Xalqaro mehnat taqsimoti: milliy iqtisodiyot uchun imkoniyatlar va risklar. Reja: I. Kirish II. Asosiy qism


Tashqi iqtisodiy faoliyat va uning turlari


Download 128.5 Kb.
bet3/8
Sana31.03.2023
Hajmi128.5 Kb.
#1313416
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Xalqaro mehnat taqsimoti milliy iqtisodiyot uchun imkoniyatlar va risklar

2. Tashqi iqtisodiy faoliyat va uning turlari
Bozor munosabatlariga asoslangan mamlakatlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyat hayotiy zaruratdir. Umumjahon xo`jaligi tobora rivojlanib, takomillashib borgan sari mamlakatlararo iqtisodiy munosabatlarning doirasi va ko`lami ham kengaya boradi. Mamlakat iqtisodiyotining umumjahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi (qo`shilishi)ning asosiy sharti ham tashqi iqtisodiy faoliyatning rivojlanishidir.
Tashqi iqtisodiy faoliyat  deganda, mamlakatdagi yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari hamda xalqaro tashkilotlar bilan olib boradigan o`zaro manfaatli iqtisodiy aloqalari (faoliyati) tushuniladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning rivojlanganlik darajasi, asosan, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasiga, davlatning tashqi siyosati va strategiyasiga bevosita bog`liqdir. Har qanday davlat o`zining tashqi iqtisodiy faoliyat strategiyasini ishlab chiqarar ekan, o`z xalqining turmush darajasini oshirish, mamlakatning mudofaa xafvsizligini ta`minlash kabi hayotiy manfaatlarni ko`zlaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning sub`yektlari va ob`yektlari mavjuddir. Bunday faoliyatni amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tashqi iqtisodiy faoliyat sub`yektlari hisoblanadi. Tashqi iqtisodiy faoliyatning ob`yektlariga esa oldi-sotdi yoki ayirboshlash ob`yekti hisoblangan tovarlar (ishlar, xizmatlar), har qanday mol-mulk, shu jumladan, qimmatli qog`ozlar, valyutalar va valyuta qimmatliklari, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, transport vositalari va intellektual mulk ob`yektlari kiradi.
O`zbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat to`g`risida”gi Qonuniga ko`ra, bunday faoliyatning quyidagi asosiy yo`nalishlari belgilab berilgan:
-xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik;
-chet el investitsiyalarini jalb qilish;
-tashqi savdo faoliyati;
-O`zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsion faoliyat.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sub`yektlari tomonidan ishlab chiqarish, moliya, bank va sug`urta, ta`lim va kadrlarni tayyorlash, turizm, sog`liqni saqlash, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ekologiya va gumanitar sohalarda xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari hamda xalqaro tashkilotlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni o`rnatish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyati xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik, deb yuritiladi.
O`zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsion faoliyat yo`nalishi hozircha mamlakatimizda o`z rivojini topa olgani yo`q. Xoriji y mamlakatlarda yuridik shaxslar yoki ularning filiallarini tashkil etish, xorijiy kompaniyalarning mol-mulki va aktsiyalarini, qimmatbaho qog`ozlarni sotib olish, yer va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini qo`lga kiritish, tabiiyki, katta miqdordagi erkin almashtiriladigan xorijiy valyuta egalariga nasib etadi. O`zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, o`ylaymizki, yaqin yillar ichida o`z natijalarini beradi va o`zbekistonlik sarmoyadorlar xorijiy mamlakatlarda keng ko`lamli faoliyat ko`rsata boshlaydilar.
Mamlakatlararo tovarlar ayirboshlash sohasidagi tadbirkorlik faoliyatini tashqi savdo faoliyati deb yuritiladi. Shuni aytib o`tish joizki, tashqi iqtisodiy faoliyatning bu yo`nalishi eng qadimiy, an`anaviy va keng rivojlangan yo`nalish hisoblanadi.
Tashqi savdo jahon xalqlarini turli tovarlar bilan ta`minlash imkoniyatini beradi va shu bilan birgalikda har bir mamlakatning ixtisoslashuvini rivojlantirish, o`z resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish vositasi bo`lib xizmat qiladi.
Xalqaro savdoda millatning didi, qiziqishi va mamlakat aholisining xarid qilish qobiliyati muhim rol o`ynaydi. Masalan, o`zbeklar yaxshi kiyinishni yoqtiradigan va o`ziga zeb beradigan millatlar qatoriga kiradi. Shuning uchun ham mamlakatga chetdan keltiralayotgan tovarlarda xushbichim kiyim-kechagu, zamonaviy matolarning ulushi kattagina. Qadimdan xalqimiz mentalitetida ilm olish ishtiyoqi kuchli bo`lgan, shu sababdan istiqlol yillarida ta`lim davlat siyosatining ustivor yo`nalishiga aylandi. Bunday sharoitda Yaponiya, AQSh, Olmoniya kabi rivojlangan davlatlardan zamonaviy kompьyuterlarni sotib olishga katta mablag`lar sarflanmoqda.
Shuni aytib o`tish kerakki, xalqaro savdo, ya`ni tovarlarni chetga chiqarish (eksport) va chetdan tovar keltirish (import) bizning mamlakatimizda juda qadim zamonlardan buyon mavjud.
"Buyuk ipak yo`li" ning anchagina qismi mamlakat hududidan o`tgani tufayli tadbirkor ajdodlarimiz xorijiy davlatlar bilan savdo-sotiq ishlarini yaxshigina rivojlantirganlar va uni xalqaro savdoda jozibador mamlakatlardan biriga aylantirganlar.
Tashqi (xalqaro) savdoning mamlakatlar iqtisodiyotidagi o`rnini yalpi milliy mahsulotda eksport va importning hissasiga qarab aniqlash mumkin. Umuman olganda, mamlakat iqtisodiy ahvoliga baho berishda import va eksport o`rtasidagi nisbatni aniqlash zarurati yuzaga keladi. Ushbu nisbat mamlakatning to`lov balansini tuzayotganda aniqlanadi. Savdo balansi to`lov balansining tarkibiy qismi hisoblanadi. To`lov balansini umumlashtiruvchi ko`rsatkich uning saldosi hisoblanadi. U import va eksport orasidagi farqqa teng. Balansda importning eksportdan oshib ketishi to`lov balansini manfiy saldoga ega ekanligidan dalolat beradi. U tashqi savdo defitsitiga olib keladi. Uni to`lash uchun davlat qarz oladi. Qarzni to`lash uchun esa ichki iste`mol kamaytiriladi.
Tashqi savdoning mamlakat iqtisodiyotidagi o`rni va samaradorligiga ta`sir ko`rsatuvchi eng muhim omil eksport va import mahsulotlarining tarkibi, ya`ni mamlakat nimani chetga chiqaryaptiyu, nimani chetdan olib kelayotganidir. Chetdan sotib olinayotgan tovarlar ichida qayta ishlashga mo`ljallangan xomashyoning ulushi qancha katta bo`lsa, shu mamlakatda importdan ko`riladigan naf shuncha yuqori bo`ladi. Chetga chiqarilayotgan tovarlar ichida xomashyoning ulushi qancha ko`p bo`lsa, shu mamlakat eksporti shuncha samarasiz bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasining eksportida paxta tolasi ulushining yildan-yilga kamayib borayotgani shu nuqtai nazardan ijobiy tendentsiya hisoblanadi. Jahon bozoriga tayyor gazlama, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, neft mahsulotlari chiqarishni ko`paytirish ham tashqi savdo sohasida ijobiy baholanayotgan yo`nalishlar hisoblanadi. Buning uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar mavjud.
Mustaqillik yillarida O`zbekistonning import tarkibi ham jiddiy o`zgardi. Bunga, albatta, mamlakatda import o`rnini bosuvchi tovar ishlab chiqarishga qaratilgan siyosat katta ta`sir ko`rsatdi. Jumladan, energiya manbalari importining ulushi 1994-2000 yillarda 25,7 foizdan 3,8 foizgacha, oziq-ovqat mahsulotlari 18,4 foizdan 12,3 foizgacha qisqardi. Neft, benzin importi butunlay to`xtadi, don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importi sezilarli darajada qisqardi.
Ma`lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo`nalishlaridan biri - iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o`zgarishlarga erishishdan iborat. Bu esa zamonaviy va ilg`or texnika hamda texnologiyalarni talab qiladi. Shu sababli mamlakatimiz importida mashina va uskunalar salmog`i yildan-yilga ortib bormoqda.
Eksport hajmining import hajmidan ko`pligiga erishish, ya`ni xorijiy davlatlarga ko`proq tovarlar sotib, ulardan kamroq sotib olish har qanday davlat tashqi savdo strategiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Izchillik bilan amalga oshirilayotgan tashqi savdo siyosati tufayli O`zbekistonda keyingi yillarda musbat saldoga erishildi. Masalan, eksport hajmi import hajmiga nisbatan 1999 yilda 125,1 mln. va 2000 yilda 317,3 mln. AQSh dollari miqdorida ko`proq bo`ldi.
O`zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatining hududiy-jug`rofiy tarkibini ko`rib chiqadigan bo`lsak, unda MDH davlatlari ulushining pasayayotgani va rivojlanayotgan davlatlar salmog`ining o`sayotganini kuzatamiz. 1994-2000 yillarda MDH davlatlarining O`zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi hissasi 58,1 foizdan, 37,0 foizgacha qisqargan bo`lib, bunga bir qator omillar ta`sir ko`rsatgan.

Download 128.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling