Vyetnam. Mustamlakachilikdan mustaillikkcha


Download 30.43 Kb.
bet1/3
Sana28.12.2022
Hajmi30.43 Kb.
#1021589
  1   2   3

1.1 Vyetnam. Mustamlakachilikdan mustaillikkcha
Bundan qirq yil oldin – 1979-yil 7-yanvarda qo‘shni Vyetnam harbiy kuchlari Kambodja poytaxti Pnompenga kirib keldi. Ismi tarixda hamisha “qonli rejim” iborasi bilan birgalikda ishlatilgan, XX asrning eng dahshatli rahbarlaridan biri bo‘lgan Pol Pot ag‘darildi. “Daryo”ning tarix ruknida bu safar eng qo‘rqinchli kommunistik rejimlardan birining qo‘shni Vyetnam bilan tushunarsiz adovati haqida hikoya qilamiz. Ittifoqdoshdan dushmangacha Aslida Kambodja Vyetnam bilan urushni mamlakatda Pol Pot boshchiligidagi “qizil kxmerlar” hokimiyatga kelganidan keyinoq boshlagan edi. Bir qarashda ikki davlat o‘rtasida bunday jiddiy qarama-qarshilik uchun hech qanday sabab yo‘q edi, chunki “qizil kxmerlar” ham, Vyetnam hukumati ham marksizm-leninizm g‘oyalariga asoslangan va o‘zini kommunist deb e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, 70-yillarning boshlarida Shimoliy Vyetnam “qizil kxmerlar”ning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida Amerika tarafdori bo‘lgan Kambodja hukumatiga qarshi partizanlik urushini olib borgan. Vyetnam armiyasi “qizil kxmer” jangarilarini qurollantirib, o‘qitgan.Shu bilan birga, ilgari Kampuchiya kommunistik partiyasi deb atalgan Kambodja xalq inqilobiy partiyasining ichida ham har xil oqimlar – vyetnamparast, xitoyparast va ultraradikallar o‘rtasida kurash davom etdi. Aynan shu so‘nggi tilga olingan oqimni keyinchalik Pol Pot (fransuzcha politique potentielle – “imkoniyat siyosati” iborasining qisqartmasi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Salot Sar boshqargan.
Radikallar 60-yillarning boshlarida o‘zining asosiy raqibi bo‘lgan vyetnamparast fraksiyasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. 70-yillarning boshlariga kelib Kampuchiya kommunistik partiyasining bosh kotibi etib saylangan Pol Pot allaqachon Kambodja inqilobiy harakatining eng ta’sirchan namoyandasi bo‘lib ulgurgan edi. Kommunizm va natsizmdan yaralgan “qizil kxmerlar” Shu yerda eslatib o‘tish joiz, Pol Pot klassik kommunist emas edi. U kommunistik mafkura postulatlarini kxmer millatchiligi bilan birlashtirgan, mamlakatda yashayotgan kxmer bo‘lmagan millatlarga qarshi keskin qarashlarga ega edi. Vyetnam qiyofasida Pol Pot tezda dushmanning ideal qiyofasini topdi va uni astoydil ishlatishni boshladi. Lon Nol rejimiga qarshi kurashda vyetnamliklar kxmerlarga jiddiy siyosiy va harbiy yordam bergan bo‘lishiga qaramay Pol Pot Vyetnamni Kampuchiyaning asosiy tarixiy dushmani deb e’lon qildi. “Qizil kxmerlar” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin darhol amalga oshirilgan etnik tozalash siyosati birinchi navbatda musulmon ozchilik – tyamlarga hamda mamlakatda istiqomat qiluvchi ko‘p sonli vyetnamliklarga qaratildi.Pol Pot siyosati oqibatida nafaqat milliy ozchiliklar yo‘q qilindi. Kxmerlarning o‘zi ham dahshatli qatag‘onga uchradi. Avvalo, siyosiy qarashi farq qiluvchi odamlar hibsga olindi va yo‘q qilindi. Qiynoqlar eng vahshiy uslublarda amalga oshirilar ediki, tirik qolganlar buni dahshat bilan eslaydi. Odamni chumoli to‘la qopga solish, tirnoq orasiga igna suqib, ignaga qog‘oz yopishtirib, ventilyatorda havo berish, tiriklay teri shilish, qoshiq bilan ko‘zni o‘yib olish – bu Kampuchiyada amalda bo‘lgan qiynoq turlarining bir qismi xolos. Shahar madaniyati burjua elementi deb e’lon qilinib, yo‘q qilindi. Shahar aholisi deportatsiya qilindi, qirib tashlandi, qishloqlarga ko‘chirildi. Shaharlik ayollar “ma’naviyatsizlik”da ayblanib yoppasiga qirg‘in qilindi. Fohishalikda ayblangan ayollarning ko‘kraklari kesib tashlandi. Mamlakatda fan, ta’lim, madaniyat ortiqcha deb topildi. Maktablar yo‘q qilindi, o‘quvchilar qurollantirildi, o‘qituvchilar qatag‘on qilindi. Butun aholi qo‘rquv sharoitida yashardi. Mamlakatda o‘lim topish juda oson va odatiy ish edi – har kuni yuzlab, minglab odamlar sababsiz o‘ldirilardi. Hatto G‘arb vakillari ham xavfsizlikda emasdi – diktatorga yoqmagan chet ellik jurnalistlar, diplomatlar, tijoratchilar mehmonxonalarda so‘yib ketilishi odatiy holat edi.
Shu tariqa qisqa hukmronligi davrida Pol Pot 3 million odamni, ya’ni mamlakat aholisining uchdan birini yo‘q qildi.
Vyetnam qiyofasidagi “tarixiy dushman” Partiya apparati va butun Kambodja jamiyati muntazam ravishda Vyetnam elementlaridan “tozalanadi”. “Vyetnamga ishlagan”likda ayblanganlarning ko‘pchiligi aslida Vyetnamga mutlaqo aloqador emasdi. Ammo bu ularning Vyetnam josuslari sifatida fosh etilishiga to‘sqinlik qilmadi va shunga ko‘ra soxta ayblovlar bo‘yicha qatl etildi. Vyetnamga qarshi turish uchun Kambodja butun bir mafkuraviy asosni yaratdi. Vyetnamliklar kxmer kollektivizmiga qarshi turuvchi “individualist odamlar” deb e’lon qilindi. Ko‘plab kxmerlar hech qachon vyetnamlarni ko‘rmagan bo‘lsa ham, tashviqot ta’siri ostida ularni chin dildan dushman sifatida qabul qila boshladi. Shunday qilib, Pol Pot asosiy maqsadlaridan biriga erishdi – u atrofiga eng chekka qishloqlardan eng savodsiz va qashshoq qatlamlarni yig‘di. Bundan tashqari, Kampuchiyaning Vyetnamga qarshi hududiy da’volari ham bor edi. Gap shundaki, Vyetnamda etnik kxmerlar va tog‘lik kxmer qabilalari istiqomat qiladigan juda katta hududlar bo‘lgan. Pol Pot va uning eng yaqin sherigi, mudofaa vaziri Son Sen doimiy ravishda Kampuchiya Vyetnam bosib olgan hududlar ustidan nazoratni tiklashi kerakligini ta’kidlardi. Chunki “qizil kxmerlar” bir vaqtlar mavjud bo‘lgan kuchli Kxmer imperiyasining qayta tiklanishi haqida orzu qilar edi. Bu imperiya nafaqat Kampuchiya, balki Vyetnam, Laos va Tailandni ham o‘z ichiga olgan. Xitoy ta’sir doirasi Pol Pot va uning sheriklari Vyetnamga qarshi tashviqotni boshlaganida ularning “xalqni qo‘zg‘atish uchun dushman qidirish” istagidan boshqa rejalari ham bor edi. Gap shundaki, janubi-sharqiy Osiyoda sovet siyosiy va mafkuraviy ta’sirining asosiy o‘tkazuvchisi Vyetnam bo‘lgan. O‘z navbatida, qo‘shni Laos va Laos kommunistlari Vyetnamning ta’siri ostida edi, ammo Birma, Tailand, Malayziya, Filippin va Kambodjada kommunistik partiyalar Xitoy bilan hamkorlikka e’tibor qaratardi. Shu sababli Vyetnamni keskin tanqid qilish asnosida Pol Pot Xitoy ko‘rsatayotgan yordam ko‘payishiga umid qilardi. Shuningdek, Vyetnamga qarshi jazavadan Xitoy manfaatdor edi, chunki Xitoy uchun janubi-sharqiy Osiyodagi Sovet Ittifoqi ta’sirini zaiflashtirish juda muhim edi. “Qizil kxmerlar” Vyetnam ustidan g‘alabaga erishish yo‘lida bizga Pekin harbiy yordam beradi deb umid qildi. Bu ishonch Kambodjada xitoylik harbiy maslahatchilar mavjud bo‘lgani bilan mustahkamlanadi. Ularning soni bir necha ming kishiga yetgan edi. Shu sababli 1977-yilda “qizil kxmerlar” Vyetnamning chegara postlariga muntazam hujumlar uyushtira boshladi. O‘z navbatida, rasmiy tashviqot, aksincha, Vyetnam Kambodja chegarasiga hujum qilayotganini da’vo qilardi. Vyetnam rahbariyati chegaradagi vaziyat bo‘yicha muzokara qilish taklifi bilan Kampuchiya rahbariyatiga murojaat qilganida “qizil kxmerlar” rahbarlari rasmiy Xanoydan biroz kutishni iltimos qildi. Aslida Vyetnam bilan yarashish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emasdi. Pol Pot va uning atrofidagilarning Vyetnamga va sovetlarga qarshi pozitsiyasi tobora aniq bo‘lib boraverdi. Shu bilan birga, doimo siyosiy donoligi bilan ajralib turadigan Xitoy ham juda puxta o‘ylangan siyosat olib bordi va Kampuchiyaning tajovuzkor harakatlaridan uzoqlashdi.

Download 30.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling