Xxv. Molekulalar. Vodorod molekulyar ioni. Vodorod molekulasi. Ikki atomli molekulalar termlari
Download 49.8 Kb. Pdf ko'rish
|
Lekciya 29-30 (1)
191 25-MA’RUZA. XXV. MOLEKULALAR. VODOROD MOLEKULYAR IONI. VODOROD MOLEKULASI. IKKI ATOMLI MOLEKULALAR TERMLARI Molekulalar va ularning hosil bo‘lishi. Molekula – bir jinsli moddaning eng kichik zarrasi bo‘lib, shu moddaning asosiy kimyoviy xossalariga ega bo‘ladi. «Molekula» tushunchasi kimyo faniga 1860-yilda kiritilgan bo‘lib, uning mavjudligi 1906-yilda J.Perren tomonidan tajribada tasdiqlangan. Molekula atomlar orasidagi kimyoviy bog‘lanishlar orqali o‘zaro birlashgan bir xil yoki turli xil atomlardan tashkil topgan barqaror tizimdir. Masalan, vodorod molekulasi (H 2 ), kislorod molekulasi (O 2 ), azot molekulasi (N 2 ), bir xil atomlardan tashkil topgan ikki atomli molekulalardir. Osh tuzi molekulasi (NaCl) ikki xil atomlardan tashkil topgan ikki atomli molekuladir. Molekulalar (H 2 , C 6 H 6 , NH 3 ), atomlar, ionlar (SO −4 , BF −4 , NO −3 ), radikallar (CH 3 , OH, C 5 H 5 ) orasida kimyoviy kuchlar ta’sir qiladi. Bu kuchlar molekulalarning erkin, ya’ni boshqa zarralardan ajralgan alohida holatidagi barqarorligini ta’minlaydi. Masalan, C 2 , CH 3 , I 2 molekulalari erkin, alohida holatda keraklicha uzoq vaqt mavjud bo‘la oladi. Lekin ular bir-biri bilan birlashsa, oddiy sharoitda ham tegishlicha grafit, etan, yod kristalliga aylanadi. Bunday molekulalar atomlar orasidagi kimyoviy bog‘lanishlar tufayli mustaqil mavjud bo‘la oladi. Kimyoviy bog‘lanishlar – ikki yoki bir nechta atomlarning o‘zaro ta’sirlashuvi natijasida kimyoviy barqaror tizimlar (molekulalar, radikallar, kristallar va b.) hosil bo‘lishidir. Atomlar orasidagi kimyoviy bog‘lanishlar atomning tashqi qobig‘idagi elektronlarning (valent elektronlarning) turli xil o‘zaro ta’sirlari orqali tushuntiriladi. Ichki qobiq elektronlari atomning kimyoviy xossalariga ta’sir qilmaydi. Elementlarning kimyoviy xossalari tashqi qobiq elektronlari bilan aniqlanadi. Atomlardan molekulalar hosil bo‘lishida ta’sir qiladigan kuchlar musbat zaryadlangan yadro va manfiy zaryadlangan elektronlar orasidagi elektrostatik o‘zaro ta’sir kuchlaridan iboratdir. Atom spektrlarini tahlil qilish, spektrlarda kuzatiladigan asosiy qonuniyatlar atom elektron qobig‘i tuzilishi va atom elektron holatlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. U yoki bu molekulaning hosil bo‘lishida atomlarning muhim bo‘lgan kimyoviy xossalari ham elektron qobiqlar xossalari bilan tushuntiriladi. Lekin atomlarning kimyoviy xossasi bitta atomda emas, balki o‘zaro ta’sirlashib molekula hosil qiladigan atomlar to‘plamida namoyon bo‘ladi. Bu esa molekulani tashkil etuvchi atomlar o‘zaro ta’sirlashuvchi kuchlar bilan bog‘langanligini ko‘rsatadi. Molekulani atomlarga ajratish uchun ma’lum miqdorda ish bajarish kerak, ya’ni energiya sarflash kerak. Aksincha, molekula hosil bo‘lish jarayonida energiya ajraladi. Bu esa molekula atomlarini bog‘lab turuvchi kuch mavjudligini ko‘rsatadi. Molekula hosil bo‘lishida ajraladigan energiya molekulada atomlarni bog‘lab turadigan o‘zaro ta’sir kuchi o‘lchovi hisoblanadi. Molekulalar ikki atomdan, uch atomdan va ko‘p sondagi atomlardan tuzilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, osh tuzi bir natriy atomidan va bir xlor atomidan tuzilgan, ya’ni osh tuzi molekulasi ikki atomli molekuladir. Suv molekulasi 192 ikki vodorod atomidan va bir kislorod atomidan tuzilgan, ya’ni uch atomli molekulani hosil qiladi. Molekulalar o‘lchami turli moddalar molekulalari uchun turlicha bo‘ladi. Masalan, vodorod molekulasi (H 2 ) o‘lchami 2,47 ⋅10 –8 sm, kislorod molekulasi (O 2 ) o‘lchami 2,98 ⋅10 –8 sm, suv molekulasi (H 2 O) o‘lchami 2,72 ⋅10 –8 sm va h.k. Molekulalar o‘lchami diffuziya, issiqlik o‘tkazuvchanlik, ichki ishqalanish hodisalari asosida aniqlanadi. Atomlarning molekulaga birikishi to‘ldirilmagan tashqi elektron qobiq bilan bog‘liq. Molekuladagi atomlar aniq bir tartib bilan o‘zaro bog‘langan va fazoda ma’lum tartibda joylashgan bo‘ladi. Molekula tuzilishi fazoda va vaqt oralig‘ida barqarorligi bilan xarakterlanadi. Molekulaning barqarorligi uning boshqa zarralar bilan o‘zaro ta’siriga, temperaturaga, bosimga va boshqa tashqi faktorlarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, juda yuqori temperaturalarda ko‘pchilik molekulalar atomlarga ajraladi, ya’ni molekulyar tuzilishi buziladi. Molekulaning asosiy xarakteristikasi bu uning ichki energiyasi bo‘lib, faqat kvantlangan qiymatlarni qabul qiladi. Molekula hosil bo‘lishida atomlar orasidagi kimyoviy bog‘lanishlarda atomlarning o‘zaro bog‘lanish sohasida elektronlar zichligining qayta taqsimlanishi muhim o‘rin tutadi. Atomlarning o‘zaro bog‘lanishi sohasida elektronlar zichligi taqsimlanishining qaydayligiga bog‘liq ravishda kimyoviy bog‘lanishlar asosan uch turga bo‘linadi – kovalent (gomepolyar), ion (geteropolyar) va metall bog‘lanishlar. Bunday bog‘lanishlarning har birining o‘z nazariyasi mavjud. Download 49.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling