Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim


Download 25.03 Kb.
Sana23.01.2023
Hajmi25.03 Kb.
#1113681
Bog'liq
Baxtiyor Nazarovning adabiy tanqidga qo`shgan hissasi


Mavzu: Baxtiyor Nazarovning adabiy tanqid rivojiga qo`shgan xissasi tanqidchilikga oid asarlari
REJA:
1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim
2. Baxtiyor Nazarovning ilmiy faoliyati qirralari

3. Xulosa
4 Foydalanilgan adabiyotlar


1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim
Munaqqid inson omili kuch-qudratiga chambarchas bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy jarayonlar zohiriy hamda botiniy asoslarini iqtisodiy-siyosiy va ma’naviy taraqqiyotdan butkul tashqarida izohlamaydi. Zotan, har qanday o‘zgarish fikr va kayfiyatdan ibtidolanadi. Voqea-hodisalar rivojida uzluksizlik mavjud ekan, ijtimoiy jarayonlar muayyan omil va manbalarga nisbatan sababu oqibat sifatida namoyon bo‘ladi.
B.A.Nazarov davrimizning ijodkor inson fikru kayfiyatiga ta’sirini uzluksizlikda olib qarashi, aslida uning milliy va mintaqaviy ahamiyatini umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar bilan chambarchas aloqadorlikda ilmiy-nazariy tadqiq etishga intilishining samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev haqli ravishda ta’kidlaganlaridek, “Bizning eng katta boyligimiz – bu xalqimizning ulkan intellektual va ma’naviy salohiyatidir”. Yurtboshimizning O‘zbekiston FA akademiklari va universitet rektorlari bilan o‘tkazgan samimiy muloqotlari chog‘ida ham ilm- fanimiz taraqqiyotiga katta ulush qo‘shgan olimlarimizga hurmat va ehtiromli munosabatda bo‘lish hayotiy zarurat, vorisiylikni ta’minlovchi bosh omil ekani alohida ta’kidlandi. Binobarin, ushbu risolaning yuzaga kelishi ham ilm-fan zahmatkashlaridan birining ijodiy portretiga xos ayrim chizgilarni ko‘rsatish yo‘ldagi kichik bir urinishdir.
Ilm-fan aksariyat sohalarida bo‘lganidek, adabiyotshunoslikda ham har bir yetuk olimning o‘z o‘rni, o‘z tekshirish yo‘sini, muammolar mehvariga yondashish, munosabat bildirish usuli mavjud. O‘zlari mansub fan sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan bu tipdagi yirik olimlar o‘z kuzatuvchanligi, sinchkovligi, mushohada va taxayyul qudratiga xos favquloddalik tufayli u yoki bu mavzularda tadqiqotlar olib borish bilan birga, fandagi mavjud holatni umumlashtirish va uni yangi marralarga yo‘naltirish ishlariga ham sezilarli ulush qo‘shadilar. Akademik Baxtiyor Nazarov ham milliy adabiyotshunoslik va tanqidchilik ilmining ana shunday olimlardan biridir.
Darhaqiqat, B.A.Nazarovning tadqiqotchi olim sifatidagi fikriy qamrovi, hissiy-estetik diapazoni g‘oyatda keng. U adabiy tanqid va uning tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjima nazariyasi, xususan, sho‘ro davri adabiyotini qayta baholash masalalari bilan birdek shug‘ullanib kelayotgan, yuksak eruditsiyali ustoz olimdir. Adabiyotshunos o‘z yechimini kutayotgan qaysi muammoga qo‘l urmasin, avvalo, birlamchi manbalar, adabiy-badiiy, falsafiy-estetik, g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy-ma’rifiy matnlar asosida uning nazariy jihatlarini yoritishga alohida e’tibor beradi.
Bizningcha, olimning ayniqsa, keyingi yillardagi butun borlig‘i, fenomenal kredosida yorqin bo‘y ko‘rsatgan bunday ilmiy-nazariy asos uning matbuotda ilk bor e’lon qilingan birinchi maqolasi – “Badiiy adabiyotda peyzaj” (1967) dayoq o‘ziga xos bir tarzda nish urgan bo‘lsa, ajab emas. Chindan ham, o‘sha kezda yosh tadqiqotchi estetik nigohi hikoyada peyzajning asar qahramoni xarakterini ochishda muhim vosita ekaniga qaratildi. Bu hol mantiqiy tadriji davomida rivoj topib, keyinchalik B.Nazarovning balog‘at yoshida yaratilgan “O‘zbek hikoyachiligining janr xususiyatlari” (1991) tadqiqotiga asos bo‘ldi.
Adabiyotshunos ilmiy faoliyatida XX asrda o‘zbek adabiy-badiiy tanqidining shakllanishi, turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari, ilmiy-nazariy asoslari, tarixi hamda uning yirik vakillari ijodini o‘rganish, tahlil va tanqid muammolari asosiy o‘rin tutadi. Jumladan, u aspirantlik davridayoq (1969 – 1971) ulug‘ yozuvchi, faylasuf shoir, zukko tadqiqotchi akademik Oybekning adabiy-tanqidiy qarashlarini o‘rganishga astoydil bel bog‘lagan edi. Aytish mumkinki, mazkur ilmiy yo‘nalish uning faoliyatida keyinchalik ham izchil davom etib kelmoqda.

Adabiyotshunos olimning bu sohadagi ilmiy tekshirishlari, umumlashma va xulosalari uning “Olim madaniyati” (1977), “O‘zbek adabiy tanqidchiligi” (1979), “Bu sehrli dunyo” (1980), “O‘zbek adabiy tanqidi” ikki jildligidagi ayrim qismlar (1987 – 1988), da rnivojlantirildi. Ayniqsa, mustaqillik yillari mahsuli bo‘lgan “G‘afur G‘ulom olami” (2004), hammualliflikda yaratilgan “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi” (2012) kabi monografiya, darslik va risolalarini kuzatish fikrimizni dalillaydi. B.A.Nazarov Abdurauf Fitrat, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Salohiddin Mamajonov, Zoya Kedrina, Erik Karimov, Naim Karimov singari atoqli nazariyotchilar, adabiyotshunos va munaqqidlar to‘g‘risidagi portret-maqolalari va boshqa o‘nlab tadqiqotlarida ham o‘zining professional mahorati, olimlik salohiyati, iqtidor va talantini, metodolog va nazariyotchi, muallim va olim sifatidagi qiyofasini yorqin namoyon eta oldi.


U o‘z shogirdlari, xususan B.Karimov, I.Yoqubovlar bilan hamkor-hamnafaslikda, qatag‘onlik davrida nohaq ayblangan, tabarruk nomlari adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixidan o‘chirib tashlangan Vadud Mahmud, Otajon Hoshim kabi adabiy siymolar: adabiyotshunos va munaqqidlar, fan tashkilotchilari shaxsiyati hamda bebaho meroslarini qayta tiklash, xalqqa qaytarish, tarixiy adolatni barqaror qilish ishiga ham barakali hissa qo‘shdi. Shogirdlari: Q.Qahramonov, M.Jovbo‘riyev, K.Tashanov, M.Boborahimov, I.Qurbonboyev, G. Sattorova, O.Karimov, Z.Mirzayeva, M.Hamidova, O.Duysinboyev, G.Avezovalarni jadid adabiyotining xorijda o‘rganilishi, bolalar adabiyoti muammolari, adabiy jarayon tendensiyalari, metodologiya masalalari, janr, uslub, badiiy tarjima va boshqa o‘nlab masalalarni teran o‘rganishga yo‘naltirdi.
Umuman, mubolag‘asiz tarzda aytish mumkinki, bugungi kunda Baxtiyor Nazarov ilmiy qiyofasida o‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanishi va tarixiy taraqqiyotini jiddiy ravishda o‘rganishni boshlab bergan, keng ko‘lamli tadqiqotlari bilan shu yo‘nalishning asoschisiga aylangan yirik olim, adabiy-estetik maktabi va uni izchil rivojlantirish yo‘liga chiqayotgan ko‘plab shogirdlariga ega bag‘rikeng insonni ko‘ramiz.
Shubhasiz, B.A.Nazarovning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, uning har bir ezgu ishlari, amalga oshirgan ilmiy tadqiqoti haqida atroflicha fikrlashish mumkin. Biroq, B.Nazarovni yaqindan bilgan, uzoq yillar hamdam, hamnafas ishlagan olimlardan biri – filologiya fanlari doktori, professor T.M.Mirzayev uning olim, murabbiy va yirik fan tashkilotchisi sifatidagi ayrim qirralari haqida to‘xtalib, alohida e’tirof etgan ayrim jihatlarni kuzatish bizning tasavvurlarimizni yanada kengaytirishi bilan alohida e’tiborga loyiqdir. Ular quyidagi fazilat-sifatlardan iborat:



  1. Baxtiyor Nazarovning butun ilmiy faoliyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida uzluksiz ravishda kechgan va bugun ham muvaffaqiyatli davom etayotmoqda. Olim shu maskanda ilmiy kotib, katta va kichik ilmiy xodim, institut direktori lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan. So‘nggi yigirma yil davomida “Adabiy aloqalar va adabiyot nazariyasi” bo‘limini boshqarib kelmoqda.

  2. U yuqori lavozimlarda ishlagan yillarda ham, o‘z qadrdon instituti bilan aloqasini bir zum bo‘lsa-da uzmagan. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining bosh muharriri, Ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarning raisi, rais o‘rinbosari va a’zosi sifatida institutning ilmiy-tashkiliy ishlarida faol ishtirok etgan.

  3. B.A.Nazarov takrorlanmas ilmiy-tashkilotchilik faoliyati institutga direktorlik qilgan yillari (1986 – 1990) da yorqin namoyon bo‘lgan. O‘sha yillarda u asosiy diqqatini institutning ilmiy salohiyatini sifat jihatdan yanada yuksaltirishga qaratgan. Olimning bosh rahbar sifatidagi qat’iy nazorati, jiddiy ravishda qo‘llab-quvvatlashi natijasida institutda ishlayotgan xodimlar safidan T.Mirzayev, K.Imomov, B.Sarimsoqov, N.Rahimjonov, E.Begmatov, R.Doniyorov, Q.Muhammadjonov, B.Bafoyev, E.Umarov kabi fan nomzodlari birin-ketin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga erishgan. YA’ni qisqa bir muddatda birgina jamoadan o‘nga yaqin ilmiy xodimning doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishi o‘sha davr uchun juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Bu – institutda yaratilgan mo‘tadil ilmiy muhitning, xususan, direktorning yuqori darajadagi ilmiy-tashkilotchilik, har bir xodimga e’tibor bilan qarab, ularni qo‘llab-quvvatlovchilik faoliyatining yorqin samarasi bo‘lgan.

T.Mirzayev haqli e’tirof etganiday, har qanday fan, xususan, tilshunoslik va adabiyotshunoslikning barcha tarmoqlari, adabiy aloqalar hamda tarjimashunoslik rivoji ham, ushbu tarmoqlarda yoshlarning qaydarajada faol ishtiroki, ilmda vorisiylikni ta’minlashiga bog‘liqdir.


Buni hammadan ko‘ra yaxshi his etgan Baxtiyor Nazarov aspirant va yosh ilmiy xodimlar bilan ishlashni sifat jihatidan yuqori darajada yo‘lga qo‘ygan. Avvalo o‘zi bir qator tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilish bilan birga, boshqa olimlardan ham ustoz-shogirdlik an’anasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, iqtidor va salohiyatga ega yoshlarga g‘amxo‘rlik qilishni talab qilgan. Ilmiy rahbar va maslahatchilarning bu boradagi hisobotlarini tez-tez, eshitib, amaliy -yo‘riq ko‘rsatib turishda muntazamlikni amaliyotga joriy etgan. Ayni paytda, yosh ilmiy xodimlarni ijodiy ta’tillarga chiqarish, ularning nufuzli xorijiy kutubxonalar, ilmiy markazlarda izlanishlar olib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratb bergan. Bugungi kunda institutning bir qator bo‘limlariga muvaffaqiyatli ravishda rahbarlik qilayotgan Ibrohim Haqqul, Mamatqul Jo‘rayev kabi olimlar o‘sha yillarda ta’limning doktorantura bosqichini o‘tashga jalb qilingan.
Har bir munaqqid qalamini taqrizda “qayrashi” ma’lum. Baxtiyor Nazarov ham dastlab taqriz janrida ijod qilib yosh ijodkorlarni katta ijodga yo‘llagan bo‘lsa, tajribali shoir va yozuvchilarga munosib baho bera oldi. U nafaqat, badiiy ijod sohiblari, balki adabiyotshunos va tanqidchilar faoliyatini ham kuzatib boradi, o‘z mulohazalarini bildiradi.
Shu narsani ta’kidlash lozimki, Baxtiyor Nazarovning O‘zbekistonda adabiy-tanqidiy tafakkur taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari bosilib chiqqandan keyin respublikamizning 17 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari va malaka oshirish institutlarida adabiy tanqid bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Filologiya fakultetlarida adabiy tanqidning maxsus fan sifatida o‘qitilishida, alohida kurslar ochilishida, shubhasiz, Baxtiyor Nazarov tadqiqotlarining o‘rni va ahamiyati katta. Olimning ijodiy faoliyatini o‘rganish asnosida bu fikrlarga to‘la ishonch hosil qilish mumkin.
Baxtiyor Nazarov 1945 yilning 17 sentabrida Toshkent shahrida tug‘ildi. U yoshligidan badiiy adabiyot, badiiy ijod asrori bilan qiziqdi. Toshkentdagi 12-o‘rta maktabni tugatgandan keyin, bu yo‘sindagi tasavvur va tushunchalarini kengaytirish ishtiyoqida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsilni davom ettirdi. 1961-1966 yillarda G‘ulom Karimov, Ayub G‘ulomov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Umarali Normatov singari til-adabiyot zakiylaridan saboq oldi. Yuqorida nomlari zikr etib o‘tilgan ustozlar Baxtiyor Nazarov ko‘nglidagi nafosatga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada yuksaltirish, uning iqtidor va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, talantinit tarbiyalashga barakali hissa qo‘shishdi. Aytish mumkinki, ayni fazilat-sifatlarning chuqur ildiz otib palak yozishida rahnamolik ko‘rsatdilar.
Yosh talaba, bo‘lg‘usi olimga tug‘ma tabiatidagi iste’dodga monand havas qilgulik adabiy muhit, ustozlar va ijodiy davra nasib etdi. Talabalik yillaridayoq uning saboqdoshlari: Rauf Parfi, Zoxir A’lam, Safar Barnoyev, Tursunoy Sodiqova, Ortiq Abdullayev, No‘mon Rahimjonov - u bilan nafaqat do‘stlashdilar, shu bilan birga, ko‘pincha, hamfikr, hamnafas, e’tiqoddosh avlodning vakillariga ham aylanishdi. Mazkur adabiy muhit unda badiiy adabiyot, tasviriy va amaliy san’at, musiqa va kino san’ati asarlari zamiridagi ma’nolarni chaqish, mohiyatini uqish, kosa tagida nimkosa tarzida aytilgan yashirin mazmunni nozik idrok etish malakasini shakllantirdi.
Universitetda tahsil olgan yillarida Baxtiyor Nazarov poetik ijodga, xususan, she’r va hikoyalar mashqiga, badiiy tarjimalarga mayl va rag‘bat ko‘rsatdi. O‘nlab she’rlari va hikoyalari, novellalari qardosh va xorijiy mamlakat shoirlarining she’rlaridan o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimalari turli gazeta va jurnallarda bosilib chiqdi. Tengdoshlarining og‘ziga tushdi, ustozlar e’tiborini tortdi, adabiy-ilmiy jamoatchilikda muayyan qiziqish uyg‘otdi.
Badiiy ijod sirlari, adabiy asar sehr-u tarovati, adabiyot ilmi inja o‘ziga xosliklarini o‘zlashtirishida o‘sha yillari yoshlarining suhbatlari, bahs-munozaralari markazida bo‘lgan: “Gegel estetikasi va Tarix falsafasi” asari, o‘tgan asrning 60-yillari boshlarida “nisbiy iliqlik” davri epkinlari tufayli talabalar orasida qo‘lma-qo‘l o‘qila boshlagani Cho‘lpon va Fitrat she’rlari, hikoya va dramalari, SHellingning “San’at falsafasi” asari, Nozim Hikmat, Frans Kafka, Zigmund Freyd bitiklari, Chingiz Aytmatovning “Qaldirg‘och” qissasi muhim rol o‘ynadi. Tenqurlarining eslashicha, u davralarda to‘lib-toshib, kuyib pishib gapirar, samimiy, tabiiy, beg‘araz fikr almashuvlarda o‘zini ruhan yengil sezardi.
Baxtiyor Nazarov ko‘nglida o‘sha paytlardayoq Cho‘lpon estetik qarashlari, Fitrat adabiy-tanqidiy olami xususida tadqiqot yaratish fikri nish urgan, kurtak ochgan edi. Lekin ana shu 60-yillar boshida ham “Millatchi shoir”, “Millatchi adib” tamg‘asi yopishtirilgan, mafkuralashgan adabiy jarayonda, siyosiylashgan adabiyot ilmida Cho‘lpon va Fitrat ijodini o‘rganish katta adabiy-siyosiy xato hisoblanardi.
Adabiyotshunos olimlar o‘sha yillari E.A.Karimov o‘z tadqiqotlarida Cho‘lpon va Fitrat nomlarini tilga olgani, milliy uyg‘onish davri ijodkorlari merosiga faol murojaat qilgani uchun ne-ne malomat toshlari zalvorini ko‘tarishga majbur bo‘lganini yaxshi eslashadi. Ehtimol, Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriyni “ashaddiy millatchi”, “xalq dushmani” deb palahmon toshlarini yog‘dirib kelganlar ham, bugungi kunda bir dumalab cho‘lponshunosga, fitratshunosga aylanib qolgan bir pallada, bu hol hiyla kulgili tuyulishi mumkin.
Umuman, Baxtiyor Nazarov va u mansub bo‘lgan avlodning talabalik yillari sirtdan sokin ko‘rinsa-da, aslida nishabi chuqur, tubi talotum daryo misoli po‘rtanavor, shiddatkor kechgan edi. Olimning fikrdosh kursdoshlari badiiy didi va estetik saviyasi jo‘shqin, tahlikali ijodiy muhitda shakllandi, qad rostladi.

Foydalanilgan adabiyotlar



  1. https://m.kun.uz/

  2. Bu sehrli dunyo, T., 1980; Hayotiylik — bezavol mezon, T., 1985

Download 25.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling