservatsiya qilish, 50 dan ortiq mehmonxona qurish va qayta tiklash, 100 ga yaqin umumiy ovqatlanish ob’yektini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy sayyohlar uchun viza va ro‘yxatga olish taomili soddalashtirildi. Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona kirish turizm vizalari joriy qilindi va vizalarni rasmiylashtirish narxi 60 dollardan 40 dollarga tushirildi. Turizmda innovatsion texnologiyalar — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida sohada qanday yangi innovatsion texnologiyalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan? — Albatta, tarmoqqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy etilmoqda. Jumladan, mamlakatimizdagi 600 dan ortiq sayyohlik ob’yektini birlashtirgan «E-mehmonxona» avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi. Bu bilan xorijiy va mahalliy sayyohlar hisobini olib borish mumkin. Shuningdek, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «Texno dargoh» MChJ tomonidan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etilayotgan «VERUM QR» loyihasi doirasida Samarqand va Shahrisabz shahridagi sayyohlik ob’yektlari QR-kodlar bilan ta’minlandi. Mazkur QR-kodlar sayyohlarga bir necha soniya ichida tarixiy ob’yekt, yaqin hududda joylashgan mehmonxona, restoran va boshqa diqqatga sazovor maskanlar haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Ma’lumotlar 12 tilda taqdim etiladi. Kafe va restoranlar 24 soat ishlaydi... — Ba’zida kafe va restoranlarning tungi ish vaqti cheklangani xorijiy sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘ladi. Bu borada ham o‘zgarish kutilayaptimi? — Haqiqatan ham, bizning «Call Center» ma’lumot markazimizga turistlar, restoran vakillari tomonidan ushbu cheklov bo‘yicha e’tirozlar kelib tushmoqda. Biz bu masala ustida ishlayapmiz. 24 soat ishlashni istaydigan kafe va restoranlar xavfsizlik talablarini yuqori darajaga ko‘tarishi shart. Bu masala ixtiyoriy seritifikatlash usulida yechiladi. Xususan, xizmat ko‘rsatish muassasasi «tourist-friendly» tizimi talablariga javob berishi kerak. Unga ko‘ra xizmat ko‘rsatish muassasasida «ogohlantiruvchi tugma» bo‘ladi, u orqali sayyoh to‘g‘ridan-to‘g‘ri IIV bilan bog‘lanishi mumkin. Shuningdek, restoran yoki kafeda ingliz tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bo‘lishi, ingliz tilidagi menyular bo‘lishi talab etiladi. Shularni hisobga olib, qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Yaqin vaqt ichida 24 soat davomida ishlaydigan jamoat tanovul muassasalari paydo bo‘ladi. Makkadan avval Buxoroga — O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari xususida ham to‘xtalsangiz. — Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Masalan, Malayziyada hozir hajga borish navbatini 42 yil kutishga to‘g‘ri keladi. Indoneziyada esa o‘rta hisobda oyiga 100 mingga yaqin kishi Turkiya orqali umraga qatnamoqda. O‘zbekiston ular uchun tranzit vazifasini o‘tashi mumkin. Bizda ushbu ikki davlat aholisi uchun ham muqaddas bo‘lgan Buxoriy, Moturidiy ziyoratgohlari bor. Shundan kelib chiqib, Malayziya va Indoneziya hojilari Makkaga borish yo‘lida O‘zbekistonda bir hafta vaqtini o‘tkazishi mumkin. Shu maqsadda fevral-mart oylaridan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jakarta-Samarqand-Jidda aviareysi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Ziyorat turizmi talablarini hisobga olib, qo‘mitamiz tomonidan standartlar ishlab chiqilmoqda. 2018 yildan boshlab mehmonxonalarning 10 foiz xonasida Qur’oni karim kitobi bo‘lishi, 30 foiz xonasida qiblani ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yilishi belgilandi. Ziyorat turizmi haqida gapirganda faqatgina musulmon davlatlaridan keluvchi sayyohlar haqida o‘ylash noto‘g‘ri. Isroildan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilayotgan minglab kishilar O‘zbekiston aeroportlaridan tranzit sifatida foydalanmoqda. Lekin ulardan birortasi bu yerda vaqtini o‘tkazmaydi. Buning uchun isroilliklarga qisqa muddatli vizalar berib, tranzit vaqtida ular O‘zbekistonda kamida 3 kun qolishi uchun ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida buddizmga aloqador ko‘plab obidalarni ziyorat qilish uchun Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy davlatlaridan katta qiziqish bildirilmoqda. Ammo u yerdagi obida va mehmonxonalarni ta’mirlab, sayyohlar uchun qulay holga keltirishimiz kerak. Aeroportdan 21 daqiqada chiqish mumkin — Yurtimizga kelgan mehmonlarga birinchi navbatda aeroportimizda xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerdagi xizmatlar turistlarni qoniqtiradimi? — Ko‘pchilik sayyohlar bu borada ham haqli e’tiroz bildirmoqda. Jumladan, bizning aeroportlarda internetga ulanish, shu yerning o‘zida sayyohlar uchun xarita, sim-kartalarni sotib olish imkoniyati, turistik kompaniyalar tomonidan taklif etilayotgan turlar, O‘zbekistonda bo‘layotgan turli madaniy tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas. Bu masalalar asta-sekin o‘z yechimini topayapti. Toshkent, Samarqand va boshqa aeroportlarda bizning maxsus axborot markazlarimiz o‘rnatildi. Mobil aloqa operatorlari, turizm kompaniyalari bilan kelishildi. Biz qisqa muddatda, yagona standartda aeroportlarda xizmatlarni joy-joyiga qo‘yamiz. Bundan tashqari milliy aviakompaniyamiz tomonidan aeroportlarimizda 1 yanvardan qizil va yashil yo‘laklar o‘rnatildi. Oldin turistlarimiz aeroportlarda 1,5 soat vaqt yo‘qotardi. Ayni paytda esa barcha jarayonlar(chegara, bojxona)dan 21 daqiqada o‘tib, shaharga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Sayyohlikka sarflangan daromaddan soliq ushlanmaydi — Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalar tuzilmoqda? — Bir narsani bilishimiz kerakki, yurtimizda avvalo ichki turizmni rivojlantirmay turib, xorijiy sayyohlarni jalb eta olmaymiz. Chunki ularni besh yulduzli mehmonxonalar emas, balki shu yurtning urf-odatlari, an’analarini aks ettirgan uylar, xonadonlar ko‘proq qiziqtiradi. Shu sababli uzoq hududlardagi sayyohlar oqimi kam bo‘lgan nuqtalardagi ichki turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratish lozim. Shu maqsadda yurtimizda sayyohlik safarini amalga oshirganlarga sarflagan mablag‘idan daromad solig‘i ushlamaslikni joriy etmoqchimiz. Shuningdek, korxona va tashkilot rahbarlari qo‘l ostidagi ishchilarni ichki turizm rivojiga jalb etgani uchun sarflagan xarajatlarini o‘zining soliq bazasidan ayirib tashlash imkoni mavjud bo‘ladi. Bu bo‘yicha Prezident farmoni va qarorlari loyihasi ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yilda «Uzbekistan Tourism Awards» taqdimoti o‘tkaziladi. Unda respublika bo‘ylab eng yaxshi mehmonxona, eng yaxshi mehmonxona lageri, eng yaxshi gid, eng yaxshi restoran, eng yaxshi motel, eng yaxshi bloger, eng yaxshi fotosuratchi, eng yaxshi jurnalist kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Hozir qo‘mita tomonidan mazkur mukofot konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Tashqarisi milliy, ichkarisi zamonaviy — Yurtimizda sayyohlik «klasterlar»i tashkil etish qay tarzda amalga oshirilmoqda? — «Klasterlar» bo‘yicha respublika miqyosida 44 ta hudud tanlab olindi. Mahallalarimizda ko‘chalarni eski tarzda saqlab qolish taklifi bilan chiqayapmiz. Ya’ni devorlari va tomi loysuvoq bo‘lishi, imkon qadar turli zamonaviy antennalarsiz, milliyligimizni aks ettiruvchi bezaklar bilan bezatilishi lozim. Uy ichi zamonaviy bo‘lsa-da, tashqi tomonini aslicha saqlab qolish kerak. Bunday uylarga sayyohlar jalb qilinadi, uy egalarining daromadlari ko‘payadi. Kerak bo‘lsa, ularga davlat tomonidan subsidiyalar ajratilishi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, kelgusida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarning «Yagona taqvim»i tuzilib, unga asosan harakat qilinishi yo‘lga qo‘yiladi. Turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi. Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi qarori bilan 2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Yig‘ilishda 2017-yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, turizmning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi. Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayapti. Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq, aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi. Chet el tajribasini o‘rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo‘llanadi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi. Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko‘paytirish, shu bilan birga, bu yo‘nalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo‘llar bo‘yida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Duty Free”, “Tax Free” tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi. Videoselektor yig‘ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam ta’minlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini an’anaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablag‘larida sayohat uchun xarajatlar ulushini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yo‘nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd etildi. Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko‘p, dedi Shavkat Mirziyoyev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ‘ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, ya’ni Buxorodagi “Etti pir” va Samarqanddagi “Xo‘ja Ahror Valiy” ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Imganakiy maqbaralari ta’mirga muhtoj. Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo‘llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. O‘zbekiston turizm brendini xorijda targ‘ib qilish masalasi ham tahlil qilindi. Mamlakatimiz investitsiya, savdo va turizm salohiyatini o‘zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta’kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O‘zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ‘ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko‘rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi. Xorij davlatlaridagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ‘ibotchilari bo‘lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Download 48.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling