145-modda. Ta’tilni uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko‘chirish
Xodimlar quyidagi hollarda ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga egadirlar:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
homiladorlik va tug‘ish ta’tili muddati boshlanganda;
yillik ta’til o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda, basharti qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda bunday vazifalarni bajarish uchun xodimni ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa.
(145-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 165-moddasi.
Agar ta’tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar ta’til boshlangunga qadar kelib chiqqan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ta’tildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi. Bunday sabablar ta’til davrida kelib chiqqan hollarda ta’til tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chiriladi.
Xodim ta’tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar to‘g‘risida ish beruvchini xabardor qilishi shart.
Agar xodim belgilangan muddatda ta’tilning boshlanish vaqti to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilinmagan yoki unga ta’til boshlangunga qadar ta’til vaqti uchun haq to‘lanmagan bo‘lsa, ta’til xodimning arizasiga muvofiq boshqa vaqtga ko‘chiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.20-bandining ikkinchi xatboshisi.
146-modda. Ta’tilni qismlarga bo‘lish
Xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida ta’tilni qismlarga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ta’tilning bir qismi o‘n ikki ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 4.17-bandining ikkinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |