Xalqaro menejment
Xizmat safaridan so’ng yuzaga kelishi mumkin bo’lgan (repatriatsiya) muammolari
Download 456.36 Kb.
|
XALQARO MENEJMENT MA'RUZA MAVZULARI O'ZBEK TILIDA
Xizmat safaridan so’ng yuzaga kelishi mumkin bo’lgan (repatriatsiya) muammolari. Uzoq muddatli xizmat safaridan qaytgandan so’ng asosan uch xil muammo paydo bo’ladi: shaxsiy moliyaviy ahvol, korporatsiyadagi o’zgargan sharoitlarga qayta moslashish, o’z mamlakatidagi hayotga moslashish.
Xizmat safariga jo’natilgan ekspatriantlar xorijda qator moliyaviy imtiyozlarga ega bo’lishadi, ular eng yaxshi rayonlarda yashashi, ularning bolalari eng yaxshi xususiy maktablarda ta’lim olishlari mumkin, ularni yuqori tabaqa hisoblashadi, va oldingidan ko’proq pul jamg’arishlari mumkin. Lekin o’z mamlakatiga qaytishi bilan yuqori hayot tarzi yo’qoladi. Baholashlarga ko’ra xorijdagidek hayot tarzini ta’minlash uchun ularning mehnat haqini 1,5 barobar ko’paytirish lozim. Qaytib kelgandan so’ng ko’pgina xodimlar o’z hamkasblarining yuqoriroq mansabga erishganini guvohi bo’ladi. Bundan tashqari ijtimoiy mavqening tushishi natijasida uning oila a’zolari maktablarga va boshqa ijtimoiy sohalarga qayta moslashishi ancha og’ir bo’ladi. Xorijda boshqaruv ishiga tayinlash xodimning lavozimda ko’tarilishiga turlicha ta’sir ko’rsatishi mumkin. Xorijiy xizmat safarida bo’lganlarning fikriga ko’ra va yuqori mavqe boshqaruvchilarning xizmat bo’yicha ko’tarilishiga qaraganda xorijda ishlash uzoq istiqbolda xodimning xizmat bo’yicha ko’tarilishiga jiddiy ta’sir qilmaydi. Lekin xorijiy xizmat safarining mansab ko’tarilishiga salbiy va ijobiy ta’siri haqidagi misollar ko’p. Shaxsiy farqlardan tashqari kompaniyalar bo’yicha ham farqlar mavjud bo’lib, ular firmaning umumiy faoliyatida xorijiy biznesning roli, ichki va xalqaro faoliyatning qanchalik bog’langanligi, bosh firma va filiallar xodimlari o’rtasidagi aloqa kabi omillarga bog’liq bo’ladi. “General Motors” (GM) kompaniyasida xalqaro mehnat tajribasi mansab bo’yicha siljishga qanday ta’sir qilishini quyidagilardan ko’rish mumkin. GM kompaniyasining atigi uchta yuqori boshqaruvchisi AQShdan tashqaridagi korxonalarda uzoq muddatli xizmat safarida bo’lgan. Boshqaruv xodimlarining 83% hech qanday xalqaro mehnat tajribasiga ega bo’lmagan holda xizmat zinasidan ko’tarilishi esa bu tajribaning mansab bo’yicha siljishga ta’sir yetmasligidan dalolat beradi. Shunga qaramasdan bu holat GM xorijda muvaffaqiyatga erishishiga to’sqinlik qilmadi. Bu korporatsiya AQShning eng katta eksportchilaridan biri bo’lib, uning mahsulotlari xorijda, ayniqsa Buyuk Britaniyada va Germaniyada yetarli darajada raqobatbardosh. Uning ichki ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga qaratilgan tashkiliy va kadrlar siyosati umumkorporativ strategiyaga to’laligicha mos keladi. Shunday bo’lsada, 1989 yilda GM har yili o’rtacha mavqedagi amerikalik menejerlarni 3-12 oylik muddatga xorijga jo’natish to’g’risida qaror qabul qildi. 1990 yilda esa bu muddat 20 oygacha yetdi. Lekin juda kam menejerlar xorijiy mehnat tajribasiga ega ekanligidan qat’iy nazar yirik kompaniyalar boshqaruv zinasida yuqori pog’onaga chiqadilar. Chet elda o’z bo’limlariga ega bo’lgan kompaniyalar faoliyati xorijiy filiallarda ishlaydigan va o’z ish faoliyatining katta qismini chet elda o’tkazadigan xalqaro toifadagi menejerlarning malakasiga yuqori bog’liq bo’ladi. Ular odatda bosh kompaniyada yuqori boshqaruv mansabiga ega bo’lmaydilar, lekin ko’pchilik hollarda ulardan ko’proq mas’uliyat va ish xaqiga ega bo’ladilar. Boshqa kompaniyalarda esa kompaniya rahbariyatining kafilligiga qaramasdan chet elga ishchilarni xizmat safariga jo’natish yuqori qaltislikka ega. Ushbu muammolarga xolisona baho berib “Ford” kompaniyasining vise-prezidentlaridan biri shunday degan edi: “Ford” kompaniyasining ko’pgina xodimlari uchun (boshqaruvning o’rta va undan yuqori pog’onasida) chet elga ishga yuborish ularning ish faoliyati uchun salbiy oqibatlarga olib keladi”. Bu holatga ikki narsa sabab bo’lishi mumkin. Birinchidan, xizmat safaridan qaytgan xodimning firma bo’limlarida yaxshi lavozimda ishlashi haqida hech kim qayg’urmaydi. U chet elda ishlayotganida uning o’rni bo’sh qolmaydi va u qaytganidan so’ng uning o’rnini egallagan xodimni ishdan bo’shatib bo’lmaydi. Ikkinchidan, u yuqori mansablarga ega bo’lish imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib borilmaydi. Chet eldagi filiallardan qaytgan xodimlarning ish faoliyati bilan bog’liq bo’lgan muammolar yuzaga kelganida, shu xodimlarni chet elda ishlashga undaganlar uchun qo’shimcha qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Ba’zi kompaniyalar xodimlarning ish faoliyati uchun havf-xatar mavjudligini tan oladi va xodimning chet elga ishga ketishini juda yuqori moddiy rag’batlantirishga tayyor. Bu muammoni yechish uchun ko’pgina kompaniyalar xodim ish faoliyatini rejalashtirayotganda chet elga xizmat safarlarini oldindan ko’rib chiqishadi va bosh kompaniyada xodimning huquqlarini himoya qiladigan rahbarlar (kuratorlar) muassasasini tashkil qiladilar. Ba’zi firmalar xodim xizmat safaridan qaytganda avvalgi lavozimidan past bo’lmagan ishga ega bo’lishi haqida yozma kafolat ham (“Dou Kemikl” kompaniyasi) berishadi. Chet elda ishga tayinlanmagan xodimlarga kelajakda qanday lavozimga ega bo’lishlari haqida kompaniyalar kafolat bermaydilar. Bosh kompaniyaga ishga jo’natiladigan mahalliy kadrlar boshqa muammoga duch kelishadi. Agar bu xodimning filialdagi lavozimini ko’tarish deb qaralsa, u holda bosh ofisga ishga o’tish doimiy bo’lishi ham mumkin. Download 456.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling