138-modda. Og‘ir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun yillik qo‘shimcha ta’til
Tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir va noqulay joylar ro‘yxati hamda yillik qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilab qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 743-son qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom”.
Tarmoq kelishuvlari, jamoa shartnomalarida tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay boshqa joylarda ham xodimlarga yillik qo‘shimcha ta’til berish nazarda tutilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.14-bandi.
139-modda. Yillik ta’tillarning muddatini hisoblash
Ta’tillarning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi.
Ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolgan va ushbu Kodeksning 131-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta’til muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.14-bandi.
140-modda. Yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillarni jamlash tartibi
Yillik ta’tilning umumiy muddatini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar yillik asosiy ta’tilga (shu jumladan uzaytirilgan ta’tilga ham) qo‘shib jamlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati qirq sakkiz ish kunidan oshib ketishi mumkin emas.
(140-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |