Ustoz Umarali Normatov roman haqida: "Har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi, avvalo, shu janr kamolotiga qarab belgilanadi desam, buni hech kim mubolagʻaga yoʻymaydi", deb yozadilar. Darhaqiqat, shunday


Download 127 Kb.
Sana11.11.2020
Hajmi127 Kb.
#143593
Bog'liq
Ustoz Umarali Normatov roman haqida


Ustoz Umarali Normatov roman haqida: “Har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi, avvalo, shu janr kamolotiga qarab belgilanadi desam, buni hech kim mubolagʻaga yoʻymaydi”, deb yozadilar. Darhaqiqat, shunday. Biroq, bu – bugunning gapi. Oʻz vaqtida esa, romanga munosabat, deylik, hozirgi kun didli oʻquvchisining ommaviy adabiyotga, “sariq matbuot” sahifalarida eʼlon qilinadigan bitiklarga munosabati yangligʻ boʻlgan. Shu sabab ham, masalan, italyan adabiyotshunosi Antonio Minturno bundan qariyb uch yuz ellik yillar avval: “Menga qolsa, kim yozganidan qatʼi nazar, muhokamasi gʻoʻr, avom suyib ardoqlaydigan barcha romanlardan koʻra, Petrarkaning bitta soneti didimga koʻproq xoʻbdir”, deydi. Negaki, “romanlarda Aristotel va Goratsiylar amal qilishni uqtirgan, Gomer va Vergiliylar amal qilgan shakl va tartib yoʻq”, yaʼni, ular mumtoz sanʼat talablariga javob bermaydi, demak, “na poeziyaning neligini, na shoirning barkamolligi nimadaligini bilmaydigan avom”gina ularni sevib oʻqishi mumkin. Minturnoning asosiy xulosasi shuki, “roman – varvarlar ixtirosi”, u chinakam poeziyaga daxldor boʻlolmaydi.

Romanni sanʼatdan – poeziyadan tashqaridagi hodisa sifatida tushunish, uni antiestetizmda ayblash, to XVIII asr oʻrtalariga qadar ham davom etgan. Jumladan, klassitsizm nazariyotchisi N. Bualo hayotlik chogʻida eʼlon qilmagan boʻlsa-da, kiborlar salonlarida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan “Roman qahramonlari” (1713 yilda chop etilgan) asarida romannavislarni uslub jimjimadorligi, tarixni anglayolmaslik, qadimiyat va zamona belgilarini kulgili darajada qorishtirib yuborishda, bir soʻz bilan aytganda, didsizlikda ayblaydi. Davr ijtimoiy tafakkuriga gʻoyat kuchli taʼsir oʻtkazgan Volter esa romanni atigi “engiltabiat havoyi yoshlar uchun koʻngilxushligi” deb biladi va oʻzini hurmat qilgan adiblar undan nafrat qilmogʻi lozim deb uqtiradi. Aytish kerakki, Volter romanga qoʻyayotgan mazkur ayblov yangilik boʻlmasdan, balki ancha avvaldan kuzatilib keluvchi ayblovlarning yumshoqroq ifodalanishi edi, xolos. Xususan, Jan Rasinning ustozlaridan sanaluvchi Pyer Nikol 1665 yildayoq gunohkorona hislarni tasvirlovchi roman va pyesalar mualliflarini “qalblarni bulgʻovchilar” deb atagan. Yoki xonimqizlar tarbiyasi haqida qaygʻurgan markiza de Lamber romanlar mutolaasi yosh qizlar qalbi va shuuriga parokandalik olib kirishiyu hayo pardasini koʻtarib, koʻngillarda illatli intilishlarni kuchaytirishidan ogohlantiradi. Ish shu darajaga borib yetadiki, 1736 yilda iyezuit Sharl Pore “Avom roman deb atovchi kitoblar toʻgʻrisida…” mavzuida vaʼz qiladi va hukumatni behad urchib ketganidan boshqa adabiy janrlarni boʻgʻib, maʼnaviyatga putur yetkazayotgan romanga nisbatan qatʼiy chora koʻrishga chaqiradi. Oqibatda, koʻp oʻtmay, 1737 yilda Fransiya qiroli farmon beradi, unga binoan endi qirollik hududida yangi romanlar faqat maxsus ruxsat bilangina chop etilishi mumkin boʻladi.

Romanga bunaqa salbiy munosabatning turli omillari mavjud boʻlsa-da, baribir, eng avval, ijtimoiy omilni nazarga olishimizga toʻgʻri keladi. Yuqorida koʻrdikki, A. Minturno roman avom orasidagina mashhurligini qayd etadi, uni “varvarlar ixtirosi” deydi, xullas, romanga bepisand qaraydi. Darhaqiqat, roman kiborlar va ruhoniylar avom deb atovchi “uchinchi qatlam” – burjua orasida ommalashgan (bizda “burjua”, “burjuaziya” soʻzlariga salbiy, siyosiy tus berilgan, aslan ularning oʻzagi “shaharliklar” degan maʼnoni beradi). Zero, romanlar ularning ona tillarida – jonli tilda yaratilgan, mazmunan esa oʻzlari qaynab turgan hayotga yaqin boʻlgan. Aksincha, kiborlar va ruhoniylar poeziya tili sifatida faqat lotin tilini, badiiy asar deb esa antik adabiyot andozalariga mos keluvchi asarlarnigina tan olganlar. Xullas, romanga salbiy munosabat muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda shakllangan estetik didlar ziddiyati natijasidir. Ijtimoiy hayotda burjuaziya mavqeining orta borishi va bunga aks taʼsir oʻlaroq, monarxik tartibotlarni saqlab qolishga intilish mazkur ziddiyatni kuchaytirdi. Klassitsizm shu intilishning adabiyotdagi koʻrinishi boʻlib, uning mazmun-mohiyati monarxik tuzumni mustahkamlashga qaratilgan edi. Shuning uchun bu adabiyot shakl (antik adabiyot qoidalari) va mazmun (ulugʻvor voqea va qahramonlar, qirollikka sadoqat va fidoyilik, qatʼiy axloqiy meʼyorlar) eʼtibori bilan konservativ xarakterda boʻlib, “zavq berish orqali foyda keltirish” aqidasiga qurilgandir. Aksincha, burjua muhitida ommalashgan romanda realistik tendensiyalar kuchli kelib, u har qanday cheklovlardan xoli, hayotning oʻzidagi kabi rang-barang va ajabtovur voqealarni qalamga olishga moyil. Yaʼni, noziktab kiborlar yuksak poeziya tarafdori, ommaning didi va ehtiyojiga mos romanda esa poeziyadan ancha yiroq kundalik hayot qaynaydi. Xuddi shu holatni nazarda tutib keyincha Gegel oʻzining roman nazariyasini qadimgi dunyoning poetik tabiati va zamonaning prozaikligini qarshi qoʻyish asosiga qurgani bejiz emas edi.

Albatta, yuksak poeziyani daxlsiz saqlab qolish istagi nechogʻli ulkan, shunga bel bogʻlagan ruhoniylarning vaʼzlari qanchalik oʻtli boʻlmasin, shu maqsad yoʻlida qirollik akademiyalari qancha faol ishlab, farmoni oliylar chiqarilmasin, baribir, tarix charxi oʻz bilganicha aylanaveradi. Tarixiy istiqbol esa oʻsha “avom”niki, bas, romanning eʼtirof etilishi va vaqt kelib “har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi”ni belgilaydigan maqomga erishishi ham tabiiy va qonuniy edi. Shunga qaramay, koʻrib oʻtganimizdek, yangi janrning poeziya mulkida fukarolik olishi oson kechmagan. Darvoqe, roman yangimidi oʻzi? Yoʻq, albatta. Aslida, romanning ildizlari juda qadim davrlarga borib taqaladi. Romanga bagʻishlangan ilk maxsus tadqiqotlardan biri – “Romanlarning paydo boʻlishi haqida risola” (1666)ning muallifi Pyer-Daniel Yue janrning ibtidosini Provans yo Italiyadan izlash xatoligini, uning ildizlarini juda qadimdan, uzoq oʻlkalardan qidirish kerakligini taʼkidlaydi. Uning yozishicha, roman antik davrlarda yuzaga kelgan va uzoq asrlar davomidagi rivojlanish jarayonida hozirgi holiga kelgan. Masalaga tarixiy taraqqiyot nuqtai nazaridan qaragani uchun ham Yue oʻz davriga kelib “roman janri” tushunchasi oʻzgarganini nazarda tutadi va, endilikda, roman deganda, “oʻquvchilarga zavq berish orqali nasihat qilish maqsadida toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan” asar tushunilishini taʼkidlaydi. “Roman oʻqish – vaqtni behuda sovurish” qabilidagi qarashga qarshi oʻlaroq, Yue “romanning bosh maqsadi <…> harvaqt ezgulikning taqdirlanishi, yovuzlikning jazolanishini koʻrsatish orqali oʻquvchiga saboq berish”, deb biladi. Shuningdek, romanni “poeziya”dan, romannavislarni “poet”likdan nari qilish urf boʻlgan bir sharoitda, Yue kishi “… sheʼr toʻqigani uchun emas, balki yaratgan obrazlari uchun poet deb ataladi”, shunga koʻra “romannavislarni ham poetlar qatoriga kiritish mumkin”, deydi.



Yuening asari romanga yuqoridagicha munosabat ustuvor boʻlgan bir vaqtda yaratilgan. Bu shundan dalolat beradiki, romanning adabiy janr, soʻz sanʼatining toʻlaqonli vakili sifatida qabul qilinishi nechogʻli ogʻir kechmasin, uni tarixan shakllanib kelayotgan obʼyektiv hodisa deb tushunish ham tobora kuchayib borgan. Zero, oʻz navbatida, roman ham soʻz sanʼatiga tobora shiddat bilan kirib borib, mavjud janrlarning xususiyatlarini yuvgʻich misoli shimib, ularni ham oʻziga oʻxshata va yetakchilik maqomiga intila borgan. Albatta, ayni sharoitda, romanga qiziqishning kuchayishi, uni nazariy jihatdan anglashga intilishning boshlanishi ham tabiiy edi. Ijod amaliyotining nazariyadan hamisha oʻzib yurishi tabiiy va qonuniy hol, zero, nazariya oʻz qonun-qoidalarini ijod amaliyoti natijalariga tayanib, ularni umumlashtirish asosida ishlab chiqadi. Biroq romanga kelganda bu oʻzish yanada sezilarli boʻldi, negaki, roman tabiatan oʻzgarish, yangilanishga moyil va qobil janrdir. Deylik, Yue oʻzigacha va oʻz zamonida yozilgan romanlardan kelib chiqib, “toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan” asarni roman deb aytadi. Oradan bir asr oʻtib-oʻtmay mazkur taʼrif Yevropa romanchiligiga tatbiqan yaroqsiz boʻlib qoldi, chunki unda strukturasida sevgi tarixi yordamchi vazifani oʻtovchi tarbiya romani, psixologik roman singari janr koʻrinishlari vujudga keldi. Darvoqe, bizningcha, shunga oʻxshash jarayon gʻoyat intensiv tarzda oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladi. Ilk oʻzbek romani “Oʻtgan kunlar” strukturasida “sevgi tarixi” belgilovchi ahamiyat kasb etadi. Muallifning romanga yozgan soʻzboshisida “xalqimizni shu zamonning Tohir-Zuhralari… bilan tanishtirishga oʻzimizda majburiyat his etamiz”, deya taʼkidlab oʻtishi ham shundan. Albatta, “sevgi tarixi” romanda boshqa muammolarni badiiy talqin qilish uchun vosita boʻlgan, biroq uning oʻz holicha ham katta badiiy-estetik ahamiyat kasb etgani shak-shubhasiz (asarning xorijiy tillardan birida “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan chop etilgani bejiz emas). Oʻn besh yillar keyin dunyoga kelgan “Kecha va kunduz”da “sevgi tarixi” deyarli mavjud emas; “Sarob”, “Qutlugʻ qon” romanlarida esa “sevgi tarixi”ning vosita ekanligi yaqqol sezilib turadi.

Yue taʼrifidagi mazmun bilan bogʻliq ikkinchi muhim jihat – “toʻqib chiqarilganlik”. Oʻz taʼrifiga izoh berarkan, Yue “toʻqima” deyishdan murod romanni tarixdan ajratish ekanligini aytadi. Haqiqat va toʻqima nisbati – Yue uchun roman bilan tarixni farqlovchi asos. Yaʼni, tarixda ham toʻqima bor, lekin, yaxlit olganda, u haqiqatdir; romanda ham haqiqat bor, lekin, yaxlit olganda, u toʻqimadir. Masalaning bu tarzda qoʻyilishi bejiz emas. Negaki, Yue nazarda tutgan tarix – Gerodot, Kteziy, Filostrat, Simeon Metafrast kabilarning asarlari mohiyatan adabiyotning bir uzvi, aslida, ular xuddi adabiy asar kabi oʻqilgan. Zero, ularda asosiy maqsad tarixni tadqiq etish emas, balki oʻtmish voqealari (harbiy yurishlar, podshohlar tarixi, buyuklar hayoti)ni oʻqishli qilib hikoya qilish boʻlgan. Bizningcha, bu gaplar Sharq adabiyotiga nisbatan – Firdavsiy “Shohnoma”sidan tortib Ogahiy tarixlarigacha, xalq ichida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan jangnomalaru manoqiblarga nisbatan ham bemalol aytilishi mumkin. Shu oʻrinda, mavridi kelib qoldi, ayrim mulohazalarni oʻrtaga tashlashga jazm etaman. Maʼlumki, oʻzbek adabiyotida roman janridagi ilk tajribalar – “Yangi saodat” va “Befarzand Ochildiboy” asarlari muvaffaqiyat topmagan. Albatta, bular yozilgan vaqtda hali yangi oʻzbek nasri ham, mualliflar ham yetarli tajribaga ega boʻlmagani bor gap. Biroq muvaffaqiyatsizlikning sababini shuning oʻzi bilangina izohlab boʻlmaydi. Fikrimizni oydinlashtirish uchun bizningcha, “Oʻtgan kunlar”ning muvaffaqiyatini taʼmin etgan omillarni eslash joiz. Romanning tez shuhrat topib qoʻlma-qoʻl oʻqilishiga sabab boʻlgan bosh omil, bizningcha, uning tom maʼnoda milliy adabiy anʼanalar zaminida turganidir. Albatta, roman Gʻarb adabiyoti hodisasi ekanidangina kelib chiqilsa, bu fikrimiz ziddiyatli koʻrinishi mumkin. Biroq, shunisi ham ayonki, agar adabiy anʼanalarimiz zamini romanning ildiz otishi uchun qulay boʻlmaganida, oʻtgan asrning 20-yillarida oʻzbek romanining paydo boʻlishi ham mahol edi. Bizda ildizlari ming yillardan nariga borib taqaluvchi xalq dostonlari, qissalar, turfa xalq kitoblari, mumtoz shoirlarimiz masnaviy yoʻlida bitgan dostonlar, xullas, boy epik anʼana mavjud edi. Ilk romanimizning qator xususiyatlari (obrazlar tizimi, syujet motivlari, maktublar) folklor va mumtoz dostonchilik anʼanalari zaminida yetishgani shundoq koʻzga tashlanadiki, bu uning Gʻarb adabiyoti yoʻlidagi tajriba boʻlishdan ham avvalroq milliy adabiyotimiz vakili ekanligidan dalolat. Yana shuki, roman yozilgan davr kishilarining badiiy did va ehtiyojlari dostonu qissalar qatori koʻhna tarixlaru jangnomalarni ham oʻqib shakllangan edi. Shundan boʻlsa kerak, “Oʻtgan kunlar”ning koʻp oʻrinlarida aniq sanalar koʻrsatiladi, adib hikoya qilayotganlari shunchaki oʻzi toʻqigan choʻpchak emas, balki tarixda aynan yuz bergan voqealar deya taqdim etadi. Ehtimol, bu shunchaki bir badiiy priyom (rivoya motivirovkasi) emasmi deya eʼtiroz qilinishi mumkindir. Lekin Abdulla Qodiriy uchun bu shunchaki priyom emas, balki, “Oʻtgan kunlar” ham “Oʻtgan kunlar” tanqidi ustida baʼzi izohlar”ida yozganidek, “joʻrttaga, xalqimizning saviyasini eʼtiborga olib” tanlangan ifoda yoʻsini. Negaki, adib “bizning omma to shu kungacha ham oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib kelayotganini” yaxshi biladi. Adib bu oʻrinda tarixlarni alohida tilga olmasa-da, yurtdoshlari uzun qish tunlarini tancha atrofida tarixu jangnomalar oʻqish bilan qisqartirishlarini ham yaxshi bilgani, shubhasiz. Shu bois ham mavjud sharoitda, eng maqbul yoʻlni topa bildi: “ommaning shu holini” nazarga olgan holda uning didiga mos rivoya, tasvir va ifoda yoʻsinidan bordi. Natijada, anʼanaviylikning ustuvorligi sabab aksariyat oʻquvchilar “roʻmon” atamasi bilan chop etilganiga qaramay, “Oʻtgan kunlar”ni oʻzlari mutolaa qilib oʻrgangan kitoblaridek qabul qilavergan. Jumladan, ular uchun oʻqiganlari aslo choʻpchak emas, balki tarixlardagi kabi ayni haqiqat, shu bois oʻzlarini Otabekka doʻst tutib, Kumushni suyibu gʻanimlariga zimdan mushtlarini tugib oʻqiganlar…

Aytmoqchimizki, “Oʻtgan kunlar” bu jihati bilan ham eski va yangi adabiyot orasidagi koʻprik vazifasini ortigʻi bilan uddalagan. Yaʼni, oʻzidan keyin yaratilgan “Kecha va kunduz”, “Sarob”, “Qutlugʻ qon” romanlarida ifoda tarzining tamom yangicha boʻlishiga zamin yaratgan. Bulardan farqli oʻlaroq, “Yangi saodat”, “Befarzand Ochildiboy” asarlari uchun bunday zamin mavjud boʻlmagan. Gap shundaki, ularning ikkisi ham zamonaviy mavzuda yozilgan boʻlib, bizningcha, xuddi shu narsa ommaning estetik didiga muvofiq kelmas edi. Holbuki, M. Baxtin romanning “tugallanmagan hozir” bilan bogʻliqligi uni eposdan farqlovchi muhim xususiyat deb koʻrsatganini yodga olsak, ikkala asar ham janrning bu talabiga mos edi. Shu oʻrinda, yana Abdulla Qodiriyning “bizning omma to shu kungacha oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir”, deganini eslatamiz. Tabiiyki, oʻquvchi omma oʻsha asarlarni “epik oʻtmish” (“mutlaq oʻtmish”) sifatida idrok etib, oʻzi bilan ularda tasvirlangan voqealar orasida hamisha “epik masofa”ni his qilib oʻrgangan. Yaʼni, bu jihatdan ham, Abdulla Qodiriy aytmoqchi, “barmoq bilan sanarlik besh-oʻntagina (ular ham oʻz hunarlarida noʻnoqlardirlar) yoshlarimiz” istisno qilinsa, aksariyat omma “Yangi saodat”, “Befarzand Ochildiboy” tipidagi asarlarni estetik idrok qilishga tayyor emas edi. Mazkur sharoitda “Oʻtgan kunlar”ning muvaffaqiyatini taʼminlagan eng muhim omil, bizningcha, uning tarixiy mavzuda yozilganidir. Ayni shu tufayli oʻquvchi bilan asarda tasvirlangan voqealar orasida “epik masofa” yoʻqoldi, ularni “tugallanmagan hozir” sifatida qabul qilish osonlashdi. Xoʻsh, buning asosi, ruhiy omillari nimada? Yuqorida davr oʻquvchisining tarixu jangnomalar oʻqiganini urgʻulab aytganimiz bejiz emas. Zero, oʻsha oʻquvchi tarixlarni, Abdulla Qodiriy aytgan “oʻrta asr doston va hikoyalari”dan farqli oʻlaroq, oʻziga aloqador boʻlmagan “mutlaq oʻtmish” deb emas, balki muayyan bir vaqtda sodir boʻlgan va oʻzi yashab turgan davrga aloqador “tarixiy oʻtmish”, uzluksiz kechayotgan ZAMONning bir boʻlagi sifatida idrok etgan. Aytmoqchimizki, aksariyat omma “Oʻtgan kunlar”ga, avvalo, tarix kabi yondashgan va shu bois ham hech bir zoʻriqishsiz, oʻzi ham sezmagan holda, asar badiiy olamiga kirib qolgan – yangicha badiiyatga oshno boʻlgan. Darvoqe, koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, shunga oʻxshash hol avvalroq arab adabiyotida ham kuzatiladi: XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan arab romanchiligining qaldirgʻochlari tarixiy mavzuda yozilgan. Bu esa yuqoridagi mulohazalarimiz nafaqat oʻzbek, balki boshqa Sharq xalqlari adabiyotlariga ham taalluqli boʻlishi mumkinligini koʻrsatib, bunda muayyan qonuniyat amal qilayotir degan fikrga boshlaydi. Fikrimizcha, mazkur masalaning maxsus oʻrganilishi bir qator muammolarni oydinlashtirib, muhim nazariy xulosalar chiqarish imkonini beradi.

Asosiy masalaga qaytsak, Yue roman bilan tarixni toʻqima va haqiqat nisbatiga asosan farqlaganiga kelib toʻxtagandik. Qizigʻi, uning oʻzi ham tanlagan farqlash asosi yetarli emasligini his qilib turadi. Chunki roman “toʻqib chiqarilgan voqea” asosiga quriladi degani bilan tarixiy mavzudagi romanlar borligini inkor qilolmaydi. Shu bois, buyuk shaxslar (podshohlar, sarkardalar) hayoti qalamga olingan romanlarda toʻqima salmogʻi uchinchi qatlam kishilari haqidagi romanlarga nisbatan kamroq boʻlishini ham aytib oʻtadi. Yaʼni, roman bilan tarix keskin farqlanmayaptiki, buning sabalariga quyiroqda toʻxtalamiz. Hozircha “toʻqib chiqarilgan voqea” asosiga quriladi deyish bilan bu oʻrinda ham uning, xuddi roman asosida sevgi tarixi yotadi degani kabi, romanni mazmun jihatidan tavsiflayotganini qayd etamiz.

Koʻryapmizki, Yue zamonida roman mazmun jihatidan farqlangan boʻlsa, tarixiy taraqqiyot davomida bu farqlar yoʻqqa chiqqan. Xuddi gʻazal kabi: avvaliga ayol madhiga bagʻishlangan sheʼrki “gʻazal” deyilgan – shu mazmun ifodasi uchun eng maqbul boʻlmish biz bilgan “gʻazal” shakli ommalashgan – ayni shaklda boshqa mavzudagi sheʼrlar ham bitila boshlagan, xullas, mazmun shaklga oʻtgan. Lekin shunisi borki, gʻazaldan farqli oʻlaroq, shakl jihatidan ham romanning qatʼiy belgilarini ajratish mushkul. Jumladan, Yue ilgari sheʼriy yoʻlda yozilgan asarlar ham “roman” deb atalaverganini aytib, zamonaviy romanga bergan taʼrifida nasrda yozilganlikni asosiy belgi sifatida taʼkidlaydi. Qizigʻi shundaki, janr taraqqiyotining keyingi bosqichlarida yana “sheʼriy roman”lar yozildi. Shunga oʻxshash, keyingi davrlarda roman taʼriflarida tilga olinuvchi qator shakliy belgilar: “yirik hajmli voqeaband asar”, “koʻp planli murakkab syujet”, “hayotni keng koʻlamda tasvirlash”, “murakkab obrazlar sistemasini tashkil etuvchi koʻp sonli personajlar”, “qahramon hayotining katta bir davrini qalamga olish” va shu kabilar mutaxassislarni bot-bot “ammo baʼzan istisnolar ham boʻladi, masalan…” qabilidagi izohlarni qayd etishga majbur qiladi. Negaki, ijod amaliyoti qaysidir jihati bilan bu qoidalarga tushmaydigan romanlarni paydo qilaveradi va shu hol romanning barcha koʻrinishlari uchun umumiy boʻlgan shakliy belgilarni aniqlash imkonini bermaydi.



Mazkur holni nazarga olgan holda nemis faylasufi F. Shlegel roman mohiyatini “mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslikda” koʻrib, hech bir nazariya romanni toʻla qamrab ololmasligini taʼkidlaydi. M. Baxtin ham romanni oʻrganishdagi qiyinchiliklar sababini ayni shunda koʻradi. Zero, allaqachon badiiy tajribani quyish mumkin boʻlgan tayyor qolip holiga kelgan boshqa janrlardan farqli oʻlaroq, roman “shakllanayotgan va hali tayyor holga kelmagan yagona janr”dir. Balki birmuncha keskin tuyular, lekin, fikrimizcha, Shlegelning qatʼiy hukmi haqiqatga ancha yaqin, “mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslik” romanning qismati koʻrinadi. Axir, Yuening asari romanga bagʻishlangan ilk tadqiqotlardan biri boʻlsa, orada oʻtgan vaqt davomida yana minglab tadqiqotlar yaratildi. Biroq romanga har jihatdan mukammal – barchani birdek qoniqtiradigan va shu janrga mansub etiluvchi barcha asrlarga muvofiq keladigan taʼrif berilganicha yoʻq, berilmaydi ham. Zero, har bir roman, bir tomondan, soʻz sanʼatida uzoq asrlar davomida kechgan izlanishlar mahsuli – u oʻzidan oldingi romanlar (shuningdek, boshqa xil asarlar) bilan genetik aloqada. Ikkinchi tomondan, har bir roman bugunning ijtimoiy-badiiy tafakkuri hosilasi, u bugunning estetik didi, ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga javob beradi. Bu esa romanga tarixiy aspektda qaralsa bir, zamonaviy aspektda qaralsa boshqa bir manzara hosil boʻlishi tabiiy va qonuniy deganidir. Shu bois ham, masalan, koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan konsepsiyalaridan birining muallifi Gegel roman xususidagi fikr-mulohazalarini “eng yangi romanlar”, “hozirgi maʼnodagi roman”, “burjua epopeyasi sifatidagi roman” kabi andishalarini qayd etgan holda bayon qiladi. Zero, u nazarda tutgan roman bilan Yue nazarda tutgan roman, yaʼni har ikki olimning nazariy xulosalariga asos boʻlgan material boshqa-boshqadir. Shuni nazarda tutgan holda P. A. Grinser “roman doirasida anʼanaviy va yangi roman haqida gapirish oʻrinli boʻladi” deya taʼkidlaydiki, bunga qoʻshilish kerak.

Anʼanaviylarini qoʻya turaylik, yangi roman, yaʼni, “burjua epopeyasi” sifatidagi roman nazariyasiga asos solgan Gegel janrning mohiyatini “qalb poeziyasi bilan turmushdagi munosabatlar prozasi”, oʻz “ideallari va qalb amri”ga binoan yashayotgan odam bilan muhit ziddiyatida koʻradi. Gegel qarashlarini rivojlantirgan mutaxassislar roman asosiy eʼtiborni oʻz holicha butun bir olam boʻlmish odamga qaratadi degan mavqeda sobitlar. Jumladan, roman qahramonining taqdiri va egallagan mavqei uning oʻziga nomuvofiqligi (M. Baxtin) yoki “muhit bilan, uning meʼyor va talablari bilan kelisha olmasligi”ga (G. Pospelov), romanda “shaxs hayoti bilan ijtimoiy hayot nisbiy mustaqil stixiyalar” (V. Bogdanov) sifatida tasvirlanishiyu asosida “shaxsning intilishlari bilan umum qabul qilingan meʼyorlar ziddiyati” (A. Mixaylov) yotishiga urgʻu beriladi. Shundan kelib chiqib, “u yoki bu tarzda oʻzi yashayotgan ijtimoiy muhitga qarshi turgan shaxsning ruhiy olami” (Ye. Meletinskiy), uning “eski dunyoning tasavvur va aqidalari bilan toʻqnashuvda maʼnaviy va aqliy rivojlanishi”, “ijtimoiy xarakterining shakllanishi” (G. Pospelov) romanning asosiy muammosi ekanligi eʼtirof etiladi. Professor Qozoqboy Yoʻldoshevning hozirgi milliy romanchiligimiz haqida toʻxtalib, uning “voqea ham, gʻoya ham emas, balki birinchi navbatda, betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviridir” deganiga ham shularning davomi sifatida qarash mumkin. Ushbu fikrning birinchi qismi, yaʼni, “voqea ham, gʻoya ham emas” deyilgani zamonaviy romandagi siljishlarni ifoda etayotgandek boʻlsa-da, ikkinchi qismi, yaʼni, janr mohiyatining “betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviri” bilan bogʻlab qoʻyilayotgani, bizningcha, janr mohiyatini tor tushunishga olib boradi. Negaki, birinchidan, bu taʼrif romanning birgina koʻrinishi – psixologik romanga nisbatan koʻproq mos keladi; ikkinchidan, shaxsning muhit bilan ziddiyatiyu ruhiyatidagi shu bilan bogʻliq tovlanishlarni tasvirlashning oʻzi tugal maqsad boʻlolmaydi. Kamina bilan Qozoqboy Yoʻldoshev qarashlaridagi farqlovchi chiziq ayni shu nuqtadan oʻtadiki, biz romanda qahramon (uning muhit bilan ziddiyatlari, ruhiyati) ham, voqea ham vosita deb hisoblaymiz. Zero, masalan, oʻzbek romanchiligining sara namunalari – “Oʻtgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Lolazor”, “Muvozanat” kabilar, Qozoqboy Yoʻldoshev aytmoqchi, “mualliflari personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganlari” uchun roman yoki ular Otabek, Miryoqub, Yoʻlchi, Yaxshiboyev, Yusuf otliq “betakror shaxslar ruhiyatidagi tovlanishlarni” tasvirlash uchungina yaratilgan desak, adiblarning badiiy niyatlarini chala anglagan boʻlib chiqamiz. Negaki, garchi, gap niyat haqida borayotgan esa-da, asli har ikki holda ham asar badiiy voqeligidangina kelib chiqilayotgan, uning ortida turgan ijodkor subʼyekti eʼtibordan chetda qolayotgan boʻladi. Yaʼni, boshqacha aytsak, gap sanalgan asarlarning yaratilish sababiga, ularning yozilishini ehtiyojga aylantirgan omilga borib taqalmoqda. Shu maʼnoda, Qozoqboy Yoʻldoshev “romanning janrini belgilashda muallif niyati hal qiluvchi koʻrsatkich qilib olinsa, toʻgʻri boʻladi”, deganida toʻla haq. Faqat bu oʻrinda oʻsha niyatning oʻzini aniqlab olish zarur boʻladi. Ispan adabiyotshunosi A. Priyeto “roman qoniqmaslik yoki ishonchu umidlarda aldanishdan kelib chiquvchi isyon natijasida dunyoga keladi” deb aytadi. Fikrimizcha, yuqoridagi romanlarning bari ayni shunday “isyon” – muayyan bir ijtimoiy-tarixiy sharoitda yetilgan maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj mahsulidirki, bizningcha, hozir buni asoslashga alohida toʻxtalib oʻtirishga zarurat boʻlmasa kerak. Shuningdek, ularning barida zamonni, jamiyatning joriy holatini idrok etishga intilish borligi, mualliflari uchun oʻzlari yaratgan badiiy voqelik olam va odam mohiyatini anglash uchun bir kalid, oʻzlari anglagan haqiqatni yaxlit badiiy konsepsiya tarzida ifodalash vositasi ekanligi ham shubha uygʻotmaydi. Zero, bular – Gegel nazarda tutgan “burjua epopeyasi” sifatidagi yangi romanning adabiyotimizdagi etalonlaridir. Bunday romanda esa, ushbu janr nazariyasi borasida Gegel taʼlimotining davomchisi boʻlmish G. Lukach fikricha, dunyoning yaxlitligiyu butunligini, mavjudlikning tub mohiyatini anglash – bosh muammo, qahramonning dunyo bilan ziddiyati oʻsha muammoni hal qilish vositasidir. Shunaqa ekan, “muallifning personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganligining oʻzi roman janrini belgilaydigan asosiy omil deyish mumkin” (Qozoqboy Yoʻldoshev), degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Zero, aks holda, vositani maqsad deb tushunilgan boʻladi.

Taʼkidlash kerakki, yuqoridagi fikrlarimiz hozirda “roman” deb yuritilayotgan barcha asarlarga emas, balki zamona badiiy tafakkurida eposning vorisi boʻlib turgan romanlarga taalluqlidir. Shu nuqtada, “Eposning vorisi deganda nimani nazarda tutamiz?” degan savolning qalqib chiqishi tabiiy, demak, fikrimizni izohlash zarur.

Roman nazariyasiga oid ishlarda epos bilan romanning oʻzaro munosabati, ulardagi umumiy va farqli tomonlarga jiddiy eʼtibor berib kelinishi maʼlum. Jumladan, roman genezisi haqida gap borganda, uning eposdan oʻsib chiqqani, taraqqiyotining muayyan davrlarida oʻzida eposga xos xususiyatlarni koʻproq saqlab kelgani, shundan soʻnggina “zamonaviy epos” maqomini olgani taʼkidlanadi. Epos bilan romanni farqlashda turlicha asoslarga tayaniladi: eposning asosiy tamoyili – butunlik, romanniki – tarqoqlik; eposda jamoaviylik, romanda individuallik ustuvor; epos monologik, roman dialogik tafakkur asosiga quriladi qabilidagi farqlar mutaxassislar tomonidan atroflicha asoslab berilgan. Biroq, hozir bizni farqlar emas, ikkisi uchun umumiy bir nuqta koʻproq qiziqtiradiki, quyida shunga muxtasar toʻxtalamiz.

Inson tomonidan yaratilgan narsa borki, maʼlum bir ehtiyoj tufayli dunyoga keladi va muayyan bir vazifani bajaradi. Obrazli tafakkur asosida yaralgan asarlar ham bundan istisno emas va bu jihatdan qadimiyatdagi asarlarni, bizningcha, uchta tipga ajratish mumkin: 1) olam tartibotini anglashga qaratilgan mif; 2) olam bagʻridagi odamni, uning butun olam bilan birligini idrok etishga qaratilgan epos; 3) konkret hayotiy holatlar idrokiga qaratilgan va amaliy-tatbiqiy xarakterdagi masal, ertak, rivoyat, hikoyat, latifa kabilar. Toʻgʻri, mif adabiyot emas, biroq, adabiyotni undirgan zamin ekani ham, shubhasiz, antik davrda mif va adabiyotning qorishiq yashagani ham shundan. Masalan, “Iliada” yoxud “Odisseya”da shunday qorishiqlik kuzatiladi. Darvoqe, mutaxassislarning “Iliada”dan “Odisseya”ga oʻtishda romanga xos unsurlar koʻzga tashlanishini taʼkidlashlari bejiz emas: markazida alohida shaxs – Odissey turgani, uning imkonlari xudolar belgilab qoʻygan taqdirdan kengligi shunday deyishga muayyan asos beradi ham. Lekin bizni bu oʻrinda boshqa narsa koʻproq qiziqtiradi. Demak, agar mif bilan qorishiq eposga roman unsurlari kirib kelgan ekan, vazifa nuqtai nazaridan ularda umumiylik boʻlishi, tabiiy. Aytmoqchimizki, oʻz vaqtida mifning vazifasini epos zimmasiga olgan boʻlsa, keyincha, Yevropa xalqlari tarixida yangi davr boshlangach, bu ikkisining vazifasini “burjua eposi” sifatida maydonga chiqqan “yangi roman” oʻz zimmasiga oldi. Endi, u, Volter aytmoqchi, “engiltabiat havoyi yoshlar koʻngilxushligi” uchun yaratilmay, balki jamiyatning joriy holatini va shu orqali olamu odam mavjudligining mohiyatini badiiy idrok etish maqsadiga safarbar etildi.

Hozirgi oʻzbek adabiy-tanqidiy tafakkurida Gʻarb “yangi romani” andozasida olingan roman nazariyasi ustuvor. Bu tabiiy ham. Zero, oʻzbek romanchiligi shakllangan paytga kelib Gʻarbda “yangi roman” ikki asrdan ziyod rivojlanish yoʻlini bosib oʻtgan, adiblarimiz uchun tayyor ijodiy tajriba, adabiyotshunoslar uchun tayyor nazariy ishlanmalar mavjud ediki, bunday sharoitda, badiiy ham tanqidiy tafakkurimizning izma-iz borishi tabiiy va qonuniy holdir. Biroq, yuqorida aytilganidek, hozirda “roman” deb yuritilayotgan asarlarning hammasi ham mazkur talablarga tushmaydi. Mavjud turfalik tufayli, “buning nimasi roman?” deya hayron boʻlishlar, “roman talablariga javob bermaydi, chunki…”, deya daʼvoni turli yoʻllar bilan asoslashga intilishlarga bot-bot duch kelamiz. Holbuki, bu ham, avvalo, romanning oʻzgaruvchan tabiati, ikkinchidan, uning joriy adabiy jarayondagi yangiliklarni oʻziga singdirishga qobil va moyilligi, uchinchidan, janrning turli koʻrinishlari turli ildizlardan suv ichishi bilan izohlanuvchi tabiiy va qonuniy bir holdir.

Romanning mudom oʻzgarishda yashashi davrning estetik didi, ijtimoiy va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga javob berishga intilish bilan izohlanadi. Masalan, Yevropa yangi romanida avvaliga qahramonning ijtimoiy-maʼnaviy izlanishlari voqealarning izchil tasviri orqali koʻrsatilgan, bu ritsarlik romanlari taʼsirida shakllangan didga mos edi. Jamiyatda ratsionalizmdan bezib, inson his-tuygʻulariga eʼtibor kuchayishi bilan romanda ham inson ichki olami tasvirining salmogʻi ortib boradi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib “qalb dialektikasi” (Tolstoy), inson ongidagi ziddiyatli izlanishlar tasviri (Dostoyevskiy) ustuvorlik kasb etsa, XX asr boshlarida “ong oqimi” (Joys) maydonga chiqadi. Shunga oʻxshash, “Oʻtgan kunlar”da personajlar ruhiyati koʻproq voqealar tasvirida ochiladiki, buning sababini yuqorida ommaning didi bilan izohladik. Yaqin tariximizdagi eng ziddiyatli davr idrokiga qaratilgan “Kecha va kunduz”da esa qahramon (Miryoqub) ongidagi ziddiyatlarning bevosita tasviri muhim ahamiyat kasb etadi. Yoki jamiyat hayotida yana bir burilish nuqtasi yetilgan pallada yozilgan “Lolazor”da yaqin oʻtmish Yaxshiboyev ongiyu qalbidan oʻtkazib sarhisob etilsa, “Muvozanat”da oʻtish davrining murakkablikalari Yusufning ongiyu qalbida akslanadi. Yaʼni sanalgan romanlarning har biri uslubi, ifoda tarziga koʻra nechogʻli oʻziga xos boʻlmasin, davrni – inson vositasida jamiyatning joriy holatini idrok etishga qaratilgani ularni birlashtiradi, bitta janrga mansub etadi.

Yuqorida aytdikki, Gegel oʻz qarashlari “eng yangi romanlar”ga taalluqli ekanligini taʼkidlagan, shundan kelib chiqib matnda uni shu choqqacha “yangi roman” deb kelyapmiz. Holbuki, qariyb uch yuz yil davomida uning yangiligi qolmagan, aksincha, allaqachon “klassik tushunchadagi” yoxud “anʼanaviy” sifatlari bilan belgilana boshlagan. Bu ham tabiiy. Zero, kishilik jamiyati tarixining Gegel taʼrifidagi “yangi roman”ni maydonga chiqargan bosqichi boqiy emas. XX asr adogʻiga yaqinlashgan sari bashariyat oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirgani tobora ravshanlashib bordi. Ehtimol, turli sabablarga koʻra, qay bir ellar buni ertaroq, qay birlari birmuncha kechroq his etgandir, lekin ixtiyorimizdan tashqaridagi obʼyektiv yangilanish jarayoni insonni oʻzgartirayotgani, shubhasiz. Globallashuv sharoitida – olamning birligiyu Odam avlodining taqdiri tutashligini va, ayni chogʻda, oʻzaro munosabatlarda mehr-oqibat koʻtarilayotganini teran his etib; oʻz qudratiga mahliyo boʻlgani holda ich-ichidan ojizligini tuyub, turfa madaniyatlar aloqasi oʻta tigʻizlashganidan bir-biriga singib borayotgan makonda, zamon shiddatiga mos maromda muttasil shoshib yashayotgan insonning didi, maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlari ham shularga mos ravishda oʻzgarmoqda. Albatta, tabiatan oʻzgarishga moyil va mudom shakllanishdagi romanda ham davr bilan hamqadam yangilanish jarayoni kechdi. Shu maʼnoda, oʻtgan asrning oʻrtalarida bir guruh fransuz adiblarining roman bobidagi ijodiy tajribalari “yangi roman” nomi bilan umumlashtirilgani bejiz emas, zero, yangi davr yana “yangi roman”ni maydonga chiqara boshlagandi.

Oʻtgan asr adogʻidan boshlab bunday izlanishlar oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladiki, O. Muxtor, X. Doʻstmuhammad, T. Rustamov, U. Hamdam, I. Sulton kabi qator yozuvchilarning ijodiy tajribalari sabab hozirgi tanqidchilik “anʼanaviy roman” – “modernistik roman” ayirmalarini faol qoʻllashga zarurat sezmoqda. Negaki, endi “yangi roman” anʼanaviy deb qarala boshlangan eski “yangi roman”dan jiddiy farq qilishi tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, anʼanaviy romanda realistik tendensiyalar kuchliligidan haqiqatga monand manzaralar tasvirlansa, yangisida hayot bilan xayolot qorishib ketadi (“Koʻzgu qarshisidagi odam”, “Tepalikdagi xaroba”); avvalgisida avtologik obrazlar ustuvor boʻlsa, keyingisida ramziy-majoziy ifoda ustunlik qiladi (“Bozor”); birini oʻqiganingda real xronotopni his etib tursang, boshqasida haqiqatga monanddek tuyuluvchi zamon ham, makon ham aslida shartli ekanini qabul qilishing darkor (“Isyon va itoat”); biri bir-biriga uzviy bogʻliq voqealar asosiga qurilsa, ikkinchisi turli makon va zamonda kechuvchi fragmentlardan bir butunlik hosil qilishga intiladi (“Boqiy darbadar”) va hokazo. Tabiiyki, biz “yangi roman”ning faqat ayrim jihatlarini sanadik, aslida, ular shunchalik rang-barangki, beixtiyor shoshiblar qoladi kishi.

Xoʻsh, bunchalar turfalikni umumlashtiruvchi nuqta qaysi? Qaysi jihat ularning barini bitta janrga – romanga mansub etadi? Axir, “qahramon va muhit ziddiyati” desak, masalan, “Boqiy darbadar”da qahramonning oʻzi yoʻq (balki shu hol kemtik boʻlib koʻringanidandir, hatto yangiliklarni teran his etuvchi va tabiatan ularga xayrixoh Qozoqboy Yoʻldoshev ham “Nazarimizda, professor Ziyoning oʻgʻli obrazi tabiati bir qadar kengroq tasvirlanishi, asoslanishi va takomilga yetkazilishi lozim edi” degan istak-tavsiyani beradi. Holbuki, agar shunday qilinganida, ayni shu obraz bosh qahramon maqomiga tortib qolar, asar strukturasining esa anʼanaviy roman andozalariga mos holda tubdan oʻzgarishi darkor boʻlur edi). Yoki “betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviri” demoqchi boʻlsak, masalan, “Koʻzgu qarshisidagi odam” yoxud “Tepalikdagi xaroba”da anʼanaviy tushunchadagi psixologik tasvir yoʻq-da?! Fikrimizcha, bularni umumlashtiruvchi bitta jihat bor: ularda yaratilgan badiiy voqelik – u xoh haqiqatga monanddek tuyulsin va xoh mutlaqo xayoliy, mayli goh ertakka, gohi mifga tortib ketsinu goh hujjatli asosga egadek koʻrinsin – bulardan qatʼi nazar, mualliflari uchun jamiyatning joriy holatini badiiy idrok etish va shu asosda olamu odam mavjudligining mohiyati haqidagi oʻz qarashlarini tizim holida, yaxlit badiiy falsafa tarzida ifodalash uchun bir vositadir. Ayni shu narsa ularni anʼanaviy romanning vorisiga, uning bugungi kundagi koʻrinishiga aylantiradi. Sirasini aytganda, anʼanaviy roman uchun muhim sanalgan “qahramon va muhit konflikti”, “qahramonning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari” kabi tushunchalar “yangi roman”da izsiz yoʻqolgani ham yoʻq, ular ijodkor subʼyekti tomon siljidi (albatta, siljish darajasi turlicha), xolos. Zero, yangi romandagi badiiy voqelik ortida hamisha oʻzining muhit bilan ziddiyatidan yuzaga kelgan muammolarni idrok etayotgan muallif qalbi, uning shu yoʻldagi maʼnaviy-ruhiy izlanishlari suratlanadi. Sababi, anʼanaviy romanda obʼyektivlashtirilgan tasvirga moyillik, yangi romanda esa ichdan oʻtkazilgan reallik tugʻdirgan oʻy-hislarga mos badiiy voqelik yaratish maqsadi ustuvor. Shu bois anʼanaviy roman oʻz maqsadiga yetish uchun realistik tasvirga ehtiyoj sezadi, yangi roman esa bu ichki majburiyatdan forigʻdir.

Nihoyat, hozirda roman deb yuritiluvchi asarlarning benihoya xilma-xil ekaniga keldik. Yuqorida bunday turfalik romanning oʻzgaruvchanligi, turli uslubiy-janriy xususiyatlarni oʻziga singdirishga qobilligi va janr koʻrinishlarining har biri oʻz ildizlaridan suv ichishi bilan izohlanishini aytib oʻtdik. Agar shu hol eʼtiborga olinsa, bizningcha, roman haqidagi bahslar ham toʻgʻri oʻzanga tushgan boʻlur edi. Zero, tanqidchilik amaliyotida koʻpincha eposning vorisi boʻlmish romanga qoʻyiluvchi talablarni janrning barcha koʻrinishlariga birdek tatbiq etmoqchi boʻlamizki, bu notoʻgʻri yondashuvdir. Masalan, oʻtmish voqealarini oʻqishli hikoya qiluvchi tarixu jangnomalar vorisi boʻlgan tarixiy romanlarni olaylik. Ularda tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish asnosida oʻtmishni va u orqali zamonaning ayrim muammolarini idrok etish, oʻtmish saboqlarini zamona uchun ibrat qilish maqsadlari kuzatiladi. Tarixiy haqiqatga sodiqlik talabi yozuvchini cheklaydi, shu bois unda, epos davomchisi boʻlgan roman muallifidan farqli oʻlaroq, jamiyatning joriy holatini idrok etish imkoni kamroq, metaforik yoʻsinda zamonaga munosabat bildirish bilan kifoyalanishga majbur. Lekin, baribir, romanning bu xili eposning vorisi boʻlgan romanga boshqalariga qaraganda yaqinroq turadi, chunki unda ham aksar oʻtmish materiali asosida olamu odam mohiyatini anglashga intilish kuzatiladi. Manoqib va holotlar davomchisi boʻlgan tarixiy-biografik romanda birmuncha oʻzgacha hol kuzatiladi, zero, uning bosh maqsadi tarixiy shaxs hayoti va faoliyatini yoritish boʻlib, boshqa hammasi shundan oʻstirib chiqariladi. Tarixiy-biografik romanda, oʻz vaqtida Yue aytganidek, badiiy toʻqima imkoni kam, shu bois unda koʻproq qahramon hayotini ibrat namunasi sifatida tasvirlash, u tushgan hayotiy holatlardan hikmatlar chiqarishu uning hayot falsafasini ifodalash bilan cheklaniladi. Mazkur fikrlarning qay darajada asosliligi haqida “Ulugʻbek xazinasi” bilan “Yulduzli tunlar” romanlarini qiyosiy mushohada etish bilan yetarli tasavvur hosil qilish mumkin, shuni oʻylab bu boradagi gapni muxtasar qilamiz.



Yuqorida obrazli tafakkur asosida yaralgan asarlarning uchinchi tipi amaliy-tatbiqiy xarakterda boʻlishini aytdikki, fikrimizcha, hozirgi romanlarning bir turkumi genetik jihatdan shu tipdagi asarlar bilan bogʻlanadi. Tatbiqiy-amaliy xarakterda deganimiz shuki, inson birgina bilish ehtiyoji bilan yashamaydi, uning uchun, masalan: vaqtichogʻlik qilish, hayratlanish, zavqlanish, hazil-mutoyiba kabilar ham tabiiy ehtiyojdir. Oʻz vaqtida turli-tuman ertaklaru rivoyatlar, hikoyatu latifalar ayni shu ehtiyojlarni qondirishga ham xizmat qilgan. Maʼlumki, adabiyotshunoslikda ritsarlik romanlarining sehrli ertaklar bilan genetik aloqasi atroflicha asoslab berilgan (A. Mixaylov, Ye. Meletinskiy). Biroq, birinchidan, ertak hududi sehrli ertaklar bilangina cheklanmaydi, ikkinchi tomondan, mazmuni va qurilishi jihatidan ertak, afsona, rivoyat, hikoyat, latifa kabilar bir-biriga juda yaqin, oralaridagi farqlar doim ham yaqqol koʻrinmaydi. Shuni eʼtiborga olgan holda, ularning barini shartli ravishda “ertak” deya turaylik-da, mashhur “Ming bir kecha” ertaklarini yodga olaylik. Undagi koʻpgina ertaklar sarguzashtli syujet asosiga qurilgan; baʼzisida hayotning real manzaralari aks etsa, boshqasida fantastik mavjudotlarga duch kelinadi; birisi sayohat tafsilotlari, tagʻin biri qahramonning shumligi yo quvligi, boshqa biri jinoyat sirining ochilishidan hikoya qiladi, bir turkumi esa ishqiy-erotik mazmunda. Xullas, ziyrak oʻquvchi bu ertaklarda omma maʼqul qilib turgan roman (sarguzasht, detektiv, fantastik, ishqiy-erotik, qoʻrqinch va boshqa) ildizlarini koʻra oladi. Yaʼni, ommaviy adabiyot deganimiz endi paydo boʻlgan emas, balki azaldan mavjud ediki, uning mavjudligi insonning turli ehtiyojlari bilan bogʻliqdir. Demak, hozirgi kunda ommaviy adabiyot vakili boʻlgan romanlarning urchib borayotgani, avvalo, shunga yarasha did va ehtiyojlar mavjudligi bilan izohlanadi.

Koʻryapmizki, roman masalasi turli davrlarda va turli munosabatlar bilan bot-bot qalqib chiqaveradigan: “Adabiyot nadir?” savoli kabi mangu muammolar sirasiga kiradi. Negaki, roman har bir davrning estetik didi va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga moslashib, adabiyotdagi yangiliklarni zudlik bilan oʻziga singdirgan holda mudom shakllanishda yashovchi janrdir. Albatta, masalaga yondashishda, eng avval, “roman” istilohi qaysi maʼnoda qoʻllanayotganini aniqlab olmoq zarur. Hozirda adabiyotshunoslaru ijod ahli tomonidan roman istilohi “epik tur janri” maʼnosida ham, “katta hajmli voqeaband asar” maʼnosida ham ishlatilmoqda. Holbuki, roman deb yuritilayotgan asarlar bir-biridan farqlanadi. Shunga koʻra, bizningcha, istiloh “janr” maʼnosida qoʻllanganida, yuqorida taʼriflangan eposning vorisi sifatidagi romanning nazarda tutilgani maqsadga muvofiqdir.
Download 127 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling