Umumiy va ijtimoiy psixologiya
O‘quv faoliyati motivatsiyasi muammolari o‘zbekistonlik psixolog olimlarning tadqiqot sohasi sifatida
Download 0.74 Mb.
|
umumiy va ijtimoiy psixologiya majmua
O‘quv faoliyati motivatsiyasi muammolari o‘zbekistonlik psixolog olimlarning tadqiqot sohasi sifatida
Shaxs motivatsiyasi muammolari o‘zbekistonlik psixolog olim va tadqiqotchilarning ham diqqat markazida turadigan muammolardandir. Keyingi yillarda mazkur ilmiy muammolarga nisbatan qiziqish yanada kuchayib bormoqda. Bunga ishonch hosil qilish uchun psixolog olimlar tomonidan amalga oshirilgan izlanishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir va b. Respublikada uzoq yillar davomida M.G.Davletshin rahbarligida ushbu muammo yangicha ilmiy asosda tadqiq qilinib, keng ko‘lamda o‘rganilmoqda. M.G.Davletshinning fikri bo‘yicha, O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yoshlar har xil sohalar mazmuniga ongli va mustaqil ravishda yondashuvi orqali mumkin qadar ertaroq shu soha bo‘yicha to‘g‘ri va oqilona tasavvurlarga ega bo‘lishi mumkin. M.G.Davletshin konsepsiyasidan kelib chiqqan holda olib borilgan tadqiqotlardan biri A.K.Saitovaning o‘smir yoshdagilarning o‘quv motivlarini va qadriyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan izlanishidir. Bu ishda muallif o‘smir yoshining xususiyatlariga tayangan holda bir qator xulosalarga kelgan: o‘smirlar o‘quv faoliyatida potensial hisoblangan motiv o‘zini o‘zi namoyon qilish motividir; o‘quv faoliyati bilan bog‘liq qadriyatlarni anglash − o‘smir o‘quvchilarni o‘zini o‘zi takomillashtirishga va amalga oshirishga undaydi [220]. A.A.Fayzullaev motivatsion jarayonni bosqichma-bosqich tahlil qilishni taklif etdi. To‘g‘ri, motivatsion jarayonni shu nuqtai nazardan qator olimlar tahlil etgan bo‘lib, ular (S.L.Rubinshteyn, V.A.Ivannikov, M.Sh.Magomed-Eminov) maqsadning shakllantirilishini vaqt jihatdan ma’lum bo‘laklarga bo‘lingan jarayon sifatida talqin qiladilar [250], [251]. A.A.Fayzullaev motivatsion jarayonni beshta bosqichga bo‘lib o‘rganadi. Quyida mana shu jarayonning bosqichlari aks ettirilgan sxema keltiriladi: I − qo‘zg‘alishning anglanishi, II − motivning qabul qilinishi, III − motivning hayotga tatbiq qilinishi, IV − motivning mustahkamlanishi, V − qo‘zg‘alishning faollashuvi. 1,2,3,4,5-bir bosqichdan boshqasiga o‘tishda paydo bo‘ladigan motivatsion kritik holatlar. Motivatsion tuzilmalar: A – anglanmagan qo‘zg‘alish, V – qo‘zg‘alishni anglash, S – qabul qilingan motiv, D – amalga oshirilayotgan motiv, Ye – potensial tendensiyalarni kengayish yo‘li, zigzag ko‘rinishidagi chiziqlar – motivatsion krizislarning paydo bo‘lish yo‘li, qo‘shilgan gorizontal chiziqlardagi (x) belgilari – motivatsion tuzilmalarni shakllanish bosqichlari blokirovkasi. M otivatsion jarayonning bosqichlari (A.A. Fayzullaev bo‘yicha): Bosqichlar: I - qo‘zg‘alishning anglanishi, II - motivning qabul 1.1-rasm Yuqoridagi chizmada ko‘rinib turganidek, A.A.Fayzullaev motivatsion jarayonni beshta bosqichga bo‘ladi. Birinchi bosqich - qo‘zg‘alishning paydo bo‘lishi va anglanishi. Qo‘zg‘alishning to‘liq anglanishi qo‘zg‘atishni qanday predmet chaqirganligini anglash bilan hamda mazkur harakatni amalga oshirishning usullari va natijasini tushunib yetish bilan belgilanadi. Muallifning ta’kidlashicha, qo‘zg‘alishning anglanishi sifatida ehtiyojlarni, mayllarni, intilishlarni, umuman, psixik hayotning har qanday hodisasini ko‘rish mumkin. Ikkinchi bosqich “motivning qabul qilinishi” deb ataladi. Muallif buni qo‘zg‘alishning ichki jihatdan qabul qilinishi bilan tushuntiradi. Bu bosqichda odam o‘zining axloqiy tamoyillari, qadriyatlari va boshqalarni tahlil qilib ko‘rib, paydo bo‘lgan ehtiyoj, mayl uning hayoti uchun naqadar muhimligi, ularni qondirish kerakmi-yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Uchinchi bosqich-motivning amalga oshirilish bosqichi bo‘lib, bu jarayon davomida konkret vaziyatlarga va motivning bajarilishiga bog‘liq holda motivning psixologik mazmuni o‘zgarishi mumkin. To‘rtinchi bosqich-motivning mustahkamlanishi hisoblanib, bu bosqich natijasida motiv xarakter belgisiga aylanadi. So‘nggi bosqich potensial qo‘zg‘alishning faollashuvi bo‘lib, bu holatda xarakterning ma’lum belgisi anglangan va anglanmagan holda yuzaga chiqadi. A.A.Fayzullaevning motivatsion jarayonni bosqichlarga bo‘lib o‘rganishi psixologik tahlilni osonlashtirishi va ma’lum ma’noda bu jarayonni boshqarish imkoniyatini orttirishi bilan qimmatlidir. A.A.Fayzullaevning ilmiy tadqiqotlarida shaxsning motivatsion o‘z-o‘zini boshqarishining turli-tuman omillari ham aniqlangan va ko‘rib chiqilgan. Bu omillar shaxs motivatsiyasining xususiyatlariga, motivatsion boshqarish sharoitlariga, ushbu boshqarishni amalga oshirish usullari va natijalariga tegishlidir. Bundan tashqari, motivatsion tuzilmalarning shaxs tomonidan ob’ektivlashtirishi, shaxsning o‘z motivatsiyasini boshqarishdagi turli psixologik strategiya va usullari masalalari ham aniqlab berilgan. Shaxsning hayoti va faoliyatida motivatsion o‘zini o‘zi boshqarishning boshqa bir qancha sohalari ham o‘rganilgan Bizning fikrimizcha, shaxs motivatsion o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmlarining tahlili o‘quvchilarning o‘qish faoliyatidagi motivlarini diagnostika qilish va psixokorreksiyalashda, o‘zini o‘zi takomillashtirishda amaliy yordam berishi mumkin. Taniqli olim E.F.Foziev o‘z tadqiqotlarida o‘smir o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini boshqarish xususiyatlari, o‘quv faoliyatini rejalashtirish, o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zini o‘zi baholash, inson faoliyatini aniqlash, o‘quv faoliyatini rejalashtirishni aniqlash, maqsad qo‘ya olishni aniqlash, o‘zini o‘zi nazorat qilishni aniqlash, bo‘sh vaqtni aniqlash kabi tushunchalar bo‘yicha mulohazalar yuritadi. Olim shu tushunchalarni aniqlash maqsadida o‘quv faoliyatini boshqarishning diagnostik metodini ishlab chiqib, psixologiya fanining kam o‘rganilgan sohalaridan biri bo‘lgan o‘qish faoliyatini boshqarish muammosining nazariy va amaliy tomonlarini yoritib beradi. Bu tushunchalarni aniqlash uchun olim shu tushunchalarga mos anketalardan foydalandi. Har bir anketada o‘ndan ortiq savol bo‘lib, ba’zan qo‘shimcha savollar ham berilgan. Bunda, albatta, o‘quvchilarning individual xususiyatlari hisobga olingan. Suhbatlarda esa tushunchalarning etimologiyasiga katta ahamiyat berilgan. Bunday tadbirlar o‘quv faoliyatini boshqarishning tarkibiy qismlari bilan tanishtirishni osonlashtirgan. Shuningdek, ushbu tadqiqotlarda o‘qish va o‘qitish jarayoni uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan va o‘quvchining o‘zini o‘zi anglash bosqichlari to‘g‘risida ma’lumot berilgan G‘.B.Shoumarov tomonidan maxsus maktablarda bir yillik ta’lim natijasida 1-2-sinflardagi ruhiy rivojlanishi sustlashgan o‘quvchilar intellektual darajasining dinamik xususiyatlari, o‘qish motivlari aniqlangan. Bu tekshirish boshqa tadqiqotlardan shunisi bilan farq qiladiki, unda D.Veksler metodikasining modifikatsiyasi qo‘llanilgan R.I.Sunnatova o‘z ilmiy tadqiqotlarida boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilari hamda o‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarish jarayonidagi fikrlash faoliyatlarini o‘rganadi. Olima o‘zini o‘zi boshqarish jarayonlarining fikrlash faoliyatiga ta’sir etish xususiyatlarini quyidagicha izohlagan. Bir tomondan o‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarish jarayonida qator o‘zgarishlar mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Shu bilan birga, o‘quvchilarda o‘quv faoliyatiga nisbatan qiziqishning ortib borishi hamda o‘zini o‘zi boshqarish jarayonida bilim olishga nisbatan yangicha qarashlarning shakllanganligi ham ko‘rinadi. Ikkinchi tomondan, o‘quvchilar o‘zini o‘zi boshqarish jarayonida o‘zini tarbiyalash va o‘z qobiliyatlarini takomillashtirishga harakat qilganliklari ham kuzatiladi. V.A.Tokarevaning kichik maktab yoshidagi bolalarda ijtimoiy burchning shakllanish psixologiyasiga bag‘ishlangan tadqiqotlarida o‘quvchilar o‘quv faoliyati motivlarini o‘rganishga katta e’tibor berilgan. Muallif o‘quvchilar ongida 5-sinf davomida o‘tkazilgan o‘quv-tarbiyaviy ishlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar vositasida o‘quv faoliyati motivlaridagi o‘zgarishlarni aniqlashga intilgan. A.Tokarevaning ishlarini keyinchalik M.Rasulova davom ettirdi. Uning fikricha, bola maktabga borgach, uning hayotida jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Maktab bola oldiga qat’iy talablar qo‘yadiki, buni bola o‘zining asosiy burchi deb hisoblashi kerak bo‘ladi. O‘quvchilar o‘z burchlarini anglash va unga rioya qilishda, ularning ma’naviy qiyofasi kamol topishida ota-onaning mehnati, insoniy munosabatlariga bola ehtiyoj sezishini o‘z tadqiqotlarida ko‘rsatib o‘tadi Z.T.Nishanova kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar majmuini ishlab chiqdi. Bu mashg‘ulotlarda asosiy diqqat tafakkur operatsiyalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lsa-da, lekin ijodiylikning tezligi, aniqligi, originalligi kabi xususiyatlarini rivojlantirish masalasi ham chetda qolmagan. Shu bilan birga, olima o‘z asarlarida kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlari psixogigienasiga ham katta e’tibor beradi. E.Z.Usmonovaning ilmiy tadqiqotida o‘quvchilarning o‘quv faoliyati jarayonidagi qarama-qarshilik, motivatsiya, ijod va shaxs muammolari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida ikki asosiy motivatsiya toifasining munosibligini tushunish muhim bo‘lgan: muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasini, odatda, tashqi motivatsiyaga kiritishadi, tadqiqot asosida bilish motivatsiyasini esa ichki motivatsiyaga mansub deyishadi. Nafaqat muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasining mavjudligi, balki tadqiqot ichki motivatsiyasining mavjudligi ijodiy o‘sish va shaxsning shakllanishi uchun zaruriy sharoit yaratib beradi, deb ta’kidlaydi. T.M.Adizova, G.K.To‘laganovalarning ilmiy izlanishlarida motivatsiya muammosi kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda psixokorreksion masalalardan biri sifatida talqin etiladi. Mualliflar birinchi sinf o‘quvchilarining maktabga tezroq moslashishlarini ularning o‘quv faoliyati samaradorligi omillaridan biri deb ta’kidlashadi. G.Berdievning tadqiqotida aqliy rivojlanishi sustlashgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining shaxslararo munosabatlaridagi o‘ziga xos xususiyatlar ochib berilgan. Tadqiqotchi bunday bolalarning shaxslararo munosabatga kirishish motivlarini ham qisman o‘rgangan. R.Asomova maktab o‘quvchilarining kasb tanlash motivi va uning dinamikasini har tomonlama o‘rgangan. R.Asomovaning tadqiqotlarida asosan kasb tanlash motivlari bilan o‘quv motivlarining uyg‘unligi ochib berilgan. Maktab o‘quvchilari, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurti talabalarining kasbiy motivlari shakllanishi yosh xususiyatlariga bog‘liqligi o‘rganilgan U.Jumaevning ilmiy izlanishlarida o‘smirlarda kasb tanlashga munosabat tizimi shakllanishining psixologik xususiyatlari, qonuniyatlari va xususiyatlari o‘rganilgan bo‘lib, bunda kasb tanlash muammosining motivatsion jihatlarini o‘rganishga alohida e’tibor berilgan Sh.A.Do‘stmuhamedova o‘z izlanishlarida o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini boshqarishga ularda ijobiy motivlarni shakllantirish orqali erishish mumkinligini ta’kidlaydi. Z.P.Klichevaning tadqiqotlarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘quv-tarbiya jarayonidagi muloqot o‘quvchi shaxsini shakllantirish omili sifatida o‘rganilgan. N.S.Jo‘raev tadqiqotlarida kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning o‘qish motivlari xususiyatlari va o‘qish motivlarining shakllanish mexanizmlari o‘rganilgan bo‘lib, unda tadqiqotchi o‘z e’tiborini shahar va qishloq sharoitida tahsil olayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘qish motivlarining psixologik xususiyatlarini tadqiq qilishga qaratdi O‘zbekistonda olib borilgan qator ilmiy ishlar hozirgi zamon talabiga javob bera olsa ham, lekin biz o‘rganayotgan masalani o‘z ichiga to‘la qamrab ololmagan, ya’ni o‘quvchilarning o‘quv motivlari shu paytgacha faqat shahar maktablari misolida o‘rganilgan. Xuddi shuning uchun qishloq maktabi o‘quvchilarining psixologik xususiyatlarini o‘rganish yana dolzarb muammo sifatida kun tartibiga chiqadi. Ba’zi manbalarda o‘quvchilarning o‘qish faoliyati yuzasidan umumiy mulohazalar yuritilgan bo‘lsa-da, ammo uning ichki psixologik mohiyatini hozirgi kun nuqtai nazaridan ochib berish imkoniyati o‘ta cheklangandir. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining psixologik xususiyatlari, xususan, o‘quv motivlari muammolari yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanligini haqida xulosa chiqarish mumkin. Download 0.74 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling