29-bob. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun banklarning javobgarligi
(29-bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
228-modda. Soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penyalar va jarimalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi topshiriqnomalarni bajarish muddatlarini buzish
Bank tomonidan soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penya va jarima summasini o‘tkazish to‘g‘risidagi soliq to‘lovchining topshiriqnomasini, soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarmaslik (bajarilishini kechiktirish) —
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining bir yuz ellikdan bir qismi miqdorida, lekin kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun o‘tkazilmagan summa bir foizining beshdan bir qismidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
229-modda. Banklar tomonidan bank hisobvaraqlari va operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) soliq organiga taqdim etmaslik
Ushbu Kodeksning 134-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotnomani (ko‘chirmalarni) bank tomonidan soliq organiga taqdim etmaslik, shuningdek ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) belgilangan muddatni buzgan holda yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar bo‘lgan ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) taqdim etish, —
ikki million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 134-moddasi.
IX BO‘LIM.
SOLIQ ORGANLARINING HUJJATLARI VA ULAR MANSABDOR ShAXSLARINING HARAKATLARI (HARAKATSIZLIGI) USTIDAN ShIKOYAT BERISh
30-bob. Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi
230-modda. Shikoyat berish huquqi
Har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga ko‘ra bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki idoraviy normativ hujjatlarga muvofiq tuzilgan, soliq organlarining bir yoki bir nechta jismoniy yoki yuridik shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik muayyan harakatlarni sodir etishga undovchi ko‘rsatmasi mavjud bo‘lgan hujjat soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati deb e’tirof etiladi.
(230-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, ushbu qaror bo‘yicha soliqlarning va moliyaviy sanksiyalarning undirilgan (to‘langan) summalari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ushbu summalar undirilgan (to‘langan) davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda qaytarilishi (hisobga olinishi) lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 231 — 236-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |