Xx asr 20-yillari ikkinchi yarmiga kelib sovetlar mamlakatining hokimiyat boshqaruv idora tizimida ham keskin o‘zgarish hollari yuz berdi
Download 84 Kb.
|
А
Ziyolilarning quvg‘in qilinishi
Sovet tuzumining qatag‘onlaridan milliy ziyolilar eng ko‘p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, bu tuzum mutasaddilari o‘zlari johil kimsalar bo‘lganligidan ilm-u ma’rifat, ziyo ahlini qadrlash, e’zozlash emas, balki ularni xo‘rlash, tahqirlash, kerak bo‘lsa yo‘q qilishni o‘zlariga kasb qilib olgandilar. Ular yurtimizda iymoni but, qalbi, dili jonajon Vatan, ona zamin mehri bilan limmo-lim to‘la, vijdonli, diyonatli ziyolilarni topib, jazolashdan o‘zgacha zavq olardilar. Shuning uchun Markazning o‘tkir shamshiri va po‘lat qalqoni hisoblangan Davlat siyosiy boshqarmasi (ГПУ), Ichki ishlar xalq komissarligi (НКВД) kabi jazo organlari va ularning jallodlari uchun ilg‘or, taraqqiyparvar ziyolilarni hibsga olish, ularning faoliyati uchun yo‘q ayblarni to‘qib chiqarish, uydirmalarni «yasash» hech gap emasdi. Qatag‘on davrida tuzilgan «uchlik»1 har qanday vallomat, pokdomon zotni ham bir lahzada «gunohi azim»ga g‘arq qilib, uni og‘ir jazoga mahkum eta olardi. Eng achinarlisi shuki, o‘z elini jon-u dildan sevgan, uni kuylagan, boy tarixi, betakror madaniyatiga murojaat qilib undan asar bitgan, buyuk ajdodlar nomini tilga olgan vatanparvar ijodkorlar, ilm-fan ahli birinchilar qatorida qatli omga duchor bo‘ldi. Masalan, butun hayotini, barakali ijodini millat baxt-saodati, yurt istiqboli uchun bag‘ishlagan Munavvarqori Abdurashidxonov mana shu davrda avj olgan sovetlar ig‘vosi va bo‘htonining aybsiz qurboni bo‘ldi. Uning rahnamoligida millat ravnaqi va istiqloli yo‘lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelgan «Milliy Ittihod» va «Milliy Istiqlol» tashkilotlarining 87 a’zosi ustidan sud uyushtirildi. Ularning 15 nafari 1931-yilda Moskvada otib tashlandi, qolganlari ham uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘zbek adabiyotining ustunlari bo‘lgan, noyob ijodlari xalq mehrini qozongan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Elbek (Mashriq Yunusov), Mahmud Botu, G‘ozi Yunus kabi ajoyib iste’dodlar quruq bo‘hton-u tuhmatlar asosida «xalq dushmanlari» sifatida jismonan yo‘q qilinib, yorqin faoliyati so‘ndirildi. Axir ularning har biri o‘z millatining faxri, iftixori darajasiga ko‘tarilgan, beqiyos ijodi, yaratgan boy merosi e’tirof topgan, har qancha havas qilsa arziydigan insonlar edilar-ku! Masalan, ulardan biri professor G‘ozi Olim Yunusovni oladigan bo‘lsak, u 50 dan ziyod asarlar muallifi edi. Arab, fors, nemis, ingliz va barcha turkiy tillarni puxta bilardi. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti hamda Til va adabiyot ilmiytadqiqot institutida maxsus kurslardan ma’ruzalar o‘qirdi. Biroq bunday iste’dodlar qatag‘on jallodlari uchun sariq chaqalik ham qadr-qimmatga ega bo‘lmagan. Mustabid tuzum farmonbardorlari ayniqsa o‘zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o‘zligini tanitishga ilk qaldirg‘ochlar sifatida fidoyilik qilgan istiqlol darg‘alari bo‘lgan jadidchilik namoyandalarini yo‘q qilishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Bunga erishdilar ham. O‘z zamonasining qomusiy bilim sohibi Said Rizo Alizoda qalamiga mansub bo‘lgan yetuk asarlar uning hayotlik davridayoq dunyoga mashhur bo‘lgan. Faqat 1923—1934-yillar davomida Lahor shahrida olimning 10 dan ziyod asari, shu jumladan, yirik «Axborot» kitobi chop etilgan. Uning 1919-yildan boshlab nashr etila borgan «Inqilob shu’lasi» haftalik jurnali faqat Turkiston o‘lkasi xalqlari o‘rtasida mashhur bo‘lib qolmay, balki shu bilan birga qo‘shni Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlariga ham keng tarqalgan. Shunday inson ham 30-yillar qatag‘oni domiga uchrab, Vladimir turmasida azob tortib, olamdan bevaqt ko‘z yumib ketdi. Qatag‘on davri qurbonlari orasida juda ko‘plab taniqli ilm-ma’rifat, madaniyat namoyandalari bo‘lgan. Ajablanarli jihati shundaki, Buxoro va Turkiston respublikalari hukumatining tashabbusi va sa’yharakati bilan 20-yillarda xorijga o‘qishga yuborilib, yaxshi mutaxassislar, fan arboblari bo‘lib yetishgan kishilar atayin qatli om qurbonlari bo‘ldilar. Agar Germaniya yoki Turkiyada ta’lim olgan bo‘lsalar ularga o‘sha mamlakatlarning josuslari degan ayb qo‘yildi. Buning uchun ularning uyida tintuv paytida chet elda bosilgan kitob topilguday bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli dalil edi. Axir ular xorijiy oliy o‘quv yurtlarida o‘qigan bo‘lsalar shunday kitoblar ularda bo‘lishi mumkin edi-ku. Masalaning bunday mantiqiy jihatlari chalasavod jazo organlari vakillarini aslo qiziqtirmagan. Germaniya va Turkiyada o‘qib, u yerda olgan bilimlarini o‘z respublikasining xalq xo‘jaligi, iqtisodiyotini yuksaltirish uchun baxshida qilishga bel bog‘lagan Sattor Jabbor, Solih Muhammad, Maryam Sultonova singari o‘nlab bilimdon yosh mutaxassis kadrlarga «xalq dushmani», «chet el josusi» qabilidagi tavqi la’nat tamg‘asi bosilib, qatli om etildilar. Qatag‘on siyosati ijrochilari aqli raso, oq-qorani yaxshi biladigan, sog‘lom fikrlaydigan har bir insonni ayab o‘tirmasdi. 60 yoshli mo‘ysafid Xudoyberdi Devonovning 1938-yilda mutlaqo asossiz ayb bilan oliy jazoga mahkum qilinib, otib yuborilganligi faktini qanday izohlash mumkin axir. Bu tinib-tinchimas inson o‘zbeklardan chiqqan dastlabki fotograf va kinomatograf sifatida butun umri davomida halol-u рок xizmat qilib kelgan. Uning turli yillarda tasvirga olgan rang-barang suratlari, kinoxronikalari xalqimizning katta ma’naviy mulki hisoblangan. Qarangki, 1936-yilda «Правда Востока» gazetasi tahririyati tomonidan moddiy rag‘batlantirish maqsadida taqdim etilgan «Leyka» fotoapparati uning boshiga balo bo‘ldi. Negaki, qatag‘on posbonlarining taxminicha, bu apparat go‘yo X. Devonovga «xalq dushmani» deb topilgan Fayzulla Xo‘jayev tomonidan berilgan. Binobarin, bu shaxs F. Xo‘jayevning «dumi» deb ko‘rsatilib, uni otuvga hukm qilganlar. Inson taqdiri bilan bu qadar o‘ynashish, uni chuqur surishtirmay eng og‘ir jazoga mahkum etish — bu totalitar tuzum qonunbuzarligi va qonxo‘rligining tipik namunasidir. Biz milliy istiqlol davri kishilari jonajon yurtimiz erki, ozodligi va mustaqilligi yo‘lida kurashib, stalincha qatag‘on qurbonlari bo‘lib ketgan aziz va mukarram insonlar xotirasini doimo qalbimiz to‘rida saqlamog‘imiz kerak bo‘ladi. Bu har birimiz uchun farz-u qarzdir. Yurtboshimizning tashabbusi bilan Toshkentda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish uchun 2000—2002-yillarda «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi barpo etildi. Prezidentning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan 31-avgust kunining «Qatag‘on qurbonlari ni yod etish kuni», deb e’lon qilinganligi g‘oyatda quvonarlidir. Bu hozirgi minnatdor avlod kishilarining o‘tganlar, shahid ketganlar xotirasi oldidagi ehtiromining umumxalq va umumdavlat e’tirofidir. Download 84 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling