Unutmas meni bog‘im
Download 37 Kb.
|
Unutmas meni bogim
Unutmas meni bog‘im Reja: 1.Usmon Nosir – otashqalb shoir. 2. Shoir she’rlaridagi sirli ohanglar. 3.Yurt uchun fido bo‘lgan iste’dod. 4. Usmon Nosir yodi hamisha dillarda. Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor, Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor, O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim, Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor. (Muhammad Yusuf) Men va mening tengdoshlarim O‘zbekiston atalmish jannatmakon diyorda mustaqillik tufayli shod va xurram yashayapmiz. Bu kunlarga erishish uchun o’z jonini fido qilgan, bizga bugungi baxtli bolaligimizni taqdim etgan buyuk ajdodlarimizni eslash bizning farzandlik burchimiz deb o‘ylayman. Ana shunday vatanparvar inson, iste’dodli shoir va dramaturg, tug‘ma qobiliyat egasi, hassos qalb sohibi Usmon Nosirdir. Men o‘zim tug‘ilib voyaga yetayotgan Namangan viloyati Usmon Nosirdek shoir tavallud topgan, beg‘ubor bolaligini o‘tkazgan maskan ekanidan qalbim faxrga to‘ladi. Namangan shahrida dunyoga kelib, bolaligidanoq yetimlik azobini his qilgan bu shoirning hayot yo‘li meni o‘yga toldirdi.O‘z otasidan erta judo bo’lib, begona insonni ota deb atashga majbur bolish inson bolasi uchun juda qiyin bo’lsa kerak. Lekin yosh Usmon Nosirning baxtiga o‘gay ota bu murg’ak qalbni o‘ksitmadi, ota degan nomga munosib bo‘ldi.Bu go‘dak esa ulg‘ayib el tanigan shoirga aylandi. Men shoirning asarlarini o‘qir ekanman uning asarlarida o‘z hayotida bo‘lib o‘tgan har bir voqea chuqur aks etganinig guvohi bo’ldim.Shoirning har bir she’rida uning qaynoq tafti, yuragining dupuri eshitilib turgandek bo’ladi. Usmon Nosir yonib turgan qalbida nimani his qilsa shundayligicha qog‘ozga tushirgan. Yurak,sensan mening sozim, Tilimni nayga jo‘r etding. Ko’zimga oyni berkitding. Yurak, sensan ishqibozim. Senga tor keldi bu ko‘krak, Sevinching toshdi qirg‘oqdan Tilim charchar ajab gohi Seni tarjima qilmoqdan. - deydi shoir. Shoir Usmon Nosirning ko‘plab she’rlarida tabiatning go‘zal tasvirlarini ko‘ramiz. “Yur tog’larga chiqaylik…” she’rini o‘qir ekanmiz, o‘zimizni oppoq qorlarga burkangan yuksak tog‘larda sayr etayotgandek his qilamiz. Hayot xuddi tog‘lardagi qordek beg‘ubor va pok ko‘rinadi.Yoshlik orzularimiz esa tog‘lardek ulug‘vor bo‘lib bizni olg‘a chorlaydi go‘yo. Men shoirning “Yurganmisiz birga oy bilan” she’rini o‘qiganimda sirli bir olamga tushib qolgandek bo‘ldim. Bu she’rni Usmon Nosir ona Vatanidan yiroqda ekanligida yozgan. Davolanish uchun shimolga - Boltiq va Oq dengiz bo‘ylariga safar qilgan ijodkor sokin tunda o‘rmon oralab borayotgan insonning hislarini juda chiroyli tasvirlab bergan. Shoir she’rda oyning o‘ziga hamrohdek harakatlanib ketayotganini shunday chiroyli ta’riflaydi: Yurganmisiz birga oy bilan Oqshom payti ko‘m- ko‘k o‘rmonda? Maysalarga shabnam qo‘nganda Shunday yaxshi, tinch bo‘lar ekan. Shoir nafaqat asarlari, balki o‘z umri, hayot yo‘li bilan chinakam vatanparvarlik nima ekanini ko‘rsatib bera oldi. U o‘z baxtini, hayotining mazmunini, shu yurtning ozodligida, Vatanning mustaqilligida deb bildi. Vatan koriga yaramasa, yurt uchun fido bo’lmasa unga bunday umrning aslo keragi yo‘qligi haqida “Yurak” she’rida shunday bong uradi: Itoat et! Agar sendan Vatan rozi emas bo‘lsa, Yoril! Chaqmoqqa aylan sen, Yoril! Mayli tamom o‘lsam! Sobiq Sovet Ittifoqi davrida bunday vatanparvar, xalq uchun jon fido etgan insonlar yo‘q qilib yuborilgan. Shular qatori endigina 25yoshni qarshilagan Usmon Nosir ham qamoqqa olinadi va Vatandan yiroqqa – sovuq Sibir o‘lkalariga surgun qilinadi. Vatan sog‘inchi va turli qiynoqlar tufayli xalqimizning bir asl farzandi 1944-yil 32 yoshida olamdan o‘tdi. Qo‘ling qadog‘iga bosay yuzimni, Onamsan-ku, og‘ir olma so‘zimni, Qayinbarglar yopib qaro ko‘zini, Olislarda qolgan Usmonlaring bor. Usmon Nosir bu yorug‘ dunyoni tark etganiga ham salkam 80 yil bo‘libdi. Bu inson garchi vafot etgan bo‘lsa-da, o‘zining otashin va dilbar she’rlari bilan xalqimiz qalbida abadiy yashaydi. Shoirning asarlarini biz kabi yosh avlodlar sevib o‘qiymiz va bizning farovon hayotimiz uchun jonini fido etgan shunday bobolarimiz borligidan faxrlanamiz. Usmon Nosir nomi va xotirasi abadiy ekanligining yana bir isboti bu yil shoir tavalludining 110- yilligi keng ko‘lamda nishonlanayotgani , shoir xotirasiga bag‘ishlab turli kechalar va tanlovlar tashkil etilayotganidir. Bargdek uzilib ketsam, Unutmas meni bog‘im. Ishimni hurmat qilur, Gullardan haykal qurur. Ming yillardan keyin ham Unutmas meni bog‘im! She’rlarim yangrab qolur, Bir umrga o‘lmayman! Otashqalb shoir Usmon Nosir har bir o‘zbek farzandining qalbida mangu barhayot! Namangan viloyati Mingbuloq tumani 10-sonli maktab 7-sinf o‘quvchisi Turg‘unova O‘g‘iloy Bahodir qizi Download 37 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling