232-modda. O‘n ikki yoshga to‘lmagan bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha ta’tillar
O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollarga ularning xohishiga ko‘ra, har yili o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib) foydalanilishi mumkin.
(232-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
233-modda. Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari
Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 40 — 48-bandlari (ro‘yxat raqami: 1136, 08.05.2002-y.) va “Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul to‘lovlari hamda bola tug‘ilganida beriladigan bir yo‘la nafaqani to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 2080, 23.02.2010-y.).
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2667, 17.04.2015-y.) 27 — 30-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |