234-modda. Bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar
Oldingi tahrirga qarang.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1113, 14.03.2002-y.).
(234-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki uni qismlarga bo‘lib foydalanishlari mumkin.
Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bunda ularning nafaqa olish huquqlari (ushbu moddaning birinchi qismi) saqlanib qoladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
(234-moddasining beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 9-fevraldagi O‘RQ-752-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.02.2022-y., 03/22/752/0113-son — “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi kuchga kirguniga qadar saqlanib qoladi.)
Bolani parvarishlash ta’tillarining vaqti, basharti jamoa shartnomasida, korxonaning boshqa lokal hujjatida yoxud mehnat shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, keyingi haq to‘lanadigan yillik ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga qo‘shilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |