Vatan chegarasini uning tarixi, uning madaniy merosi belgilaydi
Download 22.74 Kb.
|
diktant
VATAN ISHQI Vatan chegarasini uning tarixi, uning madaniy merosi belgilaydi. O`tmishni bugun yaratib bo`lmaydi, o`tmish bugunni yaratadi. Tarixdagi har bir ijtimoiy yuksalish jamiyatning o`z merosiga, o`z o`tmishiga bo`lgan munosabatini isloh qilishdan boshlangan. O`tmishga bo`lgan har qanday ijobiy murojaat esa hamisha inqilobiy o`zgarishlarga zamin tayyorlagan, o`tmish aqidalari bugun uchun xizmat qilgan. Biroq o`tmishga murojaat qilishdan avval unga bo`lgan munosabatni halol, to`g`ri yo`lga solish kerak. Vatan dushmanlari, o`tmish ag`yorlari yurt sarhadlarini kengaytirgan odamlardan qo`rqadilar. Shuning uchun umri va dahosi Vatan sarhadining ustunlariga aylangan xalq farzandlariga: Alpomish, Navoiy, Bobur, Qodiriy, Behbudiy, Cho`lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Fayzulla Xo`jayev, Ibrohim Mo`minov kabilarga hujum qiladilar, ularning ruhini ta'qibga oladilar. Ammo xalq ularni, o`z bolalarini, ko`ksiga yashiradi: dushmanlar Cho`lpon she'rlarini gulxanda yoqadilar, bilmaydilarki, bu she'rlar allaqachonlar xalq ko`ksida O`rxun-Enasoy toshlariga zarblangan bitiklardek abadiy muhrlangan. Bu ko`kraklarni ochadigan kalit - e'tiqod, bu e'tiqod - Vatan ishqi, Vatan ozodligi! (130 ta so‘z). ONA TILI – BU MILLATNING RUHIDIR O‘zbek tili — dunyoning taraqqiy qilgan, qadimiy tillaridan biri. Bu dunyoda mukarram etib yaratilgan inson boshqa mavjudotlarga nisbatan azizu ko‘proq tuhfaga ega. Ularning biri har birimiz uchun ona sutidek muqaddas bo‘lgan ona tilimizdir. Ona tili — xalq hayoti va tafakkurining in’ikosi. Ona tilimiz — xalqimiz kechmishining ko‘zgusi, buyuk qomusi. Ona tilim... Bu so‘z zamirida ona allasi, ona tilining betakror jozibasi, millat qalbining go‘zal tuyg‘ulari mujassam. Ona tili – bu millatning ruhidir. Xalqni millat qilib ichidan birlashtirib turadigan eng zo‘r omillardan biri – uning yagona milliy tilidir. Ona tilimiz - o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Ayni paytda tilimizning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, yuksaltirish uchun ham beqiyos imkoniyati yaratildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarida: “Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur”, degan edi (146 ta so’z). TARIX – HAQIQAT MEZONI Tarix - haqiqat mezoni, jarchisi. U alday olmaydi, aldanmaydi ham. Tarixiy jarayonlarni yoshlarimiz, mamlakat ahli yangi ong hissi bilan qabul qilmoqda. Amir Temur ham haqli ravishda ota yurti Shahrisabzda qurdirgan peshtoqiga “Qudratimizga shak-shubhangiz bo’lsa, biz qurdirgan binolarga boqing”, deb yozdirib qo’ygan edi. Bu buyuk sarkardalik, o’z kuch-qudrati, mustaqilligiga ishonch, qat’iyat ramzi edi. Demak, Turonzamin yoshlari, ahli omma uchun ibratli iboralar bu! “Tuzuklar”da o’qiymiz: “Dilda e’tiqod butun bo’lsa, aslo naslimiz yo’qolmagay, tilimiz unitilmagay. E’tiqod susaysa, til emas iymon ham unitilgay. Haqiqat sihat- salomatlik, haqiqat-tartib, haqiqat-adolat demakdir. Kuch adolatdadir”. Yo’lboshchimiz yoshlarning yanada barkamol va sog’lom, jismonan baquvvat, ma’naviyati yetuk bo’lishiga alohida ahamiyat beradi. Bu borada bobomiz Amir Temurning olib borgan ma’naviy- ma’rifiy ishlari ibratlidir. Chunonchi, Sohibqiron oila, nikoh, millat tozaligi va sofliliga katta e’tibor bergan. Chunki mamlakatning istiqboli, kelajagi ham yoshlar, sog’lom insonlar qo’lida bo’lishi tabiiy holdir. Millat, qavm-u qarindosh,urug’-naslning tozaligi insoniy hislatlar- ongning shakllanishi, o’z Vataniga sadoqat, millatparvarlik, tenglik, dost-u hamkorlikni barpo qilishga bog’liq (K.Normatov) (152 ta so’z). Download 22.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling