Abduvali Abdurashidov, Tojikiston xalq artisti:
– Shashmaqom o‘zbek-tojik xalqlarining mumtoz musiqiy merosi hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda mumtoz san'atlar, ayniqsa, maqom san'atini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bugun Shahrisabzda Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazilmoqda. Dunyoning qator davlatlaridan ijodkorlar, mumtoz qo‘shiq ixlosmandlari, san'atshunos olimlar tashrif buyurgan. Bularning bari maqom san'atining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Muhtasham Oqsaroy maydonida maqom san'ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustozlar ijro etgan ashulalardan bahramand bo‘ldik. Aytish mumkinki, Xalqaro maqom san'ati anjumani misolida ustozlar orzusi, ularning avlodlar ma'naviy kamoloti yo‘lidagi ezgu intilishlari ro‘yobga chiqmoqda
Magdalina Valdivia, san'atshunos (Meksika): – Sharq xalqlarining mumtoz san'atiga qiziqishim baland. Shu bois, festivalda ishtirok etishga qaror qildim. Ellarni tillar emas, kuy birlashtiradi, deganlari rost. Buni maqom misolida his qilmoqdaman. Undagi har bir ashula va musiqada o‘ziga xos noyob ohang, kishiga ruhiy quvvat beruvchi kuch mujassam. Garchi so‘zlarining ma'nosini tushunmasang-da, kuydagi ohang qalbni larzaga soladi. Tinglash mobaynida kayfiyatingda ba'zan hazinlik, goho jo‘shqinlik sezasan. Shuning uchun ushbu san'atni samolarga parvoz qiluvchi qushga, tinchlik elchisiga qiyoslashar ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |