Xalqaro menejment
Download 456.36 Kb.
|
XALQARO MENEJMENT MA'RUZA MAVZULARI O'ZBEK TILIDA
Osiyo menejment uslubi
Osiyo menejment uslubi g’arbiy menejmentdan farq qiladi va quyidagi xarakterli xususiyatlarga ega: - turli “yumshoq” tuzilmalarga urg’u berish, bunda firmalararo munosabatlar tegishli kelishuvlarni tuzish bilan rasmiy asosda emas, balki kompaniya rahbarlarining ishonchi, o’zaro tushunishi, qardoshlik va do’stona munosabatlar asosida olib boriladi; - menejerlarning yuqori ta’lim darajasi, ularning malakasini muntazam oshirish; bo’ysunuvchilarning rahbarlar bilan munosabatlarida g’amxo’rligi; - kompaniyalar strategik rejalarining muvaffaqiyatiga ishonish va sheriklarning bir-biriga ishonchi; - firmani rivojlantirish umumiy maqsadiga qo’shma hissa qo’shish muhimligini tushunish. Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreyada kompaniyalar kishilarga faqat bandlik va daromadni ta’minlab qolmay, balki o’zini namoyon etishga imkoniyat yaratadi, jamiyatda ma’lum o’rinni egallashga ko’maklashadi, ya’ni mehnatni motivlashtirishni o’zgartiradi. Yapon firmalarida iktidorli mutaxassisga uning g’oyalarini rivojlantirish va hayotga tadbiq etish uchun maxsus departament tashkil qilingan, firma esa muvofiq tarzda o’z faoliyat doirasini o’zgartirgan yoki kengaytirgan hollar ma’lum. Bu mamlakatlarda boshqaruv samaradorligi asosida do’stona va jipslashgan jamoalarni tuzish yotadi. Ular mehnatni tashkil qilish va ishlab chiqarish munosabatlari rasmiy va norasmiy omillarini qo’shish, menejment ratsional usullarini shimoliy amerika tipidagi individualistik madaniyatdan farqli holda faqat rahbarlarning ishonchi va o’zaro tushunishiga asoslangan irratsional firmalararo aloqalar bilan qo’shib uyg’unlashtirish yordamida tashkil qilinadi. Yapon menejmenti uslubining amerikanikidan tubdan farqlanishiga misol bo’lib, ishga oid masalalarni sekin, ularning mohiyatiga asta-sekin yaqinlashib, muhokama qiluvchi yapon biznesmenlarining muzokaralar o’tkazish odatini keltirish mumkin. Ular avval sheriklar o’rtasida o’zaro tushunish va ishonchga erishishga, so’ngra asosiy muammolarni muhokama qilishga harakat qiladi. Shu bilan birga munosib sheriklar o’rtasidagi muzokaralarga huquqshunoslar jalb qilinmaydi. Mehnatni tashkil qilish va ishlab chiqarish munosabatlari bo’yicha g’arbiy mutaxassislar o’n yillab Osiyo, xususan yapon menejmenti uslubini o’rganadilar. Unga bo’lgan qiziqish hozirda ham susaymagan. Xususan, 1999 yil avgustda “Ekonomist intillidjens yunit” tadqiqot markazi chop etgan obzorga binoan “Nissan”, “Toyota”, “Xonda” yapon avtomobillarini ishlab chiqaruvchilar yiliga bir ishchiga to’g’ri keladigan avtomobillar soni bo’yicha birinchi o’nlikka kirgan. Masalan, Buyuk Britaniyadagi “Nissan” kompaniyasi zavodi yiliga bir ishchiga 105 avtomobil ishlab chiqaradi, Yevropada o’rtacha unumdorlik 52 avtomobilni tashkil qiladi. Yapon menejment uslubini o’rganish asosida yapon menejmenti amaliyotiga quyidagi namunaviy chora-tadbirlar kiradi degan xulosaga kelish mumkin: - firmaning barcha xodimlari uchun ertalabki badantarbiya; - ish vaqtida maxsus kiyim; -har kuni konsensus usuli bilan qaror qabul qiluvchi rahbarlar majlisi; - kompaniyaga sodiqlikni unda ishlash sharti sifatida tarbiyalash; - ishchi va xizmatchilarning ish vaqtidan tashqari ishlashga tayyorligi bilan ishdagi muvafaqqiyatlari uchun albatta mukofotlash; - ishchilar, menejerlar, kompaniya rahbarlaridan iborat “sifat to’garaklari” va “nol defektlar” guruhlarining amal qilishi (bu to’garaklar va guruhlarning maqsadi – firma normal faoliyati uchun to’siqqa aylangan maxsus muammoni hal qilish); - rahbarlar va ishchilar uchun bitta oshxona va kompaniyaning barcha xodimlari uchun “oilaviy” norasmiy ovqatlanishlar; - departament rahbarlarida kabinet yo’qligi, ular bo’ysunuvchilarga mehnatsevarlikni namoyish qilish uchun o’z ish joyini ular bilan umumiy xonada joylashtirishni istaydilar; - mehnatga haq to’lash va xizmat martabasining ko’tarilishida asosiy omil bo’lib firmadagi ish staji hisoblanadi; - rahbarlarning bo’ysunuvchilar bilan odobli muomala qilishi; - katta omborxonalardan qutulish va firma xodimlarini intizomga o’rgatish imkoniyatini beruvchi aniq muddatda yetkazib berish amaliyoti; - ishlab chiqarish jarayonida tanaffuslarni iloji boricha kamaytirish; - ishchi va xizmatchilar nafaqaga chiqqanidan so’ng ularning barcha oila a’zolariga pensiya nafaqasini to’lash. Yaponiyada ishlab chiqarishni va mahsulot sotishni tashkil etish xususiyatlariga “sogo shosha” savdo uylari va subetkazib beruvchilarning katta rolini kiritish mumkin. Ikkinchi Jahon urushidan so’ng “sogo shosha” tizimi Yaponiyada sanoatning tez tiklanishi va uning dunyo yetakchilaridan biri darajasigacha zamonaviylashtirilishiga yordam berdi. Zamonaviy yapon sanoatining barpo etilishi eng rivojlangan mamlakatlar tajribasini keng jalb etish yordamida amalga oshirilgan. U vaqtda “sogo shosha” rivojlangan mamlakatlardan samarali texnologiyalar va uskunalarni import qilish, so’ngra esa boshlang’ich materiallar va Yaponiyada zamonaviylashtirilgan samarali mashina va uskunalarni eksport qilish kanallari bo’lib xizmat qildi. 90-yillar o’rtasida “sogo shosha” ga yapon eksportining 40 % dan ortig’i va importning 70 % ga yaqini to’g’ri keldi. Jahon bozorida “sogo shosha”dan tashqari yapon TMK larining faoliyati kengayishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Ular o’z tashqi iqtisodiy aloqalari, xalqaro marketing va o’z sotish tarmoqlarini tashkil qilmoqdalar. “Sogo shosha” ustunliklariga: jahon bozorlari konyukturalarini o’rganish, butun dunyo bo’ylab yetkazib beruvchilar va iste’molchilar bilan keng aloqalar, yaxshi yo’lga qo’yilgan xorijda sotish tizimi, ichki va tashqi bozorlarda tovarlar, xizmatlar, kapitallar oqimini tashkil etish tajribasi, narhlar tizimi, mahsulot sifati, mijozlarni bilish va yo’lga qo’yilgan yetkazib berish sxemasi, o’rta va kichik firmalar uchun ichki va tashqi bozorlarga chiqish sharoitlarini yaratish kiradi. Yaponiya sanoatida subetkazib beruvchilar faoliyati tizimini sxematik ravishda piramida ko’rinishida tasvirlash mumkin (7.2-rasm). Masalan, yapon avtomobilsozligida piramidaning yuqori qismida katta to’rtlik – Yaponiyaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari – “Nissan”, “Toyota”, “Mitsubisi motors”, “Xonda”, piramidaning o’rta darajasida ularning 500 ta bevosita subetkazib beruvchilari, pastki darajada - subetkazib beruvchilardan 20 mingta asosan o’rta va kichik firmalar joylashgan. Yapon menejment uslubining afzalliklari boshqa mamlakatlarda ham namoyon bo’ldi. Masalan, 90-yillar boshida “yaxshi didli, yosh qalbli va yetarli daromadli kishilar uchun” avtomobillar ishlab chiqarish, german “Porshe” kompaniyasi sotuvlarining keskin kamayishi va firma rahbariyatining ishlab chiqarish harajatlarining o’sishi ustidan nazoratni yo’qotishi tufayli bankrotlik yoqasiga va mustaqillikni yo’qotishiga kelib qoldi. Qarzlarga botgan kompaniyani germaniya avtogigantlari “Mersedes-Bens”, “BMV” va “Folksvagen” sotib olishga tayyor edi. “Porshe” mustaqilligini ma’muriyatning “o’z kamchiliklaridan nobud bo’lishdan ko’ra, o’zga tajriba yordamida tuzalmoq afzal” degan g’oyasi va “Sin gidzyutsu” (tarjima qilinganda – yangi texnologiya) yapon maslahat firmasi mutaxassislarini taklif qilish qarori qutqarib qoldi. Yapon mutaxassislari uch yil ichida “Porshe”ni qayta qurdi. Natijada yig’ma konveyer qisqartirildi, bir necha uchastkalar va yordamchi xonalar yo’qoldi, zavodning hududiy maydoni 30 % ga kamaydi, avtomobil yig’ish sur’ati esa deyarli 40 % ga o’sdi va ishlab chiqarish nosozligi (brak) kamaydi. Hal qiluvchi momentlardan biri bo’lib nemis intizomi va pedantizmi o’rniga yapon menejmenti tomonidan yaratilgan ijodiy muhit o’rnatilishi xizmat qildi. Mehnat avvalgi uskunalarda o’sha ishchilar va muxandislar yordamida amalga oshirilmoqda. Ishchi va muxandislar yapon menejmenti ta’sirida ratsionalizatsiya jozibadorligini anglab, har oyda yaponlar tomonidan zamonaviylashtirilgan mehnat jarayonini takomillashtirishga qaratilgan ikki yarim mingta taklif-tashabbuslar taqdim qilmoqdalar. Yapon novatsiyalarining kiritilishi amalda menejment va butun ishlab chiqarish tsiklini tashkil etish nuqtai-nazaridan yangi “Porshe” kompaniyasi vujudga kelishiga olib keldi. “Porshe” moliyaviy qiyinchiliklardan qutildi, yuqori foyda ko’rmoqda va bozorga yangi model – marketing taxmini bo’yicha 50 ming dollar bahoda ikkio’rinli oltitsilindrli “Bokster” avtomobilini chiqarmoqda. Bundan tashqari, butun tarixi mobaynida ilk bor sport avtomobillari ishlab chiqarishdan tashqari vezdexod va mikroavtobuslar chiqarishni mo’ljallamoqda. Boshqa misol – AQShda “Toyota” yapon firmasi va “Djeneral motors” amerika korporatsiyasining qo’shma korxonasini tashkil qilinishi. “Nyu yunayted motor menyufekchuring ink.” (NYuMMI) nomli qo’shma korxona Frimont shahridagi (Kaliforniya shtati) zavodda joylashgan. Yaponiyadagi “Toyota” firmasida, AQSh da “Djeneral motors” korporatsiyasi zavodlarida va qo’shma amerika-yaponiya “NYuMMI” korxonasida avtomobil ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini taqqoslash AQShda avtomobillar ishlab chiqarishga yapon menejmentining ijobiy ta’sirini ko’rsatdi (7.1-jadval). Dunyoda eng keng tarqalgan yapon menejmenti usullarining ro’yxati 7.2-jadvalda berilgan.
Download 456.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling