Urganch davlat universiteti doktoranti Xudayberganov Dilshod Tuxtabayevichning “Tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning metodologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi
Download 48.53 Kb.
|
Такриз Расмий оппонент 2 лотин ёзувида
- Bu sahifa navigatsiya:
- Rasmiy opponent: Buxoro davlat universiteti “Marketing va menejment” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori prof.Navruz-Zoda B.N.
Urganch davlat universiteti doktoranti Xudayberganov Dilshod Tuxtabayevichning “Tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning metodologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi 08.00.05 – “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari)” ixtisosligi bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi va avtoreferatiga rasmiy opponent TAQRIZI Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan asosiy ustuvor vazifa bozor munosabatlarini chuqurlashtirish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish va O‘zbekiston iqtisodiyotini jahon mamlakatlari qatorida keng taraqqiy qildirishdir. Bu borada iqtisodiyotni yuksaltirishda bozorni samarali rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. Bozorlar faoliyati iqtisodiyotning muhim yo‘nalishi sifatida aholining turmush faoliyatini yaxshilash bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Ya’ni, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichida iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirish uchun bozor yoki tovarlar va xizmatlar bozori zarur bo‘lib, buning uchun iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish taqozo etiladi. Tovarlar va xizmatlar bozorining samarali faoliyat ko‘rsatishi iste’molchilar, ya’ni aholi turmush darajasi va sifatini oshirishning muhim vositasi bo‘lishi bilan birga, ushbu tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchi sub’ektlarning doimiy va uzluksiz faoliyat yuritishi, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. Bu borada aholining turli tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish mamlakatimizda izchillik bilan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor vazifasi bo‘lib hisoblanadi. Mazkur vazifani amalga oshirishda tovarlar va xizmatlar bozori muhim o‘rinni egallaydi. Tovarlar va xizmatlar bozorini turli darajalarda rivojlantirish mumkin. Xususan, respublika hududlari darajasida ushbu bozorni rivojlantirish turli servis xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish, hududlar yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilsa, iqtisodiyot tarmoqlari darajasida sohaga investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish, tarmoqlarning o‘sish holatlarini farqlashtirish, yangi xizmat turlariga bo‘lgan talabni shakllantirish va o‘stirishga xizmat qiladi. Doktorant D.T.Xudayberganovning “Tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning metodologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi yozilgan doktorlik dissertatsiyasi ham mazkur masalalarni hisobga olgan holda ushbu bozor faoliyati samaradorligini oshirishning dolzarb muammolari va maqbul yechimiga bag‘ishlangan. Dissertatsiya mavzusi respublikamizda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lib, tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirish metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan va “Demokratik va huquqiy jamiyatni ma’naviy-axloqiy va madaniy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish” ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq bajarilgan. Dissertant tomonida dissertatsiya mavzusi bo‘yicha xorijiy ilmiy-tadqiqotlar sharhi amalga oshirilgan. Ushbu sharhga asosan, tanlangan mavzu doirasida Meriland universiteti, Grenobl menejment maktabi, Oksford Brokerlar universiteti, Germaniya Gumboldt universiteti, Singapur trening markazi bozor instituti, Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va servis universiteti, Baykal davlat iqtisodiyot va huquq universiteti, Tambov davlat universiteti, Tojikiston davlat tijorat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Urganch davlat universitetida ilmiy tadqiqotlarning olib borilayotligi qayd etilgan. Tadqiqot ishida monografik, qiyosiy va iqtisodiy tahlil, statistik, anketa-so‘rovi, zanjirli almashtirish, indeksli usul, kontent-tahlil, SWOT-tahlil, STEP(PEST)-tahlil, DEA-tahlil, iqtisodiy-matematik modellashtirish, ekspert baholash va prognozlash kabi usullar qo‘llanilgan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagi yo‘nalishlardan iboratligi bayon etilgan: tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishda eksport va import salohiyatini raqamlashtirish texnologiyalari asosida diversifikatsiyalash zarurati asoslangan; tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning hududiy, mikro, mezo, makro va megabozor shaklidagi modellari takomillashtirilgan; tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini baholashni raqamli platforma asosida onlayn bozor rejimi shaklida ishlash usuli hamda yangi xizmat turlari uchun elektron biznesni (elektron do‘konlar, internet kataloglar) rivojlantirish taklif etilgan; Xorazm viloyatining qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan chegara oldi savdo zonalarini tashkil etish orqali respublikaning eksport va import salohiyatini oshirishda Shovot tumanidagi O‘zbek-Turkman chegara zonasida tovarlar va xizmatlar bozorini samarali tuzilmasini tashkil etish taklif etilgan; mintaqada tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirish ko‘rsatkichlarini ko‘p omilli ekonometrik modellar yordamida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan prognoz qiymatlari ishlab chiqilgan. Tadqiqotda quyidagi amaliy natijalarga erishilgan: tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini ifodalovchi kategoriyalarni chuqur o‘rganish asosida muallif nuqtai nazaridan ushbu bozor faoliyatiga oid bo‘lgan ta’rifning mazmuni takomillashtirilgan; tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini baholash uchun ko‘rsatkichlar tizimini qo‘llash lozimligi asoslanib, tasniflashtirilgan va bozor samaradorligini oshirishga qo‘shadigan hissasi baholangan; tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlantirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlardan turli ahamiyatga ega dasturlarni ishlab chiqishda foydalanishga aniqlik kiritilgan; ilgari surilgan raqamli platformalarini shakllantirish konsepsiyasi asosida tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishga oid takliflar ishlab chiqilgan; tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan chora-tadbirlar tizimi taklif qilingan. Dissertatsiya mavzusi yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari ushbu sohani rivojlantirishda faoliyat olib borayotgan tashkilot - O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan ijobiy baholanib, tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinganligi xususidagi ma’lumotnoma taqdim qilingan. Mazkur dissertatsiya ishi Urganch davlat universitetining ilmiy-tadqiqot ishlari rejasi bilan bog‘liq bo‘lib, I-2014-1-18 “Mintaqada innovatsion ishlanmalarni tadbiq etish asosida qishloq xo‘jaligini intensiv rivojlantirish” davlat innovatsion granti va 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan PZ-201709202 “Xorazm viloyati va Xiva shahrining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada oshirish strategiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat amaliy granti loyihalari doirasida bajarilgan. Dissertatsiya kirish, to‘rtta bob, 12 ta paragraf, xulosa va takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalar kabi qismlardan tuzilgan. Dissertatsiyaning birinchi bobida iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlantirish, bozor samaradorligini oshirishning nazariy-metodologik masalalari va yondashuvlari, bozor faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha to‘plangan xorijiy tajribalar, ikkinchi bobida tovarlar va xizmatlar bozorini samarali rivojlanishining innovatsion modellari va ularga raqamli texnologiyalarning ta’siri, raqamli platformalarning ahamiyati va foydalanish imkoniyatlari, bozor samaradorligini ta’minlashga qaratilgan talab va taklifni shakllanishi jihatlari, uchinchi bobida tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning mintaqaviy xususiyatlari, tovarlar bozori holatini tahlil qilish jihatlari, xizmatlar bozorini innovatsion-onlayn rivojlanish xususiyatlari, bozor samaradorligi uchun eksport salohiyatini oshirish masalalari va to‘rtinchi bobida tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari, Xorazm viloyatida tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlanish xususiyatlari, viloyatda ushbu bozor faoliyatini innovatsion rivojlanish yo‘nalishlari hamda tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligi ko‘rsatkichlarini ekonometrik prognozlash jihatlari o‘rganilgan. Shuni aytish joizki, doktorant tomonidan erishilgan muhim natijalar quyidagilardan iborat: tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligiga xos yondashuvlar muallif nuqtai nazariga ko‘ra asoslanib, tizimlashtirilgan va tasniflashtirilgan hamda asosli xulosalar shakllantirilgan (37-39-betlar); tovarlar va xizmatlar bozorida talab va taklifni rivojlanish yo‘nalishlari tahlil qilinib, mazkur kategoriyalarning ushbu bozor samaradorligini oshirish uchun bozor sub’ektlari o‘rtasidagi aniq mezon bo‘lishi ekanligi asoslangan (84-97-betlar); tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlanish tendensiyalari asosida bozor holatining samarali tahlillari amalga oshirilgan va bozorlarni rivojlantirishning innovatsion ahamiyatga ega ekanligi aniqlashtirilgan (102-127-betlar); O‘zbekistonda elektron do‘konlarning imkoniyatlari keng miqyosda o‘rganilib, xususan 2021-yilda auksionlar bilan birgalikda ushbu sub’ektlar orqali amalga oshirilgan elektron davlat xaridlarining tahlillari amalga oshirilgan (128-bet); mintaqa iqtisodiyotida pullik xizmatlarni tutgan o‘rni va tarkibi tahlil qilinib, ularning eksport salohiyatini yuksaltirishdagi o‘rni ushbu xizmatlar orqali boshqa turli xizmatlarni rivojlantirish yo‘nalishlari aniqlangan (141-142-betlar). Xorazm viloyatida tovarlar va xizmatlar bozorining mintaqa iqtisodiyoti tarmoqlari bilan bog‘liq holda rivojlanishiga qaratilgan turli jadvallar tahlil qilingan. Shu asosda ushbu bozor samaradorligi mintaqa iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, smart va elektron bozorlar va raqamli platformalarni qo‘llash darajasiga bog‘liq ekanligi asoslangan (153-167-betlar). Shuningdek, dissertatsiyada bozorning turli, ya’ni ijtimoiy, ekologik, elektron, iqtisodiy, huquqiy va innovatsion yo‘nalishlarini aniqlash natijasida ekologik tovarlar va xizmatlar bozori, innovatsion tovarlar va xizmatlar bozori, elektron tovarlar va xizmatlar bozoriga xos bo‘lgan zamonaviy tushunchalar shakllantirilgan. Bozor samaradorligiga xos yondashuvlar asosida tovarlar bozori bilan xizmatlar bozori alohida bozor shaklida o‘rganilgan. Tadqiqotlar natijasida tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirish yuzasidan umumlashgan tasnif ishlab chiqilgan. Tadqiqot ishi bo‘yicha jami 42 ta ilmiy ish, shu jumladan, yakka mualliflikdagi 1 ta va hammualliflikdagi 1 ta monografiya, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan doktorlik dissertatsiyalarga asosiy ilmiy natijalarini chop etishga tavsiya etilgan nashrlarda 20 ta maqolani (15 ta mahalliy va 5 ta xalqaro jurnalda) nashr etilganligi mazkur ilmiy tadqiqot natijalarini keng ilmiy jamoatchilikka va ommaga yetkazilganligini ko‘rsatadi. Biroq, dissertatsiya ishida e’tiborda chetda qolib ketgan ayrim, juz’iy kamchiliklar va munozarali holatlar ham mavjud. Xususan: tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlantirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha jahondagi yirik tovar fond birjalarining tajribalari jahon tajribasi sifatida ham o‘rganilib, shu asosda xulosalar shakllantirilganda, tadqiqotning amaliy ahamiyati yanada oshgan bo‘lar edi; dissertatsiyaning 3-bobida tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan eksport salohiyatini oshirish borasida zamonaviy bojxona xizmatlaridan foydalanish masalalari va ularni rivojlantirish imkoniyatlariga ham e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi; dissertatsiyaning 4-bobida dissertant tomonidan raqamli (elektron) platformaning kompyuter uchun dasturi yaratilib, tegishli tashkilotdan guvohnoma ham olingan. Ammo, ushbu dasturning mobil ilova shakli ishlab chiqilib, uning imkoniyatlari o‘rganilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi; dissertatsiyaning 4-bobida O‘zbekiston tovarlar va xizmatlar bozorida Xorazm viloyatini tutgan o‘rnini ko‘rsatuvchi xaritalar yaratilib, ushbu xaritada tovarlar va xizmatlar bozorini rivojlantirish jihatlari aks ettirilsa, tadqiqotning ishonchlilik darajasini oshirgan bo‘lar edi. dissertatsiyada mamlakatimizda tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligi olib borilgan tahlillar asosida turli (ya’ni, tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligi “yuqori” hudud, tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligi “o‘rta” hudud, tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligi “past” hudud) darajalarga ajratilib tabaqalashtirilsa, ishning amaliy ahamiyatini yanada oshirgan bo‘lar edi. Biroq, ushbu kamchiliklar va munozarali jihatlar dissertatsiya ishining ilmiyligi va dolzarbligini pasaytirmaydi hamda ishning ilmiy va amaliy qiymatini oshirishga xizmat qiladi. Dissertatsiyaning muhim ilmiy natijalari dissertatsiya avtoreferatida o‘z aksini topgan va dissertatsiya ishining ham asosiy mazmunga egaligi bilan ajralib turadi. Yuqoridagi fikr va mulohazalarga asoslangan holda doktorant D.T.Xudayberganovning “Tovarlar va xizmatlar bozori samaradorligini oshirishning metodologiyasini takomillashtirish” mavzusida tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasi mazmun va mohiyatiga ko‘ra tugallangan, ilmiy yangiliklarga, uslubiy yondashuvga va amaliy takliflarga ega bo‘lgan dissertatsiya ishi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK talablari asosida rasmiylashtirilgan. Uning muallifi esa 08.00.05 - “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti” ixtisosligining fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga loyiq, deb hisoblayman. Rasmiy opponent: Buxoro davlat universiteti “Marketing va menejment” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori prof.Navruz-Zoda B.N. Download 48.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling