Turkiston assrda ocharchilik oqibatlari Ubaydullayev Doston Termiz Davlat Universiteti 3-kurs talabasi Annotatsiya
Download 28.78 Kb.
|
Turkiston ASSRda ocharchilik oqibatlari
Turkiston ASSRda ocharchilik oqibatlari Ubaydullayev Doston Termiz Davlat Universiteti 3-kurs talabasi Annotatsiya: Ushbu maqolada Turkiston ASSRda 1917-1924 yillarda ocharchilik oqibatlari yoritiladi. Kalit so’zlar: qishloq xo‘jaligi, istiqlolchilar, oziq-ovqat diktaturasi, oziq-ovqat siyosati, g‘alla, ishchilar, ochlik oqibatlari, Ayniqsa, Turkistondan Rossiyaning markaziy guberniyalariga xomashyo zaxiralarining tashib ketilishi o‘lkadagi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bu holat Turkiston Iqtisodiy Kengashi (TES) hisobotlarida ko‘zga ravshan tashlanadi: "Barcha paxta, jun, teri, mo‘yna mahsulotlari Markazga jo‘natildi. Buning ustiga Turkistonning moddiy zaxirasidan harbiy soha ehtiyojlari ta’minlanishini ham hisobga olsak, o‘lkadagi barcha yetishmovchilik yaqqol ko‘rinadi va Turkistonda mahsulot tanqisligi vujudga kelishi tushunarli bo‘ladi”. Boshqa tarmoqlar kabi qishloq xo‘jaligi sohasi ham og‘ir ahvolda edi. 1917-yilda Turkistonda barcha ekin maydonlarining miqdori 2,8 million desyatina bo‘lgan bo‘lsa, 1923-yilda bu ko‘rsatkich 1,6 million desyatinaga tushib qoldi. Respublikadagi ekin maydonlari 1,2 million desyatinaga qisqardi. Turkiston ASSR rahbarlaridan biri I.Xidiraliyevning yozishicha, 1917-yildan Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jalik sohasi inqirozga uchray boshladi. Xususan, sug‘oriladigan ekin maydonlari miqdori keskin kamayib ketdi. Bu ko‘rsatkich vodiyda 1915-yili 994 000 desyatina bo‘lgan bo‘lsa, 1917-yilda 596 381 desyatinaga tushib qoldi. 1918-yildan boshlab inqiroz halokatli tus oldi. To‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga qaraganda, o‘sha yili atigi 70 000 desyatina yerga paxta ekilgan edi. Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosining raisi Turor Risqulov Turkiston Kompartiyasi III o‘lka syezdida 1919-yil 6-iyunda qilgan ma’ruzasida shunday degan edi: “Farg‘onada sovet hokimiyati yo‘q, u faqat rus aholisi bor shaharlardagina mavjud. Musulmon qishloqlarida esa sovet hokimiyati mavjud emas, u yerlarda Nikolay davridagi tartiblar hukm surmoqda, pristav va volost boshqaruvchilarining o‘rniga komissar va qaroqchilar to‘dasi kelishgan”. T.Risqulov o‘z ma’ruzasida “partiya rahbarligi” niqobi ostida ish olib borgan kommunistlarning ma’naviy qiyofasi qanchalar tuban ekanligini ochib tashlaydi. Musulmonlar hech qanday gunohsiz otib tashlanayotganligini, sovetlarning o‘zi ularni “millatchi” va “qaroqchi” qilayotganini ko‘rsatadi. Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida bolsheviklar hukmronligi qanday og‘ir oqibatlarga olib kelgani kommunist T.Risqulov tomonidan ana shunday tasvirlanadi. Turkistondagi mahalliy aholi “bolshevik – kommunist qizillar” hukmronligi – sovet hokimiyatiga qarshi bosh ko‘targan istiqlolchilarning qo‘llab-quvvatlaganligining eng asosiy sabablaridan biri ham shunda edi. Turkiston Kompartiyasi III o‘lka syezdida “Farg‘ona masalasi" to‘g‘risida maxsus tuzilgan komissiya hisoboti tinglanayotgan paytda bir musulmon kommunistining xati o‘qib beriladi. T.Risqulov qalamiga mansub “Inqilob va Turkistonning tub aholisi" nomli kitobda ushbu maktubning to‘la matni keltirilgan. Turkistonda sovet hokimiyati tomonidan o‘tkazilayotgan shovinistik siyosat va qizil armiyaning bosqinchiliklari maktubda quyidagicha fosh qilib tashlangan: “Biz sho‘rlik musulmonlarni qonxo‘r Nikolay zamonida qanday hayvon o‘rnida ko‘rishgan bo‘lsa, yo‘qsillar hukumati davrida ham shunday... Hozir ham zulmatda yashamoqdamiz, och, yalang‘och, itga o‘xshab xor bo‘lib o‘lib ketyapmiz. Buning uchun kim aybdor? Masalan, bir kambag‘alning bitta oti va aravasi bo‘lgan, u izvoshchilik qilib oilasini boqib turgan, unikiga bir qizil askar kirib keladi, oilani boqib turgan yagona otni tekinga olib ketadi, endi oila nima hisobiga kun kechiradi, buni so‘rab ham o‘tirmaydi. Nahotki, bu firqa dasturida ko‘rsatilgan bo‘lsa... Ular faqat o‘z ruslarini ajratib himoyalari ostiga oldilar, yaxshi yedirdilar, yaxshi kiydirdilar, boshqalarning ipak gazlamalari va qimmatbaho buyumlari bilan uylarini bezadilar. Biz musulmonlarga nima berishdi? Qornimizni to‘yg‘azishdimi? Yo‘q. Kiyintirishdimi? Yo‘q. Agar kiyintirishganda kambag‘allar yalangoyoq yurisharmidi, agar qornimizni to‘yg‘azishganda minglab, o‘n minglab odam ochlikdan o‘larmidi. Bizning uylarda nimalar qoldi? Faqat juldur to‘shaklar qoldi, xolos, boshqa hech narsa...”. Bu paytga kelib oziq-ovqat muammosi Turkiston ASSRdagi eng o‘tkir muammolardan biriga aylangan edi. Bolsheviklar mahalliy aholi qo‘lidagi g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish uchun qat’iy choralarni belgiladi. 1918-yil yanvarda Turkiston Xalq komissarlari soveti huzurida oziq-ovqat bo‘limi ochilib, unga katta huquqlar berildi. Ma’lumki, 1918-yil 9-mayda RSFSRda oziq-ovqat diktaturasi joriy qilingan edi. Bu masala markazning o‘zida ham qattiqqo‘llik bilan amalga oshirildi. Turkistonda esa 1918-yil 15-iyunda uch kishidan iborat o‘lka oziq-ovqat direktoriyasi tashkil qilindi. Direktoriya o‘z faoliyati davomida katta xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ochlikning yovuz changali kekirdakdan ushlab turgan paytda faqat rus aholisi oziq-ovqat bilan ta’minlandi. G.Safarovning “Mustamlakachilik inqilobi (Turkiston tajribasi)” (“Колониальная революция (опыт Туркестана”) asarida yozilishicha, “Hokimiyatdan chetlashtirilgan musulmon aholisi nondan ham mahrum qilindi. Natijada ocharchilikdan qutula olmayotgan musulmon aholisi qirila boshladi. Ruslarning yangi shahri va unda kun ko‘rayotgan sovet hokimiyati bilan mahalliy aholi o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor paydo bo‘ldi”. Sovet hokimiyati va bolsheviklar tomonidan qabul qilingan “G‘alla monopoliyasi to‘g‘risida”, “Sinfiy non payogi to‘g‘risida”, “Turkiston Respublikasida oziq-ovqat siyosatini amalga oshirish yuzasidan oziq-ovqat komissariga favqulodda vakolatlar berish to‘g‘risida” degan dekretlar bilan 1919-yil 4-iyunda Turkistonda oziq-ovqat diktaturasi joriy etildi. Turkiston ASSR Markaziy ijroiya komitetining o‘sha kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ayrim mahalliy kommunistlar g‘alla monopoliyasi siyosati amalga oshirilsa, u respublikada qayg‘uli fojialarga sabab bo‘ladi, deb oldindan ogohlantirishdi. Masalan, Turkiston o‘lka musulmonlar byurosi raisi T.Risqulov bu siyosat bizga to‘g‘ri kelmaydi deb quyidagilarni ta’kidlagan edi: “G‘alla monopoliyasi siyosatini Turkistonda amalga oshirib bo‘lmaydi... G‘allani aholidan erkin narxda sotib olishimiz kerak. Me’yoridan ortiq g‘allani topshirishni dehqonlardan talab qilmasligimiz lozim”. Turkiston ASSR Temir yo‘llar xalq komissarining ushbu majlisda aytgan quyidagi so‘zlari ham diqqatga sazovordir: “G‘alla monopoliyasi siyosati yuritilar ekan, qurol kuchidan foydalanmasligimiz kerak. O‘lkada 7,5 million kishi yashaydi, ularning har biriga yiliga o‘rtacha hisobda 10 pud g‘alla hisoblaganda ham 75 million pud g‘alla kerak. Amalda 35 million pud g‘alla yig‘ildi. Oziq-ovqat direktoriyasi ushbu dondan 15 million pud g‘allani shahardagi ishchilarga berishni mo‘ljallagan. Buning natijasida 5 million musulmon aholi ocharchilik girdobida qoldi”. G‘alla monopoliyasi hech qanday tayyorgarliksiz joriy qilindi va shafqatsiz ravishda amalga oshirildi. Turkistondagi tartibsiz rekvizitsiyadan eng ko‘p aziyat chekkan musulmon aholisi g‘alla monopoliyasini, o‘sha davrdagi sovet amaldorlaridan biri kinoya qilib yozganidek, xudo tomonidan yuborilgan jazodek qabul qildi. Dehqonlarning oxirgi qadoq g‘allasi oziq-ovqat to‘plovchi otryadlar tomonidan tortib olindi, hatto shu otryadlarda xizmat qilgan ayrim mahalliy kommunistlar ham o‘z ishlarining naqadar jirkanch ekanini tushunib, uni bajarishdan bosh tortdilar. Ana shunday kishilardan biri samarqandlik Qorazokir Hamidov Turkiston ASSR sovetlarining favqulodda VII syezdida nutq so‘zlab, quyidagicha keskin fikr bildirgan edi: “Men g‘alla monopoliyasiga butunlay qarshiman. Qishloqlarda ahvol judayam og‘ir. Qishloqlarda odamlar ochlikdan qirilib ketdi. Avvalo, u yerda erkinlik yo‘q”. “Sinfiy non payogi to‘g‘risida”gi dekretga muvofiq Turkistonda kartochka tizimi joriy qilindi. Barcha aholi uch toifaga ajratildi: I toifa ishchilar, qizil askarlar va mas’ul xodimlar kuniga 1 funt (1 funt – 409,5 gramm), II toifa xizmatchilar, qora ishlarni bajaruvchi ishchilar yarim qadoq (205 gramm), III toifa ishchilar va burjuaziya chorak qadoq (102 gramm) non olishlari mumkin edi. Mahalliy aholi hatto o‘zining arzimas ulushi bo‘lgan 100–200 gramm nonni olishdan ham ko‘pincha mahrum edi. Bu dekret, eng avvalo, rus aholisidan iborat ishchilar sinfini ta’minlashni ko‘zda tutar edi. Masalan, Namangan uyezdi oziq-ovqat bo‘limida aholi ta’minoti uchun payok tarqatilganda uyezdning mahalliy aholisiga undan birorta ham ulush ajratilmadi. Oziq-ovqat taqsimlashda qo‘llanilayotgan milliy tengsizlik siyosati Turkiston ASSR sovetlarining VIII syezdida (1919-yil sentabr-oktabr) mahalliy delegatlar tomonidan qattiq tanqid qilindi. Andijondan kelgan delegatning aytishicha, "Oziq-ovqat bo‘limiga tushayotgan barcha mahsulotlar yevropalik aholiga tarqatilmoqda. Mahalliy aholi hech narsadan foydalanmayapti”. Syezdning iqtisodiy seksiyasidagi mahalliy delegatlar Turkiston ASSR oziq-ovqat xalq komissari V.S.Lyapin bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarida taqsimot borasida sovet hokimiyati yuritayotgan siyosatning asl mohiyatini ochib tashladilar. Turkistonda 1917-yil qishida boshlangan ocharchilik bolshevikcha rejimning qattol siyosati natijasida tobora kuchayib borar edi. 1918-yil 20-noyabrda Turkiston ASSRda ocharchilikka qarshi kurash markaziy komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi T.Risqulov o‘z tarjimai holida yozganidek, “... haqiqatan ham ko‘chalar, ariqlar bo‘yida va qishloqlarda o‘layotgan millionlab yo‘qsillar va bolalarni qutqarish kerak edi, o‘sha vaqtdagi hokimiyat bunga panja orasidan qarar edi (masalan, 1 million och kishi uchun hammasi bo‘lib 5 million rubl pul ajratildi)...” Ma’lumki, Farg‘ona viloyatida ocharchilik 1917-1918-yil qishidan boshlangan edi. Bu ocharchilik, xususan, 1921–1923-yillarda avjiga chiqdi. Ochlik natijasida eng ko‘p bolalar qirilib ketdi. Bu davrda vodiydagi shaharlar va eski shahar qismlari och odamlar bilan to‘lib ketgan edi. Ular masjidlar va qabristonlar hamda ko‘cha-ko‘ylarda yurardi. Qishloqlar va shahar ko‘chalari har kuni ochlikdan o‘lgan o‘nlab va yuzlab odamlarning murdalariga to‘lib ketgan bo‘lib, bu holat dahshatli manzara hosil qilgan. Masalan, 1922-yilda Farg‘ona viloyati ochlik oqibatlarini tugatish komissiyasiga bir qishloq vakilining xabar berishicha, u stansiyaga yetib kelguncha 30 chaqirim yo‘l ustida hali tanasi sovib ulgurmagan 17 nafar jasadni odeyal, yostiq va ketmonlarni changallagancha o‘lib yotgan holida ko‘rgan. Bu sho‘rliklar ro‘zg‘orlaridagi so‘nggi buyumlarini olib, nonga ayirboshlash uchun bozorga otlanganlar va yo‘lda ochlikdan qazo qilganlar. Farg‘ona viloyati sovetlarining XIII syezdida viloyat inqilobiy qo‘mitasi raisi vodiydagi ocharchilik to‘g‘risida to‘xtalib shunday degan edi: “1917-1918-yildagi ocharchilik Farg‘ona viloyati xo‘jaligining vayron bo‘lishida kuchli ta’sir ko‘rsatdi... Faqat Qo‘qon va Marg‘ilon uyezdida ocharchilik oqibatida 1917–1923-yillarda yarim million odam o‘ldi”. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, “Farg‘ona viloyatida 1917–1923-yillarda ocharchilik oqibatida bir million va hatto undan ortiq kishi halok bo‘ldi”. Turkiston ASSRdagi dahshatli ocharchilik boshqa viloyatlarga ham keng tarqaldi. Masalan, Samarqand viloyati Jizzax uyezdining 70 foiz aholisi ochlikdan qirilib ketdi. Boshqa uyezdlarda ham ahvol shunday edi. Samarqand uyezdining o‘zida esa 70 ming odam ocharchilikdan o‘lib ketdi. T.Risqulov Turkiston ASSR sovetlarining favqulodda VII syezdida (1919-yil mart) butun bir millat yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi haqida gapirganda uning so‘zlarida kuchli dard bor edi. Ocharchilik shu darajada kuchaygan ediki, o‘lka tarixida ilgari deyarli uchramagan odam go‘shtini yeyish kabi hodisalar yuz berdi. “Turkiston xalq xo‘jaligi” jurnalida yozilishicha, T.Risqulov bu haqda ma’ruzasida kuyinib so‘zlaydi. U ocharchilik respublika aholisining yarmini, ya’ni taxminan 2,5 million kishini o‘z domiga tortganligini ta’kidlaydi. Bu haqda Turkiston ASSR oziq-ovqat xalq komissari, bolshevik V.Lyapin “Markaziy Rossiyadagi ocharchiliklar Turkistondagi dahshatlar oldida hech narsa emas”, deb yozgan edi. Turkistondagi sovet hokimiyati och qolganlarga yordam uchun turli komissiya va komitetlar tashkil etdi, syezd, qurultoy va boshqa yig‘ilishlarda bu masalani ko‘p marta ko‘rib chiqib, qarorlar qabul qildi. Biroq bu harakatlar kutilgan natijani bermadi. Turli shaharlarda arzon va bepul oshxonalar ochildi. “Respublika ovqatlanish punktlari tomonidan 1918-yilda 3 million, 1919-yilning besh oyida esa 25 million marta och kishilar tushlik ovqat bilan ta’minlandi”. Biroq bu raqam bir qarashda ko‘pga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida, har bir och qolgan kishiga o‘rta hisobda haftasiga 1,5 marta tushlik to‘g‘ri kelar edi. Umumiy ocharchilik sharoitida bu ovqatlanish joylarida chayqovchilik kuchayganini ham unutmaslik kerak. Dahshatli ocharchilik va og‘ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Turkiston o‘lkasidan markazga oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqib ketish tobora kuchaydi. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, 1920-yilda tashib ketilayotgan non mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat turlarining miqdori 4,5 martaga ko‘paygan. Masalan, Turkistondan Rossiyaga 1920-yilda 18038 tonna oziq-ovqat va 4219 tonna g‘alla olib chiqib ketilganligi O‘rta Osiyo va Toshkent temir yo‘llari idorasining rasmiy hujjatlarida keltiriladi. Markazga jo‘natilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘ining miqdori oy sayin ko‘payib borardi. Boshqa bir hujjatda yozilishicha, “1921-1922-yillarda Turkistondan Rossiyaga 4400000 pud g‘alla jo‘natilgan. O‘sha paytda don yetishtirishga ixtisoslashmagan Turkiston qishloq xo‘jaligi uchun bu katta miqdordagi hosil hisoblanardi. Chunki Turkiston o‘lkasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, o‘lkadagi bug‘doyzorlar hisobidan paxta ekiladigan maydonlar kengaytirilib, g‘alla Rossiyaning markaziy guberniyalaridan bu yerga tashib kelinardi. Ma’lumki, Turkistonda bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, Rossiyadagi fuqarolar urushi natijasida o‘lkaga g‘alla keltirish deyarli to‘xtab qolgan edi. Xalq ochlikdan qirilayotgan bir mahalda Turkistondagi ayrim oziq-ovqat zaxiralaridan bolsheviklar frontda harbiy maqsadlar uchun foydalandi. Masalan, 1919-yilning birinchi yarmida faqat Zakaspiy frontida 198 sisterna o‘simlik yog‘i va 305 sisterna neft yoqilg‘i sifatida ishlatildi. Turkiston temir yo‘llaridagi parovozlarda 53 sisterna o‘simlik yog‘i va 223 sisterna neft yoqildi. Ayrim zavod va korxonalarda 118 sisterna o‘simlik yog‘i va 156 sisterna neft ham yoqib yuborildi. Bu davrda aholi ehtiyojlari uchun esa atigi 63 sisterna o‘simlik yog‘i ajratildi. O‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish hajmi ko‘paymagan bo‘lsa-da, undan yoqilg‘i sifatida foydalanish keskin darajada oshib ketdi. Mazkur jurnalning yozishicha, 1920-yil fevral oyiga kelib 600000 pud o‘simlik yog‘i parovozlarda yoqilg‘i sifatida ishlatilgan. Ko‘mir va o‘tin yo‘qligidan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham (Turkistonda ocharchilikdan yuz minglab odamlar qirilayotgan bir paytda!) yoqilg‘i sifatida ishlatilar edi. Orol dengizi uchastkasida parovozlar quritilgan baliq yoqib yurgizilgan. Shuningdek, parovozlarga kunjara yoqishga urinib ko‘rilgan. Eng dahshatli hodisa shundan iboratki, hamma narsani qurbon qilish evaziga yetishtirilgan paxta yoqilg‘i sifatida ishlatilgan. 1920-yil boshlariga kelganda g‘alla monopoliyasi siyosati bir qadar yumshatildi. Oziq-ovqat razvyorstkasi (taqsimoti) ko‘rinishidagi monopoliyani faqat ko‘chirib keltirilgan krestyanlar yashaydigan rayonlarda o‘tkazishga qaror qilindi, musulmonlar yashaydigan joylarda natura solig‘i joriy etildi. Biroq oziq-ovqat tayyorlashdagi ushbu tabaqalashtirilgan yondashuv uzoq saqlanib qolmadi. Turkiston komissiyasi a’zolari V.V.Kuybishev va F.I.Goloshchekinning tazyiqi bilan 1920-yil avgustda butun Turkiston ASSR hududida oziq-ovqat taqsimotini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Oziq-ovqat razvyorstkasi aholini ochiqdan-ochiq talashga aylanib, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirib yubordi. 1920-yilning oxirida faqat ishchilardan 42 ta oziq-ovqat to‘plovchi otryadlar tuzildi, bu otryadlarda 3000 kishi bor edi. Oziq-ovqat to‘plovchi otryadlarning haddan tashqari o‘zboshimchaligi hatto bolsheviklarning o‘zini ham tashvishga solib qo‘ydi. Turkiston ishchi-dehqon xalq inspeksiyasi oziq-ovqat xalq komissarligi ixtiyoridagi bu otryadlarning 1920-yil sentabr – 1921-yil avgustdagi bir yillik faoliyatini tekshirar ekan, yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolarni ko‘rsatdi. Tekshirish natijalari maxsus yozilgan hisobotda o‘z aksini quyidagicha topdi: “Oziq-ovqat komissarligi Turkistonda g‘alla tayyorlash va taqsimotni o‘z ichiga olgan oziq-ovqat siyosatini amalga oshirishi kerak edi. Lekin ta’minot sust olib borildi. Belgilangan topshiriqlar qog‘ozda qolib ketdi. Kartochka sistemasi amalga oshmadi. Oziq-ovqat komissarligi respublikada o‘z sohasini birmuncha vaqt boshqara olmay qoldi. Komissarlik tomonidan rahbarlik yo‘qligi va instruksiyalar to‘liq ishlab chiqilmaganligi uchun oziq-ovqat to‘plovchi otryadlar noto‘g‘ri va yomon ishladilar. Ular nafaqat ishni barbod qildilar, balki mustamlakachilik siyosatining eng xunuk ko‘rinishlarini namoyon qilish bilan sovet hokimiyatini obro‘sizlantirdilar. Komissarlikda g‘alla tayyorlash borasida jinoyatkorona kayfiyatdagi xo‘jasizlik va boshboshdoqlik ko‘zga tashlandi. Bunday ayanchli ahvolning sabablari quyidagicha: birinchidan, ko‘pchilik xodimlar o‘z o‘rniga noloyiq, ikkinchidan, musulmon aholisiga e’tiborsizlik va ularning qo‘rquvda ekanligi, uchinchidan, musulmon aholisining oziq-ovqat to‘plovchi otryadlarga yomon jalb etilgani va shu kabilar”. Turkistondagi og‘ir iqtisodiy ahvol o‘lkada boshlangan ocharchilikni nihoyatda kuchaytirib yubordi. Qishloqlarda nonsiz va yersiz qolgan dehqonlar, shaharda yashovchi hunarmand va ziyolilar, mahalliy aholiga mansub yuz minglab kishilar dahshatli ocharchilik qurboni bo‘lishdi. Turkiston ASSR prezidiumi huzurida 1918-yil noyabrda tashkil qilingan Ocharchilikka qarshi kurash markaziy komissiyasida (uning birinchi raisi taniqli davlat arbobi Turor Risqulov) ish olib borgan kommunistlar va musulmonlar Turkistonda ocharchilikdan qirilib ketayotgan yuz minglab kishilarning hayotini saqlab qolishdi. Komissiyaning Turkiston ASSR oblastlaridagi mahalliy bo‘limlari tomonidan Toshkent shahridan tashqari Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv, Sirdaryo oblastlarida katta tashkilotchilik ishlari olib borilganligi, ochlikka duchor bo‘lgan aholini oziq-ovqat, kiyim-kechak va poyafzal bilan ta’minlashdagi xizmati tarixiy manbalar va arxiv hujjatlari asosida ilk marta o‘rganildi va asoslab berildi. Bu davrda Rossiyaning markaziy guberniyalari (Volgabo‘yi, Janubiy Ural, Don), Ukraina va Qozog‘istonda ham ocharchilik o‘zining dahshatli asoratlarini qoldirayotgan edi. Bu hududlardan yuz minglab och qolganlar o‘z oilalari (er-xotin, bolalar) bilan sovet hokimiyati tomonidan Turkiston ASSRga evakuatsiya qilindi, bundan tashqari yana yuz minglab och qolgan qochoqlar turli yo‘llar bilan Toshkent, Samarqand, Skobelev (Farg‘ona) va boshqa shaharlarga kelib o‘rnashadi. Ularning oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti yana mahalliy aholi zimmasiga tushdi. Faqat 1923-yilning oxiri va 1924-yilda evakuatsiya qilingan va qochib kelgan ochlarning bir qismi o‘z yurtlariga qaytarildi. Ocharchilik Turkiston ASSR xalq xo‘jaligiga ham, insonlar taqdiriga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalq xo‘jaligi va iqtisodiyot izdan chiqdi, qishloq xo‘jaligi butkul tanazzulga uchradi, sanoat korxonalari ishlamadi. 1917–1923-yillarda bo‘lgan ocharchilik natijasida Farg‘onada 1 million kishi, Samarqand oblastida 200000 kishi vafot etdi. Bu aholining asosiy qismi o‘zbeklar edi. Bundan tashqari asosan ko‘chmanchi aholi (qozoqlar va qirg‘izlar) yashaydigan Yettisuv oblasti va Sirdaryo oblastining ayrim uyezdlarida va Qozog‘iston ASSRda ham ochlik natijasida taxminan 1 million kishi halok bo‘ldi. Bu holat Turor Risqulov va Mustafo Cho‘qay asarlarida o‘z aksini topgan. Shu narsa xarakterli holki, 1917–1920-yillarda Buxoro amirligi va Xiva xonligi, 1920–1924-yillarda Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalari hududida ocharchilik holatlari deyarli kuzatilmagan. Bolsheviklar yuritgan iqtisodiy siyosatning oqibati bo‘lgan ocharchilik sovet Rossiyasining o‘zida ham katta qurbonlarga olib keldi. Masalan, 1921-1922-yillarda markaziy Rossiya, ya’ni Volgabo‘yi va uning atroflarida bo‘lgan ocharchilik natijasida 5 million kishi halok bo‘ldi. Qozog‘iston ASSRda 1921-yil noyabrda och qolganlar miqdori 1,3 million, 1922-yil martda 1,5 million kishi bo‘lgan. Xulosa qilib aytganda, o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida yuz bergan ocharchilik va qahatchiliklar million-million kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi va shuning barobarida sobiq SSSR tarixida mudhish sahifalar bo‘lib qoldi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Rajabov K,., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917-1924-yil), T., 2002 Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001 Download 28.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling