Xoʻrozning toji.
Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, shunday zamonlar boʻlgan ekanki,
burgutlar va lochinlar xoʻrozdan qoʻrqishgan ekan. Xoʻrozning qizil tojini
juda xatarli deb hisoblasharkan. Oʻzlarining ichida eng kichigi boʻlgan
burgutga buni aniqlashni buyurishibdi. Kenja burgut elchi sifatida yerga
qoʻnibdi va xoʻrozni kuzatibdi. U joʻjalari bilan atrofni aylanib yurgan
ekan. Burgut ochiq yuz bilan xoʻrozga yaqin kelib debdi: - burgutlar
shohi siz bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻymoqchilar. Lekin bu
doʻstlikka tojingiz rahna solyapti.
Chunki biz taroqdek oʻtkir tishli tojingizdan qoʻrqamiz.Judayam
xavfli deb oʻylaymiz.Tojingizni koʻrishimiz bilan bezovtalana boshlaymiz.
Bu gaplardan xoʻroz kulib yuboribdi:
garchi tojim menga savlat, koʻrk bagʻishlab tursa-da, hayvonlarning
shoxiga oʻxshab qattiq emas. U juda ham yumshoq, seni ishontirib
aytamanki, hech kimga shikast yetkazmaydi. Ishonmasang, kel oʻz
qoʻling bilan ushlab koʻr. Kenja burgut avvaliga choʻchib unamabdi,
ammo xoʻroz takror-takror aytganidan keyin uni ushlab koʻribdi.
Haqiqatdan ham toj yumshoq ekan. Undan qoʻrqmasa ham boʻlarkan.
Xoʻrozning siridan xabardor boʻlgan burgut oʻzining botirligidan,hattoki
xoʻrozning tojini ushlab koʻrishga jurʼat qilganidan judayam xursand
boʻlibdi. Yerdan asta koʻtarilayotib maysalar orasida oʻynab yurgan
joʻjalarni koʻrib qolibdi. Joʻjalarning bir nechtasini changaliga olib
doʻstlari tomon uchibdi. Burgutlar va lochinlar qoshiga kelgach,
maqtanib debdi: - koʻrib qoʻyinglar, men xoʻrozning bolalarini olib
kelyapman. U biz oʻylagandek qoʻrqinchlimas, toji ham sira oʻtkir emas
ekan.Bundan xabar topgan burgutlar va lochinlar oʻzlarini qushlar
orasida eng kuchlisi eng aqllisi, qushlar podshosi deb eʼlon qilishibdi.
Shundan buyon burgutlar va lochinlar tovuqlar va joʻjalarga
hujum qilishni odat qilishibdi. Xoʻroz esa ular bilan jang qilishga
shaylanar ekan-u jurʼati yetmas ekan.Oʻzining soddaligidan ,
ishonuvchanligidan har doim pushaymon qilarkan.
Qissadan hissa shuki, sinalmaganga sir aytsang xoʻrozning holiga
tushib qolishing hech gapmas.
Do'stlaringiz bilan baham: |