Sifatli konstruksion po‘latlarning markalanishi. Sifatli konstruksion po‘latlar markalaridagi ikki xonali raqamlar sifatli po‘latligini bildiradi. Agar bu raqamlar yuzga bo‘linsa, shu markali po‘lat tarkibidagi uglerodning o‘rtacha foiz miqdori aniqlanadi. Raqamlar oxirida masalan, «G» harfi kelsa, u marganes miqdorini odatdagi po‘latlarnikidan ortiqligini bildiradi. Shuni ham qayd etish joizki, sifatli kostruksion po‘latlarning tarkibidagi marganesni miqdoriga ko‘ra, ular ikki guruhga ajratiladi: birinchi guruhdagi po‘latlarda marganes miqdori ko‘pi bilan 0,7–0,8% bo‘lsa, ikkinchi guruhdagi po‘latlarda marganes miqdori 1–1,2% gacha bo‘ladi. 6-jadvalda sifatli konstruksion po‘latlar markalari, tarkibi, mexanik xossalari va ishlatilish joylari keltirilgan.
Ko‘p uglerodli po‘latlarning markalanishi. Ko‘p uglerodli po‘latlarning markalaridagi «U» harfi ko‘p uglerodli po‘latligini bildiradi. Undan keyingi raqamlar o‘nga bo‘linsa po‘lat tarkibidagi uglerodning o‘rtacha foiz miqdori aniqlanadi. Masalan, U10 A markali po‘latda uglerodning o‘rtacha miqdori 1% bo‘ladi. Raqamdan keyingi
A harfi esa po‘latning tarkibida P, S yo‘q darajada bo‘lib, bu po‘lat yuqori sifatli asbobsozlik po‘lati ekanligini ko‘rsatadi. 7-jadvalda ko‘p uglerodli po‘latlar markalari, uglerod miqdori xossalari va ishlatilish joylari keltirilgan.
Legirlangan po‘latlar tasnifi va markalari. Legirlangan po‘latlarni legirlovchi elementlar miqdoriga ko‘ra 3 guruhga ajratiladi:
I guruh tarkibiga kiruvchi legirlovchi elementlar miqdori 2,5% dan oshmaydi, II guruh tarkibiga kiruvchi legirlovchi elementlari 2,5–10% oralig‘ida bo‘ladi va III guruh tarkibiga kiruvchi legirlovchi elementlar 10% dan ortiq bo‘lgan po‘latlar kiradi.
I guruh po‘latlar kam legirlangan bo‘lib, konstruksion po‘latlar sinfiga, II guruh po‘latlar o‘rtacha legirlangan bo‘lib, konstruksion va asbob-sozlik po‘latlar sinfiga, III guruh po‘latlar ko‘p legirlangan po‘latlar bo‘lib, maxsus xossali po‘latlar sinflariga kiradi. 8-jadvalda legirlangan po‘lat markalari tarkibi, qattiqligi va ishlatilish joylariga misollar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |