Universiada Birinchi «Universiada 2000»


Universiadamiz tarixiga nazar


Download 1.01 Mb.
bet3/4
Sana23.12.2022
Hajmi1.01 Mb.
#1049185
1   2   3   4
Bog'liq
unversiada

Universiadamiz tarixiga nazar
Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yaratilayotgan keng shart-sharoitlar samarasida yoshlarimiz barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetmoqda.
Joriy etilgan uch bosqichli yagona sport o‘yinlari tizimi — «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va «Universiada» musobaqalari yosh avlodni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning sportga qiziqishini, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini oshirish borasida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
O‘tgan davr mobaynida bu musobaqalar yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylandi hamda ular uchun tajriba va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu sport o‘yinlarining aniq dastur asosida yurtimizning barcha hududlarida muntazam o‘tkazib kelinayotganligi, joylarda zamon talablariga javob beradigan, yangicha qiyofadagi muhtasham sport maskanlari, stadionlar, suzish havzalarining barpo etilishi qishloq va shaharlarning yanada obod bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etayotganligini qayd etish lozim.
Tarixga nazar tashlasak, birinchi «Universiada» o‘yinlari 2000 yili Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan. Kosonsoy tumanida o‘tkazilgan musobaqalarda mingdan ortiq sportchilar qatnashdi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar terma jamoalari sportning 9 turi bo‘yicha kuch sinashishdi. Sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan terma jamoalarga Prezidentimiz tomonidan 15 ta «Tiko» avtomashinasi topshirildi.
Universiada o‘yinlari ikkinchi marta 2002 yili Buxoro viloyatida o‘tkazildi. Musobaqalar Buxoroning Romitan, Olot, Jondor, Kogon tumanlarining sport maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Shu yildan boshlab Universiada musobaqalarida sportning 12 turi asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi. «Buxoro-2002» o‘yinlarida Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyati sportchilari o‘zlarinig mahoratlarini namoyish etib, Prezidentimiz tomonidan – «Damas» avtomashinalari bilan taqdirlanishdi.
«Universiada-2004» o‘yinlari Samarqand viloyatida o‘tkazildi. Musobaqalar Samarqand shahri hamda Toyloq tumanining sport maydonlarida o‘tkazildi. G‘oliblar 230 ta oltin, 230 ta kumush hamda 251 ta bronza medallari bilan taqdirlanishdi. Toshkent shahri, Samarqand hamda Namangan viloyati sportchilari «Damas» avtomashinalarining sohiblariga aylanishdi.
To‘rtinchi marta Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Universiada-2007» o‘yinlarida 2393 nafar sportchi ishtirok etdi. Bellashuvlar Toshkent shahrining eng zamonaviy sport maydonlarida o‘tkazilib, «Universiada» o‘yinlarida ayrim sport turlari bo‘yicha hattoki mamlakatimiz miqyosidagi rekordlar o‘rnatildi. G‘oliblarga 212 ta oltin, 212 ta kumush hamda 234 ta bronza medallari topshirildi. Musobaqada birinchilik Toshkent shahri sportchilariga, keyingi pog‘onalar Namangan hamda Samarqand viloyatlarining sportchi yoshlariga nasib etdi va ularga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomashinasi topshirildi.
«Universiada» o‘yinlari beshinchi marta 2010 yili Andijon viloyatida bo‘lib o‘tdi. Sportning 12 turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda 1800 nafarga yaqin sportchilar qatnashishdi. G‘oliblarga 176 ta oltin, 176 ta kumush hamda 191 ta bronza medallari topshirildi. Musobaqa o‘yinlarida Toshkent shahri birinchi, Andijon viloyati ikkinchi hamda Navoiy viloyati sportchilari uchinchi o‘rinlarni egallab, «Damas» avtomashinalari bilan taqdirlanishdi.
2013 yilda Universiada o‘yinlari Buxoro viloyatida o‘tkazildi. Sportning basketbol, voleybol, kurash, belbog‘li-kurash, dzyudo, yengil atletika, tennis, stol tennisi, futbol, gandbol, shaxmat va suzish turlari bo‘yicha musobaqalar yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi yuksak mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada-2013” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan Samarqand va Andijon viloyatlari jamoalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.
Asosiysi, Universiada bellashuvlarida mahorat ko‘rsatgan sportchi yoshlarning aksariyati Jahon universiadasida qatnashib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi shon-shuhratini mustahkamlashga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Universiada musobaqalarida nafaqat sportchilar soni oshmoqda, balki qo‘lga kiritilgan medallar soni, mamlakat rekordlari o‘rnatilmoqda. O‘zbekistonning boks, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, shaxmat, badiiy gimnastika, og‘ir atletika bo‘yicha sport maktablari tarbiyalanuvchilari xalqaro musobaqalarda o‘z mahoratlarini yaqqol namoyon etib, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar nechog‘lik to‘g‘ri ekanligini isbotlab berishmoqda.
Mamlakatimizda joriy etilgan uch bosqichli sport musobaqalarida qatnashib, keyinchalik xalqaro maydonlarda o‘zini ko‘rsatgan sportchilardan dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin hamda London Olimpia o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov, jahon chempionati sovrindori Dilshod Choriyev, o‘zbek sportchi qizlari orasida birinchi xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova, Osiyo o‘yinlari sovrindori, Xalqaro shaxmat federatsiyasi ustasi Nodira Nodirjonova, belbog‘li kurash bo‘yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov, yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Svetlana Radzivil, Osiyo o‘yinlari g‘olibasi Yuliya Tarasova, suzish bo‘yicha ko‘plab rekordlar sohibasi Rano Amonova, Yulduz Qo‘chqorova, badiiy gimnastika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida xalqaro musobaqa g‘olibasi Aziza Mamajonovalar bugun yoshlarimizning faxriga aylanishgan.
Mamlakatimizda sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sportning rolini oshirish, bu boradagi mavjud moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatini jahon standartlari asosida yanada mustahkamlash, eng muhimi, sportga mehr har bir bola, har qaysi oila hayotiga chuqur kirib borishiga erishish borasidagi amalga oshirilgan chora-tadbirlar, chuqur o‘ylangan islohotlar samarasi bugun sportchilarimizni qo‘lga kiritgan yutuq va g‘alabalarida o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ana shunday barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda. Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon mamlakatimizda 2000 ga yaqin sport ob’yektlari barpo etildi va qayta rekonstruksiya qilindi. Ular zamonaviy sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlandi. Bu, shubhasiz, bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlashi, yoshlarimizning jahon maydonlarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi, xalqaro miqyosda Vatanimiz nufuzining yanada oshishiga zamin yaratdi. Bugun mamlakatimizda 2 milliondan ziyod bola sportning 59 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bu 2003 yilga solishtirganda qariyb 1,5 baravarga ko‘p demakdir.
Aytish lozimki, sportchilarimizning g‘alabalari sportni keng ommalashtirishda muhim o‘rin tutadi. Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lib, bayrog‘imizni baland ko‘tarib, quvonchdan ko‘ziga yosh olgan yigit-qizlarni ko‘rganda ota-onalarda, bolalarda ham sportga havas uyg‘onadi. Bunday g‘alabalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yoshlarda vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘ulari yanada mustahkam qanot yozadi.
Joriy yilda Farg‘onada o‘tkaziladigan Universiada musobaqalari Prezident Islom Karimov tomonidan ko‘zlangan yuqori maqsadlarga yetishishda muhim bosqich bo‘ladi.




Download 1.01 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling