Xi. Sоvеt hоkimiyatining “Mаdаniy inqilоb” siyosаti vа uning Mаrkаziy Оsiyo хаlqlаri аn’аnаviy mаdаniy hаyotigа tа’siri
Download 27.99 Kb.
|
1 2
Bog'liq1 — копия (11) (1)
XI. Sоvеt hоkimiyatining “Mаdаniy inqilоb” siyosаti vа uning Mаrkаziy Оsiyo хаlqlаri аn’аnаviy mаdаniy hаyotigа tа’siri. Sovet hokimiyati tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va siyosiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish orqali xalqlarning kundalik turmushi, uning urf-odatlari, an'ana va qadriyatlariga ham daxl qilishga keng qamrovda harakat qilindi. 1917 yilgi fevral voqyealaridan keyin Turkistonni qamrab olgan «inqilobiy» jarayonlar milliy madaniyat, ayniqsa, xalq ta'limi sohasiga ham daxldor edi. Bu jarayonlarning tashabbuskorlari milliy demokratiya vakillari bo‘lishdi. Bu vaqtda Turkistonda tub yerli aholi uchun xilma-xil maktab turlari: maktablar, qorixonalar, madrasalar, xotin-qizlar maktablari, yangi usul maktablari, rus-tuzem maktablari mavjud edi. Ulardan tashqari, yevropaliklarning farzandlari uchun o‘lkada rus maktablari - qavm va shahar maktablari ham bor edi. Viloyat shaharlarida gimnaziyalar, Toshkentda esa o‘qituvchilar seminariyasi va real bilim yurti ham mavjud edi. General-gubernatorlik ma'murlari xalq ta'limiga arzimagan mablag‘lar ajratishar, uning ham ko‘proq qismi rus maktablarini saqlab turishga sarflanardi. Ko‘p sonli maktablar va yangi usul maktablari jamoat mablag‘i hisobidan ta'minlanardi. 1917 yil fevral bilan oktyabr orasida Turkistonning yirik shaharlarida turli tillarda dars beriladigan xususiy maktablar ochildi. Lekin o‘qituvchilar tayyorlash sifati zamon talablaridan orqada qolganligi sababli o‘qituvchi kadrlar tayyorlash kurslari ham ochila boshlandi. Chunonchi, iyulda Samarqanddagi «Nashri maorif» jamiyati milliy maktablar uchun o‘qituvchilar tayyorlash kurslari ochdi. Ularda badavlat o‘qituvchilar bilan bir qatorda aholining kambag‘al tabaqalaridan chiqqan o‘qituvchilar ham ta'lim olishlari mumkin edi. Kambag‘allar uchun o‘qish bepul edi. Abdurauf Fitrat yangi Turkistonning fuqarosini tarbiyalash uchun yaxshi tayyorlangan o‘qituvchi zarurligini tushunib yetib, iste'dodli o‘spirinlarni Rossiyaning yevropa qismidagi o‘qituvchilar seminariyalariga va musulmon maktablariga yuborishni yoqlab chiqdi. Ana shu davrda milliy xalq ta'limini tashkil etish muammosi alohida keskin bo‘lib turgan edi. Turkiston o‘lkasining markazi - Toshkentda 1917 yil 9-14 may kunlari o‘qituvchilarning I o‘lka qurultoyi bo‘lib o‘tdi, u ta'lim tizimining ahvoli bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarni muhokama qildi va «Turkiston o‘qituvchilar ittifoqini» tashkil etdi. Qurultoyda ma'ruzalar qilgan Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasiiing a'zosi S.Maqsudov, yirik sharqshunos L.Zimin, Farg‘ona viloyatining maorif bo‘yicha inspektori F.yegorov mahalliy aholiga ta'lim berish ishida rus-tuzem maktablarining yaroqsiz ekanligini isbotlab berdilar. Qurultoy ana shu tipdagi maktabni ona tilida o‘qitiladigan milliy maktab bilan almashtirish fikrini ma'qullab chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1917 yili 20 maydan 23 maygacha Toshkentda musulmon o‘qituvchilarning qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda asosan musulmon maktablaridagi o‘qituvchilarning ishi masalasi muhokama qilindi. Qurultoy qarorlarida asosan rus-tuzem maktablarini milliy maktablar bilan almashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi, bu maktablar uch bosqichga - quyi, o‘rta va yuqori bosqichga bo‘linishi lozim edi. Boshlang‘ich ta'lim umumiy, majburiy, bepul, olti yillik bo‘lishi kerak edi. Asosiy o‘qitiladigan fanlar orasida islom ta'limoti asoslari, ona tili, rus tili (4-sinfdan boshlab), arifmetika, tabiatshunoslik, tarix (milliy va rus tarixi), geografiya (umumiy va rus geografiyasi) bor edi. 1918 yilning 23 martida RSFSR Maorif xalq komissarligi «farmoyishiga binoan» Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Kengashi O‘lka xalq ta'limi kengashini tashkil etish haqida buyruq chiqardi. Mazkur kengash Turkiston hududida xalq ta'limi tizimiga rahbarlik qilishi lozim edi. Joylarda ularning viloyat, shahar, uezd kengashlari huzurida xalq ta'limi kengashlari tashkil etildi. Lekin dastlabki kunlardan boshlab turkistonlik o‘qituvchilar ko‘pchilik qismining manfaatlarini ifodalab, umumdemokratik yo‘lda qattiq turdi. Bundan norozi bo‘lgan sovet hukumati va xususan Maorif xalq komissarligi o‘zining tor sinfiy maqsadlariga amal qilib, mazkur kengashga nisbatan ajratuvchilik siyosatini amalga oshira boshladi. Dastlabki qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va o‘zbek sovet maktablari mablag‘lardan qisib qo‘yilgan bo‘lib, ularga o‘quv vositalari va qo‘llanmalar yetishmasdi. Moddiy ahvolning og‘irligiga ko‘p jihatdan ma'murlarning yerli aholining bilimli bo‘lishiga nisbatan mustamlakachilik munosabatida bo‘lishi ta'sir qildi, bu esa 1918-1920 yillar davrida rus tilidagi o‘quv yurtlari va tub yerli aholi bolalari uchun mo‘ljallangan maktablarni mablag‘ bilan teng asosda ta'minlamaslikka olib keldi. Bundan tashqari, ko‘pincha xalq ta'limi uchun ajratilgan mablag‘ni deputatlar kengashlari boshqa maqsadlar uchun ishlatishardi. Maorif xalq komissarligi uchun kadrlar masalasi maktab qurilishidagi bosh muammo edi. Yangi tuzum pedagoglarini tayyorlash, ayniqsa, birinchi navbatda mahalliy maktablar o‘qituvchilarini tayyorlash uchun har tomonlama chora-tadbirlar belgilandi. Binobarin, o‘qituvchilar tayyorlash butunlay yangicha negizga - qisqa muddatli kurslar orqali yo‘lga qo‘yildi. 1918 yilning yozida Samarqandda «musulmon o‘qituvchilari uchun pedagogak kurslar» ochildi. O‘sha yilning kuzida Toshkentda - Toshkent uezdining tub yerli aholisi uchun maktab o‘qituvchilari kurslari ochildi. Turkistondagi eski maktablarni tezroq buzib tashlash maqsadida maorif komissarligi «maktabdagi inqilobni jadallashtirish»ga qaratilgan «keskin chora-tadbirlar» belgiladi. Sinf murabbiysi vazifasi bekor qilinib, maktab qo‘mitalari va o‘rtoqlik sudlari joriy etildi. Bu tadbirlar xalq ta'limi rahbarlarining fikricha, «kuchli inqilobiy poydevor» edi. O‘quvchilar tashkilotining tuzilishi, baholar tizimining bekor qilinishi, bir sinfdan boshqa sinfga o‘tishning osonlashtirilganligi maktablarning siyosiy tus olishiga xizmat qilishi kerak edi. Turkiston o‘qituvchilari, ayniqsa, ularning Toshkent tashkilotlari Butunrossiya o‘qituvchilari ittifoqining umumdemokratik platformasida turib, iloji boricha bolsheviklarning ana shu maktab islohotini amalga oshirishiga qarshilik ko‘rsatishardi. 1917-1920 yillardagi qisqa davrga, shu jumladan, xalq ta'limi sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlarga 1920 yilda yakun yasaldi. Sovet maktablarining tez o‘sishi Turkiston maktab tizimini boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Jiddiy moddiy ta'minotning yo‘qligi va kadrlar bilan ta'min etilmaganlik ko‘pgina «qog‘ozdagi maktablar»ning mavjudligini shart qilib qo‘ydi. Natijada maktab yoshidagi bolalarning 70%dan ko‘pi maktabga jalb qilinmadi. Masalan, hatto Toshkentda, uning eski shahar qismida maktab yoshidagi 40 ming boladan faqat 10 ming nafarga yaqini, ya'ni 25 % i o‘qirdi, xolos. Hokimiyat tepasida bolsheviklar turgan qisqa davrda yevropacha tipdagi («burjua» maktabi) - rus, rus-tuzem maktablariga, yangi usul (jadid) maktablariga putur yetdi. Biroq bolsheviklarning yangi «yagona mehnat maktabi» ko‘p jihatlardan putur yetkazilgan maktablarga nisbatan yetarli darajada bilim berolmas edi. 1920 yilning oxiriga kelib o‘quvchi yoshlarning bilim saviyasi nihoyatda pasayib ketdi. Umuman, bilim olish I bosqich (dastlabki uch sinf) boshlang‘ich maktabi darajasida bo‘ldi. Tashkil qilingan II bosqich maktablari (4-7 sinflar) o‘quvchilar yo‘qligini sabab qilib tarqatib yuborildi. TurkMIQ yangi ijtimoiy tuzumning kelajagi yosh avlodning umumta'lim saviyasiga bog‘liq ekanligini tushunib, 1920 yilning noyabrida maktab tizimi ahvolini yaxshilash maqsadida qaror qabul qildi. Unda Maorif xalq komissarligi zimmasiga «savod o‘rgatish ishini birinchi o‘ringa qo‘yish» va maktab o‘quvchilarining ta'minoti hamda ovqatlanishini yaxshilash uchun chora-tadbirlar belgilash vazifasi yuklandi. XXMK (Xalq Xo‘jaligi Markaziy Kengashi) «imkon boricha» maktab o‘quvchilari uchun o‘quv qo‘llanmalari va birinchi galda zarur bo‘ladigan ashyolar ishlab chiqarishni ko‘paytirishi lozim edi. Xalq Komissarlari Kengashiga o‘quv yurtlarini binolar bilan ta'minlash va «imkon boricha Maorif xalq komissarligi hay'ati ko‘rsatmalari bo‘yicha sarflanadigan pul belgilari fondini ko‘paytirish» buyurildi. Lekin bu choralarning hammasi boshqa davrda - yangi iqtisodiy siyosat davrida natijalar berishi mumkin edi. Oliy ta'lim masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, Turkistonning milliy ziyolilari va, shu jumladan, ilg‘or rus olimlari (akad. S.F.Oldenburg) XX asrning boshlaridayoq Toshkentda universitet tipidagi oliy o‘quv yurtini ochish zarurligi masalasini ko‘tarib chiqqan edilar. Biroq ahvol quruq gapdan nariga siljimagan edi. 1918 yilning fevraliga kelib Toshkentda «Oliy ta'lim do‘stlari jamiyati» faoliyat ko‘rsata boshladi, uning tarkibida pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, agronomlar va mahalliy ziyolilarning boshqa vakillari ham bor edi. 1918 yil 21 aprelda tantanali ravishda ochilgan Turkiston xalq universiteti shu tariqa vujudga keldi. Universitet o‘ziga Toshkentning eng yaxshi o‘qituvchilarini jalb qilgan edi. Uning ixtiyoriga Toshkentdagi bir qancha boshlang‘ich maktablar (13 ta musulmon va 11 ta rus maktabi), 8 bolalar maydonchasi, Turkiston xalq kutubxonasi, Xalq muzeyi va konservatoriyasi berib qo‘yilgandi. Mahalliy millat yoshlaridan kadrlar tayyorlash uchun universitet qoshida musulmonlar sho‘basi tashkil etilib, u Toshkentning eski shahar qismida faoliyat ko‘rsatdi. Shu'ba «Xalq dorilfununi» degan ilmiy-adabiy gazetani chiqarib turdi. Universitet tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-matematika, tarix-filologiya, qishloq xo‘jaligi va texnika fakultetlari bor edi. 1919 yil fevraldan universitet qoshida ishchi fakulteti ham faoliyat ko‘rsata boshladi. 1920 yilning oxiriga kelib, universitetda ta'lim oluvchilarning 60% ini mahalliy millat vakillari tashkil qilgan edi. O‘zbek tilidagi mashg‘ulotlarni Ahmad Fayziy, Burhon Habib, Ibrohim Tohiriy, Usmon Xo‘jaev, Hodi Fayziy va boshqalar olib borishdi. Oktyabr to‘ntarishidan keyingi ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar davrida universitet asosan o‘qituvchilar va tinglovchilarning faol mehnati va tashabbusi bilangina ishlab turdi. G.N.Cherdansevning (universitetning birinchi rektori, iqtisodchi olim, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi bo‘lgan) so‘zlariga qaraganda, «kun kechirish uchun ish haqi yetishmagan bir sharoitda yashagan o‘qituvchilar va talabalar o‘z maktablarini o‘zlari qurdilar va mustahkamladilar, universitet ahil oila bo‘lib yashadi, ular universitet hayotida ro‘y beradigan barcha muvaffaqiyatlar va g‘am-tashvishlarni birgalikda boshdan kechirdi». 1918-1920 yillarda O‘zbekiston madaniy hayotida tanilgan Xalq universitetining tashkilotchilari va arboblari bo‘lgan G.Abdurashidov, A.A.Divaev, Abdulla Qodiriy, Murod Hoji, G.N.Cherdansev, R.Yusupbekov va boshqa ko‘pgina ziyolilar faoliyat ko‘rsatgan edilar. 20-yillarning boshida Turkistonda madaniy qurilish ishlari xalq xo‘jaligi vayron bo‘lgan va bolsheviklar ataylab boshlab bergan sinfiy kurash keskinlashgan murakkab sharoitda olib borildi. Bu davrda Turkiston madaniy hayoti o‘ziga xos ziddiyatli, bir-birini inkor etuvchi, salbiy va ijobiy holatlarning o‘zaro kurashi tarzida namoyon bo‘ldi. Shuning uchun ham bu davrdagi ma'naviy-mafkuraviy holat Turkistonda o‘sha yillarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarda ro‘y berayotgan murakkab jarayonlarning mantiqiy o‘xshashligi bilan hamohang bo‘lgan edi. Download 27.99 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling