Xx asr adabiyotshunosligida dialogizm va M. Baxtinning adabiy-estetik ta’limoti


Download 15.33 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi15.33 Kb.
#1012870
Bog'liq
XX asr adabiyot-WPS Office


XX asr adabiyotshunosligida dialogizm va M.Baxtinning adabiy-estetik ta’limoti;
Maʼnaviy-madaniy merosni tahlil va tadqiq etish, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini tanqidiy oʻrganish, oʻzlashtirish, estetik baholash adabiyot ilmining asosini tashkil qiladi. Mazkur ustuvor yoʻnalishlar qatorida, yana adabiyot nazariyasi, poetika, sheʼrshunoslik, matnshunoslik, manbashunoslik, xalqaro adabiy aloqalar va adabiy taʼsir masalalari, folklorshunoslik, mumtoz adabiyot tarixi, tarjimashunoslik, adabiy-estetik, badiiy-falsafiy tafakkur takomili, muayyan bosqichlardagi dinamikasi, qomusiy izohli adabiy terminlar lugʻatlarini yaratish, bibliografik koʻrsatkichlar tuzish singari soha-yoʻnalishlari ham adabiyot ilmining tarkibiy qismini belgilaydi. Ular adabiyotshunoslikning alohida fan tarmoqlari tariqasida ilmimizning sajiya-salohiyatidan, har bir takomil bosqichidagi holatidan, miqyosi va darajasidan voqif etadi.

Maʼlumki, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy tizimlarning oʻzgarishi, avvalo, dunyoqarashlarning oʻrin almashuvidir. Bu, shubhasiz, yangi tushunchalar, talqinlar, tasavvurlar silsilasini yuzaga keltiradi. Bu – dunyo shevalarini, inson va jamiyat munosabatlarini, ijtimoiy voqelikni yangicha idrok qilayotgan eʼtiqodning shakllanishi, oʻzligini namoyon etishi demakdir. Mustaqillik asnosida, umumbashariy qadriyatlarga tayangan, goʻzallik-ezgulik-adolat prinsiplariga asoslangan adabiyot ilmi qaror topdi; yangi-yangi talqin va tahlil metodlari, usullari bilan oʻz imkoniyatlarini kengaytirib bormoqda, ildiz otib, palak yozmoqda. Bu borada, Prezidentimiz Islom Karimovning “Istiqlol va maʼnaviyat”, “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” asarlarida ilgari surilgan ijtimoiy-falsafiy, adabiy-estetik nazariy gʻoyalar adabiyotshunosligimiz uchun ham metodologik asos vazifasini oʻtamoqda.

“Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning amaliy natijasi oʻlaroq, adabiyot va sanʼat, madaniyat, matbuot sohasi mafkuraviy tazyiqdan butunlay xalos boʻlganini qayd etish lozim, – deya taʼkidlaydi Davlatimiz rahbari “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida. – Har qanday ijod namunasi, badiiy asar sinfiy boʻlishi va qandaydir gʻoyaga, kommunistik mafkura manfaatlariga xizmat qilishi kerak, degan qarashlar bugun oʻtmishga aylandi. Erkin ijod uchun, milliy qadriyatlarimiz va boy maʼnaviyatimizni, xalqimiz tarixini, uning bugungi sermazmun hayotini toʻlaqonli va haqqoniy aks ettirish uchun zarur sharoitlar yaratildi” (133-bet). Mazkur ijtimoiy-adabiy muhitning qutlugʻ samaralari sifatida, birinchidan, adabiyotshunoslikda badiiy asarlarni gʻoyaviy-tematik tahlil qilishga butkul chek qoʻyildi. Adabiy asar mazmunini badiiy qadriyat, ijodkor izlanishlarini maʼnaviy-intellektual qadriyat, adabiy jarayonni esa, hamisha harakatdagi goʻzallik hodisasi, badiiyat tarixi tariqasida oʻrganish tamoyili qaror topdi. Shu maʼnoda, xoh adabiyot tarixi, xoh madaniy-diniy meros, xoh bugungi kun adabiy hayoti hodisalari oʻrganilgan, nazariy umumlashtirilgan tadqiqotlarda, ilmiy asarlarda yaxlit bir konsepsiya yetakchilik qilmoqda. Xususan, badiiy barkamol asar fenomeni nafaqat ijodkor shaxsiyati va dunyoqarashining, shuningdek, oʻzi yaratilgan ijtimoiy-maʼnaviy sharoit bilan jamiyatning ham maʼlum darajadagi koʻzgusidir, degan falsafiy-estetik nuqtai nazardir.

Xususan, akademik Azizxon Qayumovning 12 kitobdan iborat saylanma asarlari nihoyasiga yetdi. Ustoz adabiyotshunosning bir umrlik ijodiy izlanishlarini oʻzida mujassamlashtirgan mazkur jildlarda eramizning ilk tongi IV–VII asrlarga mansub tosh bitiglarning badiiy xususiyatlari tadqiq etilgan “Qadimiyat obidalari”dan XIX asr oʻrtalari – XX asr boshlarigacha boʻlgan adabiy jarayon (“XVI asr oʻzbek adabiyoti”, “Qoʻqon adabiy muhiti”, “Hind adabiy sarmanzillari”); ulkan soʻz sanʼatkorlarining adabiy merosi, badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy, maʼrifiy-axloqiy qarashlari oʻrganilgan (“Xorazmlik ulugʻ alloma”, “Ahmad Fargʻoniy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Abu Ali ibn Sino”, “Amir Temur qissalari”, “Shohruhbek Mirzo”, “Ulugʻbek Mirzo”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti”, “Chimyonli shoir Huvaydo”, “Komil Xorazmiy”, “Shoir Furqat”) isteʼdodli asarlari mumtoz adabiyotimiz sarvati va salobatini namoyon etish barobarida, olimning zukko tahlil madaniyatini, ilmiy-nazariy tafakkur darajasini ham tasdiqlaydi.

Ushbu silsilada Alisher Navoiy hayoti va ijod yoʻliga, badiiy mahoratiga, asarlarining ijtimoiy-estetik ahamiyatiga doir, tarixiy-tipologik tahlil asosiga qurilgan tadqiqotlar salmoqli oʻrin tutadi. Akademik Izzat Sultonning qayta nashr etilgan “Navoiyning qalb daftari” asarida ham yangicha nuqtai nazar balqib turadi. Xususan, ijodkor shaxsiyatiga, asarlariga tarixiy-madaniy, intellektual hodisa tariqasida yondashiladi, oʻrganiladi, nazariy umumlashtiriladi.

Ikkinchidan, adabiyot ilmining turli fan sohalari (falsafa, folklor, tarix, falakiyot, tasviriy va amaliy sanʼat, din, kino, teatr, musiqa bilan aloqalari, bir-biriga taʼsir koʻrsatish, taʼsirlanish jarayonlari chuqurlashdi. Shu maʼnoda, estetikaning goʻzallik va xunuklik, fojelik va komiklik, koʻtarinkilik va tubanlik singari kategoriyalarining maʼno ufqlari kengayib ketdi. Endilikda, badiiylik, badiiy shartlilik, badiiy obraz, timsol, ramziylik, muallif shaxsiyati estetikaning universal kategoriyalari sifatida oʻrganila boshlandi. Bir soʻz bilan aytganda, badiiy ijod estetikasi va uning voqelikka, inson ong-shuuriga munosabati, ushbu jarayonning ijtimoiy-falsafiy mazmunini yoritish ustuvorlik kasb etdi. Professor Naim Karimovning “Choʻlpon”, “Maqsud Shayxzoda” maʼrifiy-biografik romanlari bilan “XX asr adabiyoti manzaralari” fundamental tadqiqoti 1-kitobini, professor Umarali Normatovning “Qodiriy moʻjizasi” monografiyasi bilan adabiy-tanqidiy maqolalar, esse, xotira, qayd va suhbatlardan tarkib topgan “Nafosat gurunglari” majmuasini, professor Anqaboy Quljonovning uch jildlik saylanma asarlarini, professor Abdugʻafur Rasulovning “Tanqid, talqin, baholash”, “Badiiylik – bezavol yangilik” adabiy-ilmiy maqolalar, talqinlar, etyudlar, “Betakror oʻzlik” adabiy-tanqidiy maqolalar majmualarini taʼkidlash joiz. Ularda adabiy xarakterning mulki borliq bilan murakkab munosabatlarga kirishuvi, sanʼat asarining betakror, oʻziga xos dunyo ekanligi, undagi soʻz, timsollar aro aloqalar, adabiy avlodlar, badiiy asar va ijodkor fenomeni, soʻz sanʼati jarayonlari hamda muammolari xususida bahs yuritiladi.

Professor Naim Karimovning “Maqsud Shayxzoda” maʼrifiy-biografik romanida shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon va pedagog Maqsud Shayxzodaning hayoti, taqdiri haqida zamondoshlarining xotiralari, maxfiy maʼlumotlar asosida, Ozarbayjon, Dogʻiston, Oʻzbekistonda kechgan hayoti sahifalari katta mehr-muhabbat, samimiyat, yuksak ehtiros bilan aks ettiriladi. Siyosiy-mafkuraviy tazyiqlar iskanjasini yorib chiqqan, el-yurt-millat yuragiga yoʻl topgan beqiyos aql-tafakkur ziyolaridan boxabar qiladi. Naim Karimov soʻz sanʼati, ilmiy-badiiy tafakkur madaniyatining bosh vazifasi, bu – insonni maʼnan va axloqan, intellektual jihatdan tarbiyalash, shaxsiyatini maʼrifat shuʼlalari bilan ziynatlashdan iborat, deb biladi. Ushbu konsepsiya Naim Karimov estetik qarashlaridagi maʼrifiy gʻoyalar magʻzini tashkil qiladi. Xususan, Maqsud Shayxzoda tirikligi, hayoti, faoliyati badalida ezgu soʻz vositasida odamlarni ruhoniy goʻzallikka, haqiqatparvarlikka, insonsevarlikka undab yashadi. Uning taqdiri maʼnaviy-axloqiy komillikning benazir timsolidir. Inson shaʼni va shaxsini oyoqosti qilishga qaratilgan diktatura tuzumiga, zulm – yovuzlikka qarshi isyondir. Despotizmga asoslangan shoʻro tuzumi inson shaxsini bukishi, tutqunlik asoratiga solishi, ming bir qiynoqlarga giriftor qilishi mumkin. Va, lekin, erkin fikrini, ozod ruhini, adolatli soʻzini qul qilolmaydi, degan maʼrifiy gʻoyalar “Maqsud Shayxzoda” asarining yuksak badiiyatini belgilaydi.

Ana shunday holatlarda ezgu soʻz, adolatlifikr goʻzallikka, hayot haqiqatiga tiklangan haykal misoli muhtashamdir, degan maʼrifiy maʼnolar olim estetik qarashlarining ustuvor yoʻnalishini tashkil etadi. Odamlarni, jamiyatlarni axloqiy-aqliy kamol topdirish adabiyotning va, demakki, badiiy soʻz sanʼatining bosh maqsadidir, degan maʼno Naim Karimov asarida balqib turgan yana bir fazilat.

Professor Abdugʻafur Rasulovning “Betakror oʻzlik” asari adabiy-tanqidiy maqolalardan tarkib topgan. U Abdulla Qahhor (“Abdulla Qahhor universiteti”, “Saralar sandigʻidagi roman”, “Sarob”da yozuvchi mahorati”, “Badiiy tasvir vositalari”, “Sarob”da psixologik tasvir”), Rahmat Fayziy (“Hazrati inson yodi”), Pirimqul Qodirov (“Zamon sanʼatkor talqinida”), Oʻlmas Umarbekov (“Asarlari yashayaptiki…”), Xudoyberdi Toʻxtaboyev (“Gʻaroyib saltanat”, “Betakror uslubning kashf etilishi”, “Hoshimjon. Sehrli qalpoqcha. Sariq dev”, “Akrom bilagʻon Hoshimning doʻsti, Garri Poterning ogʻasi”, “Shoʻrpeshona Orifjon”, “Mangu muammo”), Tursunboy Adashboyev (“Ijodiy oʻzlik sari yoʻl”) badiiyati chizilgan, Homil Yoqubov (“Tanqid maydonida turish mashaqqati”), Ozod Sharafiddinov (“Ozod Sharafiddinovni anglash”), Ibrohim Gʻafurov (“Munavvar siymo”) singari adabiyotimiz ilmining yorqin siymolari ijodiy qiyofasi yoritilgan kuzatishlari boʻladimi, barchasida badiiy asarning tahlili adabiy-estetik qarashlari bilan uygʻun olib boriladi. Soʻzning adabiy matnda, badiiy asar bagʻrida nechogʻliq katta salohiyat, ijtimoiy-estetik ahamiyat kasb etishi hassoslik bilan tahlil qilingan. Va, eng muhimi, oddiy soʻz estetik mazmunga aylanish jarayonida umumbashariy qadriyat maqomiga ega boʻladi, degan qonuniyatni asoslashga erishadi.

Uchinchidan, keyingi yillar adabiyotshunosligimizda namoyon boʻlgan yetakchi tamoyillardan yana biri – bu oʻzbek adabiyotining yetuk badiiyat namunalarini jahon kontekstida tahlil qilishda koʻzga tashlanmoqda. Jahon badiiyati tarixini yaratib kelayotgan asarlar bilan muqoyasada izchil, qatʼiy yoʻnalish kasb etadi. Qiyosiy adabiyotshunoslik, adabiy taʼsir va xalqaro adabiy aloqalar yoʻnalishida tipologik, tarixiy-analitik tahlil metodlari asosida qutlugʻ samaralarga erishilmoqda. Bu jihatdan taniqli adabiyotshunos Pariza Mirzaahmedovaning rus tilidagi “Klassika va zamonaviylik adabiy aloqalar yoʻnalishida” (“Klassika i sovremennost v aspekte vzaimodeystviya”) monografiyasi hamda “Chingiz Aytmatov va zamonamizning madaniyatshunoslik masalalari” asari, Pariza Mirzaahmedova masʼul muharrirligida chop etilgan “Adabiy aloqalar milliy adabiyotlar taraqqiyotining manbai tariqasida” (“Vzaimodeystviye kak istochnik obogashʼeniya natsionalnoy literaturiʼ”) jamoaviy tadqiqoti, adabiyotshunos Ulugʻbek Saidovning “Sharq va Gʻarb: madaniyatlar tutashgan manzillar”, “Globallashuv va madaniyatlararo muloqot” monografiyalari, Murod Ibrohimov (marhum)ning “Adabiyot – mening borligʻim” tadqiqot va maqolalar kitobi ushbu yoʻnalish takomilida salmoqli oʻrin tutadi. Adabiyotshunos olima Muhabbat Sharafiddinovaning “XX asr oʻzbek nasri jahon adabiyoti kontekstida” monografiyasi, isteʼdodli adabiyotshunos Zamira Qosimovaning rus tilidagi “Milliy va jahon adabiyoti anʼanalari nuqtai nazaridan zamon va inson konsepsiyasi: A. Fitrat, A. Qodiriy, Choʻlpon asarlari misolida” nomli doktorlik dissertatsiyasi, yosh adabiyotshunos Dilshoda Ibrohimovaing nemis tilida yozilgan va rus tiliga oʻgirilgan “Xildenbrand haqida qoʻshiq asari, uning sharqona va gʻarbona mushtarak xususiyatlari (Matn strukturasi, qiyosiy tahlil muammolari)” mavzuidagi tadqiqoti xalqaro adabiy aloqalar borasida jiddiy samaralarga erishilayotganining dalolatidir.Adabiyotshunos Ulugʻbek Saidovning “Sharq va Gʻarb: madaniyatlar tutashgan manzillar” tadqiqotidan oʻrin olgan: “Fitrat va Milton yoxud oʻzgani tanish orqali oʻzlikni anglash”, “Attor va Gʻarb falsafasi”, “Umar Xayyom va Dante falsafasida inson talqini”, “Tarixiy xotira va milliy oʻzlikni anglash”, “Barkamol avlod tarbiyasi – milliy yuksalish omili”, “Erkinlik gʻoyasi takomili” kabi fasllar falsafiy adabiyotning umumbashariy mohiyati toʻgʻrisida, oʻtkinchi davrning azaliy va abadiy ziddiyatlari izdihomida inson tafakkurining maʼnaviy-intellektual qadriyatlar, madaniy tarix yaratishi xususida bahs yuritadi.

Adabiyotshunos Murod Ibrohimovning “Adabiyot – mening borligʻim” kitobidan oʻrin olgan “Rus adabiy-nazariy tafakkur tarixiga doir (XX asrgacha)” tadqiqotida olim jahon estetikasida muayyan bosqichni tashkil qilgan davriy hodisani yoritadi. Lomonosov, Belinskiy, Chernishevskiy kabi mutafakkirlar adabiy-estetik qarashlarini tadqiq etadi. Bu borada, “Realistik sanʼat qonuniyatlari”, “Goʻzallikning falsafiy-estetik talqini”, “Real tanqid va ijodkor dunyoqarashi”, “Xalqchillik nazariyasining mukammallashtirilishi”, “Adabiyotshunoslik sohalari aro sintezlashuv” singari boblar yuqori ilmiy-nazariy saviyasi bilan ajralib turadi.

Professor Muhammadjon Xolbekovning xalqaro adabiy aloqalar borasidagi salmoqli risola va monografiyalari (“Oʻzbek adabiyoti Fransiyada”, “Oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari”) jamoatchilik nazariga tushgan edi. Keyingi yillarda taniqli olimning “Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Alisher Navoiy asarlari fransuz tilida” risolalari, “Jahon adabiyotida umuminsoniy tamoyillar” tadqiqoti ushbu yoʻnalishda yanayam sobitqadam izlanishlar olib borayotganligini tasdiqlaydi.

Bir-biridan uzoq hududlarda joylashgan xalqlar badiiy madaniyatining oʻzaro aloqalari, adabiyotlarning biri ikkinchisiga taʼsiri, aks taʼsirlanish jarayonlari milliy maʼnaviyatlar taraqqiyotini belgilash barobarida jahon adabiyotining ham sifat-mazmun jihatdan yangi takomil bosqichini tayin etadi, degan nuqtai nazar professor Muhammadjon Xolbekov tadqiqotlariga alohida fayz bagʻishlaydi; ilmiy xulosalarining yangiligini, nazariy salmogʻini koʻrsatadi. Ushbu hodisaning tabiiy va qonuniy hosilasi tariqasida milliy ruhga tayangan bashariy qadriyatlarning yuzaga kelishi, shubhasizdir, deydi professor Muhammadjon Xolbekov.

Toʻrtinchidan, oʻzbek adabiy-estetik tafakkurining jahon madaniyatida tutgan oʻrni, ijtimoiy-falsafiy qadri, ahamiyatiga oid tadqiqotlar ham alohida yoʻnalish kasb etdi. Bu – istiqlol yillari adabiyotshunosligimiz erishgan qutlugʻ samaralar sirasidandir.

Sharqning badiiy-falsafiy, maʼnaviy ummonidan bahramand boʻlgan sanʼatkorlar jahon madaniyati tarixida nihoyatda koʻp. Ular qatorida Ovrupo tarixida muqaddas Qurʼon oyatlaridan taʼsirlanib asar yaratgan, ilohiy hikmatlarni kashf eta olgan ijodkorlar ham bor. Gyotening “Gʻarbu Sharq devoni”, Pushkinning “Qurʼondan iqtibos” sheʼriy turkumi fikrimiz dalilidir. Adabiyotshunos D. Qambarovaning “Qurʼon baxsh etgan ilhom” monografiyasida Pushkinning “Qurʼondan iqtibos” asari Qurʼonning arabiy matni, ruscha tarjimasi va Gyotening Qurʼon taʼsirida yozgan sheʼrlari bilan qiyosiy tahlil qilingan.

Adabiy aloqa va taʼsir masalalari ijodkorlarning ongi-dunyoqarashidagi evrilishlar, badiiy asarlari poetikasi bilan bogʻliq kechishiga oid ilmiy ishlar ham nufuzlidir. Bu borada, R. Vohidov, M. Hoshimovaning “Adabiy qardoshlik sarhad bilmaydi”, K. Quramboyevaning “Mirtemir va qaroqalpoq adabiy muhiti” tadqiqotlarini koʻrsatish joiz.

Beshinchidan, istiqlol sharofati bilan qodiriyshunoslik, fitratshunoslik, choʻlponshunoslik alohida fan tarmoqlari sifatida yuzaga keldi, shakllandi. Va, bugungi kunda yangi-yangi tadqiqotlar bilan oʻz hadlarini kengaytirib bormoqda. Oybekning dastlabki tadqiqoti “Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli” ushbu yoʻnalishga tamal toshini qoʻygan edi. Akademik Izzat Sultonning “Yozuvchi Abdulla Qodiriy haqida” “Ulkan adib saboqlari”, “Abdulla Qodiriyning oʻtgan kunlari” asarlariAdabiyot nazariyasi” darsligining asosiy fasllari Abdulla Qodiriy ijodi tahliliga bagʻishlangan; akademik Matyoqub Qoʻshjonovning “Abdulla Qodiriyning tasvirlash sanʼati”, “Qodiriy erksizlik qurboni”, Ahmad Aliyevning “Abdulla Qodiriy”, “Ijod va izlanishlar” asarlari, professor Sobir Mirvaliyevning “Abdulla Qodiriy” tadqiqoti, professor Umarali Normatovning “Qodiriy bogʻi”, “Haqiqat taqozosi” badealari, professor Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy: tahlil va talqin” monografiyasi, Habibullo Qodiriyning “Otam haqida”, “Qodiriyning soʻnggi kunlari” asarlari qodiriyshunoslik takomilida fayzli oʻrin tutadi.

Oltinchidan, tarjimashunoslikda anchadan beri adabiy jarayonni ilmiy-nazariy umumlashtirishga qaratilgan salmoqli tadqiqotlar yaratilmayotgan edi. Professor Ninel Vladimirovaning “XX asr oʻzbek nasri ravnaqi va badiiy tarjima muammolari” (rus tilida) monografiyasi, atoqli adabiyotshunos, zakiy tarjimon Ibrohim Gʻafurovning “Tarjimashunoslik asoslari” oʻquv qoʻllanmasi, Zuhriddin Isomiddinovning “Turkiy epos va tarjima masalalari” monografiyasi tarjimashunosligimiz tarixi va nazariyasini yaratishda salmoqli oʻrin tutadi.

Yettinchidan, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini ijodiy shaxsiyatlar maydoni, mahoratshunoslik – badiiyat tarixi, hayotiy hamda ijtimoiy haqiqatlarning sintezi tariqasida nazariy umumlashtirish mayli ildiz otib bormoqda. Bu borada professor Naim Karimov qalamiga mansub “Qurbon Beregin” asarini, professor Umarali Normatovning “Ijod sehri”, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovning “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Dil erkinligi” asarlarini, professor Noʻmon Rahimjonovning “Asqad Muxtor poetikasi”, “Tarixiy qissalar haqiqat izlaydi” (hammualliflikda), “Halima Xudoyberdiyeva lirikasi” (hammualliflikda), “Mustaqillik davri oʻzbek sheʼriyati” monografiyalarini, professor Qozoqboy Yoʻldoshevning “Yoniq soʻz”, professor Yoʻldosh Solijonovning “Haqiqatning sinchkov koʻzlari”, professor Hakimjon Karimovning “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari”, Dilrabo Quvvatovaning “XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek poemachiligida janr va uslub rang-barangligi”, Tohir Shermurodovning “Jozib izhor izlab” kitoblari, oʻnlab olimlarning risolalari, monografik tadqiqotlari ilmiy-adabiy jamoatchilik eʼtiborini tortdi.

Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi, tarjimon Ibrohim Gʻafurov ikki jilddan iborat asarlarining yuksak ilmiy-nazariy, badiiy saviyasini alohida taʼkidlash joiz. “Hayo – xaloskor” kitobiga keyingi yillarda yozilgan mansuralari, mumtoz adabiyot, mumtoz siymolar, mumtoz tarix yoʻlidagi badealari, hikoyalari kiritilgan. Muallif moʻjaz lirik asarlarini: “mening romanlarim”, deb ataydi. Darhaqiqat, ular rang-barang hayot, gʻaroyib inson umrlarining har soniyasida boʻlib turgan, hali yozilmagan, lekin, asli moʻjizaga teng jonli romanlarning qaymogʻi, javhari kabi goʻzal taassurot qoldiradi. Ularda davr ichida oʻrtanayotgan, boy kechinmalar botinida yashayotgan, insonlikning asl maʼnosini qidirayotgan zamondoshimiz gavdalanadi. U oʻquvchini goʻzal koʻngil va goʻzal aql dunyolarida tinimsiz roʻy berayotgan ajib fikrlar, goʻzal tuygʻular bazmiga chorlayotgandek boʻladi.



“Mangu latofat” kitobidagi “Millatning billurlashuvi” faslida millatning tugʻilishi, shakllanishi, milliy ongning uygʻonishi va juda murakkab, qiyin tarixiy, ijtimoiy jarayonlarda oʻzini tanishi, hozirgi zamon dunyosiga kirib borishi haqidagi najib kuzatishlari, oʻy-xayollari aks etgan risolalari (“Adiblar gulshani”, “Axloqni sogʻinish”) jamlangan. Adabiy-badiiy badealarida axloq, maʼnaviyat, insonning hozirgi zamondagi oʻrni toʻgʻrisida bahs yuritiladi. Dostoyevskiy “dunyoni goʻzallik qutqaradi”, degan umidbaxsh hikmatni aytgan edi. Ibrohim Gʻafurov Dostoyevskiyga payrov boʻlib, dunyoni aslida hayo, odob va axloq qutqaradi, degan gʻoyani ilgari suradi. Muallifning chuqur eʼtiqodiga koʻra, “mangu latofat” bu – hayo, odob va axloqdir. Qalbimizda mujassam mangu goʻzal, samoviy axloq insonning insoniyligi uchun yagona mezondir.
Download 15.33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling