Xudoyberdi Toʻxtaboyev – bolalarning romannavis adibi. Reje: Xudoyberdi Toʻxtaboyev hayoti va ijodi
Sariq devni minib” romani tahlili
Download 31.15 Kb.
|
Xurramov Abbos. 22 27(1)
Sariq devni minib” romani tahlili Badiiy adabiyotda yaratilgan mukammal xarakterlar oʻquvchi qalbidan joy oladi, kitobxon xotirasidan uzoq muddatgacha oʻchmaydi. Shu sababli ham, bunday qahramonlar katta-kichik uchun baravar sevimli boʻladi. Biz mulohaza yuritayotgan masala ham katta-kichik uchun birday qadrli boʻlgan qahramonlar, yaʼni, bolalar adabiyotidagi bizga tanish boʻlgan obrazlar, xarakterlar xususidadir. Bunga misol qilib, Xudoyberdi Toʻxtaboyev yaratgan qahramonlarni keltirdik. Muallifning “Sariq devni minib” romani bola xarakterini mukammal darajada tasvirlab bergan sanʼat asaridir. Unda qahramon ruhiy olami baʼzan jiddiy, baʼzan esa komizm bilan yoʻgʻrilgan holda goʻzal tasvirlangan. Adabiyotshunos olim Abdugʻafur Rasulov “Sariq devni minib” asarida roviy masalasiga toʻxtalib, qahramon va roviy birligi, yozuvchining hikoya yoʻsini va uslubi haqida batafsil fikr yuritadi. Haqiqatdan ham asarning ushbu yoʻsini yozuvchining oʻziga xos uslubini namoyon etadi. Bu uslubdan qahramonning “kim”ligi bora-bora aniqlashadi. Qahramonning ruhiyat qirralari yozuvchi uslub mahorati natijasida sayqal topgan. Asarda yana bir qirra komizm yetakchiligi mavjud. Komizm – komediya soʻzi oʻzagiga aloqador boʻlib, yunoncha comikos – kulgili va ode – qoʻshiq maʼnolarini anglatadi. Komediyaning mohiyati – komik konfliktga bogʻliq boʻlib, unda “hayot oʻz-oʻzini inkor qiladi”, yaʼni, aslida, xunuk, zararli, razil va nopok xulqli inson (mazmun) oʻzini yaxshi, ilgʻor, pok, odamiy qilib koʻrsatsa (shakl) yoki buning aksicha holatda boʻlsa, kulgi keltirib chiqaradi, degan fikrni bildiradi Belinskiy. Demak, komizm – hayotga, voqelikka kulgi aralash munosabat, inson koʻnglining kulgi yoʻli bilan poklanishidir. Bu borada adabiyotshunos Suvon Melining “Komik katarsis” nomli maqolasida batafsil fikr yuritilgan. Adabiyotshunos “komik katarsis” tushunchasi orqali inson ruhiyati nozikligini ochib beradi. Qahramon kulgili vaziyatlarga tushib qolar ekan, oʻzi ham kuladi, kulish barobarida koʻngli gʻuborlardan tozarib boradi. XudoyberdiToʻxtaboyevning bolalarga bagʻishlangan barcha asarlarida yozuvchi bolalar olamiga chuqur kirib boradi. Buning sababi, yozuvchi bola ruhiyatini yaxshi bilganidir. Bu haqda yozuvchining oʻzi shunday deydi: “Ruhi – dunyosi pok boʻlgan, tarbiyaga quloq soladigan, savob va gunohni bilishga intilayotgan, ruhi goʻzallikka talpinayotgan bolalar dunyosida ishlasam qalay boʻlarkan, deb oʻylay boshladim va qaror ham qabul qildim. Bolalar, oʻsmirlar dunyosiga paqqos oʻtib ketdim. Sobiq “Yosh gvardiya” nashriyoti, “Gulxan”, “Yosh kuch” jurnallari, “Isteʼdod” jamgʻarmalarida rahbar lavozimlarida ishlab, bola va oʻsmir ruhidagi goʻzallikni himoyalashga eʼtibor berdim”. Yozuvchining mahorati, uzoq davom etgan izlanishlari, bola ruhiyatini yaxshi oʻrgangani, bolalarga boʻlgan muhabbati – bularning barchasi uning gʻaroyib qahramonlarida boʻy koʻrsatdi. Bu qahramonlarni bugungi kunda bolalar xarakterining namunasi sifatida bemalol koʻrsatish mumkin. Biz eʼtibor qaratgan masala bola ichki dunyosi, ruhiyati, kechinmalari – uning xarakteri tasviri xususida. Adib yaratgan obrazlarda bolalar xarakteri nihoyatda betakror ifodalangan. “Sariq devni minib” asari bola xarakterini begʻubor kulgi orqali yuzaga chiqargan ajoyib asar, deyish mumkin. Bu asar aynan komizm, hayotbaxsh kulgi ustunligi bilan jahon adabiyotining yirik vakillari eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Jumladan, bolalar adabiyoti masalariga bagʻishlangan bir anjumanda mashhur italyan bolalar yozuvchisi Janni Rodari “Sariq devni minib” romani haqida toʻxtalib, bu asar menga oʻzining boy fantaziyasi, hayotbaxsh yumori bilan maʼqul boʻldi, degan edi. Xuddi shu asar nemis tilida chiqqanida turkshunos olima Doras Shuls adibga oʻzbek tilida maktub yoʻllab, roman quvnoq oʻzbekona kulgisi bilan nemis kitobxoniga maʼqul tushganligini taʼkidlaydi. Taniqli bolalar adibi Albert Lixanov “Besh bolali yigitcha”ning Moskvadagi nashriga yozgan soʻz boshi maqolasida asardagi gʻamgin ohangga joʻr boʻlib, uni nurlantirib turgan hayotbaxsh yumorga katta baho beradi. Yozuvchining oʻzi bu haqda: “bolalar tabiatan quvnoq boʻladi, uning murgʻak qalbi erkalashni, erkalanishni hamisha talab qilib turadi… asar boshdan-oyoq fojia tasviridan iborat boʻlganida, mening yosh kitobxonlarim qalbiga iztirob sigʻmay, zerikib qolishi, kitobni tashlab qoʻyishi mumkin edi… bolalar qalbini rom qilib olaman, degan yozuvchi bola qalbining doimiy yoʻldoshi va ehtiyoji boʻlgan quvnoqlikdan, hayotbaxsh yumordan, odam bolasining butun vujudiga orom beradigan ana shu noyob ruhiy holatdan uzoq ketmasligi kerak…”, deydi. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “bola”lari dilkashligi, begʻuborligi va, albatta, komizm ruhi bilan sugʻorilganligi bilan ajralib turadi. Uning birgina “Hoshimjon”ida bola xarakterining turli qirralarini kuzatishimiz mumkin. Dastlab, Hoshimjon bilan tanishib borar ekanmiz, bu bolaning tabiatidagi quvnoqlik, kulgi-hazilga moyillik jihati oydinlasha boradi: “ – Hoshim, – deb chaqirib qoldi. – Labbay, oyijon. – Nega tovuqlarga don bermading? – Nima dedingiz, oyi? – Nega tovuqlarga don bermading, deyapman, nima qulogʻing devorning ostida qolganmi? – Ovqatini oʻzi topib yesin-da. Tokaygacha tekinxoʻrlik qilishadi, – deb gapni chalgʻitmoqchi boʻldim. – Voy oʻlmasam, suvam bermaganga oʻxshaysan. – Oyi, tovuqlar suv ichmaydigan boʻlib ketgan… – Shunaqami? – Ha, shunaqa. Nojoʻya gap aytib qoʻygan boʻlsam kerak, oyim katta kaltakni olib quvlashga tushdi. Uch marta hovlini aylandim-da, koʻcha eshigi oldiga borib egilib salom berdim va bir hatlab oʻzimni koʻchaga oldim”. ( Xudoyberdi Toʻxtaboyev. Sariq devni minib. Toshkent. “Yosh gvardiya” nashriyoti. 1982 yil. 17-18-betlar). Qahramonlar komizm ruhida yaratilar ekan, bu kulgi kitobxon qalbiga oʻz begʻuborligi, quvnoqligi bilan kirib boradi. Oʻquvchi bu tasvirlardan yengilgina kulib qoʻyadi va bolaning bolalarga xos kulgisini his etadi. Qahramon komizmi maʼlum sharoit asosida yuzaga keladi. Bu masalani yoritishda ham asarlardan ayrim parchalar kiritamiz. Hoshimjom – injener. Oʻziga topshirilgan vazifani ado etdi, yaʼni, bino qurilishini oxirigacha bitkazdi. Oʻz ishidan xursand, maqtovlar-u olqishlar yogʻilishini kutib turibdi. Biroq, toʻsatdan kutilmagan voqea sodir boʻldi. Bunday boʻlishi yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi. Oʻz nomiga maqtovlar atalishini kutib turgan bola birdan atrofdagilarning: “uyning kanalizatsiyasi qani?”, “rasvo qilibsiz-ku!”, “xonalarning hammasi qiyshiq”, “… eshik ochilmagan”, “Bu uy boʻlmabdi, koʻchaga koʻprik boʻlibdi”, degan vahimali gaplarini eshitadi. “Yana gurillab kulgi koʻtarildi. Ammo, bu galgi kulgida na quvonch, na shodlik, na taajjub bor edi. Unda olam – olam gʻazab, olam – olam nafrat mujassam. Hammasi kulyapti. Shu gʻazab, shu nafratning hammasi mening boshimga yogʻilyapti… Bir nafas avval oʻzimda yoʻq shod edim, xursand edim, quvonchlarim bir dunyo edi… Endi-chi? Boshim egilgan, koʻzimdan miltillab yosh oqyapti, yigʻlayapman. – Jinoyatchi! – dedi vakillardan biri. – Brakchi! – dedi boshqasi qoʻlini bigiz qilib. – Qamash kerak! – deb oʻshqirdi gorispolkom vakili. – Ushlang uni, oʻrtoq Shermatov. Sehrli qalpoqchamni sekin boshimga kiydimu koʻzdan gʻoyib boʻla qoldim. Qayoqqa boraman endi, qaysi dargohdan boshpana axtaraman?” (Oʻsha asar. 73-74-betlar). Sirtdan qaraganda, kulgili koʻringan bu vaziyat, aslida, oʻz zimniga jamiyatdagi bitta fojiani yashirgan. Bu fojia shundaki, oʻz kasbidan bexabar “mutaxassis”lar, qoʻlidan kelmaydigan ish bilan ham tap tortmay shugʻullanaveradigan “chalamulla”lar masʼuliyatli kasblar bilan mashgʻul. Vaholanki, oʻz ishining mutaxassisi boʻlmagan, kasbiniki bilmaydigan kadrning masʼuliyatni toʻla his qilishi uncha ishonarli hodisa emas. Asar mazmunidan maʼlumki, Hoshimjonning hali maktab oʻquvchisi boʻlaturib (qalpoqchasi yordamida), injener boʻlib ishlashi, albatta, gʻayritabiiy hol. Yozuvchi aynan oʻsha “gʻayritabiiy hol” orqali jamiyatni inqirozga yetaklovchi fojiani koʻrsatib bergan. Demak, Xudoyberdi Toʻxtaboyev bola kulgisiga katta muammolarni yuklay bilgan. Adib asarlarining eng koʻzga koʻringan xususiyatlaridan biri – ularda milliy psixologiyaning aks etishi. Yozuvchi qahramonlarida milliy ruh, oʻzbekona urf-odatlar, oʻzbekona xarakter qirralari namoyon boʻlib turadi. “Sariq devni minib” romanida hayotbaxsh ruh, hazil-mutoyiba kayfiyati, jonli, harakatchan qahramonlar faoliyati yetakchilik qiladi. Ular bolalar didiga, ruhiy-maʼnaviy ehtiyojiga nihoyatda mos kelgan. Download 31.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling