Xirurgiyada og'riqsizlantirish narkoz tushunchasi Narkoz
(yun. narcosis – karaxtlik) – sun’iy yo’l bilan (ba’zi kimyoviy moddalar va boshqa omillar ta’sirida) hosil qilinadigan chuqur uyqu holati, bunda kishi hech narsani sezmaydi, ixtiyoriy harakat qila olmaydi, es-hushi butunlay yoki qisman yo’qoladi.
Qadim zamonlardan beri bemorlarni jarrohlik usulida davolash vaqtida insonning yuqori og’riq sezgisini yengib o’tish muammosini hal qilish zarurati olimlar va shifokorlarni tashvishga solib kelgan. Qadim zamonlardan buyon insoniyat og’riqsizlantirishning ishonchli va xavfsiz usullarini aniqlash maqsadida izlanishlar olib bormoqdalar va hozirgi kunda og’riqsizlantirish usullarini o’rganadigan alohida fan ham mavjud bo’lib, bu anesteziologiya fanidir. Hozirgi kunda anesteziologiya fani og’riqsizlantirish usullarini takomillashtirish yo’lida izlanishlarni davom ettirib, umumiy og’riqsizlantirish vaqtida tanada salbiy ta’sir va keyingi asoratlarni kamaytirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Anesteziologiya – og’riqsizlantirish to’g’risidagi fan bo’lib, operatsiya jarohatining bemor tanasiga nojo’ya ta’siridan himoya qilish usullarini o’rganadi. Zamonaviy nuqtai nazardan, anesteziologiya – tanani jarrohlik jarohati va uning oqibatlaridan himoya qilish, jarrohlik aralashuvi vaqtida hayotiy funksiyalarni nazorat qilish va boshqarishdir. Jarrohlik amaliyoti odam organizmi uchun nafaqat og’riqli, balki ma’lum bir darajada agressiv omil ham hisoblanib, buning natijasida organizmda kompensatsiya-adaptiv reaksiyalar kompleksini ham keltirib chiqaradi.
Anesteziyaning asosiy turlari.
Umumiy og’riqsizlantirish (anesteziya) – sun’iy tarzda markaziy asab tizimining faoliyatini susaytirish bo’lib, bunda bemor chuqur uyqu holatida bo’ladi va bu jarayon qayta orqaga qaytarilishi mumkin. Narkozda kishi hech narsani sezmaydi, ixtiyoriy harakat qila olmaydi, es-hushi butunlay yoki qisman yo’qoladi, reflekslarning ayrim turlari ham yo’qoladi.
Mahalliy og’riqsizlantirish – inson organizmining ma’lum bir qismini, kishi ongi yoki es-hushini saqlab qolgan holda, sun’iy ravishda og’riq sezuvchanligini yo’qotishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |